"Yuzingni och": Islomiy niqob bahsi Toshkentdan Bishkekka qadar

Surat manbasi, УКМК
Ayday Amanqulova, Bi-bi-si Bishkek
Aprel oyi boshidan Qirg‘izistonning janubiy viloyatlarida jamoat joylarida niqobda yurgan ayollarga ogohlantirishlar berila boshladi. Hukumat vakillari yuzni yashiradigan kiyimda yurish rasman taqiqlanganini va bu chora jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ko‘rilganini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, fuqarolarning bir qismi bunday cheklovlar konstitutsiyada belgilangan e’tiqod erkinligi huquqiga zid bo‘lishi mumkin, demoqda.
Ilohiyotshunoslar fikricha, tushuntirish ishlarini militsiya emas, balki yuzlarini yopib olgan ayollar tinglaydigan va ergashadigan kishilar olib borgani samaraliroq bo‘lardi.
Ushbu mavzu bir necha yildan buyon nafaqat Qirg‘izistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham muhokama qilinmoqda.
"Endi ko‘chaga chiqmayman"

Surat manbasi, DPA
Aysalkin (o‘z iltimosiga ko‘ra ismi o‘zgartirilgan, yashash joyi ko‘rsatilmagan) o‘n yildan ortiq vaqtdan beri niqobda yuradi. Uning aytishicha, o‘tgan hafta uni tuman ichki ishlar bo‘limiga chaqirishgan. Huquq-tartibot idorasi xodimi u bilan profilaktik suhbat o‘tkazib, jamoat joylarida yuzni to‘sishni taqiqlovchi qonunga rioya qilish zarurligini uqtirgan.
Aysalkin niqobdan voz kecha olmasligini, kerak bo‘lsa, ko‘chaga chiqmaslikka tayyor ekanligini aytdi.
"Men u yerga niqobsiz bordim – ro‘mol, quyosh nuridan himoyalovchi ko‘zoynak va tibbiy niqob taqdim. Bo‘limda profilaktik suhbat o‘tkazilib, qonun bilan tanishtirishdi. Turmush o‘rtog‘im bilan men buni tushunib, qabul qildik. Militsiya xodimi rahbariyatga hisobot berishi shartligini aytib, videoga olish uchun yuzimni ochishimni so‘radi. Suhbatdan so‘ng u qo‘shimcha qildi va "Iltimos, ko‘chaga chiqayotganda niqobni olib tashlang, dedi" - hikoya qiladi suhbatdoshimiz.
"Men yuzimni ko‘p yillardan beri yashirib kelganim uchun ocholmasligimni aytdim. Kerak bo‘lsa, uydan chiqmay qo‘ya qolaman. Men uchun insonlarga emas, Allohning irodasiga bo‘ysunish muhimroq. Shunda u "Biz sizni ogohlantirdik. Agar quloq solmasangiz, jarima solinadi, dedi" - ta’kidlaydi Aysalkin.
Niqob uchun jarima 230 dollar
Aprel oyi boshidan beri Qirg‘izistonning janubiy viloyatlarida jamoat joylarida niqob taqishni taqiqlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
8 aprel kuni O‘sh viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bozorlar, aholi gavjum joylar va ko‘chalarda reydlar o‘tkazilayotgani haqida xabar beradi.
Militsiya xodimlari yuzlarini yopib olgan ayollarni to‘xtatib, Din to‘g‘risidagi qonun va Huquqbuzarliklar kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilganini tushuntirishadi.
Ko‘rinishicha, jamoat joylarida niqob taqqanlik uchun 20 ming Qirg‘iziston so‘mi (taxminan 230 AQSh dollari) miqdorida jarima belgilangan.
3 aprel kuni xuddi shunday profilaktik reyd Jalolobod viloyatining Jalolobod shahri va Suzoq tumanida ham o‘tkazilgan.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, 1 maydan boshlab niqobini yechishdan bosh tortgan fuqarolarga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llash rejalashtirilgan.
Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, bunday tadbirlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida o‘tkaziladi.
