AQSh bilan savdo urushida Xitoy qo‘lidagi to‘rt qarta

Vashingtonga Xitoyni burchakka tiqish oson bo‘lmaydi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Vashingtonga Xitoyni burchakka tiqish oson bo‘lmaydi
    • Author, Ko Eve
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo urushi qizg‘in pallaga kirdi.

Xitoyning AQShga eksporti 245 foizgacha boj to‘lashi kerak, Pekin esa Amerika importiga 125 foizlik boj bilan javob qaytardi. Iste’molchilar, shirkatlar va bozorlar global inqiroz xavfi kuchaygan sayin battarroq sharoitga tayyorlanmoqda.

Xitoy raisi Si Szinpin hukumati muloqotga tayyor ekanini bir necha bor ta’kidlagan, ammo zarur bo‘lsa, "oxirigacha kurashishi" haqida ogohlantirgan.

Quyida Pekinning AQSh prezidenti Donald Tramp bojlariga qarshi arsenalida nimalar borligi haqida so‘z yuritamiz.

Xitoy bardosh bera oladi (ma’lum darajagacha)

Trampdan farqli o‘laroq, Si Xitoy xalqi oldida saylov orqali javobgar emas

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Trampdan farqli o‘laroq, Si Xitoy xalqi oldida saylov orqali javobgar emas

Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot bo‘lgani uchun tariflar ta’sirini boshqa kichikroq mamlakatlarga qaraganda yaxshiroq qabul qila oladi.

Milliarddan ortiq aholiga ega bo‘lgan bu davlatning ulkan ichki bozori bor va u tariflardan aziyat chekayotgan eksportchilar og‘irini yengillashtirishi mumkin.

Xitoyliklar yetarlicha pul sarflamayapti, bu esa Pekin uchun muammo. Ammo maishiy texnika uchun subsidiyalardan tortib sayohatchi nafaqaxo‘rlar uchun "kumush poezdlar"gacha bo‘lgan bir qator rag‘batlantiruvchi choralar bilan bu o‘zgarishi mumkin.

Trampning bojlari Xitoy Kommunistik partiyasiga mamlakat iste’mol salohiyatini ochish uchun yanada kuchli turtki berdi.

Rahbariyat "AQSh tajovuzkorligiga yon bermaslik uchun qiyinchiliklarga bardosh berishga tayyor bo‘lishi mumkin," dedi Vashingtondagi Peterson institutining AQSh-Xitoy savdo bo‘yicha mutaxassisi Meri Lavli shu oy boshida BBC Newshour'ga.

Xitoy, shuningdek, avtoritar rejim sifatida qiyinchiliklarni ko‘proq ko‘tara oladi, chunki u qisqa muddatli jamoatchilik fikridan unchalik xavotirlanmaydi. Yaqin kelajakda uning rahbarlari taqdirini hal qiladigan saylov yo‘q.

Shunga qaramay, tartibsizliklar xavotir uyg‘otmoqda, ayniqsa davom etayotgan ko‘chmas mulk inqirozi va ish o‘rinlari yo‘qolishidan norozilik bor.

Tariflar tufayli yuzaga kelgan iqtisodiy noaniqlik faqat o‘sib borayotgan Xitoyni ko‘rgan yoshlar uchun yana bir zarba bo‘ldi.

Partiya o‘zining javob tariflarini oqlash uchun millatchilik kayfiyatiga tayanmoqda, davlat ommaviy axborot vositalari esa odamlarni "qiyinchiliklarni birgalikda yengishga" chaqirmoqda.

Rais Si Szinpin xavotirda bo‘lishi mumkin, ammo hozircha Pekin qat’iy va ishonchli ohangda gapirmoqda. Bir amaldor mamlakatni ishontirib: "Osmon qulab tushmaydi," dedi.

Xitoy kelajakka sarmoya qo‘ymoqda

Xitoy elektromobillardan tortib sun’iy intellektgacha bo‘lgan rivojlanayotgan sohalarga katta e’tibor qaratmoqda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy elektromobillardan tortib sun’iy intellektgacha bo‘lgan rivojlanayotgan sohalarga katta e’tibor qaratmoqda

Xitoy har doim jahon fabrikasi sifatida tanilgan, ammo u ancha ilg‘or ishlab chiqarishga aylanish uchun milliardlab mablag‘ sarflamoqda.

Si davrida u texnologik ustunlik uchun AQSh bilan bellasha boshladi.

U qayta tiklanadigan energiya manbalaridan tortib chiplaru, sun’iy intellektgacha bo‘lgan mahalliy texnologiyalarga katta sarmoya kiritdi.

