Rossiya-O‘zbekiston: Migrantlar jo‘natadigan pulga o‘lpon solishmoqchi – bu amalga oshadigan taklifmi va undan eng ko‘p zarar kimga bo‘ladi?

pul

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Tashabbus muallifi bo‘lmish Sergey Mironov migrantlar "tashqariga pul olib chiqib ketayotgani"dan xavotir bildirgan.
O'qilish vaqti: 5 daq

Rossiyada mehnat muhojirlari o‘z vataniga yuboradigan pul o‘tkazmalariga boj joriy etish taklifi ko‘rib chiqilishi xabar qilindi. BBC suhbatdoshlari bu tashabbus amalga oshgan holda, undan kim ko‘proq zarar ko‘rishini tahlil qilib berdi.

Migrantlar pul o‘tkazmalariga o‘lpon solish tashabbusi 'Adolatli Rossiya – Haqiqat uchunʼ partiyasi yetakchisi Sergey Mironov tomonidan ilgari surilgan.

Migratsiyaga oid siyosatni yanada qattiqlashtirishga qaratilgan tashabbuslari bilan tanilgan Mironov pul "tashqariga chiqib ketayotgani"dan xavotir bildirgan.

BBC'ga gapirgan iqtisodchi Saparboy Jubaevning so‘zlariga ko‘ra, bu taklifning amalga oshish ehtimoli yuqori emas.

Migrantlar huquqlari faoli Botirjon Shermuhammad esa, mehnat muhojirlari o‘zi shundoq ham turli to‘lov-soliqlar bilan Rossiya iqtisodiyotiga katta foyda keltirmoqda, deydi.

Shuningdek, u tashabbus amalga oshirilgan taqdirda, Rossiya bundan yutmasligini ham ta’kidlaydi.

Mironov nimani taklif qilmoqda?

Rossiya parlamenti vakili birgina o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik migrantlar o‘tgan 2024 yilda o‘z yurtlariga $14 milliarddan ziyod pul yuborganini tilga olgan.

O‘zining Telegramʼdagi kanalida qoldirgan postida u migrantlarning "juda katta qismi hech qanday soliq to‘lamasligi"ni da’vo qilgan.

"2021 yilda hukumatda pul o‘tkazmalariga qo‘shimcha komissiya joriy etish masalasi muhokama qilingan edi, biroq Moliya vazirligi bu ishni cho‘zib yubordi. Rossiya fuqarolari uchun tariflar, aktsizlar va yig‘imlarni oshirish haqida gap ketsa, amaldorlarimiz darhol harakatga tushadi, lekin chet elliklarga tegishli masala bo‘lsa, birdan sustkashlik qilishni boshlashadi", shikoyat qilgan siyosiy partiya yetakchisi.

Mironov "ko‘pchiligi soliq to‘lamaydigan migrantlar"dan byudjetga tushum olib kelish yo‘lida ular o‘z vataniga yuborayotgan pul o‘tkazmalariga 3 foizlik boj solish zaruriyatini ilgari surgan.

Duma.gov.ru
...agar 3% boj joriy etilsa, faqat Qirgʻiziston va Oʻzbekistonga pul oʻtkazmalaridan gʻaznaga 45 milliard rubldan ortiq mablagʻ tushgan boʻlardi. Bizga bunday pul kerak emasmi?
Sergey Mironov
'Adolatli Rossiya' siyosiy partiyasi yetakchisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"… agar 3% boj joriy etilsa, faqat ikki davlat – Qirg‘iziston va O‘zbekistonga jo‘natilgan pul o‘tkazmalaridan davlat g‘aznasiga 45 milliard rubldan ortiq mablag‘ tushgan bo‘lardi. Bizga bunday pul kerak emasmi? Qonunchilik tashabbusini tayyorlab, Davlat Dumasi muhokamasiga kiritamiz", degan u.

"Soliq to‘lamaydi, degani bekor gap"

BBC'ga gapirgan iqtisodchi Saparboy Jubaevning so‘zlariga ko‘ra, Mironovning tashabbusi "na Rossiyaning, na butun dunyoning qonunlariga to‘g‘ri kelmaydi".