Mahalliy kuzatuvchilar ta’kidlashicha, Qirg‘iziston janubida niqob kiyishni afzal ko‘radigan ayollar ko‘proq, shuning uchun reydlar, birinchi navbatda, aynan shu hududlarda o‘tkazilmoqda.
Ochiq e’lon qilingan foto va videolavhalarda nafaqat niqob va paranji yopingan ayollar, balki hijoblilar bilan ham tushuntirish suhbatlari olib borilganini ko‘rish mumkin.

Surat manbasi, УКМК
"Bu davlat siyosati emas, muftiyat qoidasi". Prezidentning bahsli bayonoti
Prezident Sadir Japarov o‘tkazilayotgan reydlarga izoh berar ekan, "Kabar" agentligiga bergan intervyusida yuzi ochiq ro‘molli ayollarga tegmaslik kerakligini, yuzni to‘liq yopib turadigan niqob va paranjiga qarshi choralar ko‘rish zarurligini aytdi.
Japarov niqob ham, paranji ham muftiyat qarori bilan taqiqlanganini ta’kidladi.
"Bu hokimiyat tashabbusi emas. Qirg‘iziston musulmonlari uchun muftiyat tomonidan o‘rnatilgan qoida. Biz davlat sifatida chetda turmasligimiz, balki ushbu qoidalar ijrosini ta’minlashga yordam berishimiz kerak. Umuman olganda, barcha masalalar bo‘yicha biz muftiylikka uning fatvolarini ijro etishda ko‘maklashishimiz kerak" - dedi prezident.
Ayni paytda prezidentning yuzini to‘sadigan kiyimdagi ayollarni tekshirish muftiylik fatvosi asosida amalga oshirilishi haqidagi bayonotlari huquq himoyachilari va huquqshunoslar tanqidiga sabab bo‘ldi.
"Qilim shami" inson huquqlari tashkiloti rahbari Gulshayir Abdrasulova tekshiruvlar muftiylik fatvosi asosida emas, balki Huquqbuzarliklar kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar munosabati bilan o‘tkazilayotganini eslatdi.
"Militsiya organlari - Qirg‘iziston musulmonlari boshqarmasi (Qirg‘iziston musulmonlari muftiyati) kabi alohida tashkilotning ichki hujjatlariga emas, Qirg‘iziston Respublikasi qonunlariga xizmat qiluvchi davlat organi. Izohingiz bilan fuqarolarni chalg‘itib, butun davlat xizmati tizimining mustaqilligi va betarafligi tamoyilini shubha ostiga qo‘ymoqdasiz... Huquqshunos va maslahatchilaringiz ko‘proq xabardor bo‘lishi va sizga to‘liq hamda ishonchli ma’lumot berishi lozim" - deb yozdi Gulshayır Abdirasulova.
Prezident Sadir Japarov joriy yilning 21 yanvarida "Diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi, unga ko‘ra, Huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritildi.
Yangi me’yorlarga muvofiq, davlat hokimiyati organlari va jamoat joylarida yuzni to‘liq yopish taqiqlanadi. Tibbiy ko‘rsatmalar, kasbiy zarurat yoki madaniy, sport va boshqa tadbirlarda ishtirok etish bilan bog‘liq holatlar bundan mustasno.
Qoidabuzarlik uchun 20 ming so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Prezident bayonotiga izoh berar ekan, huquqshunos Tattuububu Ergeshbaeva ham Qirg‘iziston dunyoviy va huquqiy davlat ekanligini ta’kidladi. Uning aytishicha, davlat organlarining, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning harakatlari faqat amaldagi qonunchilik qoidalariga asoslanishi shart.
"Ushbu chora jamoat xavfsizligini ta’minlash va shaxsni aniqlash imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Bunday normalar boshqa mamlakatlarda, jumladan, Yevropa Ittifoqi davlatlarida ham amal qiladi."
Muftiyat: niqob qirg‘iz jamiyati uchun yot narsa
Shu orada 8 aprel kuni Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi murojaat bilan chiqib, niqob Qirg‘iziston jamiyati uchun begona ekanini ta’kidladi.
