Shveytsariyada yangi yil kechasidagi yong‘inda o‘nlab kishi halok bo‘ldi

Yong‘in joyidan rasm

Surat manbasi, Ijtimoiy tarmoqlar

O'qilish vaqti: 2 daq

Shveytsariyaning janubi-sharqida joylashgan Kran-Montana chang‘ichilik kurortidagi barda chiqqan yong‘in natijasida o‘nlab kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, Shveytsariya politsiyasi payshanba kungi xabarda yana taxminan 100 kishi jarohat olganligini ma’lum qildi.

Mahalliy OAV pirotexnikadan foydalanish hodisaga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti, ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan.

Politsiya xabar berishicha, yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 1:30 da "Le Constellation" nomli barda boshlangan.

Shveytsariyaning Blick nashri taxmin qilishicha, yong‘inga kontsert paytidagi mushakbozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Politsiya hali yong‘in sababini tasdiqlamagan.

Hudud to‘liq yopilgan va Kran-Montana ustidan bo‘ladigan barcha parvozlar taqiqlangan. Hokimiyat bu hodisani terrorchilik akti sifatida ko‘rib chiqmayotganini bildirdi.

Blick nashriga ko‘ra, portlash paytida barda 100 dan ortiq kishi bo‘lgan.

Press-konferentsiyada Vale politsiyasi boshlig‘i ma’lum qilishicha, Shveytsariyadagi Le Constellation bardagi yong‘in natijasida taxminan 100 kishi jarohat olgan.

Vale kantoni bosh prokurori Beatris Pillud ma’lum qilishicha, "ushbu fojiali vaziyatga olib kelgan holatlarni aniqlash maqsadida" tergov olib borilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qurbonlarni aniqlash va jasadlarni imkoni boricha tezroq oilalariga qaytarish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Qutqaruv operatsiyasida 10 ta vertolyot, 40 ta tez yordam mashinasi va 150 nafar qutqaruvchi ishtirok etgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlarning ko‘pchiligi og‘ir jarohatlar va kuchli kuyishlar olgan. Vale mintaqaviy kengashi raisi Matias Reynardning aytishicha, ularning aksariyati Vale shifoxonasiga yetkazilgan, u yerda reanimatsiya bo‘limi hozirda to‘lib ketgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi shifokorlarga yordam berishi mumkin, bunga ortiqcha shifoxonaga murojaat qilishdan saqlanish uchun alohida ehtiyotkorlik ko‘rsatish kiradi.

Shveytsariya OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kran-Montanedagi portlashdan keyin Shveytsariya Davlat Kengashi favqulodda holat e’lon qildi.

Blick tanishib chiqqangan Davlat Kengashi Prezidiumi press-reliziga ko‘ra, yaqin kunlarda "barcha zarur resurslarni darhol safarbar qilish" haqida qaror qabul qilingan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bi-bi-si muxbiri Silviya Kostelo hodisa joyidan xabar berishicha, yong‘in sodir bo‘lgan bar kamida 40 yildan beri faoliyat yuritib keladi.

Bu bar yoshlar uchun mo‘ljallangan katta joy, ammo elita darajasida emas. Shunga qaramay, u qimmatbaho chang‘ichilik kurortida joylashgan. 1980-yillarda bu kurort chang‘i bo‘yicha Jahon kubogini qabul qilgan.

Barning o‘zi ancha katta: yuqori qavatda futbol o‘yinlarini tomosha qilish uchun televizorlar o‘rnatilgan, pastki qavatda esa katta bar joylashgan. Mahalliy OAV ma’lumotlariga ko‘ra, binoda taxminan 300 kishi sig‘ishi mumkin.

Kran-Montana - Shveytsariyaning Vale kantonidagi elita chang‘ichilik kurorti bo‘lib, u yerda 130 kilometrlik trassalar mavjud. Yanvar oyi oxirida bu yerda chang‘i bo‘yicha tezlikda tushish bo‘yicha nufuzli musobaqalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.