"Rossiya haqida ham, Ukraina haqida ham hech narsa bilmaydi." Tramp Moskva bilan munosabatlarni yaxshilash vazifasini do‘sti Stiv Uitkoffga qanday ishonib topshirdi?

Surat manbasi, BBC/Getty Images
- Author, Yelizaveta Foxt, Sergey Goryashko
- Role, BBC
- O'qilish vaqti: 16 daq
Donald Tramp Oq uyga qaytgach, AQSh tashqi siyosatini diplomatlar va ekspertlar emas, balki prezidentga sodiqlar shakllantirayotganga o‘xshamoqda. Ulardan biri – quruvchi va Trampning golf bo‘yicha sherigi Stiv Uitkoff. Xalqaro ishlarda tajribasiz bu tadbirkorga Oq uy Rossiya bilan munosabatlarni izga solish va Ukrainadagi urushni tezroq tugatishni topshirdi. Bi-bi-si Oq uy va Davlat departamentining sobiq amaldorlari bilan Moskva-Vashington munosabatlaridagi yangi qayta yaqinlashuv qanday amalga oshirilayotgani va nima uchun Kiev hamda uning ittifoqchilari bunga xavotir bilan qarayotgani haqida suhbatlashdi.
"Ahmoqlik qilmang"
"Hozirgi yuqori lavozimli amaldorlarning tarjimai holi, qarashlari, falsafasi, tajribasi va malakasi turlicha, ammo barchasida bitta umumiy xislat bor – Trampga sodiqlik.
U aynan shuni xohladi va shunga erishdi, biroq bu na unga, na mamlakatga foyda keltiradi," deydi Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Bi-bi-siga.
2019 yilda Tramp uni iste’foga chiqarganidan beri Bolton uning asosiy tanqidchilaridan biriga aylangan.
Bir oy oldin konservativ amerikalik boshlovchi Taker Karlson o‘z kanalida AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff bilan suhbatni e’lon qildi.
Videoning kirish qismida jurnalist Uitkoffni "diplomatik tajribasi" yo‘qligiga qaramay, "eng samarali amerikalik diplomat" sifatida taqdim etdi. Donald Tramp Oq uyga qaytishidan oldin milliarder-quruvchi Uitkoff AQShdan tashqarida unchalik taniqli emas edi.
Ammo 2025 yil bahoriga kelib, u Amerika tashqi siyosatining asosiy figurasiga aylanishga ulgurdi.
Ilgari xalqaro munosabatlar bilan hech shug‘ullanmagan Uitkoffga Oq uy bir vaqtning o‘zida uchta inqirozli yo‘nalishni – Rossiya (va uning Ukrainadagi urushi), Yaqin Sharq va Eronni topshirdi.
Uitkoffning Moskva bilan muzokaralarda ishtirok etishi hatto yangi Amerika ma’muriyatini diqqat bilan kuzatib borayotganlar uchun ham kutilmagan hodisa bo‘ldi.

Surat manbasi, Kremlin.ru
Trampning qasamyod marosimidan oldin ham bu tadbirkor Isroilning HAMAS bilan urushiga faol aralashishi aniq edi. Ammo Rossiya yo‘nalishi bilan boshqa maxsus vakil, Oq uyda ish tajribasiga ega bo‘lgan Amerika armiyasi faxriysi Kit Kellog shug‘ullanishi kerak edi.
Biroq fevral oyida Uitkoff kutilmaganda shaxsiy samolyotida Moskvaga uchib bordi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. O‘sha uchrashuv Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri Rossiya prezidentining yuqori lavozimli amerikalik amaldor bilan birinchi oshkora aloqasi bo‘ldi.
Uitkoff Moskvadan ozod etilgan amerikalik o‘qituvchi Mark Fogel bilan qaytdi. Fogel Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasi aybi bilan jazo muddatini o‘tayotgan edi.
Bu tashrif keng ko‘lamli diplomatik jarayonni boshlab berdi: bir necha kundan so‘ng Tramp va Putin qo‘ng‘iroqlashib, munosabatlarni qayta yo‘lga solish va Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokara boshladilar.
O‘shandan beri Uitkoff rossiyalik diplomatlar bilan muzokaralar uchun Ar-Riyodga bordi, Vashingtonda RFPI (Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi) rahbari Kirill Dmitrievni qabul qildi va yana ikki marta Putin bilan yuzma-yuz uchrashdi. Ikkinchi shunday uchrashuvdan so‘ng oradan birmuncha vaqt o‘tgach, u Taker Karlsonning ko‘rsatuvida qatnashdi.

Uitkoffning intervyusi Ukrainaga xayrixohlar uchun xavotirli signal bo‘ldi. Birinchidan, uning aytishicha, "mojaroning asosiy masalasi" Rossiyaga qo‘shilish uchun "referendumlarda" ovoz bergan Ukrainadagi "rus tilida so‘zlashuvchi aholi" muammosidir.
Bu Kreml ritorikasining deyarli takrori edi. Bu gapni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot anjumanida emas, balki Amerika amaldoridan eshitish kutilmagan hol edi.
Ammo Uitkoffning bayonotlari yanada ko‘proq e’tibor tortdi – amaldorning masalani chuqur bilishiga shubha paydo bo‘ldi. Masalan, u Ukrainaning anneksiya qilingan viloyatlari nomlarini zo‘rg‘a esladi ("Donbass, Qrim... Lugansk. Yana ikkitasi bor").