Bayonotda aytilishicha, hijob diniy me’yorlarga ko‘ra farz, niqob esa farz emas. Bundan tashqari, muftiyat xavfsizlik masalalari yuzasidan xavotir bildirdi.
"Niqob – jamiyatimiz uchun yot hnarsa. Bugungi voqelikda opa-singillarimiz niqobi ostida ayollar libosini kiygan buzg‘unchi shaxslar yashirinib olishi, bu esa jamoat xavfsizligiga tahdid solishi ehtimoli ham yo‘q emas. Shuning uchun yuzni ochiq qoldirish va tanib olish mumkin bo‘lishi muhimdir" - deyiladi muftiyat bayonotida.
Niqob bahsi tarmoqqa ham ko‘chdi
Ayni paytda niqobni taqiqlash masalasi qirg‘iz segmentidagi ijtimoiy tarmoqlarda ham qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ba’zi foydalanuvchilar bu chorani jamoat xavfsizligini mustahkamlash usuli sifatida qo‘llab-quvvatlasa, boshqalari esa bu e’tiqod erkinligini cheklaydi, deb hisoblaydi.
Qirg‘iziston Konstitutsiyasi har bir fuqaroga din erkinligi huquqini kafolatlaydi.
"Bunday vaziyatda qat’iy taqiqlar emas, balki tushuntirish, sabr va muloqot kerak. Shuningdek, niqobga qarshi bo‘lganlarga nafrat bilan qarash, ularni dushman, deb bilish ham to‘g‘ri emas. Jamiyatning e’tibori va qalbini zabt etish uchun aql va chidam kerak. Ehtimol, niqob haqida gapirishdan oldin aholining bilim darajasini oshirish lozimdir. Bugun niqobning taqiqlanishi ertaga namoz ham taqiqlanadi, degan qo‘rquvni keltirib chiqarishi mumkin" - yozdi Facebook foydalanuvchisi Kurmanjan Asanova.
Niqobli ayollarni yakkalash davlatning o‘ziga zararmi?
Ilohiyotshunos Elmurat Qo‘chqor o‘g‘lining fikricha, aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari nafaqat militsiya xodimlari, balki muftiyat vakillari tomonidan ham olib borilsa-da, samarasiz bo‘lishi mumkin.
Uning ta’kidlashicha, ko‘pchilik niqobli ayollar profilaktik suhbatlarni o‘zlarining ichki dunyosi, e’tiqodi va diniy qarashlariga aralashuv sifatida qabul qilishadi.
"Diniy sohada, ayniqsa, turli oqimlarga mansub kishilar faqat o‘zlari shayx yoki kuchli olim deb bilgan kishilarnigina tan oladi. Ular na davlat arboblariga, na mashhur ilohiyotchilarga quloq solishadi. Bundan tashqari, muftiyatning bayonotlari ko‘pincha e’tiborga olinmaydi, chunki u davlatning quroli deb ko‘riladi. Shuning uchun tushuntirish ishlarini ular hurmat qiladigan va ergashadigan, so‘zlari bilan jannatga kirish umidini bog‘laydigan odamlar orqali olib borish kerak" - deydi u.
Elmurat Qo‘chqor o‘g‘lining fikricha, yuzini yashirgan ayollar o‘zini izolyatsiya qilish orqali jarimalardan qochsa, bu ularning o‘zi uchun ham, umuman jamiyat uchun ham uzoq muddatli salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
"Mamlakat kelajagi va millatning ruhiy salomatligi haqida o‘ylasak, shuni tushunishimiz kerak: agar ayol kishi niqob tufayli jamoat joylariga chiqmay, uyda o‘tirib qolsa, bu butun oilaga zarar yetkazishi mumkin. U ta’limda ortda qolish, ijtimoiy aloqalarini va ishini yo‘qotish xavfi ostida qoladi. Eng xavflisi esa – uzoq vaqt izolyatsiyada bo‘lish tufayli depressiyaga tushish xavfi. Bunday bo‘g‘uvchi muhitda o‘sgan bolalarning kelajagi qanday bo‘ladi?" - deya ta’kidlaydi Elmurat Qo‘chqor o‘g‘li.
