Rossiya transport vaziri nega o‘zini o‘ldirgan bo‘lishi mumkin?

Tergovchilar Odintsovoda Starovoytning xususiy Tesla X mashinasida tekshiruvlarni o‘tkazishmoqda.

Surat manbasi, Tass

Surat tagso‘zi, Tergovchilar Odintsovoda Starovoytning xususiy Tesla X mashinasida tekshiruvlarni o‘tkazishmoqda.
O'qilish vaqti: 3 daq

Rossiya tergov qo‘mitasining ilk xulosasiga ko‘ra, sobiq transport vaziri Roman Starovoyt o‘z joniga qasd qilgan.

53 yoshli Starovoytning jasadi o‘q izlari bilan dushanba kuni Moskva viloyatining Odintsovskiy shahar okrugida o‘z xususiy avtomobilida topilgan.

Shu kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin farmoni bilan u transport vaziri lavozimidan ozod etilgandi.

Farmonda uning ishdan olinishiga sabablar keltirilmagan.

Starovoyt vazir lavozimizda bir yildan sal ko‘proq muddat – 2024 yil mayidan beri ishlab kelgan. Ungacha u besh yil Kursk viloyatining gubernatori bo‘lgan.

Uning o‘rniga Kursk viloyati gubernatorining vazifasini bajaruvchi bo‘lib ishlagan Andrey Smirnov bu yil aprelida 1 milliard rublni o‘g‘irlashda ayblanib hibsga olingandi. Bu pullar Ukraina bilan chegaradagi harbiy istehkomlarni qurish uchun ajratilgan bo‘lgan.

O‘tgan yil avgustida Kursk viloyatining bir qismi, jumladan Sudja shahrini Ukraina armiyasi bosib olgandi.

RBK nashriga ko‘ra, Starovoytga qarshi ham harbiy inshootlar uchun ajratilgan pullarni o‘g‘irlash aybi bilan tekshiruvlar olib borilayotgan bo‘lgan.

Forbes sayti tergovga aloqador manbaga tayanib yozishicha, Starovoyt topilishidan bir kun avval – taxminan shanbadan yakshanbaga o‘tar kechasi o‘lgan bo‘lishi mumkin.

RBKga ko‘ra, amaldorning jasadi dushanba kuni o‘z mashinasidan bir necha metrlik masofada butalar orasidan topilgan va so‘ng morgga olib ketilgan.

Starovoytning sobiq o‘rinbosari Kurskka ajratilgan harbiy moliyani o‘g‘irlashda ayblanib hibsga olingandi.

Surat manbasi, Vladimir Smirnov/TASS

Surat tagso‘zi, Starovoytning sobiq o‘rinbosari Kurskka ajratilgan harbiy moliyani o‘g‘irlashda ayblanib hibsga olingandi.

Bi-bi-si rus xizmati muxbiri Sergey Goryashko Roman Starovoyt o‘limi haqida:

Starovoytning o‘limi - Putinning Rossiyasi uchun g‘ayrioddiy holat.

Oxirgi marta o‘zini otib o‘ldirgan vazir hali Sovet Ittifoqi davrida Ichki ishlar vaziri Boris Pugo bo‘lgan – u 1991 yilda putch mag‘lubiyati ortidan o‘z joniga qasd qilgandi.

Starovoytning o‘limi esa boshqa SSSR Ichki ishlar vaziri Nikolay Щelokovning o‘limini ko‘proq eslatadi. U ham ishdan olingach, korruptsiya ayblovlariga yuz tutayotgan bo‘lgan. U 1984 yilda barcha davlat unvonlaridan mahrum qilinishidan bir kun o‘tib o‘zini otib o‘ldirgandi.

Starovoytning esa "atigi" vazir lavozimidan mahrum qilishdi. Uning ustiga, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov dushanba ertalab bergan izohida prezident farmonida "unga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishi" kabi sabablar keltirilmaganini aytgandi.

Tergovchilar
Tass
Bu amaldorlar, hatto hech qanday jinoyatni sodir etmagan bo‘lsalar-da, o‘z davlatlarida oqlov holatlari qanchalar kam yuz berishi va turmalarning ahvolidan yaxshi xabardorlar.
Sergey Goryashko
BBC muxbiri (bbc.com/uzbek)

Aftidan, bunday "qora belgi"ning yo‘qligi sobiq vazirni tinchlantirmagan.

Tergov qo‘mitasi Starovoyt lavozimidan ozod etilishi bilanoq o‘zining Kursk viloyatidagi sobiq muovini Aleksey Smirnovning ishi bo‘yicha so‘roqqa olib kelinishi ko‘zlangani haqidagi ko‘plab xabarlarga aniqlik kiritmadi.

Smirnov tergovi Kurskka 2022-2023 yillarda ajratilgan pullar atrofida edi. Bu davrda u yerda Starovoyt gubernator bo‘lgan.

Chamasi, uch oy avval o‘zining sobiq muovini Smirnov hibsga olinganidan beri, Starovoyt o‘z taqdiridan xavotirda yashab kelgan. Chunki Rossiya tarixida o‘zining sobiq boshlig‘iga qarshi ko‘rsatma bergan muovinlar holatlari ko‘p uchraydi.

Lekin, odatda bunday xavf ostidagi amaldorlar oxirigacha kutishadi, chunki ular yuqori lavozimlardagi tanish-bilishchilik ularga yordam berishiga ishonadilar. Yoki ular xorijga qochadilar.

Qamoqdan qo‘rqib o‘z joniga qasd qilish holatlari esa Rossiyada asosan kuch tizimlari mulozimlari orasida yuz bergan – lekin, bunday holatlar ham barmoq bilan sanarli. 2020 yilda FSIN (Jazoni bajarish federal xizmati)ning avtotransport boshqarmasi rahbari Viktor Sviridov sud zalida o‘ziga qarshi ta’magirlik ayblovlarini eshita turib, o‘zini otib o‘ldirgandi.

Tergov qo‘mitasining xavfsizlik boshqarmasi sobiq rahbari Mixail Maksimenko 2023 yilda koloniyada o‘zini osib o‘ldirgan. U poraxo‘rlik uchun olgan 14 yillik jazosining yarmini o‘tab qo‘ygandi.

Ichki ishlar vazirligining aksil-korruptsiya boshqarmasi rahbariga sobiq o‘rinbosar Boris Kolesnikov esa Tergov qo‘mitasidagi so‘roq ortidan derazadan tushib ketib o‘lgan.

Starovoytning o‘limi – Rossiya elitasi uchun muhim voqea.

U amaldorlar orasidagi sarosima kayfiyatidan darak beradi. Bu amaldorlar, hatto hech qanday jinoyatni sodir etmagan bo‘lsalar-da, o‘z davlatlarida oqlov holatlari qanchalar kam yuz berishi va turmalarning ahvolidan yaxshi xabardorlar.

Stalin davridagi "tozalashlar" bilan qilinayotgan o‘xshatishlar endi unchalik ham asossiz ko‘rinmaydi.

Darvoqe, o‘tgan dam olish kunlarida Rossiya Kommunistik partiyasi s’ezdida Xruщevning Stalin haqida qilgan tanqidiy nutqi xato deb topildi.