Trampning 24 soatda Ukraina urushini tugatish va’dasiga nima bo‘ldi?

Vladimir Putin va Donald Tramp 2017 yili uchrashishgan

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Vladimir Putin va Donald Tramp 2017 yili uchrashishgan
O'qilish vaqti: 3 daq

Kreml va Zelenskiy AQShning yana saylangan Prezidenti Donald Trampning Ukraina urushi borasidagi bayonotiga munosabat bildirdilar, tahlilchilar voqealar rivojini bashorat qilishga urinmoqdalar.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Trampning Ukraina bilan sulh tuzish chaqirig‘i, aks holda Rossiya yangi AQSh sanksiyalariga uchrashi mumkinligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirdi.

Dmitriy Peskov AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya Ukrainadagi urushni to‘xtatmasa, unga qarshi yangi sanksiyalar va bojlar joriy etish bilan tahdid qilganini Trampning "usullari" deb baholadi.

"Bunda hech qanday yangi jihatlarni ko‘rmayapmiz. Tramp o‘z prezidentligining birinchi davrida sanksiyalarni eng ko‘p qo‘llagan AQSh prezidenti bo‘lgan edi", - dedi Peskov 23 yanvar kuni o‘tkazilgan kundalik matbuot anjumanida.

"U bu usullarni yaxshi ko‘radi, kamida o‘z prezidentligining birinchi davrida yaxshi ko‘rardi", - dedi Kreml matbuot kotibi.

Dmitriy Peskov so‘zlariga ko‘ra, Rossiya "teng, o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotga tayyor".

"Biz signallarni kutayapmiz, hali ularni qabul qilmadik", dedi u.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Ko‘pchilik Prezident Tramp bilan Prezident Putinning telefon muloqotini kutishayapti, AQSh va Rossiya rahbarlarining muzokaralari Ukraina urushiga yakun yasashiga umid qilinayapti.

Rossiyaning bugungi Prezidenti Putin bilan muzokara stoliga o‘tirib bo‘lmaydi deb aytgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiyga endi muzokara qilishi mumkinmi deb savol berishdi jurnalistlar.

Agar Tramp Ukrainaga xavfsizlikni kafolat bersa, Rossiya Prezidenti bilan muzokara mumkinligini aytdi Prezident Zelenskiy.

"Men uni(muzokarani) yaqinlashtirish uchun hamma narsani qilaman. Agar Tramp, men bunga ishonaman, bizga Ukrainaning kuchli va muqarrar xavfsizligini kafolatlasa, biz diplomatik yo‘lda harakat qilishimiz mumkin. Men Rossiya bilan urushni diplomatik yo‘lda tugatib bo‘lmasligini tushunaman", deydi Prezident Zelenskiy Bloombergga intervyusida.

Zelenskiy Ukraina 2022 yil chegaralariga qaytmaganida ham muzokaralar boshlanishi mumkinligini istisno etmadi.

"Har xil bo‘lishi mumkin, hayotda har narsa bo‘ladi. Bu Amerika Qo‘shma Shtatlariga bog‘liq, bu yangi ma’muriyatga bog‘liq, bu Yevropa Ittifoqiga bog‘liq, qaysidir ma’noda global Janubga ham bog‘liq", dedi Ukraina prezidenti.

Bi-bi-si muxbiri Svyatoslav Xomenko Prezident Trampning Rossiyaga urushni to‘xtatish po‘pisasi ostida qanday ma’nolar bo‘lishi mumkinligini mulohaza qildi.

Donald Trampning bayonotida Ukrainaning yo‘qligi hayratlanarli, deb yozadi muxbirimiz

Bu Kievning fikri hech kimga qiziq emasligi va uning taqdirini dunyoning katta kuchlari hal qiladi degan signal bo‘lishi mumkin. Ammo sir boshqa joyda bo‘lishi mumkin: aslida, Ukraina va AQShning pozitsiyalari shunchalik yaqinki, Tramp o‘zini ortiqcha urintirmaslikka harakat qilgan va urush tugashi hozirda faqat Vladimir Putinga bog‘liq ekanligini aniq bildirdi. Bu yerdan yana bir xulosa chiqarish mumkin.

Trampning inauguratsiyasidan oldin, Kievdagi ko‘plab odamlar shunga o‘xshash mazmundagi bayonotni - "sizga taklif qilinayotgan narsaga rozi bo‘ling, aks holda o‘zingizga yomon bo‘ladi" - yangi AQSh prezidentidan eshitishdan qo‘rqishayotgan edi. Ammo oxir-oqibat, Tramp Moskvaga bosim o‘tkazayapti va endigi navbat Rossiya prezidentiniki.

AQSh prezidentining so‘zlarini oddiygina e’tiborsiz qoldirish mumkin emasligi aniq. Tajribali biznesmen Trampning "bitim" degan so‘zi Moskvaning shartsiz g‘alabasini tan olish degani emas (ayniqsa, Tramp Rossiya iqtisodiyoti "ma’nosiz urush" tufayli "vayron bo‘layapti" degan ishonchda bo‘lsa).

Shunday ekan, buyog‘i qanday bo‘ladi?

Putin Trampning baholariga rozi bo‘ladimi va "bitim"ni muhokama qila boshlaydimi?

Yoki u mojaroni yangi bosqichga olib chiqish stavkasini ko‘tarib, namoyishkorona eskalatsiyaga boradimi?

Agar Rossiya "sulh"ga rozi bo‘lmasa, unga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishi haqidagi AQSh prezidentining so‘zlari, ehtimol, faqat birinchi qadam bo‘lib, uning ortidan Donald Trampga xos uslub davom etar?