Jihodchilar: "Qunduzni butkul zabt etgach, Balxga o‘tamiz"

Afg‘onistonning Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinidagi Qunduz shahrida qaqshatqich janglar davom etarkan, tolibonparast "Islomiy Jihod Ittifoqi" o‘zbek jihodiy guruhi xuddi shunday bayonot bilan chiqqan.
Guruh bayonoti mazmunidan anglashilishicha, mujohidlar shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatini butkul zabt etgach, Afg‘onistonning O‘zbekistonga bevosita chegaradosh shimoliy Balx viloyati va uning markazi Mozori Sharif shahariga hujum qilish rejasidalar.
"Islomiy Jihod Ittifoqi" bu haqdagi bayonotini kecha 29 sentyabr kuni o‘zining Sodiqlar.info manzili ostidagi web sahifasida chop etgan.
Agar, guruhning o‘z bayonotida qilgan iddaosiga ishonilsa, bu so‘zlarni Qunduz viloyatidagi bo‘linmasi qo‘mondoni aytgan.
Ammo xuddi shu bayonoti manzarasida "Islomiy Jihod Ittifoqi" web sahifasida o‘zlariniki emas, afg‘on va boshqa axborot agentliklarining Qunduzdagi janglar aks etgan suratlarini chop etgan.
Shaxsan o‘zlari "hujjatlashtirgan"larini esa, kelasi bir necha kun ichida oshkor qilishga va‘da bergan.
"Islomiy Jihod Ittifoqi" guruhi bor-yo‘g‘i bundan bir necha kun burun e‘lon qilgan boshqa bir bayonotida hozir Afg‘onistonning "Tojikistonga chegaradosh ko‘plab hududlarini nazorat qilayotganliklari"ni iddao qilgandi.
"Mahalliy xalq orasida ko‘plab "tarafdorlari va muxlislari bor"ligi, "Amudaryo sohillarida bemalol harakat qilishayotgani"ni aytgandi.
Guruh chegaraning "zaif nuqtalarini o‘rganayotgani va ma‘lumot to‘playotgani"ni ham da‘vo qilgan, ammo keyingi rejalari haqida biror bir ma‘lumot bermagandi.
"Islomiy Jihod Ittifoqi"

"Islomiy Jihod Ittifoqi" guruhiga 2002 yilda O‘zbekiston Islomiy Harakati saflaridan ajralib chiqqan jangarilar tomonidan Pokistonda asos solingan.
Xalqaro harbiy tahlilchilarning ishonishlaricha, guruh shu paytgacha O‘zbekiston Islomiy harakatidan mustaqil faoliyat olib borishga harakat qilib keladi.
O‘zbekiston Islomiy harakati o‘tgan yil oxirida hozir Afg‘onistonda ham faollashishga muvaffaq bo‘lgan Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhiga rasman bay‘at keltirgan.
Ammo "Islomiy Jihod Ittifoqi"ning Afg‘oniston yoki Pokistondagi "Islomiy Davlat" jangarilari bilan qanday aloqada ekani, hozircha, ma‘lum emas.
Agar, guruhning shu yil o‘rtalarida e‘lon qilgan bayonotiga ishonilsa, joriy paytda Afg‘onistonning janubiy va sharqiy mintaqalaridan tashqari, Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz va Badaxshon viloyatlarida ham Tolibon harakati, "al-Qoida" tarmog‘i va Sharqiy Turkiston Islomiy harakati jangarilari bilan bir safda jang olib borishmoqda.
O‘tgan oygi bayonot va fotosuratlariga tayanilsa esa, Afg‘oniston shimolidagi jangarilari allaqachon Afg‘oniston Tolibon harakatining yangi lideri Mulla Axtar Mansurga bay‘at keltirib bo‘lishgan.
"Islomiy Jihod Ittifoqi" guruhi a‘zolarining bugungi soniga oid aniq raqamlar yo‘q. Ammo 2008 yilgi ma‘lumotlarda ularning soni 200 nafar atrofida ekani taxmin etilgandi.
Agar, ayrim xabarlarga ishonilsa, ularning orasida o‘zbekistonliklardan tashqari, yana Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Pokiston fuqarolari ham bor.
Guruhga Najmiddin Jalolov nomli shaxsning boshchilik qilishi ishoniladi.
Bosh qarorgohi Pokistonning Afg‘onistonga chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida ekani aytiladi.
"Islomiy Jihod Ittifoqi" orada Ovro‘poda terrorchilik amallarini rejalashtirishda ham gumon qilingan.
Guruh Olmoniyadagi Amerika muassasalariga hujumlar uyushtirishni rejalashtirgani aytilgandi.
Ammo...

