Tojikiston: "Qunduzdagi janglarni yaqindan kuzatib turibmiz"

Сурат манбаси, AP

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, beshinchi kundirki, qo‘shni Afg‘onistonning o‘zlariga bevosita chegaradosh Qunduz viloyatida davom etayotgan qaqshatqich janglarga ana shunday munosabat bildirgan.

Tashqi ishlar vazirligining o‘zlariga bog‘langan ayrim mahalliy jurnalistlarga aytishicha, hozircha, vaziyat nazorat ostida.

Vazirlikka ko‘ra, mamlakat kuch tizimlari ham davlat chegarasining Afg‘oniston bilan qismida har qanday ehtimolga qarshi shay ahvolda turishibdi.

Aksariyati xorijliklar ekani aytilayotgan yuzlab jangarilar o‘tgan hafta juma kuni Qunduz viloyatining to‘rt tumanida hukumat kuchlariga qarshi hujumga o‘tishgan va bugun, beshinchi kundirki, qaqshatqich janglar hanuz tinmayotgani aytiladi.

Shu orada viloyatning aynan Tojikistonga bevosita chegaradosh Imom Sohib tumanining Tolibon nazorati ostiga o‘tishi xavfi paydo bo‘lgan.

Ustiga ustak, janglar Qunduz shahri sarhadlariga yaqinlasharkan, hududga butun Afg‘oniston bo‘ylab minglab askarlar va o‘nlab tanklar tashlangan.

Viloyatdan olingan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, hozirga kelib, isyonchilar Qunduz shahri sarhadlaridan siqib chiqarilgan, ammo qolgan to‘rt tumandagi vaziyat haliyam xatarnokdir.

Qunduz

Tojikistonga bevosita chegaradosh, Badaxshon, Bag‘lon va Taxor viloyatlarining o‘rtasida joylashgani bois, Qunduz Afg‘oniston shimoli-sharqidagi strategik jihatdan muhim viloyatlardan biri sanaladi.

G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistondan 2014 yilgi ommaviy safarbarliklariga qadar, Qunduzda yuzlab sondagi olmon qo‘shinlari hozir bo‘lishgan.

Ammo, shunga qaramay, so‘nggi yillarda viloyat qator tumanlarining toliblar nazorati ostiga o‘tishi xavfi paydo bo‘lgan.

Qunduz ham Afg‘oniston va ham Pokiston Tolibon harakatining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan O‘zbekiston Islomiy Harakatining yangi tayanch nuqtasiga aylanishga-da ulgurgan.

O‘tgan yaqin oylar ichida esa, viloyatning ikki tumanida o‘nlab jangarilarning "Islomiy Davlat" bayrog‘i ostida faoliyat yuritishga o‘tishgani, hududda o‘z istehkomlari va tayyorgarlik jamloqlarini barpo etish harakatida ekanliklari ham aytilgandi.

Ta‘kidlash joiz, xavfsizligi uchun mas‘uliyat asosan Afg‘onistonning o‘z zimmasida qolgan bir yilda Qunduz – Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylangan birinchi viloyat bo‘ladi.

Afg‘oniston Tolibon harakati aynan o‘tgan hafta chorshanba kuni o‘zining bu yilgi bahorgi amaliyotlariga oid rasmiy bayonoti bilan chiqqan, afg‘on hukumat kuchlari, davlat mulozimlari va boshqa harbiy inshootlarni nishonga olish bilan tahdid qilgandi.

Ommaviy safarbarlik ortidan, Afg‘onistonda qolishi rejalangan minglab xorijiy askarlarni esa, urush zahmatlaridan uzoqroq turay deyishsa, zudlik bilan afg‘on tuprog‘ini tark etishlari bilan ogohlantirishgandi.

Pokiston

Сурат манбаси, AFP

Afg‘onistonlik mulozimlarga ko‘ra, Pokiston Qurolli kuchlarining, yillarki, turli jangari guruhlar boshpana topib kelgan Shimoliy Vaziriston mintaqasidagi davomiy amaliyotlari ham mamlakat shimoli-sharqidagi vaziyatning jadallik bilan izdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Millati o‘zbek, tojik, arab va chechen bo‘lgan yuzlab xorijlik jangarilar o‘z oilalari bilan birga Afg‘onistonga qochib o‘tib, qayerda toliblar faol bo‘lishsa, o‘sha yerdan boshpana topishmoqda.

O‘zbekiston Islomiy Harakati, Pokiston Tolibon harakati va "al-Qoida" tarmog‘i a‘zolari ekani ishoniluvchi bu jangarilarning Afg‘onistonda asosan Tolibon saflarida qayta jang qilishga o‘tishgani, ammo oralarida "Islomiy Davlat" guruhi bilan aloqa o‘rnatish harakatida bo‘lganlari ham borligi aytiladi.

Hali yil avvalidayoq mavjud vaziyat Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘anining jiddiy xavotirlariga sabab bo‘lgan, afg‘on rahbari, agar, xalqaro hamjamiyat bunga ko‘z yumsa, oqibatlari yomon bo‘lishi bilan ogohlantirgandi.

