Srebrenitsa musulmonlar qirg‘ini: Ikkinchi jahon urushidan keyingi Yevropadagi eng yirik qatliom (Video)

Surat manbasi, Joe Klamar / AFP via Getty
Bu yil BMT genotsid deb e’tirof etgan halokatli voqea – Srebrenitsa qatliomi sodir bo‘lganiga 30 yil to‘ldi.
Qatliom 1992–1995 yillar oralig‘idagi Bosniya urushi davomida ro‘y bergan.
Urush bosniyalik serblar, bosniyalik musulmonlar (bosnyak yoki boshnoqlar) va xorvatlar o‘rtasida kechgan.
Bosniyalik Serb qo‘shinlari BMT himoyasida bo‘lgan Srebrenitsa shahrida taxminan 8 000 musulmon erkak va o‘smirni qirib tashlagan.
Hozirgacha taxminan 1 000 qurbonning jasadi topilmagan yoki shaxsi aniqlanmagan.
2024 yili BMT 11 iyul sanasini Srebrenitsa qurbonlarini yodga olish kuni deb rasman belgiladi.

Surat manbasi, .
Srebrenitsada nima sodir bo‘lgan edi?
1990-yillarda Yugoslaviya parchalangach, urush boshlandi.
Olti respublikali bu federatsiyada ilgari serblar, xorvatlar, boshnoqlar, albanlar va slovenlar birgalikda yashardi.
Nisbatan yumshoqroq kommunistik rejimni Prezident Iosip Broz Tito boshqargan edi.
Tito vafotidan so‘ng (1980), mamlakatda avtonomiyaga da’vatlar kuchaydi va mamlakat bo‘lina boshladi.
Bosniyada Serbiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan serblar, bosnyaklar va xorvatlar o‘rtasida ziddiyat avj oldi.
Srebrenitsada taxminan 40 000 bosniak musulmon yashardi.
1992–1995 yillardagi urush paytida bosniyalik serblarning etnik tozalash kampaniyasi oqibatida ular mamlakatning boshqa mintaqalariga qochgan qochqinlarga aylandi.
1993 yilda Srebrenitsa BMT tomonidan "xavfsiz hudud" deb e’lon qilindi va unga xalqaro tinchlikparvarlar joylashtirildi.
Biroq 1995 yil 11 iyul kuni general Ratko Mladich boshchiligidagi bosniyalik serb qo‘shinlari shaharga bostirib kirdi. BMT kuchlari aholini himoya qilishga ojiz qoldi.

Surat manbasi, Roger Hutchings/In Pictures Ltd./Corbis via Getty Images
Serblar shaharni egallab olganida, taxminan 20 000 musulmon – asosan ayollar, bolalar va qariyalar Potokaridagi niderlandiyalik tinchlikparvarlar qo‘riqlayotgan BMT bazasiga boshpana izlab keldi.
Zo‘ravonlik kuchaygach, tinchlikparvarlar taslim bo‘ldi. Ayollar va bolalar avtobuslarga o‘tqizilib, xavfsiz hududga olib ketildi. Ammo erkaklar va o‘smirlar alohida ajratib olindi.
Ularning ko‘pchiligi yoppasiga qatl qilindi, ayrimlari esa shahar atrofidagi o‘rmonlarda qochishga uringanda o‘ldirildi.
Ikki hafta ichida serb kuchlari tizimli ravishda 8 000 dan ziyod bosnyakni qatl etdi.
Hali ham taxminan 1 000 kishining jasadi topilmagan yoki shaxsi aniqlanmagan.
BMT tomonidan "xavfsiz hudud" deb e’lon qilingan bu yerda qurolsiz tinchlikparvarlar atrofdagi qon to‘kilishni tomoshabin bo‘lib kuzatishdi, xolos.
Sud qarori qanday bo‘ldi?

Surat manbasi, AFP via Getty Images
Niderlandiyadagi BMTning Sobiq Yugoslaviya bo‘yicha Xalqaro Jinoyat Sudida (ICTY) Srebrenitsadagi jinoyatlar uchun deyarli 50 nafar bosniyalik serb sud qilindi.
Ular orasida Ratko Mladich va bosniyalik serblar rahbari Radovan Karadjich ham bor edi.
Mladich va Karadjich genotsid ayblovi bilan umrbod qamoq jazosiga hukm qilindilar.
Sud jarayoni davomida qatliom oldindan puxta rejalashtirilgani haqida dalillar taqdim etildi.
Sudya Alfons Ori, Mladichni 2017 yili umrbod qamoqqa hukm qilar ekan, shunday dedi:
"Sodir etilgan jinoyatlar insoniyat tarixidagi eng jirkanch jinoyatlar sirasiga kiradi. Ular qatorida genotsid va insoniyatga qarshi qirg‘in ham bor."
Sudda omon qolganlar va qurbonlar yaqinlarining dahshatli guvohliklari tinglandi.
Ayrim erkaklar tiriklayin ko‘milgan. Ayrim otalar farzandlarining qatlini o‘z ko‘zi bilan ko‘rishga majbur qilingan.
Ko‘plab qurbonlar Potokari qabristonida dafn etilgan. Bu yerda ko‘p minglab oddiy oq toshli qabrlar tepalik yetaklarida daraxtzor ichida joylashgan.
Keyinroq BMTning sobiq bosh kotibi Kofi Annan shunday degandi:
"Srebrenitsa fojiasi BMT tarixini abadiy ta’qib qiladi."
«Jinoyat, ammo genotsid emas»

Surat manbasi, CORBIS/Sygma via Getty Images
Biroq ko‘plab bosniyalik serblar, shuningdek, Serbiyadagi ko‘plab odamlar 1995 yili Srebrenitsada sodir etilgan voqealarni genotsid sifatida tan olishdan bosh tortadilar.
2024 yili bosniyalik serb qonun chiqaruvchilari Bosniya urushi davrida Srebrenitsada 8 000 musulmonning o‘ldirilishi genotsid emasligini ta’kidlovchi hisobotni qabul qildi.
Ularning yetakchisi Milorad Dodik bu operatsiyani "katta xatolik" deb atadi.
"Bu jinoyat edi, ammo genotsid emas," dedi Dodik.
Ularning aytishicha, halok bo‘lganlarning katta qismi – taxminan 2 000 kishi – urushda halok bo‘lgan boshnoq askarlar bo‘lgan.
Ayrimlar esa bu qatliomni "Srebrenitsa atrofidagi qishloqlarda o‘ldirilgan serblar uchun intiqom" sifatida baholaydi.
Biroq BMTning 11 iyulni "Srebrenitsa genotsidi qurbonlarini yodga olish va mulohaza qilish xalqaro kuni" sifatida belgilagan rezolyutsiyasi bu kabi inkor etish va urush jinoyatchilarini ulug‘lash holatlarini qat’iy qoralaydi.
Hozir mintaqaning demografik holati qanday?
1990-yillar boshidagi urushdan avval Srebrenitsada aholining katta qismi bosnyak musulmonlardan iborat edi.
Hozir esa bu hududda asosan serblar yashaydilar.
Urushdan so‘ng Bosniya va Gertsegovina ikki asosiy ma’muriy birlikka bo‘lindi: Republika Srpska va Bosniya-Gertsegovina Federatsiyasi.
Srebrenitsa esa Republika Srpska tarkibiga kiradi.
So‘nggi yillarda Srebrenitsada boshnoqlar soni keskin kamaydi, serblar soni esa ortib bordi.
Bugungi kunda Republika Srpskada asosan serblar yashaydi, Federatsiyada esa aholining ko‘pchiligini bosnyak musulmonlar tashkil etadi.