Markaziy Osiyo hukumatlari chora-tadbirlari va munosabatlari
Markaziy Osiyo mamlakatlarida dindorlarning tashqi ko‘rinishi, jumladan, musulmon ayollarning kiyimlari va erkaklarning soqoli vaqti-vaqti bilan muhokama mavzusiga aylanadi.
Hokimiyat bunday tashqi belgilarni cheklash choralarini ko‘pincha jamoat xavfsizligini ta’minlash va milliy qadriyatlarni asrab-avaylash zarurati bilan izohlaydi.
O‘zbekiston
2023 yil noyabrь oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev jamoat joylarida yuzni yashiradigan kiyim kiyganlik uchun jarima solishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, agar shaxsni aniqlashning imkoni bo‘lmagan darajada yuz to‘silgan bo‘lsa, 3,3 million so‘mdan 4,95 million so‘mgacha (taxminan 260-390 AQSh dollari) jarima solinadi.
Shuningdek, ushbu qonun asosida yuzini tanib bo‘lmas darajada uzun soqol o‘stirgan erkaklar ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin.
Mahalliy ommaviy axborot vositalari huquq-tartibot idoralari xodimlari erkaklarning uzun soqol va mo‘ylovlarini majburan olib tashlagan holatlar haqida bir necha bor xabar berishgan.
Tojikiston
2024 yil iyunь oyida Tojikiston prezidenti "Bayram va marosimlarni tartibga solish to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Unda, jumladan, "jamoat joylarida milliy madaniyatga yot bo‘lgan kiyimlarda yurish va sotish" taqiqlanishi ko‘zda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, qoidalarni buzgan jismoniy shaxslar uchun 7920 somoniy (taxminan 730 AQSh dollari), mansabdor shaxslar uchun esa 39 600 somoniy (taxminan 3650 AQSh dollari) ma’muriy jarimalar belgilangan .
Qonun parlament tomonidan jamoatchilik eshituvlarisiz ma’qullangan.
Turkmaniston
Human Rights Watch (HRW) tashkilotining so‘nggi yillik hisobotiga ko‘ra, Turkmaniston ro‘yxatdan o‘tgan diniy uyushmalar faoliyatini qattiq nazorat qilishda davom etmoqda va ro‘yxatdan o‘tmagan diniy guruhlarni butunlay taqiqlagan.
Hisobotda qayd etilishicha, o‘tgan yil aprel oyida milliy xavfsizlik xizmati xodimlari haj ziyoratiga borgan davlat xizmatchilarini ish joyida o‘z e’tiqodini oshkora namoyish etishdan tiyilishga chaqirgan.
Xususan, ularga soqol qo‘yish va oq ro‘mol o‘rash taqiqlangan. Ushbu talablarga rioya qilmaganlarni ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi "ixtiyoriy" arizalarga imzo chekishga majbur qilishgan.
Qozog‘iston
Qozog‘istonda 2016 yildan beri Ta’lim va fan vazirligining maktablarda diniy liboslar, jumladan, ro‘mol o‘rashni taqiqlovchi buyrug‘i amal qilmoqda.
Ushbu cheklov kiritilgandan so‘ng, talabga rioya qilishdan bosh tortgan o‘nlab qizlar mashg‘ulotlardan chetlatildi. Ularning himoyasiga chiqqan ota-onalar sudga murojaat qilishdi.
2024 yilda Qozog‘iston Oliy sudi maktablarda ro‘mol o‘rashga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qolishini tasdiqladi, biroq o‘quvchilarni darslardan chetlatishni noqonuniy, deb topdi.
2024 yil yozida axborot agentliklari Qozog‘iston parlamentiga jamoat joylarida diniy libosda yurishni taqiqlovchi qonun loyihasi kiritilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.