"Chunki odamlar oylik olganda, hamma soliqlar to‘langan bo‘ladi. Mironov migrantlar soliq to‘lamayapti, deyapti. Soliqlarning to‘lanishi bu endi rossiyalik ish beruvchilarning majburiyati. Bizning o‘zbekistonliklar menga soliq to‘lamasdan oylik ber, demaydiku? Shuning uchun Mironovning soliq to‘lamaydi, degani bo‘lmagan gap".

Iqtisodchi, shuningdek, mehnat muhojirlari pul o‘tkazgan vaqt shundoq ham salmoqli to‘lovlarga tortilishini ta’kidlaydi.

"Pulni o‘tkazgan vaqtda Rossiya banklari 2-3 foizlab juda yaxshi komissiya oladi. Masalan, Zolotaya Korona $1,000 o‘tkazilsa, taxminan, $40 komissiya puli oladi. Umuman olganda, banklar yaxshi daromad qilishyapti. Endi bu Mironovning bir populistcha gapi. O‘ylashimcha, bunga Siluanov [Anton Siluanov, Rossiya moliya vaziri – tahr.] ham, Nabiullina [Elvira Nabiullina, Rossiya Markaziy banki raisi – tahr.] ham ko‘nmaydi".

BBC'ning boshqa bir suhbatdoshi – Migrant.uz loyihasi asoschisi Botirjon Shermuhammad mehnat migrantlari shundoq ham Rossiya byudjeti tushumlariga salmoqli hissa qo‘shishini tilga oladi.

"Avvalo Rossiya iqtisodiyoti muhojirlardan arzon ishchi kuchi sifatida foyda ko‘ryapti. Boshqa tomondan esa ular Rossiyada ishlab topganining kamida 40 foizini o‘sha yerda yashash xarajatlari uchun sarflaydilar".

Migrantlar huquqlari faoli ham Mironovning migrantlarning katta qismi soliq to‘lamaydi qabilidagi fikriga qo‘shilmasligini bildiradi.

Facebook
Bahodirlarimiz ham 13 foizlik daromad soligʻi, ham patent toʻlayapti. Bundan tashqari pensiya toʻlovi ham bor. Umuman, migrantlar Rossiya byudjetiga yaxshigina foyda keltiryapti.
Botirjon Shermuhammad
Migrant.uz loyihasi asoschisi (Batafsil: bbc.com/uzbek)

"Yaqinda Rossiya ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy katta intervyu berdi. Unga ko‘ra, Rossiyada hozirgi kunda 6,3 million chet fuqarolari mavjud. Ulardan 670 mingi noqonuniy muhojirlar. Bu degani ularning juda katta qismi Rossiyada qonuniy bo‘lib turibdi. Oxirgi paytda noqonuniy muhojirlar soni ancha kamaydi".

Shermuhammad, shuningdek, mehnat faoliyati davomida migrantlar salmoqli to‘lovlarga tortilishi haqida gapiradi.

"Birinchidan, patent orqali hali ishlamasdan, daromad qilmasdan oldindan majburiy to‘lov olyapti. Patent miqdori regionlardagi o‘rtacha ish haqidan kelib chiqib hisoblangan. Bu degani bahodirlarimiz, kamida, o‘rtacha Rossiya fuqarosi sifatida oldindan har oy pul to‘layapti".

"Ikkinchidan, qo‘shimcha 13 foiz daromad solig‘i to‘layapti. Ya’ni ular ikki bor daromad solig‘i to‘layapti. Chunki patent amalda avans o‘laroq oldindan to‘lanadigan daromad solig‘i. Davlat 13 foizlik daromad solig‘ini qaytarib berishi kerak, lekin uning shartlari oson emas. Shu sabab muhojirlarimizning asosiy qismi ikki karra daromad solig‘i to‘layapti. Yana ish beruvchi muhojirlar haqidan, adashmasam, 23-24 foizini pensiyaga beradi. Muhojirlarimizning ko‘p qismi bu pensiya pulini ham ololmaydi", qo‘shimcha qiladi Botirjon Shermuhammad.

Bu tashabbus qanchalik amalga oshishi mumkin?

Bunisi hali noma’lum, ammo "Adolatli Rossiya" yetakchisi bu masala qonun loyihasi tashabbusi o‘laroq Davlat Dumasida ko‘rib chiqilishini bildirgan.

Rossiyada o‘tgan bir yil davomida bir qator aksil migrant tashabbuslar ilgari surilgan va ulardan salmoqli qismi amalga ko‘chgan.

Masalan, 5 fevraldan noqonuniy migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishning maxsus tartibi, mamlakatga kirishdagi qonunbuzarliklar uchun jarimalar, noqonuniy mehnat muhojirlarga xizmat ko‘rsatish kabi yangi cheklovlar kuchga kirgan.

Bundan tashqari 4 fevral kuni Davlat Dumasiga malakasi past migrantlar bilan mehnat shartnomasini bir yildan uzoqroq muddatga tuzishni taqiqlovchi qonun loyihasi kiritilgan.

Ammo Sergey Mironovning pul o‘tkazmalariga 3 foizlik o‘lpon solish taklifi – oxirgi vaqtda Rossiyada "siyosiy urf"ga aylangandek, yetarlicha qo‘llab-quvvatlashga erishgan bo‘lsada – o‘ziga xos bahsni ham yuzaga keltirgan.

Tanqidchilar Rossiyada malakali ishchi kuchi taqchilligi kuzatilayotgan bir vaziyatda, bu tashabbusning uzoq muddatli salbiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

migrant

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, O‘tgan bir yil davomida Rossiyada ko‘plab aksil-migrant tashabbuslar ilgari surilgan va ularning bir qismi amalga ko‘chgan ham.

Birinchi navbatda, boj noqonuniy yo‘llar orqali pul o‘tkazmalari oqimi ortib ketishiga olib kelishidan xavotirlar ilgari surilgan.

BBC bilan gaplashgan Botirjon Shermuhammad ham o‘xshash fikrni o‘rtaga tashlaydi.

"Nafaqat noqonuniy yo‘llar orqali pul o‘tkazish ko‘payadi, balki kriptovalyuta ko‘rinishida pul yuborishi ham ortishi mumkin. Ba’zi migrantlar shu usuldan foydalanyapti. Bu esa Rossiya davlati nazorat qila olmaydigan pul o‘tkazish yo‘llari ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bundan esa Rossiya iqtisodiyoti faqat yutqazadi".

Shu bilan birga Rossiya matbuotida ko‘zga ko‘ringan munosabatlarda o‘zi shundoq ham ko‘pchiligi arzon maoshga ishlayotgan mehnat muhojirlariga moliyaviy yuk ortishi ularning Rossiyada ishlashga bo‘lgan qiziqishini kamaytirishi va qurilish, qishloq xo‘jaligi, transport kabi muhim sohalarda ishchi kuchi tanqisligini kuchaytirishi mumkinligi ham tilga olinayotgani ko‘zga tashlanadi.

Fevral oyi boshida Rossiya Fanlar akademiyasi qoshidagi Iqtisodiy prognozlashtirish instituti o‘tkazgan tadqiqot natijalari e’lon qilingan – unda 2022 yildan beri Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zo davlatlardan Rossiyaga kelayotgan mehnat migrantlari oqimi qariyb yarmiga kamaygani, bu esa mamlakatdagi mehnat samaradorligi istiqboli bo‘yicha xavotirni yuzaga keltirayotgani haqida so‘z boradi.

"Hozir shundoq ham ko‘p miqdordagi migrantlar bizdan chiqib ketyapti – bu birinchi to‘lqinga imtihonlar joriy etilishi sabab bo‘ldi. Imtihonlarni esa ko‘pchilik topshirmayapti. Xorijliklarga 30 aprelga qadar qonuniy migrantga aylanish imkoniyati berilgan – agar buni qilishmasa, ikkinchi to‘lqin boshlanadi. Boj esa migrantlarning Rossiyadan ketishga undaydigan uchinchi omilga aylanadi", ogohlantirgan "Trudovoy migrant" nashri muharriri Zokir Sariev Rossiya mahalliy matbuotiga bergan intervyusida.