Iroq Moʻsulidan nima qoldi?

Сурат манбаси, AFP
Moʻsulni oʻzini "Islomiy Davlat" deb atagan guruhdan ozod qilish maqsadidagi qaqshatqich janglar shaharni vayronaga aylantirdi, minglab insonlarning umriga zomin boʻldi, tirik qolganlarni esa Moʻsulni tashlab qochishga majbur etdi.
Toʻqqiz oy davom etgan janglar nihoyasiga yetgan esa-da, Moʻsul shahri aholisi misli koʻrilmagan insonparvarlik inqirozi bilan roʻpara kelgan.
Halok boʻlgan insonlarning soni faqat taxmin qilinmoqda: ularning soni minglab, balki oʻn minglab ham boʻlishi mumkin.
Shaharni jangarilardan ozod qilish boʻyicha harbiy amaliyotlar boshlangan 2016 yil sentyabridan buyon 1 milliondan ortiq odam oʻzlarining yashab kelgan uylarini tashlab chiqishga majbur boʻldilar.
Butun boshli mavzelar yer bilan yakson qilindi, vayronalar ostida halok boʻlgan insonlarning jasadlari yotibdi, koʻchalar esa portlamay qolgan snaryad va minalarga toʻla.
Moʻsulning vayron boʻlgan tumanlari, 2017 yil iyuli.
Sunʼiy yoʻldosh fotosuratlariga qaralganda, minglab uylar va 100 kilometrdan ziyod masofadagi yoʻllar shikastlangan yoki butkul vayron etilgan.

Сурат манбаси, .
2014 yil iyunidan "Islomiy Davlat"ning nazorati ostida boʻlgan Iroqning ikkinchi yirik shahri Moʻsul bugungi kunda vayronaga aylangan.
Bu shaharni qayta tiklash ishlari Ikkinchi Jahon urushidan keyingi eng yirik qayta qurish boʻlishi mumkin. BMT Moʻsul infratuzilmasini qayta tiklashga kamida 1 milliard dollar zarur, deb hisoblaydi.
BMTga koʻra, janglar oqibatida Moʻsulning barcha tumanlari zarar koʻrgan. Shu yil iyulida ozod qilingan shaharning gʻarbiy qismi sharqiy qismiga qaraganda koʻproq vayron boʻlgan. Moʻsulning sharqiy qismi olti oy oldin IShIDdan ozod qilingan edi.
BMT xulosalariga koʻra, shaharning aholi istiqomat qilgan 54 tumanidan 15 tasi butkul vayron boʻlgan va yashashga yaroqsiz ahvolda. Yana 23 tumandagi vayronagarchiliklar oʻrtacha, 16 tuman esa qisman shikastlangan deb koʻrilayotir.
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlarni tahlil qilib BMT 10 ming bino toʻla vayron boʻlgan yoki shikastlangan, demoqda. Aslida esa vaziyat bundan ham badtar boʻlishi mumkin.
Agar bu raqamga sunʼiy yoʻldoshdan koʻrinmaydigan koʻp qavatli binolar maydonini qoʻshsa, vayron boʻlgan binolarning soni taxminan 32 mingni tashkil etishi mumkin.
BMTning Iroq boʻyicha gumanitar dasturi muvofiqlashtiruvchisi Liz Grande aytishicha, vayron boʻlgan tumanlarni vayta tiklashga koʻp yillar talab qilinadi.
2016 yil oktyabridan 2017 yil iyuligacha roʻy bergan vayronagarchiliklar.
Maʼlumotlar sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlar tahliliga asoslangan

