Oʻzbekiston tashqi dunyoga ochilmoqdami?

Samarqand

Сурат манбаси, samarkand.uz

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Gʻarbning nufuzli hayʼatlari va mintaqaning boshqa mulozimlari Oʻzbekistonda.

Ular bugun qadim Samarqandda ish boshlagan ikki kunlik xalqaro anjumanda ishtirok etishadi.

Ushbu nufuzli anjuman mintaqada xavfsizlik va barqarorlik masalasiga bagʻishlangan.

Ishtirokchilar ekstremizmga qarshi kurash va mintaqa iqtisodini taraqqiy toptirish masalasida soʻz yuritishadi.

Mazkur anjuman tahlilchilar nazdida oʻziga xos eʼtibor topgan.

Ular bu tadbirni Oʻzbekiston hukumatining tashqi dunyoga bosqichma-bosqich ochilish niyatining bir qismi sifatida baholashgan.

Marhum prezidenti Islom Karimovning chorak asrdan ortiqroq boshqaruvi davomida Oʻzbekiston dunyoning eng "yopiq davlatlari"dan biri sifatida koʻrilgan.

Qariyb 13 yil deganda, BBCga Oʻzbekistonning ichkarisidan turib xabar berishga izn berilgan.

Samarqand

Samarqanddan BBC muxbiri Will Vernonning xabar berishicha, Oʻzbekiston yuzlab mehmonlarni qarshi olarkan, shaharda kuchli xavfsizlik choralari koʻrilgan.

Qadim Ipak yoʻlida joylashgan Samarqand koʻchalari bayroqlarga burkangan.

Mintaqaviy xavfsizlik masalasi esa, muhokamalarning asosiy mavzusi boʻladi.

Aksariyat mintaqa davlatlariga bevosita chegaradosh Afgʻonistondan kelayotgan tahdid va yaqinda Markaziy osiyolik migrantlar tomonidan Gʻarbda amalga oshirilgan "terrorchilik hujumlari" mintaqa liderlarini tashvishga solmay qoʻymagan.

Kuni-kecha Nyu-York shahrida amalga oshirilgan hujum ham Oʻzbekiston fuqarosining "ishi" sifatida koʻrilmoqda.

Qattiqoʻl rahbari Islom Karimovning oʻlimi ortidan, oʻtgan yil qudratga kelgan prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshqaruvi ostida oʻz vaqtida dunyoning "eng repressiv davlatlari"dan biri sifatida taʼriflangan Oʻzbekistonning ohistalik bilan erkinlashayotgani kuzatiladi.

Yangi rahbariyat bir qancha siyosiy mahkumlarni ozod etdi, chetdagi inson huquqlari faollarini mamlakatga taklif qildi, majburiy dala mehnatini bekor qilish yoʻlida jiddiy qadamlar qoʻydi.

Ammo, hozircha, bu islohotlar keng koʻlamli koʻrinmaydi.

Tanqidchilar orasida ular iqtisodiy foyda evaziga "demokratiya niqobi ostida qilinayotgan ish emasmikan", degan xavotirda boʻlganlari ham yoʻq emas.

Bu yerdagi mulozimlarning aytishlaricha, demokratik jarayonlar birdaniga amalga oshadigan ish emas, ammo odamlar nekbin va yanada koʻproq erkinliklar ilinjida.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02