Aviahalokatdan so‘ng: Uzbekistan Airways samolyotlari Rossiyani chetlab uchadi

samolyot

Surat manbasi, gazeta.uz

O'qilish vaqti: 9 daq

Ozarbayjon samolyotining halokatidan so‘ng Uzbekistan Airways Yevropaga uchishda Rossiyani chetlab o‘tishga qaror qildi. Shirkat buni xavfsizlik hisoboti va hukumat tomonidan tuzilgan komissiyasi xulosasiga ko‘ra qaror qilganini aytmoqda.

Rossiyaning Grozniy shahriga uchgan, ammo shahar osmonidan havo hujumidan mudofaa tizimi amal qilayotgani uchun yo‘nalishini Qozog‘istonga o‘zgartirgan Ozarbayjon samolyoti halokatidan 1 oy o‘tib, O‘zbekistonning yirik aviashirkati Uzbekistan Airways Rossiyani aylanib o‘tadigan bo‘ldi.

Gazeta.uz ning yozishicha, bu haqda kompaniya boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov seshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Endi Uzbekistan Airways yo‘nalishlari — Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tmoqda.

Mas’ullar reys vaqti bir tomonga 30−40 daqiqaga uzayganini va bu kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqarishini aytishgan.

"Shunga qaramay, biz tariflarni oshirmadik, chunki bu fors-major holati va yo‘lovchi buning uchun javobgar bo‘lmasligi kerak", degan Shuhrat Xudoyqulov.

Xudoyqulovga ko‘ra, qaror Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligining (EASA) Rossiyaning Yevropa hududi ustidagi parvozlarning xavfsiz emasligi to‘g‘risidagi yaqinda e’lon qilingan hisoboti asosida qabul qilingan.

Hisobot 9 yanvar kuni e’lon qilingan bo‘lib, unda Rossiya ayrim hududlari urush tufayli xavfsiz emas, deb topilgan. Unda 25 dekabr kuni halokatga uchragan Ozarbayjon havo yo‘llarining samolyoti ham tilga olingan.

Ushbu ogohlantirish 2025 yilning 31 iyuligacha dolzarbligi ko‘rsatilgan.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi rahbarining so‘zlaridan Qozog‘iston hududida Azerbaijan Airlines samolyoti halokatidan so‘ng O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarligida komissiya tuzilgani va shoshilinch muhokama o‘tkazilgani ma’lum bo‘lgan.

Komissiya tarkibiga Mudofaa vazirligi, Transport vazirligi, O‘zaviatsiya, Uzbekistan Airways va boshqa tuzilmalar vakillari kiritilgan bo‘lib, ular vaziyatni sinchkovlik bilan tahlil qilib, aviaqatnovlar xavfsizligini ta’minlashga oid qarorlar qabul qilishgan.

Kompaniya rahbari yo‘nalishlar ular amalga oshirilishidan ancha oldin ishlab chiqilishi va kelishib olinishi, qarorlarni aviakompaniyaning o‘zi emas, balki mamlakatning aviatsiya ma’murlari qabul qilishini aytgan.

Biroq Uzbekistan Airways samolyotlari shov-shuvlarga sabab bo‘lgan Rossiyaning Grozniy shahriga uchishda davom etmoqda.

Shirkat saytida 7 fevralga Toshkentdan Grozniyga chipta olish mumkin.

20 yanvar kuni Toshkentdan Qozonga uchgan Rossiya aviakompaniyasiga tegishli samolyot Tatariston osmonidagi havodan hujum tufayli qo‘na olmay, Samaraga yo‘naltirilgani xabar qilindi.

Kun.uz Rossiya osmonida xavf paydo bo‘lsa, Uzbekistan Airways samolyotlari qanday yo‘l tutishi savoliga "Havo kemasi komandiri eng xavfsiz parvozni ta’minlash uchun harakat qiladi", deb javob bergandi.

Qanot Sharq avikompaniyasi yanvar-mart oyiga rejalashtirilgan 20 parvozini bekor qildi. Bunga A320 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ushbu parvozlarning aksariyati O‘zbekiston shaharlaridan Moskva va Sankt-Peterburgga uchuvchi samolyotlar ekanligi aytilgandi.

Ozarbayjon samolyoti bilan bog‘liq hodisa ro‘y bergach, Ozarbayjonning AZAL, Isroilning El Al shirkatlaridan so‘ng, Qozog‘istonning Qazaq Air shirkati 28 dekabrdan boshlab bir oyga Ostona-Yekaterinburg yo‘nalishidagi parvozlarni bekor qilganini ma’lum qildi.

