Mintaqa rahbarlari nigohi Afg‘onistonga qadalgan

Сурат манбаси, Getty

Ўқилиш вақти: 1 дақ

Dushanbe shahrida ODKB tashkilotiga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Tojikiston Afg‘oniston bilan chegarasini mustahkamlashda ODKB yordam bermayotganidan shikoyat qilgan. Turkmaniston esa AQShdan ko‘mak so‘ragan.

2 aprel kuni Tojikiston poytaxtida Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi bo‘lib o‘tgan.

Armeniya, Belarus, Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston tashqi ishlar vazirlari 9 may - G‘alaba bayramining 70 yilligi munosabati bilan o‘z bayonotlarini e‘lon qilganlar.

Shuningdek, Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat munosabati bilan Markaziy Osiyodagi xavfsizlik masalasi muhokama etilgani xabar qilingan.

Majlis yakunida Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov aytishicha, Tojikiston bundan oldin ODKB qabul qilgan qaror amalga tatbiq etilmayotganini aytgan.

Janob Aslov so‘zlariga ko‘ra, Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegarasini mustahkamlashga yordam berishga va‘da bergan va bu haqda maxsus qaror qabul qilingan.

"To‘g‘risini aytish kerak, ushbu masaladagi hozirgi holat bizni qoniqtirmaydi. Shuning uchun sheriklarimizning e‘tibori davlat rahbarlari qarorini bajarish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishga qaratildi", deb aytgan Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Aslov.

Ayni paytda Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasini qo‘riqlashda O‘zbekiston va Rossiyadan harbiylar ko‘mak berayotgani haqidagi xabarlar tarqalmoqda.

Chronicles of Turkmenistan web-sahifasi bu borada mahalliy yashovchilar so‘zlariga asoslanib, xabar bergan.

Xabarning rasmiy manbalaradan tasdig‘i yo‘q.

Ayni vaqtda Turkmaniston AQShdan ham o‘z chegara hudularidagi beqarorlikka qarshi kurashda harbiy yordam so‘rayotganligi haqida xabarlar bor.

Bu borada AQSh harbiylaridagi manba xabar bergan.

Afg‘onistonning shimoliy hudularida Toliblar, shuningdek, "Islomiy Davlat" jangarilari faollashganligi xaqidagi xabarlardan so‘ng chegara osha tahdid borasida xavotirlar yangramoqda.

Bu xabarlar naqadar haqiqatga yaqinligi haqida BBC sharhlovchi Mekan Navro‘zov bilan suhbatlashdi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02