Tojikiston: "Afg‘oniston bilan chegarada qo‘shimcha himoya chizig‘i yaratilmoqda"

Сурат манбаси, Getty
Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mahalliy jurnalistlarga bildirgan.
Vazirlikning so‘zlari Afg‘onistonning Markaziy Osiyoga bevosita chegaradosh qator viloyatlari toliblarning qonli hujumlariga sahna bo‘layotgan bir vaziyatda yangragan.
Jumladan, Afg‘onistonning Tojikiston bilan shundoqqina qo‘shni shimoliy-sharqiy Qunduz viloyati o‘tgan juma kunidan buyon isyonchilarning qaqshatqich hujumlariga sahna bo‘lib keladi.
Qator Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhim tranzit yo‘lida joylashgan viloyat Afg‘oniston Tolibon harakati bu yilgi bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan
Mintaqadan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, butun Afg‘oniston bo‘ylab tashlangan minglab madad kuchlari va yuzdan ortiq tank bilan ham Qunduzdagi jangarilarni daf etish oson bo‘lmayotir.
Qunduzdagi janglar manzarasida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston bilan o‘zaro chegaradagi vaziyat nazorat ostida ekani, voqealar rivojini yaqindan kuzatib turishgani va harbiylari har qanday holatga shay ahvolda turishganini bildirgandi.
Iddao

Сурат манбаси, AFP
Ammo o‘tgan hafta oxirida Afg‘oniston tomoni o‘zining o‘zaro shimoliy Taxor viloyati Tojikiston hududidan hujumga tutilganini iddao qildi.
Agar, taxorlik rasmiylarning da‘volariga tayanilsa, hujum - Afg‘oniston shimoli-sharqidagi notinch vaziyatdan foydalanib, chegaradosh Xo‘jai G‘or va Imom-Sohib tumanlaridan Tojikiston hududiga noqonuniy kesib o‘tgan jangarilarning ishi bo‘lgan.
Ular bu jangarilar aksariyatining tojikistonlik ekanligini ham iddao etishgan.
Afg‘onistonlik mas‘ullarga ko‘ra, so‘nggi hujum chog‘ida Taxor viloyatining Xo‘jai G‘or tumanidagi ikki politsiya nazorat nuqtasini isyonchilarning raketa hujumlari nishoniga aylangan va buning ortidan kelib chiqqan otishmalar bir necha soatga davom etgan.
Taxor viloyati hokimi voizi Sunnatillo Timurning BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, otishmalar chog‘ida Afg‘oniston tomoni og‘ir qurollarni ishga solishga majbur bo‘lgan va ularning hujumlarini daf etgan.
Ammo, viloyatdagi muxbirimiz Mubin G‘afuriyning afg‘onistonlik mas‘ullarning so‘zlariga tayanib xabar berishicha, ikki o‘rtadagi otishma biror bir talofatga sabab bo‘lmagan.
Taxor viloyati hokimi voizining iddao etishicha, oralarida chet elliklari ham bo‘lgan jangarilar Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin changalzorlaridan boshpana topishgan va vaqti-vaqti bilan tunlari o‘z hududlarini o‘qqa tutishga urinishmoqda.
Ammo, mahalliy jurnalistlarga ko‘ra, Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi viloyatning Xo‘jai G‘or tumanida yuz bergan hodisaga oid xabarlarni rasman tasdiqlamagan.
Taxor viloyatining Tojikistonga bevosita chegaradosh Xo‘jai G‘or tumanida shu kunlarda toliblardan tashqari, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolarining ham faol ekanliklari aytiladi.
Afg‘onistonda AQSh boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlari tomonidan Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yilga qadar ham ushbu tuman xorijiy jangarilarning asosiy faoliyat yurituvchi hududlaridan biri bo‘lib kelgan.
Qo‘shimcha himoya chizig‘i

Сурат манбаси, BBC World Service
O‘z o‘rnida, ta‘kidlash joiz, vazirlikning Tojikiston Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasida ikkinchi himoya chizig‘ini yaratish qarori Taxordan olingan xabarlardan bor-yo‘g‘i bir necha kun o‘tib o‘rtaga chiqmoqda.
Tojikistonning qo‘shni Afg‘oniston bilan davlat chegarasi Qunduzdan tashqari Taxor viloyati orqali ham o‘tadi.
Dushanbedan jurnalist Iskandar Firuzning Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga tayanib aytishicha, Tojikiston tomoni Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasini yanada mustahkamlash uchun mamlakatning boshqa mintaqalaridan ham katta sondagi harbiylarni jalb etgan.
Suhbatdoshimizga ko‘ra, tojikistonlik mas‘ullar ko‘rayotgan bu kabi chora-tadbirlar, o‘z o‘rnida, chegaradagi vaziyatning yomonlashayotganiga ham dalolat qilishi mumkin.
Jurnalist qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan ba‘zi bir ma‘lumotlardan ayon bo‘lishicha, joriy paytda Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegaradosh janubiy Xatlon viloyatidagi harbiylarning soni olti mingdan ortadi.
Tojikiston hukumati yaqindagina aynan Xatlonda o‘n minglab harbiylari ishtirokida yirik harbiy mashqlarga ham qo‘l urgandi.
Kuni-kecha Afg‘onistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy viloyatlaridagi vaziyat Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ham xos bayonot bilan chiqishiga sabab bo‘lgan.
Vazirlik mavjud holatdan jiddiy tashvish bildirib, afg‘on hukumatini mazkur mintaqa xavfsizligini yaxshilash uchun lozim choralar ko‘rishga ham undagandi.
Afg‘oniston shimolidan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni ham Afg‘oniston bilan o‘zaro chegarasini yanada mustahkamlash harakatida.
Eslatib o‘tish joiz, yaqinda Afg‘onistonning O‘zbekistonga shundoqqina qo‘shni Mozori Sharif shahri ham toliblarning qonli hujumlariga sahna bo‘lgandi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
Skype - bbcuzbekradio