Birlashgan Arab Amirligining FlyDubai aviashirkati ham Sochi va Minaralniy Vodi shaharlaridan Dubayga parvozlarni 28 dekabrdan 5 yanvargacha to‘xtatilishini aytdi.

Turkmaniston Havo yo‘llari Ashxoboddan Moskvaga uchuvchi reyslar 30 dekabrdan, 2025 yilning 31 yanvarigacha to‘xtatilishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning xorijda mehnat qilayotgan muhojirlarining katta qismi hamon Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda.

Samolyot ularning qatnovida muhim rol o‘ynayotgan transport vositalaridan biri.

7 yanvar: Aviahalokat: Ilhom Aliev Rossiyaga keskin gapirdi, Qora quti tafsilotlari chiqdi, O‘zbekiston aviashirkati nega Rossiyaga parvozlarni to‘xtatdi?

Aliev

Surat manbasi, Reuters

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev 25 dekabr kuni halokatga uchragan AZAL samolyoti bo‘yicha yangi keskin bayonotlar berdi.

Aliev halokatda yana Rossiya rasmiylarini aybladi. Prezidentga ko‘ra, ular yerdan otish natijasida samolyotga zarar yetkazgan va radio elektron hujum orqali uni nazorat qilib bo‘lmaydigan holga tushurgan.

Ozarbayjon rahbari halok bo‘lgan ekipaj a’zolarining oila a’zolari va tirik qolgan styuardessalar bilan uchrashuv chog‘ida tabiiy ofat bo‘yicha tergov ishlarining borishini izohladi. Samolyotda bo‘lgan 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgandi. Halok bo‘lganlar orasida samolyotning ikkala uchuvchisi ham bor.

"Ishonch bilan aytamanki, Ozarbayjon fuqarolarining ushbu falokatda halok bo‘lishida ayb Rossiya Federatsiyasi vakillari zimmasida", — deya Ozarbayjon prezidentining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Azertaj agentligi.

Bokudan Grozniyga uchayotgan Embraer E190 samolyoti avvaliga ikki marta Checheniston poytaxtiga qo‘nmoqchi bo‘lgan, uchinchi yaqinlashish vaqtida yo‘lovchilar portlash ovoziga o‘xshash baland ovozni eshitishgan. Shundan so‘ng samolyotni boshqarish qiyinlashib, Qozog‘istonning Kaspiy dengizi sohilidagi Aqtau shahriga uchgan va u yerda yerga qulab, parchalanib va yonib ketgan.

Ma’lum qilinishicha, o‘sha paytda Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Ukraina dronlarining hujumini qaytargan va Grozniyda barcha samolyotlarning zudlik bilan jo‘nab ketishini nazarda tutuvchi "Gilam" rejasi joriy qilingan.

"Samolyot elektron urush orqali boshqarib bo‘lmaydigan holga kelgani kundek ayon", - dedi Aliev. "Samolyot yerdan otilgan o‘t natijasida shikastlangani ham ko‘rinib turibdi. Lekin nima uchun samolyot Aqtauga jo‘natildi? Bizda bu haqda hozircha ma’lumot yo‘q. Bu mahalliy aviadispetcherlarning qarori bilan sodir bo‘ldimi yoki uchuvchilar Rossiya havo hududidagi elektron kurash tizimlari endi qo‘nishga ruxsat bermasligini tushunib, bu tanlovni o‘zlari qabul qilishdimi?

Alievning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bunday holatlarda barcha zarur ishlarni qilganida, fojianing oldini olish mumkin edi.

"Agar Grozniy shahri hududida Rossiya havo hududini yopish bo‘yicha chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshirilganda edi, yerdagi xizmatlarning barcha qoidalariga rioya qilinganda edi, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari va fuqarolik kuchlari o‘rtasidagi muvofiqlashtirish. xizmatlar bo‘lsa, bu fojia yuz bermagan bo‘lardi", dedi Ozarbayjon prezidenti.

Halokatga uchragan samolyot qora qutisi o‘rganib chiqildi

Bu haqda Braziliyaning O Globo nashri xabar bergan.

Nashrga ko‘ra, Braziliyada Embraer E190 samolyotining qora qutilari tahlili yakunlangan, tegishli materiallar Qozog‘istonga yuborilgan.