Bunga misol qilib, ChatGPT'ning kuchli raqibi sifatida e’tirof etilgan DeepSeek chatbotini va o‘tgan yili Teslani ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisiga aylangan BYD'ni keltirish mumkin. Apple o‘zining qimmatli bozor ulushini Huawei va Vivo kabi mahalliy raqobatchilarga boy berib kelmoqda.

Getty Images
Xitoy AQSH davlat obligatsiyalariga faqat ma’lum bir darajagacha bosim o‘tkaza oladi, Xitoyda moliyaviy qurol emas, muzokaralar uchun vosita bor.
Doktor Chjan
Iqtisodchi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Yaqinda Pekin sun’iy intellekt sohasidagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgusi o‘n yil ichida 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflashni rejalashtirayotganini e’lon qildi.

AQSh kompaniyalari o‘z ta’minot zanjirlarini Xitoydan uzoqlashtirishga harakat qilishdi, ammo ular boshqa joylarda xuddi shunday ko‘lamdagi infratuzilma va malakali ishchi kuchini topishga qiynalmoqda.

Xitoylik ishlab chiqaruvchilar ta’minot zanjirining har bir qismida mamlakatga o‘nlab yillar davomida shakllangan ustunliklarni bermoqda.

Ta’minot zanjiridagi tengsiz tajriba va hukumatning qo‘llab-quvvatlashi Xitoyni ushbu savdo urushida kuchli raqibga aylantirdi, Pekin qaysidir ma’noda bunga Trampning oldingi davridan beri tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Tramp 1.0 saboqlari

Si yaqinda Janubiy Sharqiy Osiyoga diplomatik safar uyushtirib, asosiy savdo hamkorlari bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qildi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Si yaqinda Janubiy Sharqiy Osiyoga diplomatik safar uyushtirib, asosiy savdo hamkorlari bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat qildi

2018 yilda Tramp bojlari Xitoy quyosh panellariga ta’sir ko‘rsatganidan beri Pekin AQSh boshchiligidagi dunyo tartibotidan tashqari kelajak rejalarini tezlashtirdi.

U Global Janub bilan aloqalarni mustahkamlash uchun "Bir makon, bir yo‘l" deb nomlangan bahsli savdo va infratuzilma dasturiga milliardlab mablag‘ sarfladi.

Janubi-Sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika bilan savdoning kengayishi Xitoyning AQShga qaramlikdan qutulishga urinishi bilan bog‘liq.

Amerikalik fermerlar bir paytlar Xitoyga soyaning 40 foizini yetkazib bergan – hozir bu ko‘rsatkich 20 foizni tashkil etadi. So‘nggi savdo urushidan so‘ng Pekin o‘z hududida soya yetishtirishni kuchaytirdi va hozirda o‘zining eng yirik soya yetkazib beruvchisi bo‘lgan Braziliyadan rekord darajada hosil sotib olmoqda.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

"Bu taktika bir o‘q bilan ikki quyonni uradi. U Amerikaning qishloq xo‘jaligini bir vaqtlar mustahkam o‘rnashgan bozordan mahrum qiladi va Xitoyning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha obro‘sini oshiradi," deydi Sidney Texnologiya universiteti Avstraliya-Xitoy munosabatlari instituti dotsenti Marina Yu Chjan.

AQSh endi Xitoyning eng yirik eksport bozori emas: bu o‘rin hozir Janubi-Sharqiy Osiyoga tegishli. Aslida, Xitoy 2023 yilda 60 ta davlat uchun eng yirik savdo hamkori edi – bu AQShnikidan deyarli ikki baravar ko‘p. Dunyodagi eng yirik eksportchi sifatida, u 2024 yil oxirida rekord darajadagi 1 trillion dollar profitsitga erishdi.

Bu dunyoning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan AQSh Xitoy uchun muhim savdo hamkori emasligini anglatmaydi. Ammo bu Vashington uchun Xitoyni qiyin ahvolga solib qo‘yish oson bo‘lmasligini ko‘rsatadi.

Oq uy Xitoyni izolyatsiya qilish uchun ikki tomonlama savdo muzokaralaridan foydalanishi haqidagi xabarlardan so‘ng Pekin davlatlarni "Xitoy manfaatlariga zarar yetkazuvchi kelishuvga borishdan" ogohlantirdi.

Bu dunyo mamlakatlarining aksariyati uchun imkonsiz tanlov bo‘lardi.

"Biz [Xitoy va AQSh o‘rtasida] tanlay olmaymiz va hech qachon tanlamaymiz," dedi Malayziya savdo vaziri Tengku Zafrul Aziz o‘tgan hafta Bi-bi-si bilan suhbatda.

Xitoy endi Tramp qachon chekinishini biladi

Tramp ko‘plab davlatlarga nisbatan yuqori boj to‘lovlarini joriy etganini e’lon qilganda, AQSh hukumat obligatsiyalari bozorida keskin sotuvlar kuzatildi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tramp ko‘plab davlatlarga nisbatan yuqori boj to‘lovlarini joriy etganini e’lon qilganda, AQSh hukumat obligatsiyalari bozorida keskin sotuvlar kuzatildi

Tramp aprel oyi boshida keng qamrovli tariflarni e’lon qilganidan so‘ng aktsiyalar keskin tushib ketganiga qaramay, tariflarni "dori-darmon"ga qiyosladi.

Ammo u AQSh davlat obligatsiyalari tez sotila boshlagandan keyin ushbu tariflarning aksariyatini 90 kunga to‘xtatib qo‘ydi. Bu obligatsiyalarga uzoq vaqtdan beri xavfsiz investitsiya sifatida qaralgan. Biroq savdo urushi bu aktivlarga bo‘lgan ishonchni susaytirdi.

Shundan so‘ng Tramp Xitoy bilan savdo ziddiyati pasayishiga ishora qilib, Xitoy tovarlariga bojlar "sezilarli darajada pasayishini, ammo nolga teng bo‘lmasligini" aytdi.

Demak, ekspertlar ta’kidlashicha, Pekin obligatsiyalar bozori Trampni dovdiratib qo‘yishi mumkinligini bilib qoldi.

Xitoy, shuningdek, AQSh davlat obligatsiyalarida 700 milliard dollarga ega. Amerikaning sodiq ittifoqchisi bo‘lgan Yaponiya bundan ko‘prog‘iga egalik qiladi.

Ba’zilar fikricha, bu Pekin uchun ta’sir vositasi bo‘ladi: Xitoy ommaviy axborot vositalari muntazam ravishda AQSh obligatsiyalarini "qurol" sifatida sotish yoki sotib olmaslik g‘oyasini ilgari surgan.

Ammo mutaxassislar ogohlantirishicha, Xitoy bunday vaziyatdan beziyon chiqib ketolmaydi.

Aksincha, bu Pekinning obligatsiyalar bozoriga qilgan investitsiyalari uchun katta yo‘qotishlarga olib keladi va Xitoy yuanini beqarorlashtiradi.

Xitoy AQSh davlat obligatsiyalariga "faqat ma’lum bir darajagacha" bosim o‘tkaza oladi, deydi doktor Chjan. "Xitoyda moliyaviy qurol emas, muzokaralar uchun vosita bor."

Noyob elementlar ustidan nazorat

Xitoy qurolga aylantirishi mumkin bo‘lgan narsa – uning ilg‘or texnologiya ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan noyob yer elementlarini qazib olish va qayta ishlashda deyarli monopolligidir.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Xitoy qurolga aylantirishi mumkin bo‘lgan narsa – uning ilg‘or texnologiya ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan noyob yer elementlarini qazib olish va qayta ishlashda deyarli monopolligidir.

Biroq, Xitoy qurolga aylantirishi mumkin bo‘lgan narsa – uning ilg‘or texnologiya ishlab chiqarish uchun muhim bo‘lgan noyob yer elementlarini qazib olish va qayta ishlashda deyarli monopolligidir.

Xitoyda elektromobillar va shamol turbinalaridagi magnitlarda ishlatiladigan disproziy va reaktiv dvigatellar uchun issiqlikka chidamli qoplama beradigan ittriy kabi ulkan konlar mavjud.

Pekin Trampning so‘nggi bojlariga allaqachon yettita noyob yer elementi, jumladan, sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lganlarini eksport qilishni cheklash bilan javob berdi.

Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, noyob yer elementlarini qazib olishning qariyb 61 foizi va qayta ishlashning 92 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.

Avstraliya, Yaponiya va Vьetnam noyob yerlarni qazib olishni boshlagan bo‘lsa-da, Xitoyning ta’minot zanjiridan chiqarilishi uchun yillar kerak bo‘ladi.

2024 yilda Xitoy turli ishlab chiqarish jarayonlari uchun muhim bo‘lgan yana bir muhim mineral – surma eksportini taqiqladi. Vahimali xaridlar to‘lqini va muqobil yetkazib beruvchilarni izlash natijasida uning narxi ikki baravardan ko‘proq oshdi.

Xavotir shundaki, xuddi shu narsa noyob yer elementlari bozorida sodir bo‘lishi mumkin, bu esa elektr transport vositalaridan mudofaagacha bo‘lgan turli sohalarni jiddiy izdan chiqaradi.

"Siz yoqishingiz yoki o‘chirishingiz mumkin bo‘lgan har qanday narsa, ehtimol, noyob yer elementlari yordamida ishlaydi," dedi avvalroq Bi-bi-si bilan suhbatda "Ginger International Trade and Investment" direktori Tomas Kryummer.

"AQSh mudofaa sanoatiga ta’siri juda katta bo‘ladi."