Keyin u Karlsonning noto‘g‘ri da’vosiga qo‘shilib, bosib olingan barcha yerlarni Kievga Nikita Xrushchev berganini tasdiqladi ham. Intervyu e’lon qilinganidan so‘ng Kievda Uitkoffni muzokaralardan chetlatishga chaqiriqlar yangradi.
"Gap prezidentning vakili haqida ketmoqda, u bu masalani professional darajada tushunishi va ba’zi asosiy narsalarni, ya’ni aniq faktlarni bilishi kerak. Ammo u buni bilmaydi," deya g‘azablandi Oliy Radaning tashqi siyosat va parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha qo‘mitasi raisi Aleksandr Merejko.
Uitkoffni himoya qilish uchun shaxsan AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens o‘rtaga tushdi. Maxsus vakilni tanqid qilayotgan odamlar uning muvaffaqiyatlarini ko‘rolmayapti, deb yozdi u: "Diplomatiya ko‘p jihatdan "ahmoqlik qilmang" degan oddiy qoidaga bog‘liq ekan."
Vensning ushbu bayonoti Trampning Oq uyga qaytishi bilan AQSh tashqi siyosati va uni amalga oshiruvchilar haqidagi tasavvurlar qanchalik o‘zgarganini yaqqol ko‘rsatadi.
Uitkoff Oq uyga qanday kelib qoldi?
Shu paytgacha Tramp Putinga noaniq norozilik bildirdi va ukrainaliklarga qarshi aniq harakatlar qildi. Bu nomutanosiblik Putinni faqat urushni davom ettirishga rag‘batlantiradi.
Jo Baydendan mag‘lubiyatga uchragach, Tramp va uning jamoasi ko‘plab muvaffaqiyatsizliklarni aynan AQSh prezidentini tiyib turgan byurokratiyaga to‘nkadi. Mana, endi Tramp o‘sha byurokratiyaga qarshi kurash boshladi. U o‘z ma’muriyatidagi nafaqat Rossiya bilan bog‘liq, balki barcha muhim lavozimlarga birinchi navbatda o‘ziga sodiq odamlarni tayinladi. Amerika tashqi siyosatida Stiven Uitkoffning nomi aynan shunday jarangladi.
Uitkoff 68 yoshda. U ham Tramp kabi nyu-yorklik. Kelib chiqishi yahudiy: Uitkoffning ajdodlari bir paytlar Rossiya imperiyasi hududida yashagan. Huquqshunoslik ta’limini olgan yosh Uitkof 1980-yillarda ko‘chmas mulk shirkatida ish boshladi. Kompaniya mijozlaridan biri yosh tadbirkor Donald Tramp edi.
1986 yilda Uitkoff Tramp ishtirokidagi bitim ustida ishladi. Bir kuni tushlikda uchrashishdi. Tramp naqd pulni unutib qoldirgan ekan. Shunda Uitkoff biznesmenning pishloqli sendvichi uchun to‘lov qildi, deb eslaydi u ko‘p yillar o‘tgach AQSh prezidentiga qarshi sud jarayonida. Tramp buni eslab qoldi va bir necha yil o‘tgach, ular yana uchrashib, yaqin do‘stga aylanishdi. Ko‘p o‘tmay Uitkoff oddiy yuristdan ko‘chmas mulk savdogari bo‘lib, milliardlab boylik orttirdi va keng aloqalar o‘rnatdi, jumladan, Yaqin Sharqda ham.

Surat manbasi, EVELYN HOCKSTEIN/AFP
Trampning birinchi muddati davomida u ma’muriyatda sezilarli rol o‘ynamadi. Uitkoffning siyosiy ta’siri o‘tgan yilgi prezidentlik saylov kampaniyasi paytida o‘sa boshladi. U jamoaga mablag‘ yig‘ishda yordam berdi, Trampga shaxsiy samolyotidan foydalanishga ruxsat berdi va uni siyosiy raqiblari bilan yarashtirdi. Respublikachilar qurultoyida Uitkoff uch o‘g‘lidan biri opioidlar dozasi ortib ketishi tufayli vafot etganda – 2011 yilda Tramp uni qanchalik qo‘llab-quvvatlagani haqida ta’sirli nutq so‘zladi.
Tramp va Uitkoff nafaqat do‘st, balki golf bo‘yicha sherikdir. 2024 yil sentyabrida Trampga Mar-o-Lagodagi qarorgohi yaqinida suiqasd uyushtirilganida, AQSh prezidenti aynan Uitkoff bilan golf o‘ynayotgan edi. Uitkoffning o‘g‘illaridan biri Mar-o-Lagoda to‘y qildi. Tramp va Uitkoff oilasining qo‘shma kripto-biznesi bor. O‘tgan yil oxirida Uitkoffning nabirasi dunyoga keldi – unga AQSh prezidenti sharafiga Don deb ism qo‘yishdi.
Tramp saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng Uitkoff prezidentning Yaqin Sharqdagi maxsus vakili bo‘lishini e’lon qildi – unga Isroilning HAMAS bilan urushini to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar ishonib topshirildi. Rossiya va Ukraina urushi bilan esa mutlaqo boshqa odam – Kit Kellog shug‘ullanishi kerak edi. Kellog Vьetnam urushida oddiy askarlikdan Pentagonning yuqori lavozimlarida ishlagan general-leytenantgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Trampning birinchi muddati davomida u Milliy xavfsizlik kengashida ishlagan.
2024 yilda Tramp g‘alaba qozonishidan oldin iste’fodagi general urushni hal qilish rejasini tayyorlagan va bu matbuotda keng muhokama qilingan. Yangi ma’muriyatda Kellog AQSh prezidentining Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili lavozimini egalladi va muzokaralar uchun zamin tayyorlayotgandek edi.
Ammo keyin diplomatik jarayonda Uitkoff paydo bo‘ldi. Yanvarda, hali rasman lavozimga kirishmasidan oldin, tadbirkor Isroil va HAMAS o‘rtasida sulh tuzilishida muhim rol o‘ynadi – OAV yozganidek, u shaxsan bosh vazir Binyamin Netanyaxuni murosaga kelishga ko‘ndirgan. Fevral o‘rtalarida u birinchi marta Vladimir Putin bilan uchrashdi va tez orada Moskva bilan deyarli yagona muzokarachiga aylandi. Mart oyiga kelib Kellogning lavozimi nomidan "Rossiya" so‘zi yo‘qoldi. "General Kellog prezident Zelenskiy va Ukraina rahbariyati bilan bevosita ishlaydi," deb tushuntirdi Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.
"Men so‘ramagunimcha fikr bildirmaydi"
Nega aynan Uitkoffga Tramp Rossiya yo‘nalishini ishonib topshirgani noma’lum. Mart oyida NBC telekanali Kellog Moskva istagi bilan rossiyaliklar bilan muloqotdan chetlatilgani haqida xabar berdi: go‘yo Kreml uni haddan tashqari ukrainaparast deb hisoblagan. Kellog haqiqatan ham Ukraina va uning rahbariyati haqida hamkasblariga qaraganda ancha xayrixohlik bilan gapirgan: masalan, fevral oxirida u Volodimir Zelenskiyni "urushayotgan mamlakatning jasur rahbari" deb atagan. Moskva Kellogning muzokaralar jarayonidan g‘oyib bo‘lishiga aloqadorligini rad etmoqda. "Rossiya tomoni Amerikaning ichki ishlariga aralashishi mumkin, deb o‘ylash bema’nilik bo‘lardi," dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Oq uyning Rossiya yo‘nalishida ishlagan sobiq amaldori so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar o‘zlariga nisbatan "do‘stona" munosabatda bo‘lgan muzokarachi bilan muloqot qilishni xohlagan bo‘lishi mumkin. Ammo kelishuvni tezlashtirmoqchi bo‘layotgan Trampni ham unutmaslik kerak, deya qo‘shimcha qiladi Bi-bi-si suhbatdoshi. Uning fikricha, prezident Ukrainadagi urushni bir necha hafta yoki oy ichida tugatish iloji yo‘qligini aytgan maslahatchilar fikrini tinglashni istamayapti.
Rossiya bilan muzokaralardagi hozirgi taktika Trampning 2017-2021 yillardagi birinchi prezidentlik muddatidan ancha farq qiladi. O‘shanda u ko‘proq o‘z ma’muriyatidagi Rossiyaga ixtisoslashgan odamlarga tayanardi. Hozir uning ma’muriyatida prezidentga shaxsiy sodiqlik qadrlanadi, deb aytmoqda AQSh davlat kotibining Yevropa masalalari bo‘yicha sobiq yordamchisi Jeyms O'Brayen. Natijada Rossiya bilan Yevropa bo‘yicha juda kam tajribaga ega odamlar shug‘ullanmoqda.
Trampning birinchi muddatida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan Jon Bolton yanada keskinroq fikr bildirmoqda. Tramp ikkinchi muddatga jamoa tanlashda unga qo‘shiladigan va aytganlarini darhol bajaradigan odamlarni izlagan, deb hisoblaydi Bolton.
2018 yilda u Tramp va AQShning o‘sha paytdagi davlat kotibi Mayk Pompeo bilan birga Bryusselga NATO sammitiga borgan edi. Tadbir hamkorlarning mudofaa xarajatlari ozligidan norozi bo‘lgan Trampning alyansdan chiqish bilan tahdid qilishi manzarasida o‘tkazildi. AQSh prezidenti bilan AQSh elchisining Belgiyadagi qarorgohida o‘tirgan Bolton (u atigi bir necha oy davomida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan edi) Trampni bunday qilmaslikka ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. "Bir payt u butunlay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi, Pompeoga o‘girilib dedi: "Men Kit Kellogni milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi qilish kerakligini bilardim. U so‘ramagunimcha fikr bildirmaydi".

Surat manbasi, Ukrinform/NurPhoto/Getty Images
2018 yilda Trampni qoniqtirgan Kellogning bunday sodiqlik darajasi 2025 yilga kelib yetarli bo‘lmay qoldi. "Ehtimol, Kellog bir marta o‘z fikrini aytgandir va shu bilan hammasi barham topgandir," deb kinoya qiladi Bolton.
Amerika matbuotidagi ma’lumotlarga ko‘ra, hozir Kellog Uitkoffdan ko‘ra qattiqroq pozitsiyani egallab turibdi. Reuters xabariga ko‘ra, Uitkoffning Vashingtonda Dmitriev bilan uchrashuvidan ko‘p o‘tmay, ikkala maxsus vakil ham Tramp bilan shaxsan uchrashgan. Uitkoff AQSh prezidentiga 2022 yildan beri anneksiya qilingan Ukrainaning to‘rtta mintaqasini Rossiyaga berish orqali urushni tezroq tugatish mumkinligini aytgan. Kellog o‘sha uchrashuvda Uitkoffga e’tiroz bildirgan va Kiev bu shartlarga hech qachon rozi bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Muayyan shaxsga suyanish
Kellog muzokaralardan chetda qolgan yagona amerikalik diplomat emas. Bi-bi-si suhbatdoshlariga ko‘ra, Rossiya bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yishda ikki asosiy idora – Mayk Uolts boshchiligidagi Milliy xavfsizlik kengashi va Marko Rubio boshchiligidagi Davlat departamentining qanday rol o‘ynashi hamon noma’lum.
Oq uyning Bi-bi-si suhbatlashgan sobiq amaldori so‘zlariga ko‘ra, Rubio ham, Uolts ham hozirda qaror qabul qilishda katta rol o‘ynamayapti. "Hozir Tramp, aslida, milliy xavfsizlik tizimi va byurokratiyaga ishonish mumkinligiga, tizimdagi odamlar u xohlagan narsani haqiqatda bajarishiga ishonmaydi. U hatto ularni jalb qilishga harakat ham qilmayapti, – deydi Bi-bi-si suhbatdoshi. – Shuning uchun u ularga emas, balki Nyu-Yorkdagi hayoti va ishi bilan tanish bo‘lgan aniq bir kishiga ishonmoqda, chunki faqat unga suyanishi mumkin."
Bi-bi-si suhbatdoshining ta’kidlashicha, Uitkoffni Rossiya bilan munosabatlarni milliy xavfsizlik apparati orqali emas, balki shaxsan "yakkama-yakka" o‘rnatmoqchi bo‘lgan Trampning "elchisi" sifatida qabul qilish kerak.
Aprel o‘rtalarida Wall Street Journal davlat kotibi Marko Rubio va milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts Trampni Kremlning va’dalariga shubha bilan qarashga chaqirgani haqida xabar berdi. Boltonning ishonchi komilki, Tramp ma’muriyatida hali ham Rossiya va Ukraina urushi haqida real tushunchaga ega odamlar ishlayapti – ular orasida Uolts va Rubio ham bor.

Surat manbasi, YURI KADOBNOV/AFP
"Ular [urush masalasida] Rossiya nuqtai nazarini qo‘llab-quvvatlovchilar safiga qo‘shilmadi, – deydi Bolton. – Masala shundaki, ular Trampni ishontirishga harakat qilishgan, ammo uddalay olishmagan yoki umuman urinishmagan." Uning fikricha, ikkalasi ham Rossiyaning Ukraina bilan urushi mavzusidan chetlatilganga o‘xshaydi (Uoltsning mavqeiga Signal'dagi yozishmalarning sizib chiqishi bilan bog‘liq mojaro ham ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin, deya qo‘shimcha qiladi Bi-bi-si suhbatdoshlari). "Agar ular hali ham ichki muhokamalarda ishtirok etayotgan bo‘lsa, sog‘lomroq siyosat yuritish uchun oz bo‘lsa ham imkoniyat bor. Ammo bilganlarimga asoslansam (garchi hammasini bilmasak-da), men optimist emasman," deydi Bolton.
Bi-bi-sining yana bir suhbatdoshi, Oq uyning sobiq xodimi hozirgi jarayonda odatda asosiy diplomatik rol o‘ynaydigan Amerika elchixonalari xodimlari ham deyarli sezilmayotganiga e’tibor qaratadi. Elchilar, deydi Bi-bi-si suhbatdoshi, davlat tashriflarini tayyorlashda bevosita ishtirok etadi va muzokaralarda ishtirok etayotgan amaldorlarga doklad tayyorlaydi.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
AQShning Rossiyadagi elchisi lavozimini hozirda sobiq SSSR davridayoq Moskvadagi elchixonaga birinchi marta kelgan diplomat, ta’lim bo‘yicha sovetshunos Linn Treysi egallab turibdi. Treysi Bayden davrida tayinlangan. U Trampning birinchi muddati davomida ham elchi bo‘lgan, faqat Armanistonda.
Uitkoffning Rossiyaga tashrifi chog‘ida AQSh elchixonasi bilan faol hamkorlik qilgani haqida hech narsa ma’lum emas. Bundan tashqari, Treysi Uitkoffning fevral oyidagi Moskva safaridan u kelishidan atigi bir kun oldin xabar topgan, deb aytadi tashrif tafsilotlaridan voqif bo‘lgan Bi-bi-si manbasi.
Amerika diplomatiyasi faxriysi, Davlat departamentida 40 yil ishlagan, jumladan, Amerika-Rossiya munosabatlari bilan shug‘ullangan Deniel Fridning aytishicha, idorada hali ham Rossiya bo‘yicha mutaxassislar bor. "Eng yuqori lavozimlarda emas, ammo Yevropa byurosidagi munosib o‘rinlarda".
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi bilan muzokaralarda Davlat kotibi yordamchisi o‘rinbosari Sonat Koulter ikki marta ishtirok etdi. U Davlat departamentining Yevropa byurosida Rossiya masalalari bilan ham shug‘ullanadi. U Kremlning 2016-yilgi Amerika saylovlariga aralashuvi va keyingi janjallar tufayli Rossiya va AQSh munosabatlari murakkablashgan paytda Moskvadagi Amerika diplomatik vakolatxonasida ishlagan. Moskvadagi AQSh elchixonasida siyosiy maslahatchi o‘rinbosari lavozimida ishlayotganda u diplomatlarni o‘zaro chiqarib yuborish jarayonini ham boshdan kechirgan edi. Bi-bi-si suhbatlashgan ikki amerikalik diplomat uning tajribasini yuqori baholadi va uni Davlat departamentidagi Rossiya bo‘yicha eng yaxshi mutaxassislardan biri deb ta’rifladi.
Istanbuldagi maslahatlashuvlarning yagona natijasi Rossiyaning AQShdagi elchisi tayinlanishi bo‘ldi. Bu lavozimga TIVning Shimoliy Atlantika departamentini boshqargan Aleksandr Darchiev tayinlandi. U mazkur muzokaralarda ham ishtirok etgan. Unda tomonlar birinchi galda ikki davlat diplomatik vakolatxonalari sonini tiklashni muhokama qildilar. Shuningdek, Rossiya AQSh bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklashni va shunga mos ravishda "Aeroflot"ni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qildi. 27 fevral va 10 aprelda bo‘lib o‘tgan ikki uchrashuvda ular tayinli qarorga kela olishmadi. Ukraina masalasini diplomatlar umuman muhokama qilishmadi.
Urush va tinchlik mavzusi bilan boshqa jamoalar shug‘ullandi – ular 24 mart kuni Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda uchrashdilar. Tomonlar uchrashuvni "texnik" deb atashdi – Qora dengiz tashabbusini qayta tiklash va energetika ob’ektlariga zarba berishga moratoriy muhokama qilindi. Rossiya nomidan TIV rahbarining sobiq o‘rinbosari, hozirda senator Grigoriy Karasin va FSB direktori maslahatchisi Sergey Beseda qatnashdi. AQSh Davlat departamentining siyosiy rejalashtirish bo‘yicha direktori Maykl Antonni va Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa bo‘yicha katta direktori Endryu Pikni yubordi. Pik bu lavozimni Trampning birinchi prezidentlik muddatida egallagan va uning Rossiya bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan. Biroq, u uzoq ishlamadi: Pik ish boshlaganidan ikki oy o‘tib, 2020 yil yanvarida lavozimidan chetlatildi. U Milliy xavfsizlik kengashida Bolton davrida ham ishlagan, ammo Rossiya emas, balki Yaqin Sharq masalalari bilan shug‘ullangan.
Oq uyning sobiq amaldori Bi-bi-si bilan suhbatda Pikning Vashingtonda Rossiya bo‘yicha "katta tajribaga ega" odam sifatida obro‘si yo‘qligini aytdi.
Biroq, Bi-bi-sining ma’muriyatda tajribaga ega bo‘lgan yana bir suhbatdoshi tushuntirishicha, bilimning chuqurligi emas, balki AQSh prezidentiga yaqinlik muhimdir. "Rossiya bo‘yicha amerikalik ekspertlar tarixida eng ko‘p ma’lumotga ega odam bo‘lishi mumkin. Ammo o‘z boshlig‘i va AQSh prezidentiga gaplari qiziq bo‘lmasa, bu hech narsani o‘zgartirmaydi."
Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari munosabatlari qanday qurilgan?
Ushbu materialni tayyorlash chog‘ida Bi-bi-si Oq uyning uch nafar sobiq xodimi va Davlat departamentining ikki sobiq diplomati bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi tan olishicha, Moskva bilan munosabatlarda Amerika diplomatiyasi endi Donald Trampning birinchi davridagi tartiblardan mutlaqo farqli qoidalar asosida ishlaydi.
Bi-bi-sining Oq uyda ishlagan ikki suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra (ikkalasi ham OAV bilan muloqot qilish huquqiga ega bo‘lmagani uchun ismlarini oshkor qilmaslikni so‘rashgan), yillar davomida Rossiya bo‘yicha ishlar kichik o‘zgarishlar bilan shunday tuzilgan: bu bilan AQSh prezidentining shaxsan o‘zi, ishonchli tajribali maslahatchilariga tayanib shug‘ullanib kelgan. Birinchi navbatda – Milliy xavfsizlik kengashi (bu AQSh prezidenti huzuridagi nufuzli maslahat organi), Davlat departamenti, Pentagon, maxsus xizmatlar va Rossiyadagi elchixona xodimlari.
Bi-bi-si manbalaridan biri aytishicha, Rossiya bilan munosabatlarni boshqarishning bunday tizimi 1980-yillarda, prezident Ronald Reygan davrida shakllangan. Bu tizim prezident atrofida Rossiya (o‘sha paytda – SSSR) haqida chuqur bilimga ega odamlar bo‘lishini ta’minlagan.
Masalan, Reygan davrida Milliy xavfsizlik kengashida sovet yo‘nalishi uchun mas’ul bo‘lgan direktor Harvardning mashhur russhunos professori Richard Payps edi. Sovet tahdidiga qarshi kurashuvchi Payps rus tilini mukammal bilgan, Rossiya va Sovet tarixi haqida o‘nlab asarlar bitgan.