"Braziliya havo kuchlari Qozog‘istonda halokatga uchragan Embraer samolyotining ikkita qora qutisini tahlil qilishni yakunlaganini ma’lum qildi, material Braziliyadan kelgan uch nafar tergovchi, shuningdek, Ozarbayjon va Rossiya vakillari tomonidan tahlil qilingan", — deb yozadi nashr.

Shuningdek, bu ma’lumot Qozog‘istonga jo‘natilgani va natijalar avariya bo‘yicha yakuniy hisobotda e’lon qilinishi aytilgan.

O‘zbekiston aviashirkati nega Rossiyaga uchishni vaqtincha bekor qildi?

qanot

Surat manbasi, kun.uz

Qanot Sharq avikompaniyasi yanvar-mart oyiga rejalashtirilgan 20 parvozini bekor qildi. Bunga A320 samolyotlariga texnik xizmat ko‘rsatish sabab qilib ko‘rsatilgan.

Ushbu parvozlarning aksariyati O‘zbekiston shaharlaridan Moskva va Sankt-Peterburgga uchuvchi samolyotlar ekanligi aytilmoqda.

Bekor qilingan reyslardan faqat bittasi ichki, qolganlari O‘zbekiston shaharlarini Moskva va Sankt-Peterburg bilan bog‘lovchi parvozlardir.

Shirkatning ma’lum qilishicha, ushbu chorani qo‘llashga samolyotlarga C-check darajasida texnik xizmat ko‘rsatish sabab bo‘lgan.

Aviakompaniya chiptalarni qaytarish yoki almashtirish uchun xizmat ko‘rsatish bo‘limiga murojaat qilishni so‘ragan.

Oldinroq Ozarbayjon samolyoti hodisasidan so‘ng bir necha davlatning aviashirkatlari Rossiya shaharlariga uchishni vaqtincha to‘xtatganini e’lon qilgandi.

Ularning orasida Turkmaniston va Qozog‘iston shirkatlari ham bor.

31 dekabr, 2024: Putinning uzri ish berdimi, Ozarbayjonning Rossiyaga munosabati qanday o‘zgardi?

Dafn marosimi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Dafn marosimi

38 kishining hayotiga zomin bo‘lgan Ozarbayjon Havo Yo‘llari (AZAL) samolyoti halokatidan so‘ng, Rossiya OAV unga qushlar urilgani yoki bortda kislorod ballonning portlashi haqidagi farazlarni tarqatdi.

Bu Bokudagi ko‘pchilikni, jumladan, Ozarbayjon prezidentini ham g‘azablantirdi va bu taxminlarni "bo‘lmag‘ur gap" deyishdi.

Halokatdan to‘rt kun o‘tib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin uzr so‘radi, biroq ozarbayjonliklar hamon norozi.

Aloqador mavzular:
Reuters
Putin ma’muriyati hamma narsani yopishga umid qilgan va bunday umidlarning paydo bo‘lishi Ozarbayjon tashqi siyosatidagi juda jiddiy muammolardan darak beradi.
Rauf Mirqodirov
Ozarbayjon muxolifat faoli (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Afsuski, dastlabki uch kun ichida biz Rossiyadan bema’ni versiyalardan boshqa hech narsa eshitmadik... Buni qandaydir qushlarga bog‘lash yoki gaz ballonining portlashi deb ta’riflash ahmoqlik va insofsizlikdir", — dedi Ilhom Aliev.

Uning fikricha (bu mutaxassislarning kuzatishlariga to‘g‘ri keladi), samolyotni Rossiya havo hujumidan mudofaa kuchlari bexosdan urib tushirgan.

Alievning bu keskin bayonotlaridan so‘ng Ozarbayjon hukumatparast matbuoti uning so‘zlariga e’tibor qaratgan mashhur xorijiy OAVni kuzatdi va ularning munosabatlarini faol tarqata boshladi.

"Italiya matbuoti Ilhom Alievning samolyot halokati haqidagi bayonotlarini keng yoritdi", "Germaniya OAVlari Ilhom Alievning samolyot halokati haqidagi fikrlarini keng yortitdi" — bu sarlavhalar ortidan OAV ro‘yxati, Prezident Alievning iqtiboslari takroran keltirilgan.

Prezident esa "Rossiya tomoni bu masalani bosti-bosti bo‘lishini istashini", undan "bo‘lmag‘ur versiyalardan boshqa hech narsa eshitmaganliklarini" aytdi va kechirim so‘rash, aybiga iqror bo‘lish va tovon to‘lashni talab qildi.

