Tramp Putinga Rossiyani "vayron qilmaslik" va Ukraina bilan sulh tuzishni maslahat berdi

Ukrainadagi Rossiya harbiylari

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Ukrainadagi Rossiya harbiylari
O'qilish vaqti: 3 daq

Oq uyga qaytgan Donald Tramp tez orada Rossiya prezidenti bilan uchrashuv rejalashtirayotganini aytdi. U, shuningdek, Vladimir Putin Ukraina bilan sulh tuzishdan bosh tortib, "Rossiyani vayron qilayotganini" ta’kidladi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubio esa Vashington mojaroni tugatish borasida biror muddat beromasligidan ogohlantirdi.

"U sulh tuzishi kerak. Menimcha, u kelishuvga erishmay Rossiyani vayron qilmoqda. Fikrimcha, Rossiya katta muammolarga duch keladi", dedi AQSh prezidenti.

"(Putin) hamma ishi risoladagidek ketmayotganidan, ko‘ngli to‘lmayotgan bo‘lsa kerak", deb davom etdi Tramp. "Ko‘pchilik urush bir haftada tugaydi deb o‘ylashgandi, ammo u uch yildan beri davom etmoqda".

Unga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga tayyor. Zelenskiy bunga hali izoh bermadi. Uning oldingi bayonotlarida kelishuv haqida biror gap bo‘lmagan. Zelenskiy adolatli tinchlik va ishg‘ol qilingan hududlarni qaytarish bo‘yicha muzokaralar haqida gapirib keladi.

Tramp, shuningdek, tez orada Rossiya prezidenti Putin bilan uchrashishni rejalashtirayotganini aytdi. Unga ko‘ra, uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni allaqachon boshlangan. "Biz buni imkon qadar tezroq o‘tkazishga harakat qilamiz. Bilasizmi, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush hech qachon boshlanmasligi kerak edi", degan AQSh prezidenti.

Jurnalistlar Trampga prezidentlikka kelgan birinchi kunidayoq urushni tugatishga va’da berganini eslatganida, u "Hali yarim kun bor", deb hazillashdi.

Tramp va Putin o‘rtasidagi muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqida 12 yanvar kuni Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha bo‘lajak maslahatchisi Mayk Vals ma’lum qilgandi. Kreml matbuot kotibi o‘shanda prezidentlar o‘rtasidagi uchrashuvga "hech qanday jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmayotgani"ni aytgan.

Bloomberg o‘z manbalariga tayanib, yevropalik siyosatchilar Tramp jamoasini Ukrainani Rossiya bilan muzokaralarga majburlamaslikni so‘ragani haqida yozdi. Nashr suhbatdoshlari bu borada nekbinlik bildirishgan, biroq ayni paytda ular AQSh prezidenti maslahatni rad etishi yoki so‘nggi daqiqada o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ham soqit qilishmagan.

Tramp Putin bilan qachon uchrashadi?

Getty Images
Putin sulh tuzishi kerak. Menimcha, u kelishuvga erishmay Rossiyani vayron qilmoqda. Fikrimcha, Rossiya katta muammolarga duch keladi.
Donald Tramp
AQSH prezidenti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Inauguratsiya arafasida CNN telekanali Tramp o‘z yordamchilariga lavozimga kirishganidan so‘ng bir necha kun ichida Putin bilan telefon qo‘ng‘irog‘i tashkillashtirishni buyurgani haqida xabar berdi. Telekanal manbalariga ko‘ra, suhbatdan ko‘zlangan maqsadlardan biri Ukrainadagi urushni tugatishga harakat qilish uchun yaqin oylar ichida shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni muhokama qilish bo‘lgan.

AQSh prezidenti inauguratsiyasidan bir necha soat oldin Putinning o‘zi ham kutilmaganda Rossiya Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Tramp bilan aloqalar haqida gapirdi. U Trampni lavozimga kirishgani bilan ommaviy ravishda tabrikladi va muzokaralarga tayyorligini yana bir bor ta’kidladi. Biroq ayni paytda "strategik barqarorlik va xavfsizlik"ni eslatib, muzokaralar "teng va o‘zaro hurmat asosida" o‘tkazilishini talab qildi.

"Bu yerda eng muhimi inqirozning asosiy sabablarini bartaraf etishdir", deya o‘z talabini takrorlagan Putin. U deyarli uch yildan beri Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinni go‘yoki G‘arb Moskvaning geosiyosiy talablarini muhokama qilishdan bosh tortgani bilan asoslab keladi.

Senat tomonidan AQSh Davlat kotibi lavozimiga tasdiqlangan Marko Rubio jurnalistlarga Vashington Ukrainadagi urushni tugatish borasida biror muddat bera olmasligini aytdi.

Skip Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating: and continue readingBizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Rubio har ikki tomon ham, har qanday mojaroni hal qilishning tabiiy qismi bo‘lmish, yon berishi kerakligini aytdi.

"Har qachon ikki tomon o‘rtasidagi mojaroga chek qo‘yilayotganda, hech bir tomon o‘zining maksimal maqsadlariga erisha olmaydi, har ikki tomon ham nimadandir voz kechishi kerak bo‘ladi", - deya uning so‘zlaridan iqtibos keltiradi CNN.

Yangi davlat kotibi qanday yon bosishlar muhokama qilinishi mumkinligiga aniqlik kiritmadi. Ammo yakuniy qarorni Rossiya va Ukraina qabul qilishini qayd etdi. Rubio, shuningdek, urushni tugatish Trampning ustuvor vazifasi ekanligini ta’kidladi.

"Tayyorgarlikning bir qismi allaqachon amalga oshirilganiga umid qilish mumkin, ammo bu qiyin bo‘ladi. Rossiya bu mojaroda tajovuzkor, biroq bu urushni to‘xtatish kerak", deydi u.

Putin bir necha bor tinchlik muzokaralari faqat "erdagi" shartlar hisobga olingan taqdirdagina bo‘lishi mumkinligini bir necha marta aytgan. Ya’ni u Rossiya Ukrainaning bosib olingan yerlarini saqlab qolishini nazarda tutgandi. Zelenskiy hududiy yaxlitlikni tiklash va xalqaro xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni talab qilib kelmoqda. Moskva va Kiev muzokara o‘tkazishga urinishlarni 2022 yilning martida to‘xtatgandi.