Yangi Qonun: Blogerlar faoliyatini yengillashtiradimi yoki cheklaydi?

7 may kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasi blogerlik faoliyatiga yengilliklar kiritilayotgani haqida xabar bergan edi. Jurnalist Ilyos Safarov esa o‘z Facebook sahifasida loyihaning maqsadlari bunga teskari ekanini urg‘ulovchi post qoldirdi. Lekin, post tarmoqda chop etilganiga ko‘p bo‘lmasdan, o‘chirib tashlangan.
Post nega o‘chirilgani noma’lum. Ayni voqeaning jurnalist va blogerlarga aloqador sud va ma’muriy ishlar haminqadar ko‘paygani manzarasida yuz bergani tarmoq foydalanuvchilari orasida qator savollarni keltirib chiqarmoqda.
BBC O‘zbek xizmati jurnalist Ilyos Safarov bilan bog‘landi va u postni o‘chirganini tasdiqladi, ammo sabablarini ochiqlamadi.
Maqola o‘chirilishi ortidan, tarmoqlarda jurnalistga tahdid qilingan bo‘lishi mumkinligi haqida izohlar yozilgan.
BBC O‘zbek xizmati qonun loyihasi yuzasidan O‘zbekiston Axborot va Ommaviy Kommunikatsiyalar agentligi bilan bog‘landi, ammo maqola nashrga tayyorlanayotgan muddatgacha rasmiy munosabat olishga muvaffaq bo‘lmadi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi rasmiy sahifasiga ko‘ra, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi reja etilgan ayni loyihaning maqsadi "fuqarolarning onlayn-platformalar va veb-saytlardan foydalanish sohasidagi huquqlarini qonun darajasida belgilash"dan iborat bo‘ladi.
Jumladan, qonun fuqarolarni "yolg‘on axborot, nafrat uyg‘otuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi noqonuniy kontentlardan himoya qilish"i ko‘zda tutilgan.
Ammo, Safarovning hozirda o‘chirilgan maqolasida bu loyiha, aksincha, so‘z erkinligini cheklashi mumkinligi haqida aytilgan.
"Blogerlik faoliyati" haqida qonun qabul qilinishi bugun shusiz ham oxirgi kislorod zapaslari bilan yashayotgan so‘z egalarini butkul havosiz qoldiradi. Natijada, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa masalalarda chiqish qilib turgan kam sonli blogerlar ham maydonni butkul tark etadi. Aftidan, soha boshidagilarga jahon matbuot erkinligi reytingidagi 148 o‘rin (180 mamlakat orasida) balandlik qilmoqda. Ular o‘zini shu o‘rinda ham noqulay his qilishyapti. Jamoatchilik fikri loyiha tashabbuskorlari uchun sariq chaqaga qimmat, tushunarli, lekin hukumat tepasidagi normal fikrlovchi kishilar ham borki, ular gapirish uchun qoldirilgan kichik tirqishlarni ham butkul yopuvchi bu loyihani to‘xtatishlari zarur," – deya fikr bildirgan u.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Surat manbasi, "X" (Навбаҳор Имомова)
Qonunchilik Palatasida chop etilgan press-relizda ushbu qonun loyihasi "blogerlar, inflyuenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari o‘rtasida" o‘zaro "hamkorlik uchun huquqiy asoslarni" yaratishni maqsad qilishi aytiladi.
Lekin, mustaqil ekanligi aytiluvchi blogerlar va davlat organlarining o‘zaro hamkorlikda faoliyat ko‘rsatishi qanday yo‘sinda amalga oshishiga aniqlik kiritilmagan.
Jurnalist Navbahor Imomova 9 may kuni o‘z Facebook sahifasida joylagan postida blogerlar va davlat organlari o‘rtasidagi "hamkorlik" mavzusiga to‘xtalib o‘tgan.
"Har kimning xizmatiga tayyor blogerlar ham bor. Ko‘pi bir paytda hukumatda va xususiy sektorda ishlaydi. Shunga qaramasdan blogerlik faoliyati mustaqil ekanini da’vo qiladi. Ko‘p hollarda elitani va bizneslarni targ‘ib qilib, tirikchilik qilishadi. Mehnatim uchun haq olayapman, deyishadi. Media olamida bu etik jihatdan qanchalik egri ish bo‘lmasin, O‘zbekistonda blogosfera va jurnalistika aralash-quralash shunday yo‘lni bosib keldi. Endi hukumat uni qonunan tartibga solmoqchi," – deya mulohaza qilgan jurnalist.

Surat manbasi, "Чегара билмас мухбирлар" халқаро ташкилоти
Oliy Majlis xabarida, shuningdek, ayni qonun loyihasi O‘zbekistondagi media sohasini "tartibga solishi" aytiladi. Biroq, kuzatuvchilarning fikricha press-relizda ishlatilgan bu kabi so‘zlari aniq emas va ularni turlicha targ‘ib qilish mumkin.
Imomova media sohasini tartibga solishda belgilangan bironta model yo‘qligini aytadi.
Uning fikricha, media sohasidagi professionallik hech bir davlatda mavjud emas, mezonlarni esa soha vakillarining o‘zi belgilashi kerak.
"Hukumat sizdan professionalizm talab qilayotgan bo‘lsa, buni shart sifatida ko‘rsatishi uchun uning o‘zida model yo‘q. O‘zbekiston u yoqda tursin, hatto eng demokratik hisoblangan tizimlar ham professionalmiz, deya bong ura olmaydi. Mezonlarni har doim soha egalari belgilaydi."
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi xulosa qilingan qonun loyihasi hali ochiq manbalarda mavjud emas. Tarmoqlarda esa ushbu qaror yuzasidan tanqidlar ko‘paymoqda.

Surat manbasi, Олий Мажлис Қонунчилик Палатаси
Mirziyoyev qudratga kelgach, O‘zbekistondagi so‘z erkinligi borasida turli islohotlar amalga oshirilgan, mamlakat ayni masaladagi o‘zining xalqaro imijida ijobiy o‘zgarish yasagan edi. Ammo, so‘nggi bir necha yilda ayni reytinglardagi o‘rinlar pasayishni boshlagan.
May boshida "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkiloti dunyodagi so‘z erkinligi indeksi bo‘yicha chop etgan hisobotda O‘zbekiston 180 mamlakat ichida 148 o‘rinni egalladi. Bu birgina 2023 yil bilan taqqoslaganda 11 pog‘ona pasayishni anglatadi.
Tarmoqlarning mahalliy o‘zbek segmentida mustaqil jurnalistlar va blogerlarga nisbatan bosim ortgani haqida xabarlar ham so‘nggi vaqtlarga kelib sezilarli darajada ko‘paydi.
"Effekt Uz" sayti tanqidiy maqolasi uchun sudga tortilib, katta miqdorda jarimaga tortildi. "Mening Yurtim" telekanali muxbiri Ruxsora G‘ofurovaga nisbatan ma’muriy ish ochildi. Blogerlar Otabek Bakirov va Jahongir To‘laganovga nisbatan shikoyatlar va sud jarayonlari boshlangan.
Ba’zi hollarda jurnalistlar sud jarayonlariga kira olmayapti. Ayrim nashrlar esa faoliyatini to‘xtatish xavfi ostida turibdi.
Shunga qaramay, rasmiy hisobotlarning aksariyati mamlakatda jurnalist va blogerlarning faoliyati cheklanmaganligi haqida boradi.












