Markaziy Osiyoda shov-shuvli hukmlar: Bitta sobiq tashqi ishlar vazirining o‘zi 27 yilga kesildi

Hibs

Surat manbasi, Getty Images/illyustrativ

O'qilish vaqti: 3 daq

Uzoq yilga hukm qilingan shuncha odam "davlatga xiyonat" qilib, uni "to‘ntarmoqchi" bo‘lishganmi? Bunaqasi bu yaqin yillarda mintaqa tarixida ko‘rilmagan.

Aloqador mavzular:

Hukmlar

Tojikiston Oliy sudi "davlatni to‘ntarishga urinish" bilan bog‘liq shov-shuvli ish doirasida hukm chiqarishni boshlagan.

Xabarlarga ko‘ra, kecha, 5 fevral kuni qator sudlanuvchilar uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilganlar.

Ayblanuvchilar orasida Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri, mamlakat Oliy Kengashining sobiq raisi va xavfsizlik kuchlarining iste’fodagi rahbarlari doxil o‘nga yaqin sobiq davlat amaldorlari, siyosatchilar va jurnalistlar borligi aytiladi.

Sudlanuvchilarga chiqarilgan hukmlar esa, 8 yildan 27 yilgacha bo‘lgan qamoq jazolarini o‘z ichiga olgan.

Ular "davlatni to‘ntarishga urinish", "davlatga xiyonat qilish", "firibgarlik", "milliy va diniy adovat qo‘zg‘ash" kabi ayblarda aylanishgan.

Bunaqasi bu yaqin o‘rtada biror bir Markaziy Osiyo davlati tarixida kuzatilmagan.

Tojikistondan olinayotgan xabarlar xuddi shunisi bilan ham mintaqada o‘ziga e’tibor tortgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Tojikiston sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy 27 yilga kesilgan.

Tojikiston Demokratik partiyasining sobiq yetakchisi va sobiq parlament deputati Saidja’far Usmonzodaga ham xuddi shunday hukm o‘qilgan.

Sud ularning mol-mulkini musodara etishga ham qaror qilgan.

Mamlakat Oliy Kengashining sobiq raisi Akbarshoh Iskandarovga 18 yillik qamoq jazosi berilgan, uning mol-mulki ham qisman musodara etilishi aytilgan.

8 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Ruxshona Hakimova esa, xabarlarga ko‘ra, tojikistonlik mas’ullar tomonidan davlatga xiyonat qilishda ayblangan.

Aytilishicha, uning ishi "maxfiy", deb tasniflangani bois, ayblov aynan nimalarni ko‘zda tutishi noayon qolgan.

Ammo, Tojikiston Oliy sudining hukmlari bilan bog‘liq ayrim xabarlarga ko‘ra, bunga jurnalistning Xitoyning Tojikistonga ta’siriga oid maqolasi sabab bo‘lgan.

Ayblanuvchilarning o‘zlariga qarshi chiqarilgan uzoq yillik hukmlarga munosabatlari hozircha ma’lum emas.

Ish "maxfiy"mi?

Tojikiston Oliy sudi

Surat manbasi, RASMIY/ILLYUSTRATIV

Xabarlarga ko‘ra, sud jarayoni tergov izolyatorining o‘zida va yana yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan.

Rasmiylar ham biror bir izoh berishmagani, bunga jinoyat ishlarining "maxfiy", deb tasniflanganini asos qilib keltirishgani aytilmoqda.

Sudlanuvchilarning qarindoshlari sud zaliga kiritilmagani, tafsilotlarini oshkor etmaslik to‘g‘risidagi kelishuv tufayli himoyachilari ham jurnalistlarga ochiq emasligi, shu bois ham, mahkama jarayoni tafsilotlari haqida ommaviy axborot vositalariga ko‘p narsa ma’lum emasligi ta’kidlanadi.

Ammo, ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi so‘zlarida sudlanuvchilarning aksariyati Tojikiston Bosh prokuraturasi tomonidan o‘zlariga qo‘yilgan ayblarni tan olishmagan, ulardan ayrimlari ayblovlarning yetarlicha dalil-isbotlarsiz qo‘yilganligini ham ta’kidlashgan, suddan o‘zlarini ozod etishini so‘rashgan.

