"Islomiy Davlat" Afg‘onistonda nimalar qilmoqda?

Сурат манбаси,

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, dunyodagi eng qudratli bu guruh jangarilarining Markaziy Osiyoning shundoq biqinida toliblar bilan bir safda, Pokistonga qo‘shni janubi va sharqida esa, ularga qarshi jang olib borayotgani Afg‘onistondagi vaziyatning yanada murakkablashib borayotganiga dalolat qiladi.

Jumladan, Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersning aytishicha, Afg‘onistonda hozir vujudga kelgan vaziyat o‘ta chalkash, murakkab va hech kim kelasi ikki-uch oyning ichida nimalar bo‘lishini oldindan bashorat qila olmaydi.

Ammo, tahlilchi suhbatdoshimizga ko‘ra, yaqinda sharqiy Nangarhor viloyatida bu ikki isyonchi guruh o‘rtasida qaqshatqich janglar kechgani va kamida o‘n nafar Tolibon qo‘mondonining boshi tanasidan judo etilganiga oid xabarlar "Islomiy Davlat" guruhining Afg‘onistonda qanchalik faollashib ulgurganiga dalolat qiladi.

Tahlilchi Pol Rojersning aytishicha, agar, hozirgi vaziyat qiyos qilingudek bo‘lsa, "Islomiy Davlat" guruhi Afg‘onistonda, hatto, bundan bor-yo‘g‘i olti oy burun ham bunchalik faol bo‘lmagan.

Boshqa tomondan, shu bilan bir vaqtning o‘zida, guruh jangarilari mahalliy toliblar bilan bir safda Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga bevosita qo‘shni ikki shimoliy-sharqiy viloyati – Qunduz va Badaxshonda davomiy qaqshatqich janglarga qo‘l urishgan, kuni-kecha Badaxshonning shundoqqina Tojikistonga chegaradosh Yumgon tumanini bosib olishga ham muvaffaq bo‘lishgan.

Tuman qariyb o‘n kundirki, badaxshonlik mas‘ullar tomonidan O‘zbekiston Islomiy Harakatiga nisbat berilayotgan yuzlab xorijiy jangarilar boshchiligi ostidagi toliblarning nazorati ostida.

Orada Yumgonga poytaxt Kobuldan yuborilgan qo‘shimcha madad kuchlari ham ish bermagan, orada viloyat mas‘ullari tomonidan yanada ko‘proq harbiy dastakka oid da‘vatlar ham yangragan va hozir ham tumanda janglar borayotgani aytiladi.

Сурат манбаси, videodan

Yaqinda lideri Usmon G‘oziy qo‘shni Pokistondan Afg‘onistonga butkul qaytganliklarini rasman e‘lon qilgan O‘zbekiston Islomiy Harakati esa, o‘tgan yil sentyabr oyidan boshlab Afg‘onistonda to‘lig‘icha "Islomiy Davlat" guruhini namoyon etib keladi.

Xuddi shu omil nazarda tutilsa, Yumgon – harakat toliblar ko‘magida Afg‘onistonda Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinida qo‘lga kiritgan birinchi jiddiy yutug‘i bo‘ladi.

Ammo shu yil yanvar oyida Afg‘onistonda ham faoliyat olib borish maqsadi bilan Pokistonda o‘zining Janubiy Osiyodagi yangi tarmog‘iga asos solgan Yaqin Sharqdagi bu qudratli guruh solayotgan tahdid borasida rasmiy Kobul va yaqin-yaqingacha mamlakat xavfsizligiga mas‘ul G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining berayotgan baholari bir-biridan keskin farq qiladi.

Afg‘onistonning yangi prezidenti Ashraf G‘ani hali shu yil boshida "Islomiy Davlat" guruhi o‘z mamlakatida jadallik bilan uyushish, mo‘ljal olish, qaror berish va hujum qilish darajasiga yetib borayotgani bilan ogohlantirgandi.

