Semizlik O‘zbekistonga milliardlab dollar zarar keltirishi mumkin

Surat manbasi, BBC.COM/UZBEK
Aholi orasidagi semizlik O‘zbekiston iqtisodi uchun millardlab dollar zarar yetkazishi mumkin. Shu bilan birga, u ko‘plab insonlarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yuvchi omil sifatida ham ko‘rilmoqda.
Tadqiqotlarga ko‘ra, deyarli har to‘rt o‘zbekistonlikning bitri haddan ortiq semiz. Aholining qariyb yarmi jismoniy faol emas.
O‘zbekiston va semizlik mavzusi so‘nggi vaqtlarda shu qadar yaqinlashganki, Frantsiyadagi Montpellier biznes maktabi davlatdagi korruptsiya ko‘lamini amaldorlarning semizligiga qarab aniqlash mumkin, degan xulosaga kelgan.
Bir necha yillardan buyon o‘sib kelayotgan ayni trend, agar to‘xtatilmasa, keyingi 10 yilliklarda yana-da yomonlashishi mumkin deb ko‘riladi. Bu O‘zbekiston uchun milliardlab dollarga tushishi mumkin.
Sababi, semizlik – faqatgina ortiqcha vazn emas. U saraton va qandli diabet kabi kasalliklar ko‘payishini, ularga qarshi kurashish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish uchun davlat byudjetidan qo‘shimcha mablag‘ sarflash zaruratini ham anglatadi.
Muammo allaqachon hukumat e’tiboriga tushgan. Ammo taklif etilayotgan yechimlardan umid bormi?
Korruptsiya vazni
Prezident Mirziyoyev shu yil 13 fevraldagi hukumat majlisida aholi orasidagi ortiqcha vaznlilik masalasiga alohida to‘xtaldi.
Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning semizlik haqida birinchi marta gapirishi emas.
Davlat rahbari 2020 yili O‘zbekiston amaldorlari orasidagi semizlikka e’tibor qaratgandi.
Buning uchun "Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" alohida farmon ham imzolagandi.
Maqsad ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta rahbar va barcha xodimlar jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishini ta’minlash bo‘lgan.
Tashabbus avvaliga jamoatchilik orasida qizg‘in muhokamalarni boshlab berdi. Keyinchalik nima bo‘lgani noma’lum. Bugunga kelib uning hanuz davom etayotgani yoki to‘xtatilgani xususida ochiq ma’lumot mavjud emas.
Tabiiyki, ortiqcha vazn muammosi insonlarning mansab vakolatiga aloqador emas. Bu har bir kishining jismoniy faolligi, ovqatlanish rejimi va kun tartibi kabi turli sabablarga bog‘liq.
Biroq, o‘zbekistonlik amaldorlarning vazni yuzasidan muhokamali nazariya bor.
Frantsiyadagi Montpellier biznes maktabi 2020 yilda o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda amaldorlarning vazni va korruptsiya darajasi o‘rtasida ijobiy bog‘liqlik borligi aniqlangan.
Ushbu tadqiqot xulosasiga ko‘ra, amaldorlar qancha semiz bo‘lsa, mamlakatdagi korruptsiya darajasi shuncha yuqori bo‘ladi.
Tadqiqot sobiq Sovet davlatlariga e’tibor qaratgan. Bunda eng yomon ko‘rsatkichlar O‘zbekistonda kuzatilgan. 24 vazirning 13 tasi (taxminan 54 foizi) haddan ortiq semiz bo‘lgan. Ular orasida o‘rtachadan past vaznlilar (ozg‘in) topilmagan. O‘zbekistondagi atigi bir vazirning sog‘lom vaznga ega ekanligi aniqlangan.

Surat manbasi, president.uz
Go‘sht-yog‘ ko‘p yeyilyaptimi?
Ortiqcha vazn va semizlik haqida gapirilganda, o‘zbek oshxonasi doimiy muhokama markazida bo‘lgan. Kundalik milliy taomlarda yog‘ miqdori balandligi aytiladi.
Mamlakatda go‘sht iste’moli yuqori ekanligi bir necha marotaba ta’kidlangan.
Shu bilan birga, aholi orasida tayyor taomlar iste’moli oshgan. Toshkent kabi yirik shaharlarda fast fud restoranlarini deyarli har qadamda uchratish mumkin.
