Afg‘oniston shimoli yana bir halokatli hujumga sahna bo‘ldi

Afg‘on politsiyasiga ko‘ra, mamlakat shimolidagi bozorlardan birida yuz bergan bomba portlashida 9 kishi nobud bo‘lgan.
Faryob viloyatining G‘urmoch tumanida yuz bergan ushbu hodisada viloyat kengashi rasmiysi ham hayotdan ko‘z yumgan.
Mahalliy shifokorning BBCga aytishicha, hujumda kamida 10 kishi tan jarohati olgan.
O‘tgan oy Faryobdagi viloyat rasmiylari yig‘ini chog‘i amalga oshirilgan xudkushlik amali kamida 10 insonning umriga zomin bo‘lgandi.
Ammo, Afg‘oniston shimoli, ayniqsa, Faryob viloyati mamlakat janubi va sharqiga nisbatan tinchroq hisoblanadi.
Politsiyaning Reyters axborot agentligiga aytishicha, bugungi bomba uzoqdan boshqariluvchi uskuna yordamida ishga solingan.
Portlash vaqtida bozor xaridorlar va tijoratchilar bilan gavjum bo‘lgan.
Haligacha biron bir guruh mazkur hujum mas‘uliyatini zimmasiga olgani yo‘q, biroq odatda Tolibon bahor kelishi bilan hujumlarini kuchaytiradi.
Yakshanba kuni sobiqda Tolibon vazirlaridan biri bo‘lgan va keyinchalik tinchlik muzokarachisiga aylangan Arsala Rahmoniy Kobulda ishga ketayotgan mahal otib ketilgandi. Bu esa, Prezident Karzayning milliy yarashuv borasidagi umidlariga kuchli zarba sifatida talqin etilmoqda.
NATO kuchlari 2014 yilga qadar xavfsizlik mas‘uliyatini to‘la afg‘onlarga topshirishlari rejalangan.












