Rossiya: Tug‘ishni rag‘batlantirish siyosati qanday ziddiyatni keltirib chiqardi?

Homilador ayol qorni

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 25 yoshdan kichik talabalar va Rossiyaning uch hududida maktab o‘quvchi qizlari ham to‘lov olishga haqlilar
    • Author, Yaroslava Kiryuxina
    • Role, Bi-bi-si Rus xizmati
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiyada homilador talabalarga, shu jumladan, maktab o‘quvchilariga ham pul berish bo‘yicha yangi dasturlar bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Tanqidchilar bu dasturlar mamlakatdagi pasayib borayotgan tug‘ilish darajasini oshirish yo‘lida o‘smirlar orasida homiladorlikni rag‘batlantirib qo‘yishi mumkinligini ta’kidlashadi.

Bi-bi-si Rus xizmati hisobiga ko‘ra, 2025 yil yanvaridan beri 27 ta hududda kunduzgi oliy ta’lim muassasalarining homilador talabalari bir martalik to‘lov olishi mumkin bo‘lgan dasturlar joriy etildi.

Aloqador mavzular

Ko‘pchilik hududlarda 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar bu dasturdan foydalanishi mumkin. To‘lovlar mintaqalar bo‘yicha farq qilsa-da, ko‘p joylarda 100 ming rubl (1210 dollar) miqdorida belgilangan.

Mehnat vazirligining fevral oyidagi buyrug‘ida "tug‘ilish darajasini oshirish bo‘yicha mintaqaviy dasturlar" doirasida homilador talabalarga to‘lovlar berilishi nazarda tutilgan.

"Qahramonlik emas, fojia"

Eng bahsli jihati shundaki, Oryol, Bryansk va Kemerovo viloyatlari o‘z dasturlarini maktablardagi homilador qizlarga ham tatbiq etgan. Bu 18 yosh va undan kichik o‘smirlarga taalluqli bo‘lib, eng past yosh chegarasi belgilanmagan. Rossiyada jinsiy aloqaga rozilikning qonuniy yoshi 16 yosh hisoblanadi.

Prezident Vladimir Putin hukumatiga sodiq bo‘lgan Rossiya Davlat Dumasi a’zosi Kseniya Goryacheva bunday siyosatni tanqid qildi.

"Bola bolani dunyoga keltirishi qahramonlik emas, fojia, – dedi u. – Demografik statistikani yaxshilash uchun bolalarning soddadilligidan foydalanmaylik."

Katta odam qo‘lini ushlab yotgan chaqaloq

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2024 yilgi statistika oxirgi 25 yilga solishtirganda Rossiyada eng kam tug‘ilishni qayd etdi

Dumaning oilaviy huquqlar bo‘yicha taniqli himoyachisi Nina Ostanina bunday to‘lovlar "erta tug‘ishni targ‘ib qilish" deb qabul qilinishi mumkinligini, bu esa "an’anaviy qadriyatlarga" zid ekanligini ta’kidladi. U hukumat 18 yoshdan kichik qizlarni tug‘ishga undamayotganini alohida qayd etdi.

Oryol viloyati gubernatori Andrey Klichkov esa bu chorani "qiyin hayotiy vaziyatga tushib qolgan odamlarni qo‘llab-quvvatlash usuli" deb hisoblash kerakligini, u federal darajada tasdiqlangani va shov-shuvli sarlavhalar uchun yangilik emasligini aytdi.

"Millat uchun halokat"

O‘tgan yili Rossiyada so‘nggi 25 yil ichidagi eng kam – atigi 1,2 million bola tug‘ildi.

Iyul oyida Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov tug‘ilish darajasini "juda past" va "millat kelajagi uchun halokatli" deb ta’rifladi.

Rossiya statistika agentligi "Rosstat" bashoratiga ko‘ra, 2046 yilga kelib mamlakat aholisi 2023 yil boshidagi 146 milliondan 139 milliongacha kamayishi mumkin.

Demografiya masalasi ko‘p yillardan beri Rossiya Prezidenti Vladimir Putin nutqlarining asosiy mavzularidan biri bo‘lib keladi.

Dekabr oyidagi nutqida u "demografik vaziyatni yaxshilash, tug‘ilish darajasini oshirish va ko‘p bolali oilalarni qo‘llab-quvvatlash" "bizning ustuvor milliy maqsadimiz" deb ta’kidladi.

2013 yili tug‘ruqxonalardan biriga tashrif buyurgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, 2013 yili tug‘ruqxonalardan biriga tashrif buyurgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ko‘p yillardan demografiya muammosiga e’tibor qaratib keladi

So‘nggi oylarda ayollarni ertaroq oila qurishga undovchi chaqiriqlar ham ko‘paydi.

Fevral oyida bo‘lib o‘tgan milliy anjumanda so‘zga chiqqan Rossiya Fanlar akademiyasi professori Igor Kogan rossiyalik qizning birinchi jinsiy tajribasi – uning aytishicha, odatda 16 yoshda sodir bo‘ladi – "homiladorlik va muvaffaqiyatli tug‘ruq bilan yakunlanishi kerak" degan fikrni bildirdi.

Keyinchalik u bu fikrni aniqlashtirdi va buning uchun "normal" yosh 19 yoshdan 22 yoshgacha ekanligini nazarda tutganini aytdi.

Onalik kapitali

Iqtibos

Surat manbasi, .

Hozircha faqat oz sonli ayollar yangi to‘lovlarni olishdi.

Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyidan beri Rossiyaning turli hududlarida 66 nafar homilador talaba 20 mingdan 150 ming rublgacha (242 dollardan 1815 dollargacha) miqdorida to‘lov olgan.

Mehnat vaziri Anton Kotyakov aprel oyida to‘lovlar erta tug‘ruqni rag‘batlantirish uchun emas, balki qiyin vaziyatlarga tushib qolgan yosh onalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan dedi.

"Davlat yordami unga muhtoj bo‘lgan barcha onalarga yo‘naltirilishi kerak. Har qanday yoshda ham insonni u duch kelayotgan hayotiy vaziyatda yolg‘iz qoldirmasligimiz lozim."

Yangi to‘lovlar mavjud dasturlarga, jumladan, 2007 yilda joriy etilgan "onalik kapitali" to‘loviga qo‘shimcha hisoblanadi. Bu to‘lov dastlab ikkinchi farzand uchun berilardi, ammo keyinchalik birinchi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun ham kengaytirildi.

Hozirda oilalar birinchi farzandi uchun 690 ming rubl (8349 dollar), ikkinchisi uchun esa 222 ming rubl (2686 dollar) oladi. Talabalar va maktab o‘quvchi qizlarga beriladigan yangi to‘lovlar bularga qo‘shimcha amalga oshiriladi.

Keng tarqalgan tendentsiya

Tug‘ilish darajasi pasayishi va ayollarning kechroq oila qurishi, ayniqsa, boy mamlakatlarda keng tarqalgan tendentsiya hisoblanadi.

Biroq, 1990-yillardagi post-sovet iqtisodiy va siyosiy beqarorligi davrida Rossiyada tug‘ilish soni 1990 yildagi ikki milliondan 1999 yilda 1,2 milliongacha keskin kamaydi.

2000 yildan keyin bu ko‘rsatkich yana o‘sdi, ammo 2016 yildan beri pasaymoqda – qisman 1990- yillarda tug‘ilgan avlodning kamligi, shuningdek, har bir ayolga to‘g‘ri keladigan bolalar soni kamayishi sababli.

Rossiyada tug‘ilish darajasi har bir ayolga 1,4 atrofida – Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) 2022-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, bu Italiyadagi 1,2 dan yuqori, ammo Frantsiyadagi 1,8 dan past. Mamlakatlar o‘z aholisini saqlab qolishi uchun – immigratsiyani hisobga olmaganda – bu ko‘rsatkich 2,1 atrofida bo‘lishi lozim.

Rossiyada ba’zi kuzatuvchilar iqtisodiy noaniqlik, shuningdek, urushga safarbar qilingan yoki harbiy xizmatdan qochish uchun mamlakatni tark etgan rus erkaklari sonini ta’kidlab, Ukraina urushiga ishora qilishadi.

"Qisqa o‘sish, so‘ng pasayish"

Mutaxassislar ta’kidlashicha, hukumatlarning demografik tendentsiyalarni o‘zgartirish bo‘yicha sa’y-harakatlari uzoq muddatda kamdan-kam hollarda samarali bo‘ladi.

"To‘ng‘ich farzandlar tug‘ilishini rag‘batlantirishga urinishlar so‘nggi o‘n yilliklarda Rossiyada ham, xorijda ham, hech qaerda natija bermagan," deydi rossiyalik mustaqil demograf Aleksey Raksha.

Parkda bolasini emizib, mobil telefoniga qarab o‘tirgan yosh ona

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ekspertlarga ko‘ra, bolali bo‘lish qaroriga ta’sir ko‘rsatadigan eng asosiy omil moliyaviy xavfsizlikdir

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi bola uchun ona kapitali joriy etilishi Rossiyada dastlab tug‘ilish darajasini oshirgan.

Oksford universitetining oilaviy demografiya bo‘yicha faxriy professori Jon Ermishning aytishicha, moliyaviy rag‘batlar ta’siri odatda vaqtinchalik bo‘ladi: "Qisqa o‘sish kuzatiladi, keyin pasayish boshlanadi."

U 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar o‘rtasida tug‘ilish darajasini oshirishga urinish g‘oyasiga yanada shubha bilan qaraydi.

"Buyuk Britaniya va AQShda o‘smirlar homiladorligini kamaytirish maqsad qilingan, chunki bu ko‘pincha ijtimoiy muammolarga olib keladi va ona sog‘lig‘iga zarar yetkazadi – ba’zi hukumatlar umid qilganidek, katta oilalarga olib bormaydi," deydi u.

Ikkala ekspert ham keng qamrovli moliyaviy barqarorlik muhim rol o‘ynashini ta’kidlaydi.

"Barqarorlik hissi bo‘lmasa, – deydi professor Ermish, – ayollar hech qanday pul evaziga bola tug‘maydi."