Nato kuchlarining Afg‘onistondagi Bosh qo‘mondoni Jon Kempbell esa, kuni-kecha qilgan chiqishida "Islomiy Davlat" guruhi mamlakatda jadallik bilan o‘ziga yangi jangarilar yollayotgan esa-da, halicha, to‘liq faoliyatga kirishish salohiyatida emasligini bayon qilgandi.

Ammo shu paytgacha Afg‘oniston xavfsizligiga mas‘ul hech bir tomon mamlakatdagi "Islomiy Davlat" jangarilarining soniga oid aniq ma‘lumotlarni keltirmagan.

Turli xil manbalarda soni bir necha yuzdan bir necha mingtagacha ekani taxmin etilayotgan O‘zbekiston Islomiy Harakatidan tashqari Afg‘onistonda "Islomiy Davlat" saflariga yollanayotgan jangarilarning asosan sobiq toliblar ekani aytiladi.

Eslatib o‘tish joiz, "Islomiy Davlat" guruhiga rasman bay‘at keltirmasidan avval O‘zbekiston Islomiy Harakati har ikki Tolibon harakati va ular sheriklarining eng yaqin ittifoqchisi bo‘lib kelgan.

Londondan Tolibon masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Antonio Juztotstsi Afg‘onistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh shimoliy-sharqiy mintaqalarida "Islomiy Davlat" nomi ostidagi harakat jangarilarining mahalliy toliblar bilan nega bunchalik apoq-chapoq ekanliklarini, bir tomondan, ayni shu omil bilan ham izohlaydi.

"Afg‘oniston janubi-sharqi bilan solishtirganda, "Islomiy Davlat" Afg‘oniston shimolida nisbatan zaif. Ya‘ni, toliblarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jiddiy xavf solish qudratida emas.

Qo‘llarida biror bir hududlari yo‘q. Sanoqlari ham bir necha yuz sonda. Yaqinda ajralib chiqqanliklari bois, qo‘mondonlari ham hanuz toliblar bilan yaxshi aloqada bo‘lishlari, ularga yaxshiroq moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatgan bo‘lishlari mumkin. Bundan tashqari, "Islomiy Davlat" guruhining mahalliy yetakchilari oylab qo‘l qovushtirib o‘tirgandan ko‘ra, janglarga bosh qo‘shishsa, bu – o‘zlarining obro‘lari uchun yaxshiroq bo‘lishiga oid to‘xtamga kelgan bo‘lishlari mumkin", - deydi xalqaro tahlilchi.

Yaqin Sharqdagi bu qudratli guruhning Afg‘onistondagi faollashuvi mamlakatda yangi milliy birdamlik hukumati iqtidorga kelgan o‘tgan sakkiz oylik davrga to‘g‘ri keladi.

Xuddi shu manzarada, yillarki, o‘zlarining yakto amirul mo‘mininlari Mulla Muhammad Umarga sodiq bo‘lib kelgan har ikki Tolibon saflaridagi so‘nggi yillardagi bo‘linish esa, hatto, xalqaro harbiy tahlilchilarning e‘tiborini tortgan voqe‘liklardan biriga aylangan.

Chunki shu paytgacha na-da Afg‘oniston va na-da Pokistonda yuzlab sondagi toliblarning boshqa bir jangari guruh saflariga o‘tib, uning lideriga rasman bay‘at keltirishlari hech qachon kuzatilgan emas.

Сурат манбаси,

Ustiga ustak, Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi o‘zining mintaqadagi liderlari etib o‘z vaqtida harakat yetakchisi Mulla Muhammad Umarga yaqin yuqori martabali sobiq Tolibon qo‘mondonlarini tayin etgan.

Mavjud holat bu yilgi bahorgi amaliyotlarining avvalidayoq markaziy afg‘on hukumatini mushkul ahvolda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan esa-da, Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘z ichidan paydo bo‘lgan jiddiy xavf bilan yuzma-yuz kelish majburiyati ostida qoldirgan.