"O‘zbek milliy taomlari orasida hazm qilishga og‘ir bo‘lgan taomlar ko‘p. Ammo bu butun o‘zbek oshxonasini anglatmaydi. Ko‘pchilik semizlikni faqat yog‘li va kaloriyaga boy milliy taomlarga bog‘laydi. Albatta, palov, somsa, manti kabi ovqatlar yuqori kaloriyali bo‘lishi mumkin, lekin semizlikning yagona sababi emas," deydi endokrinolog Muhabbat Ahmedova.
Muhabbat Ahmedova qariyb o‘ttiz yildan beri semizlikdan aziyat chekkan bemorlar bilan ishlaydi. U so‘nggi vaqtlarda semizlikdan shikoyat qiluvchi bemorlarning aksarini yoshlar tashkil qilayotganini aytadi.
Ahmedovaga ko‘ra, aholining shakar iste’mol qilishida favqulodda o‘sish kuzatilgan. Ayniqsa yoshlar orasida shakarli mahsulotlar ommalashib bormoqda.
"Shakar semizlikning eng xavfli omillaridan biridir. Ayniqsa, gazlangan ichimliklar, shirinliklar va qayta ishlangan mahsulotlar tarkibidagi yashirin shakar moddalar almashinuvini buzadi. Yog‘ to‘planishiga olib keladi. Qandli diabet xavfini oshiradi," deya ta’kidlaydi u.
Hukumat ayni muammoni e’tibordan chetda qoldirmagan. Shakar iste’molining o‘sishi parlamentda bir necha marotaba muhokamaga qo‘yilgan. Cheklovlar va targ‘ibotlar bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.
2024 yil apreliga kelib, shakarli ichimliklar uchun qo‘shimcha aktsiz solig‘i ham joriy etilgan.
Biroq, ushbu qonun loyihalarining ta’siri qanchalik ijobiy bo‘lganini aniqlash qiyin. Prezident Mirziyoyev nutqida keltirgan ma’lumotlarda shakar iste’moli hanuz oshayotganini ko‘rish mumkin.
"Aholi o‘rtasida boshoqli, donli mahsulot, meva-sabzavotlar iste’moli keskin kamayib, tuz va shakar iste’moli ortib borayotgani xavotirlarni yanada kuchaytiradi. Oqibatda odamlarning 56 foizida ortiqcha vazn, 38 foizida qon bosimi bilan bog‘liq muammo bor", dedi Prezident Mirziyoyev.
Kam harakat
Mutaxassislar o‘zbekistonliklar orasida jismoniy faollik keskin kamayayotganini ta’kidlaydilar.
"Bugungi kunda ko‘plab odamlar kun bo‘yi o‘tirgan holda ishlaydilar, kompyuter oldida ko‘p vaqt o‘tkazadilar, natijada kam harakat qilish odati paydo bo‘ladi. Bu esa yog‘larning organizmda ortiqcha to‘planishiga va semizlikka olib keladi".
"Ayniqsa, shakar va yuqori kaloriyali mahsulotlarni iste’mol qilgan holda kam harakat qilish semizlikni yana-da tezlashtiradi", deydi endokrinolog Ahmedova.
O‘zbekistonda 2023 yilda 26 foiz odam yetarlicha jismoniy faol bo‘lmagan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilga kelib 44 foizga yetgan.
O‘zbekistonda 2023 yilda 26 foiz odam yetarlicha jismoniy faol bo‘lmagan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025 yilga kelib 44 foizga yetgan.
Oqibatda,Yuqori kaloriyali mahsulotlarni iste’mol qilgan holda kam harakat qilish semizlikni yana-da tezlashtiradi.
Prezident Mirziyoyev ham aholining jismoniy faolligini oshirish bo‘yicha bir nechta takliflarni ilgari surgan.
"Mutasaddilarga sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik targ‘iboti bilan har bir oilani qamrab olish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu yo‘nalishda xalqchil va ta’sirchan ijtimoiy roliklar tayyorlab, har kuni markaziy telekanallarda namoyish etish lozimligi ta’kidlandi", deyiladi Prezident matbuot xizmatining 13 fevraldagi xabarida.