Eslatib o‘tish joiz, yaqinda Afg‘onistonning Tojikiston bilan chegaradosh yana bir shimoliy-sharqiy Badaxshon viloyati ham xuddi shunday jangarilarning qonli hujumlariga sahna bo‘lgan, o‘nga yaqin afg‘on askarining boshi tanasidan judo qilingandi.

Shundoqqina biqinlarida joylashgan Afg‘onistondagi vaziyatning Iroqdagisi kabi tus olib ketishi esa, allaqachon barcha mintaqa davlatlarining jiddiy xavotirlariga molik mavzuga aylangan.

O‘zbekiston doxil Afg‘onistonga bevosita chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlarining barchasi o‘z chegaralarini mustahkamlash va qo‘shimcha xavfsizlik choralari ko‘rish harakatiga tushib ketishgan.

Shimoliy-sharq...

Сурат манбаси, AP

Ta‘kidlash joiz, so‘nggi paytlarda Qunduz va Badaxshondan tashqari, Afg‘onistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh Faryob viloyatida ham toliblaru, o‘zbekistonliklari doxil ular saflarida jang qilayotgan turli xorijiy jangarilarning faollashgani kuzatiladi.

Mahalliy harbiy tahlilchilarga ko‘ra esa, afg‘on hukumat kuchlarining ularga qarshi yo‘lga qo‘yayotgan harbiy amaliyotlarining samarasi amalda sezilmaydi.

Xuddi shu manzarada Qunduzdagisi – jangarilar Afg‘onistonning shundoqqina Markaziy Osiyo bilan o‘zaro chegarasida amalga oshirishga muvaffaq bo‘lgan ilk keng ko‘lamli va qaqshatqich hujumlar bo‘ladi.

Tojikiston esa, Afg‘oniston bilan qariyb 150 chaqirimga uzangan o‘zaro chegaraga ega.

O‘z navbatida, mahalliy harbiy tahlilchilar, uncha uzun emasa-da, bu chegara chizig‘i muayyan qismining Panj daryosi orqali o‘tishi va u yerda hali-hanuz qay bir tomonga tegishli ekani rasman belgilab olinmagan orollarning borligi Tojikiston uchun xavf tug‘dirishi ehtimolini inkor etishmaydi.

Ammo, ularga ko‘ra, Tojikistonning Afg‘oniston bilan janubiy chegaralaridagi vaziyat ham xalqaro hamjamiyat, ham Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti diqqat-e‘tiborida ekani va Rossiya 201-sonli harbiy bo‘linmasining hozirligi bois, vaziyat u qadar xatarli tus olmaydi. Tojikiston har qanday xavfga munosib javob bera oladi.

Eslatib o‘tish joiz, yaqinda Tojikiston aynan Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh mintaqasida 30 mingdan ortiq saf va zaxiradagi harbiylari, yuzdan ortiq harbiy texnika, xususan, tanklar, bronetexnika va harbiy uchoqlar ishtirokida yirik harbiy mashqlar ham o‘tkazgandi.

So‘nggi vaziyat

Сурат манбаси, AP

Qunduzdan olingan so‘nggi xabarlarga ko‘ra esa, qaqshatqich janglar boshlangan o‘tgan juma kunidan buyon o‘nlab jangarilar o‘ldirilgan, o‘zlari ham o‘nga yaqin askarlarini boy berishgan. Ammo bir qancha politsiya xodimining olib qochilgani, o‘nlabining bedarak ketganiga oid xabarlar ham bor.

Qunduz viloyati hokimining BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, shu paytgacha o‘ldirilgan o‘n xorijiy jangaridan ikkitasi o‘zbek, bittasi turk, to‘rttasi tojik, ikkitasi chechen va yana bir nafari qirg‘iz ekanini aniqlashgan.

Katta sondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining ommaviy safarbarliklari bilan kechgan 2014 yil esa, shundoq ham Afg‘oniston Qurolli kuchlari uchun Tolibon tuzumi qulatilgan 2001 yildan buyongi eng qonlisi bo‘lgandi.

Xalqaro harbiy tahlilchilarga ko‘ra, shu yil boshida Pokistonda o‘zining mintaqadagi yangi tarmog‘iga asos solgan Yaqin Sharqdagi "Islomiy Davlat" guruhi ham Afg‘onistondagi vaziyatni anchagina murakkablashtirishi va afg‘on hukumat kuchlari uchun qo‘shimcha boshog‘riqqa aylanishi mumkin.

Guruh so‘nggi oylarda Afg‘onistonga har tomondan sizib kirishga urinayotgan bir manzarada afg‘onistonlik yuqori martabali mulozimlarning o‘zlari ham "Islomiy Davlat" nafaqat shimoliy viloyatlari, balki-da butun Markaziy Osiyo uchun ham jiddiy xavf ekani bilan ogohlantirishgandi.

Xavfsizlik bilan bog‘liq so‘nggi vaziyatga yakuniy bahosini berarkan, kuni-kecha Afg‘oniston parlamenti quiy palatasi raisi mamlakatning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari bilan chegaradosh shimoliy mintaqalarini Pokistonning Shimoliy Vaziristoniga qiyos bergandi.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

Skype - bbcuzbekradio