Afg‘onistonning sharqiy Nangarhor viloyatidan avval janubiy Helmand viloyatida ham "Islomiy Davlat"ga yangitdan yollangan jangarilar va mahalliy toliblar orasida qaqshatqich janglar kechgani, har ikki tomon ham jiddiygina talofat berishgani, shuningdek, orada guruh a‘zolarining g‘arbiy Faroh viloyatida ham qarshi janglarga o‘tishganiga oid xabarlar olingandi.

Afg‘onistonning, ayniqsa, janubiy, janubiy-sharqiy va sharqiy mintaqalari, yillarki, Tolibon harakatining asosiy tayanch nuqtalari bo‘lib kelgan.

Xuddi shu bois ham, Afg‘onistondagi "Islomiy Davlat" jangarilarining bu hududlarga dastlabki hujumlarini guruhning bundan bir necha yil avvalgi Suriya va Iroqdagi xatti-harakatlariga qiyos berayotgan harbiy tahlilchilar ham yo‘q emas.

Bu ikki mamlakatda "Islomiy Davlat" yangi guruh sifatidagi faoliyatini o‘zining o‘zagini tashkil etgan "al-Qoida" tarmog‘i jangarilariga qarshi kurashdan boshlagandi.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, "Islomiy Davlat" guruhi jangarilari toliblarning an‘anaviy tayanch nuqtalari sifatida ko‘rib kelingan hududlarga chuqurroq kirib boradigan bo‘lishsa, bu – Afg‘onistondagi isyonchilikning tabiatini mutlaq o‘zgartirib yuboradi.

Сурат манбаси, AP

Hatto, ommaviy qatllari va qonli xudkushlik hujumlari nazarda tutilganda ham, zo‘ravonliklar Markaziy Osiyoning shundoqqina biqinida Tolibon davridagisidan ham ko‘ra shafqatsizroq tus oladi, deyishadi ular.

Ustiga ustak, global xalifalik qurish ilinjida bo‘lgan Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhidan farqli tarzda, shu paytgacha Tolibon harakatining asosiy maqsadi – Afg‘oniston va Pokistonning o‘zida islomiy davlat barpo etish bo‘lib kelgan.

Bundan tashqari, har ikki Tolibon harakati ham orada kechgan vaqt davomida u yoki bu ko‘rinishda tinchlik muzokaralariga moyillik ko‘rsatib kelishgani bilan ham Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhidan farqlanishadi.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, Afg‘onistondagi voqealar rivojining hozirgi bosqichida xuddi ana shu ideologik farq bu ikki jangari guruh o‘rtasidagi asosiy ziddiyat nuqtasi bo‘ladi.

Bu ikki guruhning oralaridagi bu ziddiyatga qanchalik barham berib, yagona global jangari ittifoqqa aylanishini esa, vaqt ko‘rsatadi, deyishadi ular.

Londondan Tolibon masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Antonio Juztotstsining aytishicha ham, Afg‘onistondagi mavjud qorishiq vaziyat "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirib bo‘lgan jangari guruhlarning halicha yagona bir ittifoqqa birlashib ulgurmaganliklariga dalolat qilishi mumkin.

Сурат манбаси, AFP

"Bular liderlari boshqa-boshqa bo‘lgan farqli guruhlar. Hammalari "Islomiy Davlat"ga bay‘at keltirgan bo‘lishsa ham, hanuz asosan ayro-ayro faoliyat yuritib kelishadi. Bu guruhlar har birining Tolibon harakati bilan munosabatlari ham farqlicha. Deylik, Afg‘oniston shimolida Tolibon va O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining munosabatlari haliyam yaxshi. Afg‘onistonning sharqi va janubida esa, vaziyat butkul o‘zgacha. Pul, maqom ustidan talash yoki shaxsiy adovatlari bois, bir-birlarini ko‘rarga ko‘zlari yo‘q. Ammo bularning barchasi ularning halicha yagona bir ittifoqqa uyushib ulgurmaganliklariga dalolat qiladi", - deydi u.