Sovet Ittifoqi parchalanayotgan davrda, katta Jorj Bush prezidentligi paytida, davlat kotibi Jeyms Beyker Rossiya bilan aloqalarga ko‘p e’tibor qaratgan. Uning Rossiya bo‘yicha katta tajribasi bo‘lmasa-da, prezident bilan bevosita muloqot qilish imkoniyati va ko‘plab maslahatchilari bor edi. Shunday yordamchilardan biri Kondoliza Rays edi – u o‘sha paytda Milliy xavfsizlik kengashida Rossiya masalalari uchun mas’ul bo‘lib, keyinchalik kichik Jorj Bush davrida davlat kotibi lavozimiga ko‘tarildi. Rays o‘qish paytidayoq SSSRga qiziqib qolgan edi. 1970-yillar oxirida u rus tilini o‘rganish uchun MGUda amaliyot o‘tagan, so‘ng Rossiya-Amerika munosabatlari bo‘yicha mutaxassis sifatida siyosatshunoslik fanlari doktori darajasini olgan.

Surat manbasi, MAXIM SHIPENKOV/AFP
SSSR parchalanganidan keyin, Bill Klinton davrida Rossiya bo‘yicha siyosat me’mori, davlat kotibi o‘rinbosari Stroub Talbot bo‘ldi. Talbot Yel universitetida rus adabiyotini o‘rgangan va Oksfordda Klinton bilan tanishib, u yerda Nikita Xrushchevning xotiralarini ingliz tiliga tarjima qilishga yordam bergan.
Shunga o‘xshash ish tizimi AQShda Vladimir Putin hokimiyatga kelishi bilan – kichik Jorj Bush va Barak Obama davrida ham saqlanib qoldi. Garchi ayrim istisnolar bilan bo‘lsa-da, u ma’lum darajada Donald Trampning 2016-2020 yillardagi birinchi muddati davrida ham amal qildi.
Bir tomondan, Rossiya bilan munosabatlarga oid asosiy lavozimlarda mintaqaviy tajribaga ega bo‘lgan o‘sha-o‘sha taniqli mutaxassislar ishlagan. Masalan, Trampning birinchi prezidentlik davrida Milliy xavfsizlik kengashining Yevropa va Rossiya bo‘yicha departamentiga G‘arbdagi Rossiya-Amerika munosabatlari bo‘yicha eng mashhur mutaxassislardan biri, AQSh Milliy razvedka kengashida tajriba orttirgan sovetshunos olima Fiona Xill rahbarlik qilgan. 2019 yilda u Oq uyning harakatlariga norozilik bildirgan holda ma’muriyatni tark etdi.
Tramp 2016 yilda o‘z tashqi siyosatining bosh ijrochisi sifatida tanlagan davlat kotibi Reks Tillerson diplomatik ish tajribasiga ega bo‘lmasa-da, 10 yildan ortiq vaqt davomida yirik ExxonMobil neftь kompaniyasi rahbari bo‘lib ishlagan edi. Bu vaqt ichida u butun dunyo bo‘ylab aloqalar o‘rnatgandi: jumladan, Rossiya va Yaqin Sharqda ham.
Boshqa tomondan, o‘shanda, Trampning birinchi muddati paytida, qiziqarli ziddiyat yuzaga keldi, deydi Bi-bi-sining suhbatdoshlaridan biri: "[Rossiya yo‘nalishida] prezident bilan kelishmagan amaldorlar ishlagan. Rossiya 2016-yilgi saylovlarga aralashishga urinishda ayblanishi tufayli qaror qabul qilish jarayoni to‘xtab qolgan edi. Trampning Rossiya bilan bog‘liq o‘z kun tartibi bor edi, ammo u siyosiy bosim, jumladan, o‘z jamoasi bosimi tufayli cheklovlarni his qilardi."
Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Trampning birinchi muddatida Amerika prezidenti Kremlga ortiqcha yon bosmaganini o‘zining muvaffaqiyati sifatida ta’kidlaydi. "Mening talablarim uncha yuqori emas edi," deydi u kulib.
Jon Bolton Amerikaning to‘rtta prezidenti, jumladan, Tramp ma’muriyatida ishlagan – 2018 va 2019 yillarda uning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan. Bolton Amerika tashqi siyosatining "murosasizi" nomi bilan tanilgan, u AQShning Iroqqa bostirib kirishini va Shimoliy Koreya hamda Eronga nisbatan harbiy aralashuvgacha bo‘lgan qat’iy siyosatni qo‘llab-quvvatlagan. U Rossiyani va shaxsan Putinni tanqid qilgani bilan ham yodda qolgan.
Boltonning aytishicha, Trampning birinchi muddatida uning ma’muriyatida Putin siyosati AQSh manfaatlariga zarar keltiradi deb hisoblagan va unga qarshi turishga tayyor ko‘plab odamlar bor edi. "Biz vaqti-vaqti bilan Trampni Rossiyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar kiritishga ishontirishga muvaffaq bo‘ldik, bunga asos bor edi, – deb eslaydi Bolton. – U buni istar-istamas, baqir-chaqir va qarshilik bilan qabul qilardi, ammo keyinchalik Putinga qattiq qarshilik ko‘rsatganini o‘ziga sharaf deb bilgan bo‘lsa ham." Trampning birinchi prezidentlik muddatida uning amaldorlari davlat rahbarini Putinning u yoki bu qilig‘ini e’tiborsiz qoldirish uning manfaatlariga to‘g‘ri kelmasligiga ishontirishga muvaffaq bo‘lishgan, deydi Bolton. Hozirgi ma’muriyat buni uddalay olmayapti, deb hisoblaydi u.
"Manipulyatsiyaga moyil odam"
Mart oyida Karlsonga bergan intervyusida Uitkoff Ukraina qo‘shinlarining Kursk viloyatida qurshab olinganini "fakt" deb atagan edi. "Qurshov" haqida bir necha bor Putin, uning ortidan esa (aynan Uitkoffning Moskvada Rossiya prezidenti bilan uchrashuvidan keyin) Tramp ham gapirgan.