Shuningdek, davlat rahbari "Sog‘lom inson – sog‘lom millat" umummilliy harakatini boshlashga chaqirgan.
Mazmunan ushbu tashabbus 2023 yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ilgari surilgan "To‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi" umummilliy harakatiga o‘xshash.
Ayni harakat 2 yil davomida qanchalik ommalashgani va natija ko‘rsatgani noma’lum. Jumladan, prezident ilgari surgan loyihaning qachon yo‘lga qo‘yilishi va qanchalik keng qamrovda bo‘lishi hali aniq emas.
Ochiq ma’lumotlarda aholi orasida jismoniy faollik so‘nggi ikki yil ichida qariyb ikki baravar kamayganini ko‘rish mumkin.
Semizlikning bahosi
O‘zbekistonda taxminan 20 mln aholi ortiqcha vaznga ega. Statistika ayni vaziyat yildan-yilga yomonlashib boryotganini ko‘rsatadi.
Mutaxassislar bu holat mamlakatning umum manfaatlarida aks-sado berishini ta’kidlashadi.
"Semizlik darajasining yuqorilab borishi O‘zbekiston uchun katta iqtisodiy yo‘qotishlarni ham anglatadi", deydi iqtisodchi Valijon To‘raqulov.
O‘rganishlarga ko‘ra, 2060 yilga borib semirish va ortiqcha vazn muammosi O‘zbekiston iqtisodiyotiga $21,6 mlrd zarar keltirishi mumkin. Bu taxminan mamlakatdagi YaIMning 4,7% deganidir.
Semiz insonlarning kasallikka chalinish ehtimoli yuqori. O‘z-o‘zidan bu ortiqcha xarajatlarni anglatadi. Ayni mablag‘ boshqa foydali narsa uchun sarflanishi mumkin edi.
Tana vaznining oshishi yurak-qon tomir kasalliklari, diabet, tayanch-harakat tizimi kasalliklari va saraton kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Bu ham fuqarolar uchun, ham davlat uchun tibbiyot sohasida oshadigan xarajatlarni anglatadi.
"Semiz insonlarning kasallikka chalinish ehtimoli yuqori. O‘z-o‘zidan bu ortiqcha xarajatlarni anglatadi. Ayni mablag‘ boshqa foydali narsa uchun sarflanishi mumkin edi. Buning natijasida davlat byudjeti zarar ko‘radi. Hukumat samarali loyihalar uchun investitsiya qilishi mumkin bo‘lgan mablag‘ni ayni loyihalar uchun emas, sog‘liqni saqlash tizimi uchun sarflashga majbur bo‘ladi", deydi To‘raqulov.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tana massasi indeksi hozirda har kvadrat metrga 26,5 kgni tashkil etadi. Bu esa mintaqadagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Ortiqcha vaznlilikning oqibatlari birgina sog‘liqni saqlash sohasida namoyon bo‘lmaydi. Iqtisodchi To‘raqulov semizlik ishlab chiqarishdagi samaradorlikka ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi, degan fikrda.
"Ortiqcha vaznli ishchilar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, ishlab chiqarish va umuman kichik korxonalardagi samaradorlik ham pasayishni boshlaydi. Semiz inson tez charchaydi. Unga ko‘proq bo‘sh vaqt va dam olish zarur bo‘ladi".
"Bu katta masshtabda ko‘rinmasligi mumkin, ammo kichik biznes egalarida sezilarli darajada xavotir uyg‘otadi. Natija o‘z-o‘zidan davlat iqtisodiga ham ta’sir qiladi", deydi u.
Semizlikning ayni bir sababini ko‘rsatish qiyin bo‘lgani kabi uning oqibatlarini ham batafsil o‘lchash mushkul jarayon. Ammo mavjud o‘rganish va taxminlarga tayanilsa, ayni holat davlat uchun jiddiy muammo ekanligini ko‘rish mumkin.
O‘zbekistonda aholining yarmidan ko‘pi ortiqcha vaznga ega va bu trend yuqorilashda davom etmoqda. Shu paytgacha qilingan loyiha va harakatlarning qanchalik ish bergani noma’lum.
Ayni vaziyatda mamlakat ortiqcha vazn muammosini qanday hal qila olishi esa hanuz savol ostida qoladi.