Tahlilchiga ko‘ra, bu kabi vaziyat joriy paytda Afg‘onistonda toliblar mavqe‘larini zaiflashtirishi mumkin.

Ammo, uning aytishicha, Afg‘onistonda kuzatilayotgan mavjud jarayon, boshqa tomondan, Tolibon harakati bilan sulhu madoraga erishish harakatlarini ham qiyinlashtirishi ehtimoli yo‘q emas.

Chunki bu – ashaddiy Tolibon jangarilariga o‘z amaliyotlarini davom ettirishlari uchun muqobil moliyaviy manbalar eshigini ochadi, deydi tahlilchi.

Antonio Juztotstsiga ko‘ra, "Islomiy Davlat" guruhining Tolibon harakati orasidagi muvaffaqiyati ularga qancha pul ajratishga tayyor ekaniyu, Afg‘onistondagi jangarilari orqali o‘zini sulh jarayonidan norozi toliblar orasida qanchalik ko‘z-ko‘z eta olishiga bog‘liq bo‘ladi.

"Agar, guruh bu strategiyasini mukammal hayotga tadbiq etib, toliblar saflaridan o‘ziga yanada ko‘proq jangarilar yollashga muvaffaq bo‘lsa, hatto, tomonlar sulhu madoraga borgan taqdirlarida ham, bu – ularga Afg‘onistonda o‘z janglarini davom ettirish imkoniyatini beradi", - deydi u.

"Joriy paytda "Islomiy Davlat" va Tolibon guruhi o‘rtasidagi aloqalarning iliqlashuvi haqida so‘z yuritish noo‘rin bo‘ladi. Ularning o‘rtasidagi dushmanlik yanada avj oladi, ikkovlon bir-birlariga qarshi shafqatsizroq jang olib borishda davom etishadi. Tolibon harakati tuzilmasi anchayin murakkab bo‘lgan yirik jangari guruhlardan biri sanaladi. Uni faoliyatda tutib turish kattagina pul talab qiladi. Agar, xuddi shu omil nazarda tutilsa, menimcha, "Islomiy Davlat" hozir katta sondagi toliblarni o‘ziga og‘dirish uchun yetarlicha moliyaviy qudratga ega".

Сурат манбаси, AP

Antonio Juztotstsiga ko‘ra, har qanday yangi jangari guruh kabi, "Islomiy Davlat" ham, bir tomondan, jangarilar yollash, boshqa tarafdan, odamlarni qo‘rqitish uchun joriy paytda o‘zining jiddiy tashkilot ekani, ushlagan joyini kesmasdan qo‘ymasligi va mutlaq toliblarning o‘rnini egallash maqsadida ekaniga oid bayonotlar qilishda davom etadi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni nechog‘lik eplay olishi va isyonchilar bilan tinchlik muzokaralarini o‘z foydasiga hal qilish imkoniyatlari bundan buyog‘iga yangi afg‘on hukumatining mamlakatdagi eng muhim ob‘ektlar boshqaruvini qanchalik o‘z qo‘lida saqlab qolishiga bog‘liq bo‘ladi.

Tolibon harakati o‘tgan o‘n yilliklarda mintaqadagi eng asosiy va yirik jangari guruh bo‘lib kelgan. Mintaqadagi aksariyat isyonchi guruhlar ham yolg‘iz Afg‘oniston Tolibon harakati rahbari Mulla Muhammad Umarga bay‘at keltirib kelishgan.

Mintaqaviy tahlilchilar hozir har ikki Tolibon harakati a‘zolarining umumiy sonini 10-15 ming atrofida chamalashadi.