Rossiya Kursk viloyati ustidan nazoratni qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi, uning bir qismini avgust oyida Ukraina Qurolli kuchlari egallab olgan edi, ammo ukrainalik askarlar hech qanday qurshovga tushmadi. Kiev ham, ko‘plab mustaqil tahlilchilar ham qurshov haqidagi da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan.
Bi-bi-sining Oq uyda ishlagan suhbatdoshi aytishicha, Uitkoff jamoasida Rossiya bo‘yicha ekspertlar yo‘q: ya’ni Putin bilan muzokaralarga u o‘zi tayyorlanayotganga o‘xshaydi. CNN anonim amerikalik amaldorga tayanib, Uitkoffning yolg‘iz o‘zi hech qanday ekspertni jalb qilmasdan diplomatiya bilan shug‘ullanayotgani haqida yozgan.
Davlat departamentining ikki nafar sobiq yuqori martabali xodimi Bi-bi-si bilan suhbatda Uitkoffning Rossiya haqidagi bilimlari cheklangani va Moskvaga tashriflari chog‘ida birga ishlaydigan jamoasi yo‘qligidan shokka tushishganini bildirdi.
Uitkoffning so‘zlari Kreml ritorikasini translyatsiya qilayotgandek taassurot qoldiradi, deydi Amerika diplomatiyasi faxriysi Deniel Frid (Trampning o‘zi ham shunday qilmoqda). Uitkoff Rossiya prezidenti haqida ko‘proq maqtov so‘zlarini aytadi: davom etayotgan urush fonida u Putinni "buyuk yetakchi," "juda aqlli odam" va "mustahkam tinchlik"ka intilayotgan siyosatchi deb atdi.
22 aprel kuni Financial Times manbalarga tayanib xabar berishicha, Putin Peterburgdagi uchrashuvda Uitkoffga hozirgi front chizig‘idagi jangovar harakatlarni to‘xtatishga va Ukrainaning Rossiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan to‘rtta viloyati hududining Kiev nazorati ostida qolayotgan qismiga da’vo qilishdan voz kechishga tayyorligini aytgan.
O‘shanda G‘arb ommaviy axborot vositalarida AQShning Ukraina bo‘yicha "yakuniy" tinchlik rejasidan parchalar paydo bo‘ldi. Nashrlar manbalariga ko‘ra, Amerika tomoni uni Ukraina tomoniga bergan. Undan, jumladan, AQSh Qrimni de-yure Rossiya hududi sifatida tan olishini, shuningdek, Rossiyaning bosqin boshlanganidan beri egallab olgan Ukrainaning to‘rt viloyatining bosib olingan hududlariga bo‘lgan huquqlarini de-fakto tan olishini taxmin qilish mumkin. Ushbu rejaning boshqa bandlari – 2014 yildan beri Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish va Ukrainaning NATOga qo‘shilishdan bosh tortishi haqida. Ana shu ikkinchisi Putinning asosiy talablaridan biri edi va Ukrainaning alyansga qo‘shilish rejasi Rossiya prezidenti "maxsus operatsiya" deb atagan harakatni boshlashning rasmiy sabablaridan biri edi.
Chorshanba kuni Londonda Ukraina, AQSh va Yevropa delegatsiyalari ishtirokida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya-Ukraina urushini tinch yo‘l bilan hal qilish muhokama qilindi. Ushbu uchrashuvga AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio kelmoqchi edi, biroq oxirgi lahzada tashrifni bekor qildi. Uitkoff ham u yerga bormadi. Taxminan o‘sha paytda, Rubioning tashrifi bekor qilingani ma’lum bo‘lgach, Zelenskiy matbuot anjumanida Ukraina Qrimni Rossiyaniki deb tan olmasligini aytdi.
23 aprel kuni Tramp Zelenskiyni bu bayonoti bilan tinchlik muzokaralarini xavf ostiga qo‘ygani uchun tanqid qildi. "Agar u uni qaytarib olmoqchi bo‘lsa, nega 11 yil oldin Qrim birorta ham o‘q uzmasdan topshirilganida kurashilmadi?" deb yozdi Tramp Truth Social'da. Ertasi kuni Kremlda Trampning Qrim haqidagi bayonoti olqishlandi. U "bizning tushunchamizga to‘liq mos keladi," dedi Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
"AQShning Qrimni Rossiyaniki deb tan olishi va ma’lum bir nuqtada sanksiyalarni bekor qilishga roziligi Rossiya manfaatlarini biroz tushunishidan dalolat beradi, ammo ko‘p jihatdan Ukraina va uning savdo yo‘llarini o‘z ichiga olgan Rossiya ta’sir doirasini tan olishga ham moyillikni ko‘rsatadi," deydi Davlat departamentining sobiq yuqori martabali xodimi Jeyms O'Brayen.
Rossiyaning maksimalistik talablari muzokaralar uchun boshlang‘ich nuqta bo‘lmasligi kerak edi, deydi Amerika diplomatiyasi faxriysi Deniel Frid. Uning aytishicha, bu Rossiyaning standart taktikasi va Uitkoff buni bilishi kerak edi: "Aks holda u o‘z prezidenti uchun juda yomon bitim tuzgan bo‘ladi."

