Pashsha miyasini o‘rganish inson miyasini anglashda "katta sakrash"

Qanchalik chiroyli bo‘lmasin, shunchalik murakkab. Pashshaning miyasida 50 million murakkab ulanishga ega 130 mingdan ortiq hujayra mavjud

Surat manbasi, MRC/Nature

Surat tagso‘zi, Qanchalik chiroyli bo‘lmasin, shunchalik murakkab. Pashshaning miyasida 50 million murakkab ulanishga ega 130 mingdan ortiq tolalar mavjud
    • Author, Pallab Gosh
    • Role, Ilm-fan muxbiri
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Ular yurishi, havoda muallaq turishi va hatto erkak pashshalar juftlarini jalb qilish uchun ishq qo‘shiqlarini kuylashi mumkin - bularning barchasi to‘g‘nog‘ich boshidan ham kichikroq miya kuchi bilan.

Endilikda ilk bor pashsha miyasini o‘rganayotgan olimlar uning 130 ming hujayrasi joylashuvi, shakli va 50 million bog‘lanishni aniqladilar.

Bu hayvon miyasining shu paytgacha yaratilgan eng batafsil tahlilidir.

Ushbu yangi tadqiqotga aloqador bo‘lmagan yetakchi miya mutaxassislaridan biri bu kashfiyotni o‘z miyamizni tushunishdagi "ulkan sakrash" deb ta’rifladi.

Tadqiqot yetakchilaridan biri bu "tafakkur mexanizmi"ga yangi yorug‘lik sochishini aytdi.

Kembrijdagi Molekulyar Biologiya Laboratoriyasidan (LMB) doktor Gregori Jefferis BBC News'ga bergan intervyusida miyamizdagi neyronlar tarmog‘i bir-birimiz va atrofimizdagi dunyo bilan qanday aloqa qilishimizga imkon berishini hozircha bilmasligimizni ta’kidladi.

"Qanday bog‘lanishlar mavjud? Yuzingizni tanib olish, ovozimni eshitish va bu so‘zlarni elektr signallariga aylantirish uchun ma’lumotlarni qayta ishlaydigan tizim orqali signallar qanday o‘tadi?

Pashsha miyasini xaritalash haqiqatan ham ajoyib va bu miyamiz qanday ishlashini tushunishimizga yordam beradi."

Getty Images
Pashsha ko‘rish tizimi o‘ralgan gazetangiz qaysi tomondan kelayotganini aniqlab, signalni oyoqlariga shunchalik tez uzatadi. Natijada, ular hatto o‘ylab o‘tirmasdan sakrab qochadi
Pallab Gosh
BBC ilm-fan muxbiri (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Miyamizdagi hujayralar yoki neyronlar soni o‘rganilayotgan pashshanikidan million marta ko‘p. Shunday ekan, hasharot miyasining tuzilish chizmasi olimlarga qanday qilib bizning fikrlashimizni o‘rganishda yordam berishi mumkin?

Olimlar tomonidan tayyorlangan va Nature jurnalida chop etilgan tasvirlar murakkab, ammo go‘zal asab tolalari chigalligini ko‘rsatadi.

Uning shakli va tuzilishi shunchalik kichik a’zo qanday qilib ko‘plab murakkab hisoblash vazifalarini bajarishini tushuntirish kalitidir. Ushbu vazifalarning barchasini bajarishga qodir bo‘lgan ko‘knori urug‘i hajmidagi kompyuterni yaratish zamonaviy fan imkoniyatlaridan ancha uzoq.

Loyihaning boshqa yetakchilaridan biri, Prinston universiteti professori doktor Mala Merti ta’kidlashicha, ilmiy jihatdan "konnektom" deb nomlanuvchi yangi aloqa tarmog‘i chizmasi "nevrologlar uchun tub o‘zgarishlarga olib keladi".

"Bu sog‘lom miya qanday ishlashini yaxshiroq tushunishga intilayotgan tadqiqotchilarga yordam beradi. Umid qilamizki, kelajakda miyamizdagi muammolar paydo bo‘lganda nima sodir bo‘lishini taqqoslash mumkin bo‘ladi."

Bu fikrga Londondagi Frensis Krik institutining miya tadqiqotlari bo‘yicha guruh rahbari, tadqiqot guruhidan mustaqil bo‘lgan doktor Lusiya Prieto Godino ham qo‘shiladi.

"Tadqiqotchilar 300 ta asab tolasiga ega oddiy chuvalchang va 3000 ta asab tolasiga ega qurt lichinkasining konnektomlarini yaratdilar, ammo 130 000 ta asab tolasiga ega to‘liq konnektomni yaratish ajoyib texnik yutuq bo‘lib, sichqonniki kabi kattaroq miyalar va ehtimol bir necha o‘n yilliklar ichida o‘z miyamiz uchun konnektomlarni topishga yo‘l ochadi."

Tadqiqotchilar ko‘plab alohida funktsiyalar uchun mustaqil zanjirlarni aniqlashga va ular qanday bog‘langanligini ko‘rsatishga muvaffaq bo‘lishdi.

Misol uchun, harakat bilan bog‘liq bo‘lgan asab tolalari miyaning pastki qismida, ko‘rish qobiliyatini uchun mo‘ljallanganlari esa yon tomonda joylashgan. Ikkinchisida ko‘proq neyronlar ishtirok etadi, chunki ko‘rish ko‘proq hisoblash quvvatini talab qiladi.

Olimlar alohida zanjirlar haqida allaqachon bilishgan bo‘lsa-da, ular qanday qilib bir-biriga ulanganini bilishmagan.

Pashshalarni urib o‘ldirish nima uchun bu qadar qiyin?

Boshqa tadqiqotchilar allaqachon asab tizimi sxemalaridan foydalanib, pashshalarni nima uchun urib o‘ldirish bu qadar qiyin ekanligini aniqlashga urinmoqdalar.

Uning ko‘rish tizimi sizning o‘ralgan gazetangiz qaysi tomondan kelayotganini aniqlab, signalni pashshaning oyoqlariga uzatadi.

Ammo eng muhimi, ular yaqinlashib kelayotgan xavfdan uzoqroq joylashgan oyoqlarga kuchliroq sakrash signalini yuboradi. Shunday qilib, ular hatto o‘ylab o‘tirmasdan - aytish mumkinki, fikrlash tezligidan ham tezroq - sakrab qochadi.

Bu kashfiyot nima uchun biz, sekin harakatlanadigan insonlar, pashshalarni kamdan-kam holatlarda o‘ldira olishimizni tushuntirishi mumkin.

Chivin miyasi kesgich: bu mikroskopik pichoq yordamida u 7000 ta ajoyib yupqa bo‘laklarga bo‘linadi.

Surat manbasi, Gwyndaf Hughes/BBC News

Surat tagso‘zi, Chivin miyasi kesgich: bu mikroskopik pichoq yordamida u 7000 ta ajoyib yupqa bo‘laklarga bo‘linadi.

Asab tizimi sxemasi pashsha miyasini mikroskopik pishloq qirg‘ichiga o‘xshash asbob yordamida 7000 ta bo‘lakka bo‘lib, har bir bo‘lakni suratga olish va ularni raqamli tarzda birlashtirish orqali yaratildi. So‘ngra Prinston universiteti jamoasi barcha neyronlarning shakli va aloqalarini ajratib olish uchun sun’iy intellektdan foydalandi. Biroq sun’iy intellekt mukammal emas edi - tadqiqotchilar uch milliondan ortiq xatoni qo‘lda tuzatishga majbur bo‘ldi.

Bu o‘z-o‘zidan texnik jihatdan ajoyib yutuq edi, ammo ishning yarmi bajarilgan edi, xolos. Tibbiy tadqiqotlar kengashining Molekulyar biologiya laboratoriyasidan bo‘lgan doktor Filipp Shlegelning aytishicha, har bir asab tolasi nima vazifa bajarishi haqida tavsif bo‘lmasa, xaritaning o‘zi hech qanday ma’noga ega bo‘lmaydi.

"Bu ma’lumotlar miyalar uchun Google Map'ga o‘xshaydi: neyronlar o‘rtasidagi ulanishlar sxemasi qaysi tuzilmalar ko‘chalar va binolarga mos kelishini bilishga o‘xshaydi.

"Neyronlarni tavsiflash esa xaritaga ko‘cha va shahar nomlarini, korxonalarning ish vaqtini, telefon raqamlarini, sharhlarni va hokazolarni qo‘shishga o‘xshaydi. Xarita chindan ham foydali bo‘lishi uchun ikkalasi ham zarur."

Skanerlar inson miyasining o‘tkazgichlarini ko‘rsatishi mumkin, ammo eng yaxshisi ham u yerda mavjud bo‘lganlarning juda mitti qismini ko‘rsatadi.

Surat manbasi, BBC News

Surat tagso‘zi, Skanerlar inson miyasining o‘tkazgichlarini ko‘rsatishi mumkin, ammo eng yaxshisi ham u yerda mavjud bo‘lganlarning juda mitti qismini ko‘rsatadi.

Pashsha konnektomi undan o‘z tadqiqotlarida foydalanishni istagan har qanday olim uchun mavjud. Doktor Shlegelning fikricha, bu yangi xarita tufayli neyrobiologiya dunyosi "keyingi bir-ikki yil ichida kashfiyotlar oqimini ko‘radi".

Inson miyasi pashshanikidan ancha kattaroq va bizda hali uning nerv tolalari haqidagi barcha ma’lumotlarni to‘plash texnologiyasi yo‘q.

Ammo tadqiqotchilar taxminan 30 yildan keyin inson konnektomini yaratish mumkin bo‘ladi, deb hisoblashmoqda. Ularning aytishicha, pashsha miyasi o‘z ongimiz qanday ishlashini yanada chuqurroq tushunishning boshlanishi hisoblanadi.

Tadqiqot FlyWire konsortsiumi deb nomlangan olimlarning yirik xalqaro hamkorligi tomonidan amalga oshirildi.