Samolyot kapitani Igor Kshnyakinni so‘nggi yo‘lga qahramon kabi kuzatishdi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Samolyot kapitani Igor Kshnyakinni so‘nggi yo‘lga qahramon kabi kuzatishdi

Ozarbayjonliklar nimani ko‘rishadi?

Halok bo‘lgan uchuvchilar va styuardessalarga Ozarbayjon Milliy Qahramoni unvoni berildi. Tirik qolgan ekipaj a’zolari qahramonlar sifatida kutib olindi va mamlakat jabrlanganlarning ahvoli haqidagi yangiliklarni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

Ko‘pchilikning fikricha, uchuvchilar halokatga uchrayotgan samolyotni Qozog‘istonga olib kelib, uni dashtga qo‘ndirishga urinib, eng yuqori professionallik va jasorat ko‘rsatgan.

Vladimir Putin sodir bo‘lgan hodisa uchun uzr so‘radi, lekin aybni tan olish (garchi u havo hujumidan mudofaa ishi haqida gapirgan bo‘lsa ham) yoki tovon to‘lash haqida gapirmadi. Ozarbayjonda ko‘pchilikka bu yoqmayapti.

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi esa Rossiya fuqarolari uchun 1 yil davomida mamlakatda qolish ruxsatini ikki baravarga - 90 kunga qisqartirdi va bu ko‘pchilik tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.

Shu bilan bir qatorda, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklarni hoziroq "surish"ga chaqiriqlar yangramoqda, ba’zilarga ko‘ra, "tergovda ular uchun asosiy narsa o‘zlarini fosh qilmaslik"; Boshqalar esa: "Bu [Putinning] uzr so‘rashi shunchaki telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qolaveradimi yoki Ozarbayjon xalqidan ochiq uzr so‘raladimi?, deb so‘ramoqda.

Ozarbayjon rossiyalik targ‘ibotchi-teleboshlovchilar diqqatni Rossiya havo hujumidan mudofaa va Rossiya javobgarligidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainaga qaratishga qanday harakat qilayotganini ham e’tibordan chetda qoldirmadi. Bu boshlovchilarga ko‘ra, go‘yoki Ukraina dronlari Ozarbayjon samolyotini atayin o‘qqa tutgan.

Rejissyor Anor Azimovning ta’kidlashicha, "2022 yil 24 fevraldan buyon shunday qilib kelayotgan ayni odamlar Ukrainaga qarshi nafrat to‘lqinini tarqatmoqda".

Samolyot halokatga uchragan kun Ozarbayjonda milliy motam kuni sifatida e’lon qilindi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Samolyot halokatga uchragan kun Ozarbayjonda milliy motam kuni sifatida e’lon qilindi

Juda kech

Muxolifatdagi siyosiy sharhlovchi Rauf Mirqodirovning fikricha, agar Putin kechirim so‘rash uchun to‘rt kun kutmaganida, norozilik kamroq bo‘lardi.

"Ushbu voqea Rossiya va Ozarbayjon munosabatlaridagi juda jiddiy muammolar va tengsizlikni ochib berdi", - deydi u. "Putin ma’muriyati hamma narsani yopishga umid qilgan va bunday umidlarning paydo bo‘lishi Ozarbayjon tashqi siyosatidagi juda jiddiy muammolardan darak beradi".

Mirqodirovning so‘zlariga ko‘ra, ikki prezident suhbatining chop etilgan qismidan ko‘rinib turibdiki, Putin aybini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olishdan qochgan, Aliev esa uni o‘z fikrini yanada aniqroq ifodalashga majburlash imkoniyatidan foydalanmagan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Ozarbayjon parlamentining xalqaro aloqalar qo‘mitasi a’zosi Rasim Musabekovning fikricha, yakunda Rossiya rahbariyati xatosini tan olishga qaror qildi, bu esa Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar yomonlashmasligini anglatadi.

"Ular aqllarini ishlatib, Rossiya yolg‘on hikoyalar bilan o‘ziga na hurmat va na obro‘ orttirishini tushunishdi", dedi u BBCga. "Xatoni tan olib, kechirim so‘rash va aybdorlarni jazolash Rossiyaning obro‘si va mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar uchun faqat yaxshi bo‘ladi. Putin uzr so‘radi va [Tergov qo‘mitasi rahbari] Bastrikinni [tergovga] yubordi. O‘ylaymanki, yakunda tergov yakunlanadi va [jabrlanuvchilarga] tovon to‘lash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi".

