"Dubay shokoladi": Uni boshqorong‘u kelinchak qanday yaratgandi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Annabel Rakham
- Role, Madaniyat masalalari muxbiri
- O'qilish vaqti: 4 daq
Birlashgan Arab Amirliklarida (BAA) ta’tilda bo‘lganimda, xayolimda faqat bitta maqsad bor edi – mashhur "Dubay shokoladi" plitkasini olish.
Agar siz TikTok'ka kirgan bo‘lsangiz, shokolad, xandon pista va tahini ta’mlarini filo xamiri bilan birlashtirgan va arab shirinligi Kunafadan ilhomlanib tayyorlangan plitkani albatta ko‘rgansiz.
FIX Chocolatier kompaniyasining "Can't Get Knafeh of It" deb nomlangan asl varianti 2022 yildan beri faqat BAAda sotilmoqda. U ijtimoiy tarmoqlarda shunchalik mashhur bo‘lib ketdiki, kuniga atigi ikki soat sotuvda bo‘ladi va ko‘pincha bir necha daqiqada sotilib ketadi.
Ammo endi uning "Dubay shokoladi" deb atalayotgan nusxalari Buyuk Britaniya supermarketlariga, jumladan Waitrose, Lidl va Morrisons'da bor. Ba’zi supermarketlar talab kattaligidan har bir mijozga cheklangan miqdorda sotyapti.
FIX kompaniyasiga rafiqasi Sara Hamuda bilan egalik qiluvchi Yezen Alani Bi-bi-si bilan suhbatda Dubay shokoladining dunyo e’tiboriga tushayotgani "faxr va kamtarlik tuyg‘usini uyg‘otayotganini" aytdi.
FIX shokolad plitkasi g‘oyasi birinchi marta 2021 yilda Hamudadan chiqqan. U homiladorlik paytida shu ta’mlarni qo‘msagan ekan.

Surat manbasi, Sarah Hamouda/Yezen Alani
Alani va Hamuda bir yildan so‘ng plitkani ishlab chiqarishni boshlashdi va biznesni o‘z korporativ ishlari bilan birga olib borishdi.
"Sara va men Buyuk Britaniyada ulg‘ayganmiz va 10 yil oldin Dubayga ko‘chib o‘tganmiz, shuning uchun bizda G‘arb va arab ildizlari bor.
"Biz ana shu ikki madaniyatdan ilhomlangan ta’mlarni yaratmoqchi edik," deydi Alani.
Shokoladning jozibadorligi uning eksklyuzivligidadir – uni faqat oziq-ovqat yetkazib berish ilovasi orqali buyurtma qilish mumkin, do‘konga kirish yoki supermarketdan olish imkoni yo‘q.

Surat manbasi, .
Har bir plitka taxminan 20 AQSh dollariga sotiladi va faqat kunning ma’lum soatlarida xarid qilish mumkin. Bu kompaniyaga barcha buyurtmalarni bajarishga ulgurish imkonini beradi.
Shuningdek, mintaqadagi ko‘plab do‘konlarda "Dubay shokoladi" deb nomlangan, pista va filo xamiri rasmlari bilan bezatilgan o‘xshash plitkalarni ko‘rdim.
Alanining aytishicha, "nusxa" plitkalar "juda achinarli, chunki odamlar sifatsizlarini yeb ko‘rishmoqda, bu esa brendimizga zarar yetkazadi."

Surat manbasi, Getty Images
Kunafa – Yaqin Sharqning xamir, shirin pishloq va pista bilan tayyorlanadigan mashhur shirinligi.
Plitka mashhurligi sabablaridan biri ijtimoiy tarmoqlar bo‘ldi.
TikTok foydalanuvchisi Mariya Vexeraning 2023 yildagi keng tarqalgan videosi uning ommalashishining asosiy sabablaridan biri sifatida ko‘riladi.
Videoda Vexera Kunafa plitkasini birinchi marta sinab ko‘rgani tasvirlangan. Videoni deyarli yetti million odam yoqtirib "layk" bosgan.
Plitkaning ko‘rinishi ijtimoiy tarmoqlar uchun yaratilgandek: silliq sutli shokolad ustidagi jozibali to‘q sariq va yashil dog‘lardan tortib, bo‘lakni sindirganingizda chiqaradigan qarsildoq ovozgacha.

Surat manbasi, Getty Images
Pista bilan qo‘shilgan shokolad yangilik emas, ammo haqiqiy ajralib turadigan element –qarsildoqligi. Filo xamiri esa plitkaga o‘ziga xos tuzilish va qalinlik beradi.
"Can't Get Knafeh of It" plitkasi faqat bir mamlakatda mavjud bo‘lganligi sababli, boshqa brendlar Buyuk Britaniyada o‘z versiyalarini sota boshladi.
Jumladan, Shveytsariyaning Lindt shokolad ishlab chiqaruvchisi "Dubay shokoladi"ni supermarketlarda 10 funt sterlingdan sotmoqda.
Britaniyadagi Waitrose supermarketi shokoladlar zaxirasini saqlab turish maqsadida bir mijozga faqat ikkita shokolad sotish tartibini joriy qildi.
Yana bir versiyasini Home Bargains sotmoqda, Lidl supermarketi esa 4,99 funt sterlingga o‘z versiyasini taklif etmoqda va xaridlar sonini ham cheklayapti.
Lidl plitkasini va atrofdagi do‘konlarda sotilayotgan boshqa bir nechta versiyalarni sinab ko‘rganimda, sezilarli farqni payqadim.
FIX shokoladi "desert plitka" sifatida tavsiflanadi va ko‘plab sut mahsulotlari kabi qisqa yaroqlilik muddati bilan muzlatgichda saqlanishi kerak.
Boshqalarida esa bunday emas, ularda saqlash muddati uzunroq.
Ta’m va tuzilishdagi farqni ham sezish mumkin – asl plitka Lindt plitkasidan deyarli ikki baravar qalin bo‘lib, oddiy shokolad plitkasining o‘lchami va shakliga ko‘proq o‘xshaydi.
Ayni maqolada TikTok tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz TikTok havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri TikTok post
Alani va Hamuda birinchi marta ish boshlaganlarida, kuniga olti-etti buyurtmani bajarish uchun bir kishini yollashgan.
Ammo mashhur bo‘lib ketganidan so‘ng, ularning biznesida endi kuniga 500 ta buyurtmani bajaradigan 50 kishi ishlaydi.
Mahsulotning narxi asosiy muhokama mavzularidan biri bo‘lib, uning bir donasi 15 funt sterling turadi.
"Hamma narsa qo‘lda tayyorlanadi, har bir dizayn qo‘l bilan ishlanadi," deydi Alani.
"Biz yuqori sifatli ingredientlardan foydalanamiz va jarayon boshqa plitkalarni tayyorlashga o‘xshamaydi – pishirish, shokoladni dizaynga moslash va nachinka tayyorlash bor, hattoki pistalar ham qo‘lda tanlanib, qayta ishlanadi."
O‘tgan yil Arabian Business nashriga bergan intervyusida Hamuda shunday dedi: "Onam kunafa tayyorlardi va men buni o‘zimcha qayta kashf etmoqchi edim.
"Kunafa biz mukammallashtirgan birinchi ta’m edi. Qarsillashi, pistasi – hammasi ko‘ngildagidek bo‘lishi kerak edi," deya qo‘shimcha qildi u.
Mahsulot muvaffaqiyatiga qaramay, Alani "bu og‘ir yo‘l bo‘ldi" deydi, chunki ular to‘liq ish kuni davomida hamkorlikda ishlagan holda, ikki farzandini ham tarbiyalashgan.
"Boshida tashlab ketishni istaganmiz, lekin o‘zimizga ijara haqini to‘lay olgunimizcha davom etamiz deganmiz, mana natija yomon emas."