Сурат манбаси, .
1. Harbiy amaliyotlar boshlanishidan oldin
135 bino vayron boʻlgan (50% - jamoat binolari, 21% - turar-joy binolari)
Moʻsulni ozod qilish amaliyotlaridan ilgari koʻplab jamoat binolari, shu jumladan, aeroport va universitet vayron etilgan edi.
2. Janglarning besh oyi mobaynida
1240 bino vayron boʻlgan (47% - odamlar yashagan uylar)
Moʻsulni ozod qilish boʻyicha amaliyotlarning dastlabki oylarida strategik obʼektlar - yoʻllar, fabrika va zavodlar, shuningdek, shaharning sharqiy va gʻarbiy qismlarini ulab turgan Dajla daryosi ustidagi besh koʻprik vayron qilingan. Vayron boʻlgan binolarning yarmidan kamrogʻi turar-joylar.
3. Janglarning sakkiz oyi mobaynida
4356 bino vayron boʻlgan (70% - odamlarning uylari)
Shu yilning martidan iyunigacha jangovor amaliyotlardan vayron boʻlgan binolar soni toʻrt baravar koʻpaydi. Buzilgan har 10 binodan 7 tasi turar-joydir.
4. Janglarning toʻqqiz oyi mobaynida
9519 bino vayron boʻlgan (85% - odamlar yashagan uylar)
Amaliyotlarning oxirgi haftalari davomida buzilgan binolarning soni 5000 dan oshib ketdi. Ularning aksari Eski shahardagi odamlarning uylari edi. Moʻsul ozod etilishidan sal oldin An-Nuriy jomeʼ masjidi ham vayron etildi.

Сурат манбаси, Reuters
Sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlariga koʻra, hammasdan ham koʻra koʻproq turar-joy binolari shikastlangan. Kamida 8500 uy butkul yoki qariyb vayron boʻlgan. Ular asosan Eski shaharda joylashgan boʻlgan. Mutaxassislar yetkazilgan zarar miqdorini hisoblab chiqmoqda, bu ishlar yakunlanganidan keyin vayron boʻlgan binolarga taalluqli raqamlar yanada koʻpayishi ehtimoli mavjud.
Jangovor amaliyotlar natijasida qariyb 130 kilometrlik yoʻl vayron boʻlgan, shundan 10 kilometri Moʻsulning gʻarbiy qismida.
Aviazarbalar shaharning gʻarbiy va sharqiy qismlarini bir-biriga bogʻlab turgan Dajla daryosi ustidagi koʻpriklar vayron etilgan. Bu jangarilarning yoʻlini toʻsish va bir joyga jamlanishlari oldini olish maqsadida atayin qilingan.
Shahar aeroporti, temir yoʻl vokzali va shifoxonalar ham butkul vayronaga aylangan.
Iroq hukumati hisob-kitobiga koʻra, shifoxona majmuasining 80 foizi vayron boʻlgan. Bu Moʻsulning juda yirik tibbiy inshooti boʻlgan. Uning tarkibida shifoxonalar, oʻquv muassasalari va laboratoriyalar joylashgan boʻlgan.
Moʻsuldagi vayron etilgan obʼektlar
Maʼlumotlar sunʼiy yoʻldoshdan olingan fotosuratlar tahliliga asoslangan

Сурат манбаси, .
Moʻsul ozod etilishidan oldingi kunlarda Eski shahar qismi qaqshatqich janglar maydoniga aylandi.
Iroq qoʻshinlari jangarilarni qurshovga olganidan keyin ular binolar zich qurilgan hududda jon saqlashga majbur boʻldilar.
Janglar paytida tinch fuqarolar oʻz uylarida qopqonga tushib qoldilar. Harbiy amaliyotlar tugaganidan keyin koʻplab insonlar butkul sillasi qurigan va jarohatlangan holda topildilar.

Сурат манбаси, Raber Aziz
Ulardan biri 10 yashar Amira edi. Minomyot portlashi oqibatida Amiraning onasi halok boʻlgan,u oyogʻi yaralangan holda yolgʻiz qolgan.
"Men onamdan yordam berishini soʻrab qichqirardim, u esa javob bermasdi... Men joyimdan qimirlay olmas edim".
Amiraning otasi singillari va ukasini qutqarish uchun ularni olib ketadi. Amiraga shu joyda qimirlamay turishni buyurishadi. Bombardimon payti esa bu joyga bomba tushadi. U yaralanib yiqilgan va shu joyda uch kechayu kunduz qolib ketgan.
"Mening yeyishga nonim, ichishga suvim yoʻq edi. Uch kecha va uch kunduz bir oʻzim qoldim. Men yordam soʻrab qichqirdim, lekin hech kim meni eshitmadi. Men onamni chaqirdim. U esa javob bermasdi. Men uning oʻlganini bilganim yoʻq. Onamning oʻlganini meni qutqarishganidan keyin aytishdi", deydi Amira.
Amira hozir shifoxonada va haligacha bilmaydi, otasi, singillari va ukasi tiriklarmi yoki yoʻq.
Boshiga Amiranikidek kunlar tushgan odamlar Moʻsulda koʻp.
Sunʼiy yoʻldosh vayronalari tahliliga koʻra, Eski shahardagi 16 ming turar-joy binosining 5,5 tasi yoki har uchtadan bittasi butkul vayron etilgan yoki jiddiy buzilgan. Birgina oxirgi haftaning oʻzida 490 uy vayron qilindi.
Haqiqiy raqamlar bundan ham koʻp boʻlishi mumkin.
Shaharning vayron boʻlgan eng eʼtiborga sazovor binosi - An-Nuriy jomeʼ masjididir. Bu masjidda 2014 yil iblida IShID rahbari Abu Bakr Bagʻdodiy islomiy xalifat tashkil etilgani haqida eʼlon qilgan edi.
Iroq harbiylariga koʻra, masjidni 2017 yil iyunida portlatishgan. "Islomiy Davlat" jangarilari esa masjidni Amerika aviatsiyasi bombardimoni vayron qildi, deyishadi. Biroq buning isboti taqdim etilgani yoʻq.
An-Nuriy jomeʼ masjidi, 2014 yil iyuli.

Сурат манбаси, EPA
An-Nuriy jomeʼ masjidi, 2017 yil iyuli.

Сурат манбаси, Getty Images
Moʻsul shahrining ramzi hisoblangan, 800 yillik urush va janglardan omon qilgan An-Nuriy masjidining mashhur minorasi Al-Hadba 2017 yil 22 iyunida quladi.
Al-Hadba minorasi, 2017 yil 20 iyun kuni.

Сурат манбаси, Getty Images
Al-Hadba minorasi, 2017 yil 22 iyun kuni.

Сурат манбаси, Getty Images
Aholining ommaviy qochishi
Eng ogʻir fojea Moʻsul shahri aholisining boshiga tushdi.
Shu vaqtgacha ham halok boʻlgan moʻsulliklarning soni aniq emas.
BMTning 2017 yil yanvaridagi eng soʻnggi maʼlumotlariga koʻra, 2463 inson hayotdan koʻz yumgan. Biroq undan keyin Amnesty International tashkiloti birgina aviazarbalar oqibatida 5805 inson halok boʻlgani haqida xabar tarqatdi. Britaniya matbuotida paydo boʻlgan Kurd istihborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Moʻsul uchun kechgan janglar qariyb 40 ming insonning umriga zomin boʻlgan.
Halok boʻlganlarning jasadlari hamon topilmoqda. Shu bois nisbatan aniq maʼlumotlar keyinroq eʼlon etilishi mumkin.
Moʻsul oddiy yashovchilarining yarmi - qariyb 1 million inson harbiy amaliyotlar boshlanishidan oldin uylarini tashlab chiqishga majbur boʻlgan edilar. BMT maʼlumotlariga koʻra, ularning yarmi bolalardir. Aksar qismi - 700 ming kishi Moʻsulning hammadan koʻp shikastlangan gʻarbiy qismida istiqomat qilishgan.
Tinch fuqarolarni evakuatsiya qilish amaliyoti zamonaviy tarixdagi eng yirigi boʻlgan.
2017 yil avgustida 800 mingdan ortiq kishi majburiy qochqin deb koʻrilgan. Migratsiya boʻyicha xalqaro tashkilot maʼlumotlariga koʻra, ularning yarmidan koʻpi qochqinlar jamlogʻida boʻlishgan. Qolganlar yoki uylariga qaytishgan, yoki omon qolgan binolardagi doʻstlari yoki qarindoshlarinikida yashab yurishipti.
440 mingdan ortiq odam qochqinlar jamlogʻida yashamoqda

Сурат манбаси, .
Oxirgi oylarda eng koʻp shaharni tark etish kuzatildi.
Koʻp insonlar shahardan tashqariga chiqib ketgan boʻlsalar-da, oʻzlarining uylari vayron boʻlgan yana boshqa odamlar shaharning boshqa qismidagi binolarda yashab keldilar. Moʻsul shahrining ichida yashash joyini oʻzgartirgan oilalarning soni 100 dan ziyod oila deb koʻriladi.
BMT bilan hamkorlik qiladigan tashkilotlar maʼlumotlariga qaraganda, odam zich lagerlarda yashashni istamagan gʻarbiy moʻsulliklar sharqdagi doʻstlari yoki yaqinlarining uylariga koʻchib oʻtishgan. Natijada sharqiy Moʻsuldagi aholi soni ikki baravar koʻpaygan.
Jumana Najim Abdulloh - 35 yashar sartarosh. U Moʻsul gʻarbidagi jangarilardan qochib, oilasi bilan birga boʻlish uchun sharqqa koʻchib oʻtadi.
Eridan ajrashgan Jumanaga IShID ishlashni taqiqlagan. Biroq u oʻz uyida mijozlarga xizmat koʻrsatib pul ishlashga muvaffaq boʻlgan.
Jangarilar ketganidan keyin u ijaraga olgan sharqiy Moʻsuldagi xonadoniga koʻchib oʻtgan va goʻzallik salonini ochgan.

Сурат манбаси, UNHCR
"Men sartaroshlikni boshlagan birinchi odamman. Men bundan faxrlanaman. Meni, goʻzallik salonini ochish xavfli, deb ogohlantirishgan edi. Xayriyatki, hech qanday muammo boʻlmadi", deydi Jumana.
Yaqinda maktabga boradigan qizi bilan u sharqda qolmoqchi.
"Bu oʻzimning uyim boʻlmasa ham men shu yerda qolmoqchiman. Moʻsul gʻarbidagi uyimiz vayron boʻldi", deydi u.
Jumanadan farqli oʻlaroq, koʻplab oilalar shahardan ketishga qaror qildilar. Qariyb 3000 kishi poytaxt Bagʻdodga yoʻl olgan.
Moʻsuldan sharqda - bir yarim soatlik avtomobil yoʻli uzoqligida joylashgan Erbilda 2 ming oila joylashtirilgan. Janubdagi Bagʻdodga yaqinroq Saloh ad-Din tumaniga 1000 oila koʻchib oʻtgan.
Odamlar qachon va qayoqqa qochdilar?

Сурат манбаси, .
Moʻsulni ozod qilish amaliyotlari boshlangan vaqtda IShID Iroq shimolidagi kattagina hududni nazorat qilib turar, shu bois shahardan qochib chiqishga muvaffaq boʻlganlar janubga yoʻl olgandilar.
Iroq armiyasi Eski shahar qurshovga olganidan keyin mahalliy odamlarning yaqin-atrofdagi shaharlar yoki Moʻsul chetidagi joylarga oʻtishlari osonlashdi.
Shahar jangarilardan toʻla ozod etilganidan keyin fojeaning haqiqiy miqyosi ayonlashdi.
Endi Moʻsulni nima kutmoqda?
Iroq xavfsizlik kuchlari shahar ustidan nazoratni qoʻlga kiritganlaridan keyin ulkan shaharni qayta tiklash haqida gapira boshlandi.
Ammo Moʻsulni qayta qurish oson ish emas, ayniqsa, gʻarbiy Moʻsulni.
Buning uchun koʻp yillar va milliard dollarlik mablagʻ zarur boʻladi. Hozircha esa Iroq hukumati shahar hech boʻlmaganda moʻsulliklar qaytib yashashlari uchun xavfsiz boʻlib turishini xohlamoqda.
Hozircha halok boʻlgan insonlarning jasadlari qidirib topilmoqda, IShIDdan qolgan jangarilar, jinoyatchi guruhlar aʼzolari qidirilmoqda, shahar infratuzilmasini qayta tiklab, koʻcha va yoʻllarni portlovchi moddalardan tozalash ishlari amalga oshirilayotir.
Bir necha oylik qattiq janglardan keyin shahar portlamay qolgan artilleriya snaryadlari va qoʻl granatalariga toʻlib ketgan. Shahardagi koʻplab binolar hamon minalashtirilganicha turibdi.
Minalarni zararsizlantirish ishlari oʻtgan yilning oktyabrida boshlangan. Bu ishlarni muvofiqlashtirib turgan BMT missiyasi xabar qilishicha, oʻshandan buyon portlovchi moddalar portlashi oqibatida 1700 ga yaqin inson halok boʻlgan.
Britaniyadagi Mines Advisory Group (MAG) xayriya tashkiloti direktori Nina Siicharanning aytishicha, shaharning butun boshli tumanlari bu qadar koʻp minalashtirilgani oxirgi 20 yilda kuzatilmagan.
Moʻsuldan sharqda joylashgan bir qishloqning oʻzida sapyorlar uch hafta davomida 250 minani zararsizlantirganlar. Bu minalarning koʻplari avtomobilni portlatib yuboradigan darajada kuchli va hatto goʻdak bolaning harakati bilan ishga tushib ketadigan darajada nozik boʻlgan.
Moʻsuldagi tibbiy majmuani borib koʻrgan Xalqaro Migratsiya tashkiloti vakillari aytishicha, portlovchi moddalar shifoxona yoʻlaklarida yotipti, portlovchi modda oʻrnatilgan bir necha avtomobil esa bino yaqinida tashlab ketilgan.

Сурат манбаси, Getty Images
Koʻplarning fikricha, muammo faqat Moʻsulni qayta tiklashda emas.
Shaharning aksar aholisi sunniylardir. Iroq hukumati esa shia koʻpchiligi qoʻlida va bu hukumatning oʻz manfaatlari bor.
Mahalliy vaziyatni yaxshi biladigan faollar aytishicha, koʻp odamlar agar oʻzi yashagan joyga qaytsa, hukumati tomonidan taʼqibga tutilishidan mumkinligidan xavotirdalar.
"Mazmunli siyosiy muloqotning yoʻqligi" yangi zoʻravonliklarni keltirib chiqarishi mumkin, deya ogohlantirgan BMTning Iroq boʻyicha maxsus vakili Yan Kubish Xavfsizlik Kengashida qilgan maʼruzasida.
"Harbiy gʻalaba yutuqlarini barqarorlik, adolat va taraqqiyotga aylantirish uchun, odamlarga oʻz jamiyatlari va sharaflarini ortga qaytarish uchun hukumat qoʻlidan kelgan hamma ishni qilishi kerak", deb aytgan janob Kubish.
Oxirgi vaqtda shaharni qayta tiklashda mahalliy aholi vakillari ham ishtirok etayotganlari kuzatilmoqda.
Imkoni boricha tezroq shifoxona va maktablarni ochishga intilayotgan BMTning Taraqqiyot dasturi loyihalari mutaxassislariga oddiy odamlar koʻmak bermoqdalar. Ular foydalanishga yaroqli binolarni chiqindilardan tozalashda yordamlashayaptilar.
Moʻsulning Al-Zuhur mavzesidagi chorrahani tozalashda qatnashayotgan Ibrohim Mustafoning aytishicha, bu narsa shahar uchun najot boʻladi.
"Bu yerda Moʻsulda hech narsa qolmadi - ishlarimiz ham, uylarimiz ham, yashash uchun mablagʻimiz ham. Ammo hali bizning qalblarimiz bor. Qoʻshnilarimizning hammasi bir-biriga yordam berayapti. Shahrimizni qayta tiklash buning bir yoʻlidir".
Loyiha mualliflari: Lyusi Rojers, Nasson Stilianu va Deniyel Danford. Amira bilan intervyu: Xalqaro Migratsiya tashkiloti (IOM), Jumana bilan intervyu: Najim Abdulloh, BMT Qochqinlar boʻyicha Oliy Komissarligi (UNHCR).