O‘tgan yil oxirida ayblanuvchilarning, yana shuningdek, ayblov xulosalarini tayyorlayotgan tergovchilarning bosimidan shikoyatda ekanliklariga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.

"Davlat to‘ntarishiga urinish" bo‘yicha sud jarayoni o‘tgan yilning 14 noyabrida boshlangan.

Hibslar esa, xuddi o‘sha yilning yoz oylarida boshlangan.

Qoralov tomoni esa, ularga 23 yildan 30 yilgacha qamoq jazosini so‘ragan.

Tojikistonda nimalar bo‘lmoqda?

Tojikiston

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK

Sud jarayoni va hukmlar Tojikistonda kuzatilayotgan ustma-ust kadrlar almashinuvi manzarasida kuzatilgan.

Tojikiston prezidenti o‘tgan oy hukumatda katta o‘zgarishlarga qo‘l urgan, mamlakat Mudofaa vaziri va Bosh prokurorini ham ishdan olgandi.

Bu kadrlar almashinuvi uning hatto o‘zining qarindoshlarini ham "ayamagani" talqinida mintaqadagi yetakchi nashrlarning e’tiborini o‘ziga tortgan, ammo Emomali Rahmonning nega bunday qilgani sababi o‘shanda noayon qolgan.

Ammo bularning barchasini Tojikiston prezidentining o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘liga qudratga yo‘l ochayotganiga yo‘ygan tahlillar ham ko‘zga tashlangandi.

Emomali Rahmon Markaziy Osiyoda eng uzoq boshqaruvda qolayotgan prezident bo‘ladi.

Uning boshqaruvi chetda kambag‘allik, korruptsiya, qarindosh-urug‘chilik va diktatura, muxolifatga toqatsizlik bilan uyg‘unlikda ko‘riladi.

Tojikiston, yillarki, Qirg‘iziston bilan birga Markaziy Osiyoning ikki qashshoq davlatidan bittasi sanaladi.

Katta sondagi aholisining tirikchiligi chetda mehnat muhojirligida band fuqarolari ortga yuborib kelayotgan pullar orqasidan o‘tadi.

Xalqaro narkotranzit yo‘lida joylashgan, diniy radikalizm va ekstremizm xavfi yuqori, ishsizlik chuqur ildiz otgan, Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan, Afg‘onistonga chegaradosh, ammo mintaqaning Tolibon hukumati bilan "eng teskari" davlati.

Shunday ekan, Tojikistondagi voqealarning so‘nggi rivoji nimani anglatadi?

Mustaqil jurnalist:

Тожикистон
bbc.com/uzbek
Emomali Rahmonni mamlakatdagi asl vaziyatdan xabarsiz deb o‘ylash go‘llik bo‘lar edi...
Mustaqil jurnalist
Batafsil: bbc.com/uzbek da.

"Tojikistonda qator jurnalistlar, sobiq mulozimlarga "davlat to‘ntarishiga harakat" deya uzoq yillik qamoq jazolariga hukm o‘qilishi ortidagi yagona sabab mamlakat prezidenti Emomali Rahmon qudratiga soya deb ko‘rilgan har qanday xavfni yo‘q qilish amalidir.

Zotan, Tojikistonda so‘nggi o‘n yillar ichida nisbatan mustaqil deb ko‘rilgan nashrlar, jurnalistlarga qarshi harakatlar va bular qatorida o‘nlab o‘qilgan hukmlardan asosiy maqsad shu – "millat peshvosi", "muhtaram", "janobi oliy" sifatlashlarsiz nomi zikr etilmaydigan prezidentni "zamonaviy shoh" darajasida mustahkamlab qo‘yishdir.

Emomali Rahmonda diktatorlarga oid deyarli barcha xususiyatlar mavjud. Nafaqat tanqid, balki uni olqishlamaydiganlarga ham toqatsiz. Konstitutsiyada "demokratiya" so‘zi zikr etilganiga qaramay, 1992 yildan beri "taxt"ni bo‘shatgani yo‘q.

Emomali Rahmonni mamlakatdagi asl vaziyatdan xabarsiz deb o‘ylash go‘llik bo‘lar edi. Deyarli har yili qish oldi Tojikiston xalqini "qishga oziq-ovqat g‘amlab qo‘yishni" tavsiya etadigan rahbar xalqning qashshoqligidan xabardor bo‘lishi tabiiy".