Musabekovning fikricha, ozarbayjonlarning Rossiyaga munosabati o‘zgarmaydi, chunki ular dvigatelga urilgan qushlar va kislorod ballonlarining portlashi haqida gapirgan Rossiya televideniesini ko‘rmaydilar va nima bo‘lganda ham, Ozarbayjonda "Rossiya ekranlaridan doimo yolg‘on tarqalishi hammaga ma’lum".

Pandemiyaga qadar ozarbayjonliklar Shimoliy Kavkazga quruqlik orqali borishardi, ammo chegara 5 yildan beri yopiq.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Pandemiyaga qadar ozarbayjonliklar Shimoliy Kavkazga quruqlik orqali borishardi, ammo chegara 5 yildan beri yopiq.

Aliev va uning yopiq chegarasi

Ozarbayjon 2020 yilning mart oyidan beri quruqlikdagi chegaralarini ochmayapti. Bunga rasman sabab qilib, tugatilganiga ancha vaqt bo‘lgan koronavirus pandemiyasi ko‘rsatilgan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqt oralig‘ida mamlakatni takr etayotgan ozarbayjonliklar soni ikki barobar qisqardi. Biroq havo yo‘lovchilari soni ortgan. AZALning Grozniyga reysi 2022 yilda joriy qilingan va shu vaqt ichida 77 ming yo‘lovchi undan foydalandi.

Samolyot fojiasidan so‘ng Ozarbayjon hukumati tanqidchilari agar quruqlikdagi chegaralar ochiq bo‘lganida, odamlar (ularning ko‘pchiligi mehnat muhojirlari yoki ularning yaqinlari) o‘tgan yillardagidek Rossiyaga avtomobil yoki poezdda borishlari mumkinligini aytishdi. Bu ular Rossiya havo mudofaasi qurbonlari bo‘lmasligini anglatadi, chunki Shimoliy Kavkazda Ukraina dronlarining hujumlari allaqachon ma’lum edi.

"Ozarbayjondan Rossiyaga - poezd yoki avtomobilda sayohat qilish kabi xavfsizroq varianti bor, ammo Ozarbayjon go‘yoki pandemiya sababli quruqlik chegaralari to‘rt yildan beri yopiq bo‘lgan dunyodagi yagona davlat", deb yozadi huquq faoli va siyosiy muhojir Orif Yunus. "Ilhom Aliev doimo faxr bilan chegaraning yopilishi Ozarbayjon xalqini ko‘plab xavf-xatarlardan qutqardi, deb aytadi. Ammo bunday emasligini biz ko‘rib turibmiz."

Halokatga uchragan samolyot bortida 30 nafar Ozarbayjon fuqarosi bor edi. Ularning yarmi Rossiya chegarasiga yaqin Balaken shahridan edi. Ularning aksariyati mehnat muhojirlari yoki ularning qarindoshlari edi.

Grozniydagi balakenlik Gunayning oldiga qurilishda ishlash uchun ukasi bo‘yoqchi Samir Darvishov kelayotgandi. Oilasining bir qismi Grozniyda 20 yildan beri yashaydi.

"Chegaralar ochiq bo‘lganida biz quruqlik orqali qatnardik, koronavirus pandemiyasidan keyin esa Rossiya aviakompaniyalari orqali keladigan bo‘ldik", dedi Gunay BBC Ozarbayjon xizmatiga. Uning ukasi shilinishlar bilan omon qoldi.

20 yoshli Ayxan Bayramzoda Grozniyga pul topish uchun uchib ketayotgandi va hayotida birinchi marta samolyotga o‘tirgandi: xayriyat, u tirik qoldi. Uning xolasi Shaxlo Murodovaning aytishicha, ukasi oilasi bilan Chechenistonda yashaydi. "Hozir chegaralar yopiq bo‘lgani uchun ularni ko‘rishga bora olmaymiz", deydi Murodova.

Rossiya Ozarbayjon uchun yo‘lovchi oqimi bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi davlat bo‘lib qolmoqda.

Fojiadan ikki kun o‘tib Ozarbayjon hukumati Shimoliy Kavkazga parvozlarni to‘xtatdi va quruqlikdagi chegaralar yopiq qolishini anglatuvchi "maxsus karantin rejimi"ni uzaytirdi.

AZAL samolyoti bortida 5 ekipaj a’zosi dohil 67 odam bor edi, Ulardan 38 nafari halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, AZAL samolyoti bortida 5 ekipaj a’zosi dohil 67 odam bor edi, Ulardan 38 nafari halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi