Rossiya va Ozarbayjon qanday yarashdi? Ko‘p savollar ochiq qolyapti

Surat manbasi, Getty Images
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 8 daq
Rossiya va Ozarbayjon prezidentlari Vladimir Putin va Ilhom Aliev Dushanbeda uchrashdi. Putin Rossiya havo mudofaa kuchlari Ozarbayjon uchog‘ini urib tushirganini tan oldi. Shu tan olishni Boku uzoq vaqtdan beri talab qilib kelayotgan edi. Mutaxassislar yarashuv bo‘lgani haqida gapirmoqda. Ozarbayjon Moskva bilan ziddiyatdan yo‘qotishlarsiz chiqqan ko‘rinadi. Ammo ko‘plab savollar ochiq qolmoqda. Bu ziddiyat oqibatida ikki davlatda hibsga olinganlar taqdiri endi nima bo‘ladi? Mamlakatlarning yana nizolashmasligiga kafolat bormi? Kelajakda Rossiya o‘ch olmasmikan?
2024 yil oxirida Grozniy osmonida Ozarbayjon yo‘lovchi uchog‘i urib tushirilgani va buning oqibatida 38 kishi halok bo‘lganidan beri Rossiya va Ozarbayjon munosabatlari sovuqlashgan edi. Ozarbayjon Rossiyadan bu ishda qo‘li borligini tan olishni talab qila boshladi, Rossiya davlat tuzilmalari va OAV vakolatxonalarini yopdi, rossiyalik jurnalistlar va relokantlarni qamoqqa oldi, Rossiya pop yulduzlari kontsertlari bekor qilindi.
Aliev Ukrainani "bosqinchilik bilan murosa qilmaslikka" chaqirdi, sovg‘a sifatida Ukraina armiyasi nishonlarini oldi, davlat OAVlari esa Rossiyani natsistlar Germaniyasi bilan taqqosladi.
O‘shanda ham mutaxassislar Rossiya va Ozarbayjon aloqalari qalinligi, butunlay uzilib ketish imkonsizligi, Putin kuni kelib Bokuga yon bosishi haqida gapirgan edi.
Putin va Alievning Dushanbedagi uchrashuvi qanday va nima sababdan bo‘ldi? Kimning tashabbusi bilan?
"Menimcha, prezident Alievda Putinning o‘zi gapirishi, yagona nuqtai nazar bo‘lishi haqida kutilma, talab bor edi, – deydi "Janubiy Kavkaz tadqiqotlari markazi" rahbari Farhod Mamedov. – U yerda kim nima deyishi bizni qiziqtirmaydi. Biz uchun eng muhimi Kremlda o‘tirgan odam nima o‘ylashi".
Mutaxassis ta’kidlashicha, dekabrь oyida uchoq halokatini tekshirish bo‘yicha hukumatlararo komissiya hisoboti e’lon qilinadi. Bu sana o‘ziga xos "muhlat" bo‘ldi, Dushanbedagi MDH davlatlari sammiti har ikki rahbar betaraf maydonda uchrashishi uchun qulay edi.
"Alievning Rossiyaga borishi unchalik qulay emas. Bu diplomatiyada mehmonga borish va ta’zim qilish deb hisoblanishi mumkin, – deydi Janubiy Kavkaz bo‘yicha mutaxassis Kirill Krivosheev. – Menimcha, har ikki tomon bu masalani dekabrgacha hal qilishi kerak edi, chunki hamma bu muddatni tushunardi.
"Ozodlik" radiosi va "Exo Kavkaza" sharhlovchisi Vadim Dubnovning fikricha, Rossiya tan olishni kechiktirdi, avvaliga "o‘ziga yengilroq variantlarni" taklif qildi, masalan, asosiy aybni Ukraina dronlariga yukladi.
"Hozir Moskvada Ozarbayjon shunchaki chekinishi mumkin emasligini, chunki uning o‘z vaziyati borligini va bu vaziyatda chekinish Aliev uchun mag‘lubiyat ekanini tushunishdi, shekilli, – deydi Dubnov. – Aliev esa bu vaziyatda mag‘lub bo‘lishi mumkin emas, zero Aliev g‘alabadan-g‘alabaga qarab borishi kerak."

