Kiev: Qish oldidan Rossiya hujumlarini orttirmoqda

Surat manbasi, EPA
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Ukraina poytaxti Kievga o‘tgan tun Rossiya tarafidan qilingan havo hujumida 3 inson o‘lgan va kamida 32 kishi tan jarohati olgan.
Bu haqda shahar meri ma’lum qilgan.
Vitaliy Klichkoning aytishicha, ikki baland qavatli turar-joy binolari nishonga olingan.
Uning Telegram tarmog‘ida yozishicha, jarohatlanganlar orasida olti nafar bola ham bor.
Moskva meri Sergey Sobyaninning ma’lum qilishicha esa, yakshanba kuni Rossiya havo mudofaasi poytaxt tomon yo‘naltirilgan ikki dronni yo‘q qilgan.
Rossiyaning so‘nggi bombardimoni Moskva qish mavsumi oldi fuqarolik ob’ektlari va energiya infratuzilmasiga hujumlarni kuchaytirgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Ayni paytda Ukraina rasmiylari o‘tgan haftaning o‘zida 1 200 ga yaqin dron uchirilganini aytishgan.
Kiev rasmiylariga ko‘ra, shahar shimoliy-sharqidagi Desnyanskiy tumanida joylashgan to‘qqiz qavatli uyga dron kelib urilarkan, uch kishi halok bo‘lgan va 24 kishi yaralangan.
Kievdagi kamida yana uchta turar-joy binosiga zarar yetgani xabar qilindi. Rasmiylar aytishicha, jami yetti kishi, shu jumladan ikki bola shifoxonada davolanmoqda.
Rossiya 2022 yil bosqin boshlagan, hozirda Ukraina hududining taxminan beshdan bir qismini, jumladan Qrim yarimorolini nazorat qilmoqda. Qrim 2014 yilda anneksiya qilingandi.
Jabhada janglar davom etar ekan, juda katta oldinlash kuzatilmagan.
Ukraina esa, Rossiyaning harbiy quvvatini zaiflashtirish uchun uning harbiy uskunalar ishlab chiqarish zavodlari va iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan neft inshootlariga zarba berishni istaydi.
Diplomatiya ishlayaptimi?
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy yaqinda ittifoqdoshlariga murojaat qilib, qurolli kuchlariga uzoq masofali qurollar yetkazishni davom ettirishga chaqirgan.
Biroq u yaqinda Oq uyga safaridan hamda Yevropa Ittifoqi sammitidan quruq qo‘l bilan qaytgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa, Rossiyaning eng yirik neft kompaniyalariga qarshi yangi sanksiyalar joriy etdi.
Bu uning prezidentlikka qaytganidan beri ilk marta shunday qaror olgan. Yevropa Ittifoqi xuddi shunday amalga qo‘l urgan.
Trampning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralar natijasiz tugagan. Ayni paytda Ukraina urushi bo‘yicha Budapeshtda o‘tishi rejalangan uchrashuvni bekor qilgan.
Haftaning dam olish kunlari Osiyoga yo‘l olar ekan, Tramp "Putin bilan aloqasi yaxshi" ekanini, ammo "so‘nggi voqealar noxush" bo‘lganini aytdi va ularning uchrashuvi tinchlik kelishuvi ehtimoliga bog‘liqligini bildirdi.
Tramp Rossiyaning urushni to‘xtatish uchun qo‘yayotgan shartlaridan xafsalasi pir bo‘lgan.
Avgust oyida Alyaskada o‘tkazilgan sammit ham aniq natija bilan yakun topmagan edi.

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
AQSh prezidenti avvalroq Moskvaga nisbatan yangi sanksiyalar Yevropalik ittifoqchilarining Rossiyadan energiya importini qisqartirishganiga bog‘liq ekanini aytgan. YeI buni 2028 yilgacha amalga oshirishga va’da bergan.
Zelenskiy tinchlik muzokaralariga yo‘l ochish uchun hozirgi jabha chiziqlari bo‘ylab janglarni to‘xtatish borasidagi AQShning taklifini qabul qilgan.
Ammo Ukraina qo‘shinlarini Donbass mintaqasidan to‘liq chiqib ketish borasidagi Rossiya talabiga rozi bo‘lmagan.
Rossiyaning yuqori darajali vakili Kirill Dmitriev juma va shanba kunlari Vashingtonda AQSh rasmiylari bilan uchrashdi. U CNN telekanaliga gapirarkan, Rossiya, Ukraina va AQSh urushni tugatish bo‘yicha diplomatik yechimga yaqin ekaniga ishonishini aytdi.
"Prezident Zelenskiyning bu jabha chiziqlariga bog‘liq ekanini tan olishi katta qadam", deb aytgan Dmitriev.
"Bilasiz, uning avvalgi mavqei Rossiya butunlay chiqib ketishi kerakligi edi. Shuning uchun, biz diplomatik yechimga ancha yaqinmiz deb o‘ylayman".
Shu orada, Rossiya yakshanba kuni yadroviy quvvatda ishlaydigan raketa sinovini o‘tkazganini ma’lum qildi.
Rossiyaga ko‘ra, bu raketa cheksiz masofaga uchish imkoniyatiga ega va har qanday raketalardan himoya tizimini aylanib o‘tish imkoniyatiga ega.
Putin tinchlik borasida jiddiy emas.
Ittifoqchilar Rossiya nefti va gazini global bozordan chiqarishmoqchi
Ukrainani qo‘llab-quvvatlayotgan 20 dan ortiq davlat Rossiya nefti va gazini jahon bozoridan chiqarishga kelishishgan.
Bundan maqsad Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bosim o‘tkazib, urushni tugatish majbur etishdir.
Yaqin kunlarda Buyuk Britaniya va AQSh Rossiyaning ikki yirik neft shirkatiga sanksiyalar joriy etishdi.
Londonga ham safar qilgan Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga "bosim" harbiy amaliyotlarni to‘xtatishning yagona usuli deb aytgan.
London sammitidan keyingi matbuot anjumanida Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer "Putin tinchlik borasida jiddiy emas", deb aytdi.
Unga ko‘ra, shu bois, ittifoqchilar Ukraina qo‘llab quvvatlash uchun "yilning qolgan qismidagi aniq rejalar" bo‘yicha kelishishgan.












