Oʻzbekiston: Parlamentda Konstitutsiyaviy qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda va fuqaroni “qamattirib qoʻygan” Angren hokimi hayfsan oldi Dunyo Yangiliklar

parliament

Сурат манбаси, Qonunchilik palatasi

  • Qonunchilik palatasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi koʻrib chiqilmoqda;
  • Angren hokimi "hayfsan" oldi;
  • Poytaxtda 3 ta kasalxona sotuvga chiqarildi;
  • Andijonda reanimatsiyadagi erkak oʻlimiga svet oʻchishi sabab boʻlgani rad etildi;

Buzilgan Konstitutsiya sukuti

Bir qancha muddatga choʻzilgan sukutdan soʻng Konstitutsiyaga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish masalasi yana kun tartibiga qaytgan.

24-noyabr kuni Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirov Bosh qomusning 76 ta moddasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan birga 15 ta yangi modda hamda 1 ta yangi bob kiritilayotganini xabar qilgan.

"Loyihada fuqarolar tomonidan taqdim qilingan 160 mingga yaqin takliflardan ham keng foydalanilgan", deya yozgan deputat oʻz Telegram kanalida.

Boshqa bir deputat Odiljon Tojiyev Asosiy qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida 24-noyabr kuni koʻrib chiqilishini xabar qilgan.

Oktyabr oyining boshida Sirdaryoga borgan prezident Shavkat Mirziyoyev "Xalqchil Konstitutsiyani yaratish uchun shoshilmaslik kerak"ligi haqida gapirgan edi.

Aloqador mavzular:

Hayfsan olgan "soʻkongʻich" hokim

hokim

Сурат манбаси, Toshkent viloyati hokimligi

Fuqarolar bilan muloqot chogʻida tinimsiz soʻkingani audiosi tarqab ketgan Angren shahri hokimi Alisher Raimovga "hayfsan" berilgan.

18-noyabr kuni mahalliy matbuot hokim Raimov ekani ishonilgan shaxsning tadbirkorlar bilan suhbat vaqtida tinimsiz soʻkingani, haqoratli soʻzlarni ishlatib, bir kishini "qamattirib qoʻygani"ni taʼkidlagan audiodan parchalarni eʼlon qilgan.

Audioda ushbu shaxsning shaharda barpo etilayotgan prezident maktabiga qurilish materiallarini yetkazib berish masalasi boʻyicha tadbirkorlar bilan muloqot qilayotgani anglashiladi.

Suhbat davomida hokimniki, deya ishonilgan ovoz egasi Latif ismli shaxsni "qamattirib qoʻygani", taʼminotchi korxona qurilish materiallarini yetkazib bermasa, 1 milliard soʻmga "uxlashi"ni aytgan, shuningdek, suhbatdoshlaridan birini qoʻpol ravishda soʻkib, haqorat qilgan.

Keyinroq, Toshkent viloyati hokimligi audiоyozuvdagi ovoz haqiqatan Alisher Raimovniki ekanini tasdiqlagan.

24-noyabr kuni Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayevning farmoyishi bilan "davlat xizmatchisining kasb etikasini buzganligi, mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilib, noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganligi uchun" Angren shahar hokimi Alisher Raimovga nisbatan "hayfsan" intizomiy jazo chorasi qoʻllanilgani maʼlum qilingan.

Sotuvga chiqarilgan onkoshifoxonalar

hospital

Сурат манбаси, E-auksion.uz

Poytaxt Toshkentda onkologik kasalliklarni davolashga ixtisoslashtirilgan uchta shifoxona bino-inshootlari bilan sotuvga qoʻyilgan.

Bular 9,4 gektar maydonda joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, bu markazning 4,6 gektar maydonni egallagan Toshkent shahar filiali va markazning 2,6 gektar maydonlik Toshkent viloyati filialidir.

Kasalxonalar, mos ravishda, 281 milliard 784 million soʻm, 160 milliard 557 million soʻm va 92 milliard 94 million soʻm boshlangʻich narxda sotuvga qoʻyilgan.

Sogʻliqni saqlash vazirining maʼlum qilishicha, Olmazor tumanida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining yangi birlashgan kompleksi barpo etilmoqda hamda sotuvga chiqarilgan onkologiya shifoxonalari mazkur yagona unikal kompleksga birlashtiriladi.

Sotuvdan tushgan mablagʻ esa ushbu kompleksning qurilish xarajatlariga yoʻnaltiriladi.

Biroq jamoatchilik faollari yangi kompleks qurilmay turib, ishlab turgan shifoxonalarning sotib yuborilayotganini tanqid ostiga olmoqdalar.

"Oʻlimga elektr uzilishi sabab emas"

region

Сурат манбаси, Kun.uz

Energetika vazirligi jonlantirish boʻlimida vafot etgan andijonlik erkakning oʻlimiga elektr taʼminotidagi uzilish sabab boʻlganini rad etib chiqqan.

Ijtimoiy tarmoqda Jalaquduq tumanida yashovchi erkak oyoqlari kombaynga kirib ketgani ortidan jonlantirish boʻlimiga yotqizilgani va muolaja vaqti elektr taʼminotida uzilish yuz bergani ortidan vafot etgani haqida xabar tarqalgan.

Bosh prokuratura 10-noyabr kuni jon bergan erkak oʻlimi sabablari oʻrganilayotganini maʼlum qilgan.

23-noyabr kuni Energetika vazirligi holat oʻrganilgani va erkak ustida tezkorlikda oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti yakunlangan vaqtgacha elektr taʼminotida uzilish boʻlmagani aniqlanganini bildirgan.

"Maʼlum boʻlishicha, operatsiya tugaganidan keyin bir necha daqiqa vaqt oʻtib, elektr energiyasida uzilish sodir boʻlgan", deyiladi vazirlik bayonotida.

BBC.COM/UZBEK билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг.

Telegram каналимиз: @bbcuzbek