Londondan Mudofaa masalalari bo‘yicha xalqaro tahlilchi Pol Rojersning aytishicha ham Afg‘onistondagi mavjud holat bundan buyog‘iga vaziyatning yanada murakkablashib borishiga dalolat qiladi.

"Toliblar Afg‘onistonda kattagina hududlarni nazorat qilishadi. Hozirgacha harakat o‘zining asosiy e‘tiborini faqat Afg‘onistonga qaratib kelgan. Mavjud vaziyatda muammo shundaki, "Islomiy Davlat" doxil Afg‘onistonga chetdan kelayotgan guruhlar global maqsadlarni ko‘zlagan tarmoqning bir qismi. Bu esa, Afg‘oniston uchun jiddiy xavfni anglatishi mumkin. Menimcha, AQSh tomoni ham bu tahdidni inobatga oladi va Afg‘onistonda dastlab rejalanganidan ko‘ra ko‘proq qo‘shin qoldiradi", - deydi suhbatdoshimiz.

Сурат манбаси, AFP

Ustiga ustak, bu kabi qaltis vaziyat katta sondagi xalqaro ittifoq kuchlari 13 yillik harbiy hozirliklari afg‘on mojarosiga biror bir yechim topmay, Afg‘onistonni tark etib bo‘lgan bir yilda kuzatilmoqda.

Allaqachon butun Afg‘oniston bo‘ylab xavfsizlik bilan bog‘liq ahvolning qanchalik izdan chiqib borayotganini nazarda tutgan mintaqaviy tahlilchilarga ko‘ra, afg‘on hukumatining o‘z Qurolli kuchlari va mamlakatda qolayotgan o‘n mingdan ortiq xorijiy askar bilan mavjud vaziyatni nazorat qilishi qiyin bo‘ladi.

Bu tahlilchilarning ta‘kidlashlaricha, Afg‘onistonning shimoliy-sharqiy Qunduz va Badaxshon viloyatlaridagi "Islomiy Davlat" jangarilari ishtirokidagi so‘nggi davomiy janglarning o‘ziyoq bunga dalolat qiladi.

Dunyodagi eng qudratli va jangari bu guruh esa, o‘zining Yaqin Sharqdagi islomiy xalifaligini kengaytirib, Afg‘oniston, Eron va Markaziy Osiyo mintaqasining ham bir qismini o‘z ichiga oluvchi qadim Xuroson davlatini qayta barpo etishni maqsad qilgan.

Rasmiy ma‘lumotlarda joriy paytda "Islomiy Davlat" guruhi a‘zolarining soni o‘ttiz mingdan ortishi, ularning saflarida dunyoning turli burchaklaridan kelgan minglab jangarilarning borliklari aytiladi.

Afg‘onistondan olingan ayrim xabarlarga ko‘ra, o‘z ta‘siri ostidagi hududlarda "Islomiy Davlat"ning qadamini "qirqish" uchun Tolibon harakati qurollisidan tashqari, diplomatik vositalaru mahalliy ulamolarni ham ishga solmoqda.

Bir gal xos hay‘atlari yordamida ular bilan muzokaralar olib borishga urinayotgan bo‘lsa, boshqasida masjid imomlarining maxsus va‘zlari vositasida o‘z a‘zolari va mahalliy aholini "Islomiy Davlat" saflariga yollanishdan qaytarishga urinmoqda.

Agar, mahalliy xabarlarga ishonilsa, Tolibonning bu kabi sa‘y-harakatlari amalda o‘z samarasini ham bermay qolmagan.

Voqealarning xuddi shu kabi rivoji manzarasida Afg‘oniston Tolibon harakati ilk bor "Islomiy Davlat" guruhi rahbari Abu Bakr al-Bag‘dodiyga ochiq maktub bilan chiqib, ularni o‘zlari va Afg‘onistondan uzoqroq turishga ham da‘vat etgan. Bu esa, ko‘pchilik tahlilchilarni shoshirmay qo‘ymagandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio