O‘zbekiston: Jurnalistlar nimadan norozi, ularni kim himoya qiladi?

Surat manbasi, Facebook/Anora Sodiq
Faollar O‘zbekistonda qonun ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan davlat idoralaridan shikoyat qilishmoqda. Ularga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda erkin fikrli jurnalist va blogerlarning sha’nini toptovchi shaxslar javobgarlikka tortilmayapti.
Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov jurnalist Anora Sodiqova "Mufasa" taxallusi bilan faoliyat yurituvchi bloger Mirsaid Haydarov ustidan mahkamaga murojaat qilganini xabar qildi.
"Murojaatda Anora bloger tomonidan ijtimoiy tarmoq, turli anonim kanallarda o‘z sha’ni, qadr-qimmati kamsitilgani va tuhmatga uchragani haqida bayon qiladi", deyiladi xabarda.
Tashanovning eslatishicha, 2024 yilning 9 fevralida 20 dan ortiq jamoat faollari o‘zbek mediasidagi "trolling, sha’n va qadr-qimmatni kamsitishga doir faktlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Axborot xavfsizligi Departamentiga murojaat" qilgan.
Murojaatlar tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi IIVning Kiberxavfsizlik boshqarmasiga hal qilish uchun yo‘llangan.
"Kiberxavfsizlik xodimlari biz faollar bilan uchrashdi, "Jo‘qqi jurnalistlar", "Telegraf" telegram kanallari, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi o‘nlab anonim profillar bo‘yicha mulohazalarimizni eshitishdi, tergovoldi surishtiruvlar boshladi. 20 dan ortiq faollar Ichki ishlar vazirligiga chaqirilib, jabrlanuvchi sifatida ulardan ko‘rsatmalar olindi", deydi huquqbon.
Taxminlar, dastlabki versiyalar va bu qilmishlarni sodir etayotgan shaxslar bo‘yicha tergovchilar bilan fikr almashilgan.
"Ularning aytishicha, Bosh prokuratura, DXX organi Kiberxavfsizlikka mazkur trolling kampaniyalari, ularning qonunbuzarlik qilmishlari borasida chora ko‘rish yuzasidan rasmiy xat bergan", deydi Tashanov.
Bu jarayonda faollar shikoyatida ko‘rsatgan anonim profillar va kanallar faoliyati deyarli to‘xtagan, ammo keyinchalik esa trollarning eski faoliyati yana jonlandi.
End of Aloqador mavzular:
Shubhaliki, xalq hisobidan kun ko‘rayotgan, odamlar o‘z xavfsizligi, tinchligini ishongan tuzilma vakillari shu xalqning o‘ziga qarshi yashirin yuz bilan kurashga kirishgandek.
Faollar shikoyati bo‘yicha Prezident devoni qoshidagi Axborot xavfsizligi Departamenti, Bosh prokuratura va Kiberxavfsizlik boshqarmalaridan rasmiy javob olmaganligi sababli, ularning ustidan mahkamaga arz qilishmoqchi.
"Biroq Administratsiya, Bosh prokuratura, Kiberxavfsizlik boshqarmalaridan rasmiy javoblar olmadik. Endilikda qonun ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan bu mo‘’tabar idoralarning fuqarolarning murojaatlari borasidagi qonunchilikni buzgani yuzasidan ma’muriy sudlarga shikoyatlar tayyorlayapmiz, huquqiy jarayonlarni boshlaymiz", deydi Abdurahmon Tashanov.
Kuzatuvchilar so‘nggi yillarda erkin fikrli jurnalist va blogerlarga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda haqorat va tuhmatlar soni ortib ketganini aytishmoqda.
Jurnalist Ilyos Safarovga ko‘ra, ayrim gumondorlarni Koreyadan tutib keltirayotgan hukumat, o‘nlab faollarning qonuniy arizasi bo‘yicha tayinli ish qilmasligi shubhali.
"Shubhaliki, xalq hisobidan kun ko‘rayotgan, odamlar o‘z xavfsizligi, tinchligini ishongan tuzilma vakillari shu xalqning o‘ziga qarshi yashirin yuz bilan kurashga kirishgandek xulosa uyg‘onmoqda. Yo‘qsa, mustaqil nashr o‘tkazgan bir tadbirni qora qilish, unda ishtirok etganlarni obro‘sizlantirish uchun buncha troll yollanishi boshqa birovga kerak ish emas. Ammo faollar ularning yo‘lidan bormaydi, ular kurashning qonun yo‘lidan og‘ishmaydi", deydi u.
"Qattiq sir tutishmoqda"
Boshqa tomondan tanqidiy fikr bildirgan faollar huquq tartibot idoralariga "suhbat"ga chaqirilishi va ayrim holatlarda ularning dom-daraksiz yo‘qolib qolish holatlari ham uchramoqda.
Xorij davlatlaridan birida istiqomat qiluvchi faol Asliddin Kamol unga tegishli bo‘lgan Telegramdagi Asliddin Kamol kanalining O‘zbekistondagi adminlaridan biri Og‘abek Jumanazarov 1 fevraldan beri yo‘qolib qolganini ma’lum qildi.
"3 fevral tongda uning telefonidan kirib, telegram kanalimga qilingan hujum oqibatida uch ming kishilik kanal bloklandi. Shu kundan buyon u va uning oila a’zolari bilan aloqa o‘rnatishga urinishlarimiz samarasiz ketyapti. Barchalarining telefonlari o‘chirilgan va g‘oyib bo‘lishgan. Bugun do‘stlarimiz, uning uyiga borishdi. Ammo, uyda hech kim yo‘q. Qo‘shnilar ham hech narsa bilmasliklarini aytib, hech qanday ma’lumot berishmadi", deb yozdi u.
Asliddin Kamolning aytishicha, Og‘abek Jumanazarovning qamoqqa olingan bo‘lishi ehtimoli katta va uning nima sabab bilan qamalganini hech kim bilmayapti.

Surat manbasi, Screenshot
Huquq tartibot idoralari ma’lumotlarni "qattiq sir tutishyapti", deydi u.
BBC IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosovga murojaat qildi.
"Odam o‘g‘irlanishi holati yuzasidan zudlik bilan IIOlariga yoki 102 raqamiga murojaat qilish kerak", deb javob berdi G‘iyosov.
BBC ning "Og‘abek Jumanazarovni huquq-tartibot idoralari ushlamaganmi?", degan savoliga multfilmdagi pandaning GIFini qo‘yib, "Huquqbuzarlik sodir etganmi?", degan qarshi savol orqali javob berdi.
Britaniyalik taniqli huquq himoyachisi Radha Sterling O‘zbekistondagi so‘nggi voqelar manzarasida mamlakat Karimov davriga qaytyapti, degan fikr bildirgan.