Surat manbasi, LEE JIN-MAN/AFP
Deniel Frid ruslar bilan muzokaralar tajribasidan o‘zi uchun chiqargan qoida haqida gapiradi: "Ular da’vo qiladigan safsatalar darajasi ular sizni qanchalik bilimsiz deb hisoblashiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri mutanosib."
U Davlat departamentida ishlagan yillarida (2017 yilda vazirlikdan ketgan) rossiyaliklar bilan muzokaralarda ularning "AQSh va Rossiya ittifoqchi bo‘lgan va endi harbiy birodarlik ruhini qaytarishi kerakligi haqida Ikkinchi jahon urushining qandaydir fantastik versiyasini" chippakka chiqarganini eslaydi. "Mening bunga javobim har doim shunday bo‘lgan: "Ikkinchi jahon urushi Molotov-Ribbentrop pakti va sizning Gitler bilan ittifoqingiz tufayli va natijasida boshlandi. Bas, vaqtimizni zoe qilmanglar".
Jeyms O'Brayenning aytishicha, Tramp Moskva bilan bitim tuzish uni jahon miqyosidagi yetakchiga aylantirishiga ishonadi. "Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr. Rossiya – uzoq muddatli yaxshi hamkor bo‘lolmaydi," deya qo‘shimcha qiladi u. Biroq Tramp, uning fikricha, 1980-yillardan beri tashqi siyosiy qarashlarini o‘zgartirmagan, atrofdagi dunyo esa o‘zgargan. Shuning uchun Ukrainadagi urushni tugatish masalasi ham uning uchun Rossiya va AQSh munosabatlariga taalluqli, Ukrainani esa u to‘siq va asabiylashtiruvchi omil sifatida qabul qiladi, deydi diplomat.
"Shu paytgacha Tramp Putinga nisbatan noaniq norozilik bildirdi va ukrainaliklarga qarshi aniq harakatlar qildi. Bu nomutanosiblik Putinni faqat urushni davom ettirishga rag‘batlantiradi," deb hisoblaydi O'Brayen.
O'Brayen ham, Frid ham Oq uy hozirda Kievga emas, balki Moskvaga bosim o‘tkazish uchun qulay vaziyatda ekanini ta’kidlashdi. O'Brayenning fikricha, Tramp Putinga AQSh Rossiya ma’lum vaqtgacha harbiy harakatlarni to‘xtatmasa, uning neftь daromadlarini qisqartirishini aytib, sulhga erishishi mumkin edi. Frid esa asosiy reja – o‘t ochishni to‘xtatish va Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlariga erishish mumkinligini va Tramp allaqachon Baydendan ko‘ra ko‘proq natijalarga erishgan bo‘lardi deydi. Frid o‘z manbalariga tayanib, AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligi Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar variantlarini tayyorlayotganini aytmoqda. "Bu ularni joriy etish to‘g‘risidagi qaror allaqachon qabul qilinganini anglatmaydi, lekin Tramp ma’muriyatidagi ayrim mutaxassislar bunday variantlarni ishlab chiqish uchun siyosiy vakolatga ega ekanliklarini his qilishlari – ijobiy holat," deya qo‘shimcha qildi u.

Surat manbasi, Vitalii Nosach/Global Images Ukraine via Getty Images
"Mening fikrimcha, Uitkoff Rossiya, Ukraina, ularning tarixi, qurolli mojarolar va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borish haqida hech narsa bilmaydi. U Putin bilan bir nechta uchrashuvda o‘zini manipulyatsiyaga o‘ta beriluvchan odam sifatida ko‘rsatdi," deya maxsus vakilning faoliyatiga baho berdi Jon Bolton.
O'Brayen ta’kidlashicha, Bush, Obama, Bayden ma’muriyatlari va hatto Trampning birinchi ma’muriyatidagi mutaxassislar NATOning sharqqa kengayishi masalasi Rossiya va AQSh o‘rtasida kelishiladigan mavzu emasligini, Sharqiy Yevropa, Boltiqbo‘yi va Markaziy Yevropa xavfsizligi masalalari esa muzokaralar predmeti bo‘la olmasligini aniq ko‘rsatib kelishgan. "Biroq Ar-Riyoddagi dastlabki muzokaralarda Tramp jamoasi bu masala umuman ko‘tarilishiga tayyor emasdek ko‘rindi."
Agar shunday tajribaga ega amaldorlar bo‘lgan oldingi ma’muriyat urushni to‘xtatishda muvaffaqiyatga erisha olmagan bo‘lsa, Uitkoffni Rossiya bilan munosabatlarda yetarli tajribaga ega emasligi uchun tanqid qilish qanchalik o‘rinli? Oq uyning Rossiya bo‘yicha ishlagan sobiq amaldori bu savolga shunday javob beradi:
"Har doim yangi yondashuvlarni sinab ko‘rish lozim. Tramp saylovda g‘alaba qozonmagan taqdirda ham, biz baribir vaziyatga yangicha nazar bilan qarashga, vaziyatni yumshatishga va urushni tugatmasa-da, hech bo‘lmaganda Ukraina uchun uning og‘irligini kamaytirishga urinishni ko‘rgan bo‘lardik. Hech kim mavjud holatning saqlanib qolishini xohlamadi. Lekin urushning qanday yakunlanishi ham muhim. Amerika va Yevropa xavfsizligidan kelib chiqib, urushni shunday yakunlash kerakki, bu Rossiyaning qo‘shnisiga qarshi tajovuzi uchun mukofot bo‘lib ko‘rinmasin."












