Braziliyada o‘tayotgan COP30 iqlim sammiti nima? Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda o‘rni nimaga muhim?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
- Author, BBC yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 5 daq
Braziliyada BMTning yillik iqlim konferentsiyasi boshlandi. Iqlim sammiti Parij kelishuvi imzolanganiga 10 yil to‘lgan ramziy bir pallada o‘tkazilmoqda. Kelishuv imzolanganda, dunyoning qariyb 200 davlati Yer sayyorasining haroratini sanoatlashishgacha bo‘lgan darajasidan 1,5 °C gagina oshgan holda ushlab turishga, va hech qanday holatda ham bu farqni 2 °C ga yetkazmaslikka kelishib olgan edi. Chunki isishdagi 2 °C farq halokatli oqibatlarga - yangi kuchdagi tabiiy ofatlar, ommaviy migratsiya va qashshoqlikka olib kelishi mumkinligi e’tirof etilgan edi.
Bugun, oradan 10 yil o‘tgach, olimlar bu maqsadlarga hozirgi sur’atlar bilan erishish qiyinligini tan olmoqda. BMT bosh kotibi esa haroratdagi farqning 1,5 °C dan oshishi endi muqarrar ekanini bildirgan.
Dunyo yetakchilari, olimlar, nodavlat tashkilotlar va ekofaollar Braziliyaning Belem shahrida iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralarini muhokama qilish uchun yig‘iladi.
Sammitda deyarli barcha davlatlar vakillari ishtirok etadi, biroq Xitoy, Avstraliya, Turkiya va Indoneziya kabi ko‘plab yetakchilar davlatlar rahbarlari tadbirga kelmaydi. AQSh prezidenti Donald Tramp ham COP30 sammitiga borishni yoki ma’muriyatidan kimnidir yuborishni rejalashtirmayapti. Lekin uchrashuvda AQSh Kongressi va Demokratik partiya a’zolari qatnashishi kutilmoqda.
COP30 o‘zi nima?
COP30 (Conference of the Parties – Tomonlar konferentsiyasi) - bu BMTning Iqlim o‘zgarishi muammolari bo‘yicha Konventsiyasiga a’zo davlatlar xalqaro konferentsiyasining inglizcha nomining qisqartmasidir. Ushbu nom 1992 yilda Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan konferentsiyada qabul qilingan. BMTga a’zo davlatlar hukumatlari, ekspertlar, biznes hamjamiyati va faollar iqlim o‘zgarishlarini hamda ularga qarshi qanday kurashish masalalarini muhokama qiladilar.
COP30 qachon va qaerda bo‘lib o‘tadi?
Konferentsiya 2025 yil 10 noyabrdan, 21 noyabrgacha o‘tkaziladi. Sammit rasmiy boshlanishidan oldin, 6 - 7 noyabrь kunlari dunyo yetakchilari uchrashuv o‘tkazishdi.
Iqlim sammiti ilk bor Braziliyada, Amazonka daryosi deltasi hududida joylashgan Belem shahrida bo‘lib o‘tadi. Ushbu joy tanlanishi tropik o‘rmonlarning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashdagi markaziy rolini ta’kidlaydi. Biroq sammitga tayyorgarlik bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi: delegatsiyalar turar joy yetishmasligidan shikoyat qilmoqda, shuningdek, tadbir o‘tkaziladigan joyga yo‘l qurish uchun o‘rmonning bir qismini kesish qarori ekologlar tomonidan tanqid qilindi. Bundan tashqari, Braziliya neftь va gaz qazib olish uchun litsenziyalar berishni davom ettirmoqda - bu esa iqlim maqsadlariga zid hisoblanadi.

Surat manbasi, PA Media
COP30 ga borganlar va bormaganlar
Konferentsiyaga tayyorgarlik uchrashuvida boshqa yetakchilar qatorida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer, Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron, Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish va Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyaen ishtirok etdi.
Britaniya qiroli nomidan Uels shahzodasi so‘zga chiqib, mamlakatlarni «tez yaqinlashayotgan iqlim tahdidlariga qarshi birlashishga» chaqirdi.
Biroq ko‘plab yetakchilar kelmadi. Kelmaganlar orasida dunyoning ikki yirik ifloslantiruvchi davlati rahbarlari - Xitoy prezidenti Si Szinpin va AQSh prezidenti Donald Tramp ham bor.
Bu esa asosiy iqtisodiyotlar tomonidan yana hal qiluvchi majburiyatlar bo‘lmasligidan xavotirlarni kuchaytiradi.
Siyosatchilar va diplomatlar safiga olimlar, faollar va jurnalistlar qo‘shiladi. Oldingi sammitlar ko‘mir, neft va gaz sanoati bilan bog‘liq ishtirokchilar sonining ko‘pligi uchun tanqid qilingan. Faollar bu holat qazilma yoqilg‘i tarafdorlarining ta’siri oshib borayotganini ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.
COP30 nima uchun muhim?
Belemdagi sammit juda muhim pallada o‘tkazilmoqda. 2015 yilda imzolangan Parij kelishuvi global isishni 1,5 °C da cheklashni maqsad qilgan edi, biroq hozirgi iqlim rejalar belgilangan yo‘ldan ancha yiroq.
BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, hatto hozirgi chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha barcha majburiyatlar bajarilganda ham, asr oxiriga kelib harorat 2,3–2,5 °C ga oshishi mumkin. Bu raqamlar BMT Atrof-muhit dasturi (UNEP)ning yangi hisobotida keltirilgan.
Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekstremal ob-havo sharoitlari tufayli so‘nggi o‘n yillikda dunyo bo‘ylab 250 million kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi, deb xabar berdi BMT Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi.
To‘fonlar, bo‘ronlar, qurg‘oqchilik va haddan tashqari issiq ob-havo - aholi ko‘chishi va mojarolarga sabab bo‘layotgan hodisalar sirasiga kiradi. Ularga asta-sekin rivojlanadigan ofatlar ham qo‘shiladi: cho‘llanish, dengiz sathining ko‘tarilishi va ekotizimlarning yemirilishi, bu esa oziq-ovqat va suv xavfsizligini xavf ostiga qo‘yadi.
COP30 sammitiga qadar davlatlar chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha yangilangan strategiyalarni taqdim etishi kerak edi, ammo oktyabrь oxiriga kelib buni faqat uchdan bir qismi bajardi.
Guterrish shunday dedi: "1,5 °C dan oshishi endi muqarrar, agar toza energiyaga o‘tish jarayoni tezlashtirilsa, asr oxiriga kelib haroratni pasaytirish hali ham mumkin bo‘ladi."

Surat manbasi, Reuters
Iqlim konferentsiyasining asosiy mavzulari
Sammitda Braziliya avvalgi konferentsiyalarda qabul qilingan majburiyatlarni bajarish bo‘yicha choralarni kelishib olishga umid qilmoqda. Uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha yangi rejalar bilan bir qatorda, muhokamaga bir nechta boshqa masalalar ham qo‘yilishi mumkin.
Qazilma yoqilg‘idan voz kechish
COP28 sammitida, 2023 yilda, davlatlar birinchi marta "qazilma yoqilg‘idan bosqichma-bosqich voz kechish" zarurligini tan oldilar. Biroq keyingi sammit bu borada sezilarli natijaga erisha olmadi.
Moliyalashtirish
COP29 da boy davlatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga 2035 yilgacha yiliga kamida 300 milliard dollar ajratishga majbur bo‘ldilar, ammo bu yetarli emas. Braziliya mablag‘ni davlat va xususiy manbalar hisobidan 1,3 trillion dollarga oshirish uchun "yo‘l xaritasi"ni taklif qilmoqda.
Qayta tiklanuvchi energetika
Jahon hamjamiyati 2030 yilgacha shamol va quyosh energiyasi quvvatini uch baravar oshirishga kelishib oldi, biroq Xalqaro energetika agentligi ogohlantirmoqda: hozirgi o‘sish sur’atlari juda past.
Tabiat va o‘rmonlar
Braziliya "Tropik o‘rmonlar abadiy" jamg‘armasi tashabbusini taqdim etdi, uning maqsadi - Amazonka o‘rmonlarini himoya qilish va tiklash uchun 125 milliard dollar jalb qilish. Buyuk Britaniya xususiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni va’da qilgan, ammo davlat mablag‘ini ajratmaydi.

Surat manbasi, Reuters
COP30dan muvaffaqiyatli burilish kutsa bo‘ladimi?
COP30 sammitida muhim burilish qilish qiyin bo‘ladi, buning asosiy sabablaridan biri AQSh prezidenti Donald Trampning pozitsiyasi bo‘lib, u global isish bo‘yicha ilmiy konsensusni rad etadi. Tramp sentabr oyida BMTdagi nutqida iqlim o‘zgarishini "dunyoda sodir bo‘lgan eng katta firibgarlik" deb atadi. Shuningdek, u neftь va gaz qazib olishni kuchaytirishni, Parij iqlim kelishuvinidan chiqib ketishni, hamda avvalgi prezidentlar amalga oshirgan ekologik tashabbuslarni bekor qilishni va’da qildi.
Bu allaqachon xalqaro muzokaralarni murakkablashtirdi — plastik bo‘yicha global kelishuv tuzish urinishlari muvaffaqiyatsiz tugadi, shuningdek, dengiz transportida chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha bitim kechiktirildi.
Siyosiy kelishmovchiliklar va taraqqiyotning sekinlashishiga qaramay, COP30 mamlakatlar uchun global majburiyatlarni tasdiqlash va "yashil" o‘tishga real qadamlarni ko‘rsatish uchun muhim imkoniyat bo‘lib qolmoqda.
Harorat o‘zgarishini 1,5 °C da ushlab turish tobora qiyinlashib borayotgan bo‘lsa-da, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, aynan Parij kelishuvi iqlim o‘zgarishiga qarshi "deyarli umumiy harakatlarni" rag‘batlantirgan.