Surat manbasi, Getty Images
Ozarbayjonda Armanistonga qarshi Qorabog‘dagi 44 kunlik urushdagi g‘alabadan so‘ng hukumatga yaqin OAVlar Alievni muzaffar prezident va kuchli mintaqaviy yetakchi sifatida tasvirlamoqda.
"Rossiyada 2022 yildan keyin o‘z obro‘si haqida qayg‘urmay qo‘yishdi. Menimcha, aynan Rossiya tomoni Aliev bu mojaroda barcha obro‘li yutuqlarni qo‘lga kiritguncha kutib turdi va aynan [Moskva bilan] mojaro unga obro‘ keltirdi," deydi jurnalist, Karnegi jamg‘armasi muallifi Bashir Kitachaev.
Ushbu uchrashuvdan so‘ng Rossiya va Ozarbayjon munosabatlarida nima o‘zgardi?
Vadim Dubnovning fikricha, Aliev Rossiyaga nisbatan keskin munosabati orqali boshqa sobiq sovet respublikalariga Moskva bilan aloqalar ko‘pincha miflashtirib kelinganini ko‘rsatdi.
"Hamma juda ahil va mamnuniyat bilan ko‘p yillar davomida katta og‘a haqidagi mif ichida o‘ynab keldi. Garchi o‘sha katta og‘a allaqachon yo‘q bo‘lsa-da, ko‘pchilik uchun shunday yashash qulay, – deydi mutaxassis. – Masalan, [Armaniston prezidenti Serj] Sargsyan uchun eski tuzum davrida Armanistonda sodir bo‘lgan va bo‘lmagan voqealar uchun butun mas’uliyatni yuklasa bo‘ladigan katta og‘aning bo‘lgani durust edi, Moskva ham bunga rozi edi."
"Menimcha, dushanbeda bu juda keskin o‘zgardi, chunki Putin u yerda «O‘rta Osiyo» emas, «Markaziy Osiyo» deb gapirdi", deydi Dubnov.
Uning fikricha, Ozarbayjon Rossiyani yangi sharoitga moslashishga majbur qildi. Bu sharoitda u "butunlay boshqacha o‘ynamoqda – Isroil va Turkiyani yarashtirmoqchi, har turli jarayonlarga aralashadi va o‘z mintaqasida yetakchilikka da’vo qiladi."
Ikki davlat munosabatlaridagi siyosiy imorat qanday o‘zgardi?
Ekspertlar ta’kidlashicha, Markaziy Osiyoning ko‘plab davlatlari va Armanistondan farqli o‘laroq, Ozarbayjon ilgari ham Rossiyaga kamroq qaram edi.
Krivosheevning aytishicha, Ozarbayjonda 1990-yillardayoq Moskva sezmaydigan shaklda sovetsizlashuv jarayoni kechgan. Hozirgi prezidentning otasi Haydar Aliev davrida ko‘chalar va joy nomlari o‘zgartirilgan va bunga Kreml – Ukrainadagi sovetsizlashtirish jarayoniga solishtirganda – unchalik og‘riqli munosabatda bo‘lmagan.
"Ozarbayjon dangaliga ahvolingiz biznikidan yomonroq va bunga ko‘nikishingiz kerak deb aytmoqda," deydi Dubnov. Uning so‘zlariga ko‘ra, "Ozarbayjonning barcha qiyinchiliklari" olinmay qolgan foyda bilan bog‘liq. Moskva uchun esa Ozarbayjon hozir "sanksiyalarni chetlab o‘tish sharoitida yashab qolish tizimining bir qismi" hisoblanadi.
Farhod Mamedov ta’kidlashicha, Qorabog‘ urushi tugagach va Ozarbayjon bilan Armaniston bu yil yozda Vashingtonda tinchlik shartnomasini imzolagach, Rossiyaning har ikki mamlakatga ta’siri kamaydi.

Surat manbasi, Getty Images
"Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi amaldagi tinchlik, biz uni shunday ataymiz, uchinchi davlatlarning ikki mamlakat o‘rtasidagi qarama-qarshilikdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi, – deydi u. – Ya’ni Rossiyaning Armaniston bilan qilayotgan barcha ishlari Ozarbayjonga qarshi emas, Rossiyaning Ozarbayjon bilan qilayotgan barcha ishlari ham Armanistonga qarshi emas."
Ozarbayjonlik siyosatchi va iqtisodchi Notiq Ja’farlining fikricha, Ozarbayjon va Rossiya munosabatlari uchoq fojiasidan oldin o‘zgara boshlagan edi. Rossiya 2020-yilgi urushdan keyin Qoraboqqa kiritgan tinchlikparvar kuchlari yordamida mintaqada mustahkamlanishga uringan, ammo Ozarbayjon bunga yo‘l qo‘ymadi va 2023 yilda rus harbiylarini chiqib ketishga majbur qildi.
"Bu, menimcha, Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi bo‘ldi, – deydi u. – Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar yanada teng huquqli bo‘ldi, chunki Ozarbayjon Turkiya bilan qalin aloqalarga ega."
Rossiya va Ozarbayjonning qanday o‘zaro manfaati borki, nizo yanada chuqurlashmadi?
Iqtisodiyoti asosan G‘arbga energiya sotishga bog‘liq bo‘lgan Ozarbayjonga bosim o‘tkazish uchun Rossiyada dastak ko‘p emas. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Ozarbayjon eksportining 4 foizidan kamrog‘ini tashkil etadi. Ozarbayjonni Rossiya bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar, jumladan, Rossiyani Eron, Fors ko‘rfazi mamlakatlari va Hindiston bilan bog‘laydigan Shimol-Janub transport yo‘nalishi bog‘lab turadi.
"O‘tgan yildan buyon munosabatlar sovuqlashuvi kuzatilgan bo‘lsa-da, iqtisodiy aloqalar uzilmayapti, – deydi iqtisodchi Ja’farli. – Shimol-Janub [transport] loyihasi, Rossiya gazini Eronga sotish loyihasi bor. Birinchi bosqichda bu yiliga taxminan 5 milliard kub metr bo‘lishi kerak. Ya’ni, logistika ham, energetika ham Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning eng muhim unsurlaridan biridir."
"Menimcha, bu shunday muqaddas narsaki, unga hech qanday Yekaterinburg, hech qanday uchoq aralasha olmaydi, – deb hisoblaydi Dubnov. – Gaz sxemalari urush va tinchlikdan ham, Yekaterinburg va uchoqlardan ham muhimroq."

Surat manbasi, Getty Images
"Bu yo‘nalishlar joyida qolishi muhim, ular yopilmasligi kerak. Putin va Aliev o‘rtasidagi «murosasiz» nizo davom etar, Aliev ketma-ket Putin tomonga demarshlar qilar ekan, ular saqlanib qoldi," deydi Kitachaev.
Rossiya va Ozarbayjon munosabatlari uchun qanday xavflar bor?
Kuzatuvchilar bu inqirozni Rossiyaning Ukrainada urushga botib qolgani va Ozarbayjon bundan foydalanib, uni Janubiy Kavkazdan siqib chiqargani hamda u yerda asosiy o‘yinchiga aylangani bilan bog‘lashgan. Ammo urushdan keyin Rossiya yana qaytishi va haqoratlar uchun o‘ch olishi ehtimoli yo‘q emas.
"Agar yaqin kelajakda urush tugab, Rossiya o‘zini tiklasa, u qasos olishi mumkinligini istisno qilib bo‘lmaydi. Putin yetarlicha qasoskor odam, shuning uchun bunday stsenariyni men ham istisno qilmagan bo‘lardim," deydi Kitachaev.
Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, Ozarbayjon Rossiya bilan mojarodan G‘arb ko‘z o‘ngida Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotganini ko‘rsatish va ichki targ‘ibot uchun Alievni kuchli rahbar sifatida tasvirlash uchun foydalangan. Demak, Ozarbayjonga yana shunday qarama-qarshilik kerak bo‘lishi mumkin.
"Bundan tashqari, Rossiya bahona topishi mumkin. U yana bir marta yo‘lovchi uchog‘ini urib tushirishi, qiynoqlar yoki hibsga olish paytida yana qandaydir odamlarni o‘ldirishi mumkin," deb hisoblaydi Kitachaev.
"Bu yerda Ozarbayjonga bosim o‘tkazish mumkin bo‘lgan ikkita masala bor – savdo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mehnat muhojirlari, – deydi Ja’farli. – Rossiya bozoriga katta qaramlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bu Ozarbayjon hukumatining zaif tomoni. Ular normal muqobil bozorlarni topishi mumkin."
Bundan tashqari, uning fikricha, Rossiya kelajakda ham Rossiyada yashovchi ozarbayjonliklarga bosimni Ozarbayjonga qarshi ishlatishi mumkin.
Hozir nima bo‘lmoqda va ikki davlatda hibsga olingan va ushlanganlarga keyinchalik nima bo‘ladi?
Putin va Alievning Bokudagi uchrashuvidan so‘ng "Sputnik Ozarbayjon" direktori Igor Kartavix uy qamog‘iga o‘tkazildi, Moskvada esa satira teatrining sobiq direktori Mamedali Agaev ozod etildi.
Biroq, Rossiya tergov izolyatorida bir necha Rossiya fuqarosi – etnik ozarbayjonlar qolmoqda. Ular 2025 yil yozi va kuz boshida Yekaterinburgdagi buyurtma qotilliklarga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan. Ikki kishi qo‘lga olish vaqtida vafot etgan. Rossiya tomoni bu tabiiy sabablarga ko‘ra sodir bo‘lganini ta’kidlasa, Boku ular qiynoqlardan vafot etganini da’vo qilmoqda.
Ozarbayjonda sakkiz nafar rossiyalik namoyishkorona tarzda qattiqqo‘llik bilan ushlandi: ularning aksariyati IT sohasida ishlagan. Ular Erondan giyohvand moddalar kontrabandasi va kiberjinoyatlarda gumonlanmoqda. Ozarbayjon e’lon qilgan foto va videolarda ushlanganlar qattiq kaltaklangani ko‘rinadi. Bi-bi-siga ma’lum bo‘lishicha, rossiyaliklar hali tergov qilinmagan.
"Bu yerda shuni tushunish kerakki, Rossiyada asosan Rossiya fuqarolari hibsga olingan, Ozarbayjonda esa Rossiya fuqarolari ushlangan. Shuning uchun bu almashinuv unchalik teng emas, lo‘nda aytganda, barchasi shaxsiy kelishuvlarga bog‘liq," deb hisoblaydi Kitachaev.
Bir tomondan – relokantlar (qisman safarbarlik e’lon qilinganidan keyin Rossiyadan ketgan yosh fuqarolar), ular "Sputnik" targ‘ibot davlat agentligi xodimlari emas va Rossiya hukumatining ularni qutqarishga qiziqishi yo‘q, ammo Ozarbayjonning ham ularni qamoqda saqlashga qiziqishi yo‘q, shuning uchun ertami-kechmi ularni qo‘yib yuborishadi.
Krivosheev ta’kidlashicha, "Sputnik" xodimlari, relokantlar va Yekaterinburgda ushlanganlarga uch toifa sifatida qaraladi va "ayirboshlash kurslari mos kelmasligi mumkin."
"Aka-uka Safarovlar haqida bilamiz, afsuski, ular vafot etdi. Qamoqda qolganlar esa, Yekaterinburgdagi diaspora guruhi, ular uzoq vaqtdan beri xavfsizlik kuchlari e’tiborida bo‘lgan," deydi u va huquq-tartibot idoralari ularni qo‘yib yuborishni istamasligini tan oladi, chunki ularning ortida haqiqiy jinoyatlar bo‘lishi mumkin.
"Ozarbayjon Rossiyadan o‘zi o‘rgangan usullar bilan o‘ch oldi: mutlaqo tasodifiy odamlarni qo‘lga olish, kaltaklash, kameralar oldida kamsitish. Bu nega kerak edi, tushunarsiz. Ozarbayjonning pozitsiyasi boshidanoq kuchli edi, bu urib tushirilgan uchoq bo‘yicha ham, Yekaterinburgda ushlanganlarga qiynoq qo‘llangani bo‘yicha ham. Balki ular jinoyatchi bo‘lishi mumkin, lekin bu ularni qiynash mumkin degani emas. Bokuda ushlanganlarga nisbatan bunday munosabat nima uchun kerak bo‘lgani noma’lum. Ehtimol, shuning uchun [prezidentlar] bu mavzuni Dushanbeda omma oldida ko‘tarishmadi, chunki ikkala tomon ham shungacha o‘zini yomon tutgandi. Bu diplomatik demarshlardan ko‘ra klanlar kurashini eslatardi," deydi Bi-bi-si bilan suhbatda mustaqil jurnalist Bashir Kitachaev.

Surat manbasi, Getty Images
Bu vaziyatdagi paradoks shundaki, Rossiya o‘z fuqarolarini hibsga olgan va rasman Ozarbayjon ularning taqdiriga ta’sir ko‘rsata olmaydi, deya qo‘shimcha qiladi u.
"Bu diaspora vakillari Kreml uchun Alievga bosim o‘tkazishning qulay vositasi, chunki bunday odamlar odatda uning Rossiyadagi norasmiy biznes manfaatlarini ifodalaydi," deydi Kitachaev.
Jurnalist fikricha, har ikki tomondan ushlanganlar taqdiri biz bilmaydigan yashirin kelishuvlarga bog‘liq bo‘ladi. Uningcha, mojaro sabablari unutilib, yangiliklar kun tartibi o‘zgargach, barcha ushlanganlarni jimgina qo‘yib yuborishlari mumkin.
Shu bilan birga, uning fikricha, Ozarbayjon xato qilganini tan olib, odamlarni qo‘yib yuborishi dargumon: bu ko‘proq amnistiya orqali ozod qilish yoki qandaydir yengil, nomiga jazo bo‘ladi.
Rossiyada Alievni qo‘llab-quvvatlaganlar taqdiri nima bo‘ladi?
"Urushda to‘liq g‘alaba qozonib, nazoratni to‘la tiklagan va hududini butunlay ozod qilgan davlatlar ko‘p emas, shu ma’noda undan [Ilhom Alievdan] ko‘plab boshqa rahbarlar o‘rganishni istaydi."
Bu haqda rossiyalik kremlparast siyosatshunos Sergey Markov shu yil yozda Ozarbayjonda, Aliev Ukrainani okkupatsiyaga ko‘nikmaslikka chaqirgan o‘sha media-forumda gapirgan edi.
Shundan so‘ng, Rossiyada Markov «xorijiy agent» deb e’lon qilindi va hukumatparast sharhlovchilar hokimiyatni Ozarbayjon agentlari deb hisoblangan boshqalar, jumladan, diaspora bilan ham shug‘ullanishga chaqirdi.
Dubnovning fikricha, ozarbayjon diasporasi hech qachon Rossiyada sezilarli ta’sirga ega bo‘lmagan va hokimiyat ulardan asta-sekin voz kechadi: "Ozarbayjon biznesiga kelsak, nima bo‘lsa bo‘ldi. Endi hech kim hech kimga hech narsa qaytarmaydi. Odamlar yangi ish boshlashiga hech kim to‘sqinlik qilmaydi."
Ozarbayjonga alohida sharhlovchilar muhim emas, deydi ekspert. Bokuga bunday odamlar yetarlicha ko‘p bo‘lishi va ular mamlakatni maqtashlari kerak. Xalqaro munosabatlar xaroratidan qat’i nazar, bunga doim mablag‘ sarflanadi, deya xulosa qiladi Kitachaev.