Сурат манбаси, AFP
Agar, afg‘onistonlik mas‘ullarning so‘zlariga tayanilsa, may oyidagisidan farqli tarzda Qunduz viloyatidagi so‘nggi janglarda yuzlab Tolibon jangarilari ishtirok etishmoqda.
Ya‘ni, ularning Qunduz yuzasidan shu kecha-kunduzda qilayotgan chiqishlarida xorijiy jangarilar nomi alohida tilga olinmaydi.
Qunduzga qarshi bundan avval uyushtirilgan va Afg‘oniston Tolibon harakatining ilk bahorgi amaliyoti sifatida baho berilgan hujumlarda yuzlab xorijiy jangarilar ishtirok etishgani aytilgan, viloyat mas‘ullari esa, ularni "Islomiy Davlat" guruhi a‘zolariga nisbat berishgandi.
Bu xorijiy jangarilar aksariyatining markaziy osiyolik ekanliklari, oralarida, yana shuningdek, arab, chechen, tatar, uyg‘ur va turklarning ham borliklari aytilgandi.
Ammo hozirga qadar bu jangarilarning aniq qay bir guruhga mansub ekanliklari ma‘lum emas.
Afg‘on hukumat kuchlari esa, oradan bir necha hafta o‘tib bo‘lsa-da, Tolibon harakati va "Islomiy Davlat" guruhi Afg‘onistonda hamohanglikda uyushtirgan bu ilk hujumni daf etishga muvaffaq bo‘lishgandi.
Janglar ichidagi Qunduzdan olinayotgan eng so‘nggi xabarlardan halok etilganlar orasida arab va pokistonlik isyonchilarning ham borliklari ayon bo‘larkan, mahalliy harbiy tahlilchilarga ko‘ra, bu – xorijiy jangarilarning o‘shandan buyon viloyatni tark etmaganliklariga dalolat qiladi.
Shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati esa, Afg‘onistonda Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yilga qadar O‘zbekiston Islomiy harakatining asosiy tayanch nuqtasi bo‘lib kelgan.
Ham mahalliy mas‘ullar va ham mahalliy aholining so‘zlariga tayanilsa, yaqin-yaqingacha Pokistonning qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelgan harakat so‘nggi yillarda Afg‘oniston shimoli-sharqi, ayniqsa, Qunduz viloyatida qayta faollashishga muvaffaq bo‘lgan.
Shimol va xorijiy jangarilar

Сурат манбаси, videodan
Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligining so‘nggi ma‘lumotlariga ko‘ra, joriy paytda Afg‘oniston shimolidagi xorijiy jangarilarning soni 2.000 dan ortadi.
Yaqinda Turkmanistonga bevosita qo‘shni shimoliy Faryob viloyatidagi harbiy amaliyotlarga boshchilik qilgan Afg‘oniston vitse-prezidenti general Abdulrashid Do‘stum ham o‘zlariga qarshi urushayotganlarning aksariyati "Islomiy Davlat" jangarilari ekani, ularning orasida chechen, uyg‘ur va o‘zbekistonliklar ham borligini aytgandi.
Afg‘onistonni katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlari tark etib bo‘lgan bir yilda esa, noodatiy tarzda, zo‘ravonliklarning aynan mamlakat shimoli-sharqida kuchaygani kuzatiladi.
Bundan avval katta sondagi xorijiy jangarilar toliblar bilan bir safda Badaxshon viloyatining Yumgon tumanini bosib olishgan va ma‘lum muddat o‘z nazoratlari ostida tutib turishga muvaffaq bo‘lishgandi.
Bundan tashqari, shimoliy Faryob, Saripul, Jauzjon, Taxor, Balx va Bag‘lon viloyatlarida ham beqarorliklarning kuchaygani kuzatiladi.
Aksariyat mintaqa davlatlari, hatto, Rossiya ham Afg‘onistondagi vaziyatning xuddi Iroqdagisi kabi tus olib ketishidan oshkora xavotirda.
Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra esa, "Islomiy Davlat"ning faollashuvi Afg‘onistonda vaziyatni yanada chigallashtirgan.
Afg‘oniston Tolibon harakati va "Islomiy Davlat" guruhi o‘rtasidagi aloqalar esa, hozircha, noayon: Afg‘oniston shimolida ular ittifoqchidek ko‘rinishsa, mamlakat sharqida bir-birlariga qarshi ayovsiz jang olib borishayotgani kuzatiladi.
Tahlilchilarning aytishlaricha, mavjud vaziyat Afg‘onistonning shundoq ham qator siyosiy inqirozlarni boshidan kechirgan yangi hukumatini qiyin ahvolda qoldiradi.
Mintaqa va "Islomiy Davlat"

Сурат манбаси, videodan
O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, o‘tgan oy yaqin-yaqingacha o‘zining yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan Afg‘oniston Tolibon harakatini ham "Islomiy Davlat" saflariga qo‘shilishga da‘vat etgandi.
Tolibon harakati rahbariyati esa, shu yil boshida lideri Abu Bakr al-Bag‘dodiyga ochiq maktub bilan chiqib, "Islomiy Davlat" guruhini Afg‘onistondan uzoqroq turishga chaqirgan va aks holda buning oqibatlari yomon bo‘lishi bilan ogohlantirgandi.
Yaqin Sharqda o‘zining islomiy xalifaligiga asos solgan va bugungi kunda dunyodagi eng qudratli jihodchi guruh sifatida tan olinuvchi "Islomiy Davlat" esa, avvalboshdan globallashish niyatida ekanini hech kimdan yashirmay keladi.
Guruh Islom dinidagi uchta muqaddas zaminni o‘z ichiga oluvchi bashariy xalifat barpo etish rejasida: Ya‘ni, Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyo mintaqasining ham bir qismini o‘z ichiga oluvchi qadim Xuroson davlatini qayta barpo etishni maqsad qilgan.
"Islomiy Davlat" o‘zining o‘tgan yilgi rasmiy bayonotida, "qo‘shinlarining qadami yetib borgan har qanday hududdagi barcha amirliklar, guruhlar, davlatlar va tashkilotlar yo‘qqa chiqishi"ni oshkora bayon qilgan.
Mahalliy harbiy tahlilchilarga ko‘ra, shimoliy-sharqiy Qunduz va shimoliy Faryob viloyatlarining jangarilar qo‘liga o‘tishi Afg‘onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqasining mag‘lubiyatini ham osonlashtiradi. Ularni markazdan kesib qo‘yadi.
Afg‘oniston shimoli-sharqida esa, mamlakatning ja‘mi 34 viloyatidan yarmiga yaqini joylashgan.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio












