"Tolibon uchun jonimni ham berishga tayyor edim" - Toliblardan ko‘ngli qolgan afg‘on

Surat manbasi, Maiwand Banayee
- Author, Sadaf G‘ayasi
- Role, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Mayvand Banoyining hayoti hozir boshqalarniki kabi, oddiy.
45 yoshli Banoyi hozir qandli diabetga chalinganlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Milliy sog‘liqni saqlash xizmatida ishlab, magistratura uchun o‘qimoqda. Bungacha uni Britaniyaning Koventri shahridagi mahalliy sport zalida tosh ko‘tarayotganini ko‘rishingiz mumkin edi.
Biroq uning Angliyaning Midlendlaridagi qulay hayoti 1990-yillardan tubdan farq qiladi. O‘shanda u "yagona orzusi Tolibon uchun kurashib shahid bo‘lish", hatto xudkushlik missiyasida ishtirok etishga ham tayyor bo‘lganini aytadi.
O‘zining ta’kidlashicha, u oxir-oqibat Tolibonning keskin jihodiy g‘oyalaridan uzoqlashgan va "Jannat vasvasasi: Tolibon jangchisi hayotidan qochish" nomli kitob yozgan. U mazkur kitob orqali boshqalarning radikallashuviga yo‘l qo‘ymaslikka umid qilardi.
Kitobida u shon-sharaf va’dasiga qanday aldanganini, jannatga yo‘l faqat "sof islom jamiyati" qurish uchun kurashib o‘lish deb ishonganini tushuntiradi.
Hozir u Tolibon hokimiyatga qaytgach, "Afg‘onistonda diniy maktablar tez ko‘payishi" bolalarning yangi avlodini ekstremizmga duchor qilayotganidan xavotirda.
1980 yilda Afg‘onistonda tug‘ilgan Mayvand Banoyi pushtun oilasida kenja o‘g‘il edi. Iste’fodagi armiya ofitseri bo‘lgan otasi unga 1880 yildagi ikkinchi ingliz-afg‘on urushi – "Mayvand jangi"da inglizlar ustidan qozonilgan afg‘on g‘alabasi sharafiga Mayvand deb ism qo‘ygandi.
"Men yumshoq va ta’sirchan bola edim, bu otamga yoqmasdi. Qo‘shni bolalar meni kamsitardi, otam va katta akam esa qarshilik ko‘rsatmaganimni yoqtirishmasdi," deb eslaydi u.
Ammo 1994 yilda, 14 yoshida Banoyi Pokistondagi Shamshato qochqinlar lagerida jihodchilar ta’sirida radikallashganini aytadi. U afg‘on fuqarolar urushi tufayli ba’zi aka-ukalari bilan Kobuldan qochgan edi. Ota-onasi keyinchalik ularga kelib qo‘shilgandi.

Surat manbasi, Maiwand Banayee
Mayvandning eslashicha, lagerdagi hayot og‘ir edi, uydagi qulayliklar kam, diniy targ‘ibot kuchli edi. Uning aytishicha, kun tongda Qur’on tilovati bilan boshlanib, keyin madrasada darslar va masjiddagi va’zlar bilan davom etardi.
Madrasada u mullalar asosan bir mavzu – shahidlik haqida ko‘p va’z o‘qiganini eslaydi.
"Bizga dunyo kofir va xudosiz bo‘lib qolganini, faqat shahidlikkina insonni jannatga olib borishini aytishardi, – deydi u. – Ekstremizm uchun sharoit juda qulay edi."
Uning fikricha, Afg‘onistondagilardan ko‘ra siyosiyroq va ekstremistroq bo‘lgan Pokiston mullalari, musulmonlar qiyinchiliklar bosib ketmasligi uchun g‘alaba qozonishi kerakligini aytishganini eslaydi.
"Ular seni o‘ldirishga va o‘zingni qurbon qilishga tayyorlardi," deydi u va ko‘p o‘tmay, bu o‘limga bo‘lgan ishtiyoq uni qamrab olganini qo‘shimcha qiladi.
Uning yozishicha, mullalar oxirat hayotini erotik tasvirlab, "Yer yuzidagi ayollardan million marta go‘zal", "katta ko‘krakli, oppoq badanli, nozik labli... va har bir jinsiy aloqadan so‘ng yana bokira bo‘lib qoladigan" go‘zal hurlarni va’da qilishgan.
Bu va’dalar o‘smirlarga kuchli psixologik ta’sir ko‘rsatganini ta’kidlaydi u.
"Biz och, qashshoq, jinsiy istaklari bostirilgan va zaif edik. Bu va’dalar biz uchun umid kabi edi," deydi u.
"Men bu e’tiqodlarni o‘zimga singdirgan edim. Oxirat yaxshiroq ekaniga va uni istayotganimga o‘zimni ishontirgan edim."

Surat manbasi, Maiwand Banayee
O‘zining aytishicha, u Shamshatoda o‘zini tobora zaif va ojiz his qilgan. Lager 1983 yilda sovet bosqinidan qochgan afg‘on qochqinlarini joylashtirish uchun tashkil etilgan edi.
U yerda Gulbiddin Hikmatyor boshchiligidagi islomiy Hizb-e-Islomiy guruhi hukmronlik qilardi.
Yillar davomida Hikmatyor va afg‘on mujohidlarining boshqa rahbarlari sovet kuchlariga qarshilik ko‘rsatish uchun odamni yollash maqsadida madrasalardan foydalangan. Buning uchun AQShdan mablag‘ olishgan.
Ammo 1989 yilda sovetlar ketib, Afg‘oniston fuqarolar urushiga kirgandan so‘ng ham, Hikmatyorning Shamshatodagi ta’siri saqlanib qoldi.
U yerda bir necha yil o‘tgach, 1996 yilda Banoyi lagerni tark etib, Kobulga qaytganini aytadi. U yerda Tolibon paydo bo‘lib, Afg‘onistonning ko‘p qismini, shu jumladan, poytaxtni ham nazorat ostiga olgan edi. Toliblar Pokistonda unga o‘rgatilganlarga mos keladigan shariat qonunlarining qat’iy talqinini joriy etdi.
Birinchi hokimiyati davrida toliblar TV, musiqa va kinoni taqiqladi, qizlarni maktabga kiritmadi, ayollarni butun tanani yopib turadigan burqa kiyishga va erkaklarni soqol o‘stirishga majburladi. Shuningdek, Tolibon qotillarni ommaviy qatl qilishni joriy etdi va o‘g‘rilarni qo‘lini kesib tashlash orqali jazoladi.
Banoyining aytishicha, u Tolibonga qo‘shilgan va jang qilmagan bo‘lsa-da, ularning targ‘ibotini yoygan hamda Tolibon qonunlarini joriy etishga yordam bergan, doim qurol olib yurgan.
"Butun umrim davomida erkakligimga shubha qilib, jasur ko‘rinish istagini ichimga yutib yashardim, – deydi u. – Endi yelkamda qurol ko‘tarib yurganimda, dunyoni oyoq ostimda his qildim. Har kuni ulkan shoyi salla o‘rab, qurolimni olib, go‘yo yer yuzining egasidek qishloqni aylanib yurardim."
Bizga dunyo kofir va xudosiz bo‘lib qolganini, faqat shahidlikkina insonni jannatga olib borishini aytishardi - ekstremizm uchun sharoit juda qulay edi.
U bir kuni uyga kelganida ota-onasi oq-qora televizor sotib olganini, opalari esa uni tomosha qilayotganini ko‘rganini eslaydi.
"Televizorni sindirib, otam bilan janjallashdim, – deydi u. – Menga aqldan ozganim, haddan oshganimni aytishdi. Ular nega televizorga bunchalik qarshi ekanligimni tushunishmasdi.
Men madrasada mullalardan dars olgan yigit edim. Ular onalaringiz, singillaringiz televizorda soqolsiz erkaklarni ko‘rsa, ularga ko‘ngil qo‘yib, birga yotgisi kelib qoladi, deb o‘rgatishardi.
Banoyining aytishicha, u Sovetlarga qarshi kurashgan va hozirda Afg‘oniston shimolida Tolibonga qarshilik ko‘rsatayotgan mujohidlarning sobiq qo‘mondoni Ahmad Shoh Mas’ud askarlariga qarshi jang qilish chaqirig‘ini kutgan. Keyinchalik Mas’ud 2001 yilda Nyu-Yorkdagi 11 sentyabrь hujumlaridan ikki kun oldin Al-Qoidaning xudkush guruhi tomonidan o‘ldirilgan.
"Yagona orzum shimolga borib, shahid bo‘lish edi," deydi u.
Ammo Tolibon safida bir necha oy bo‘lgach, Banoyi o‘zi tanlagan yo‘lni shubha ostiga ola boshlagan. U ba’zi bitiruvchilari sharofati bilan "Jihod universiteti" deb nom olgan Dorul Ulum Haqqoniya madrasasiga o‘qishga kirish umidida Pokistonga qaytgan, ammo bo‘sh o‘rinlar yo‘q edi.
Ko‘ngli cho‘kib, 1997 yilda Afg‘onistonga qaytadi. Kobulga yo‘l olayotib, unga kuchli ta’sir qilgan bir voqea yuz berganini eslaydi.
Uning aytishicha, namoz o‘qiganidan so‘ng ko‘p o‘tmay, toliblar uni to‘xtatib, yana namoz o‘qishni buyurgan.
Men ularga hozirgina namoz o‘qiganimni aytdim, lekin ularga baribir edi. Ular bo‘ysunmasam, kaltaklash bilan qo‘rqitishdi. Bu nohaqlik va hurmatsizlik bo‘lib tuyuldi. 17 yoshda edim, g‘ururim toptalgan edi. «Tolibonni shunchalik yaxshi ko‘rsam-da, ular menga shunday munosabatda bo‘lishyaptimi?» deb o‘yladim.
U yana, Kobuldagi G‘ozi stadionida ommaviy qatllarni ko‘rganini eslaydi. Bu stadion dastlab sport va ommaviy tadbirlar uchun qurilgan bo‘lib, toliblar undan tez-tez jazolash va qatllar uchun foydalangan.
"Qo‘llarni kesishdi. Ko‘zlarimni yumdim. Keyin kimnidir ukasining qotilini otib o‘ldirishga majbur qilishdi", – deb eslaydi u. O‘shanda menda shubha paydo bo‘ldi: «Agar bu odamlar musulmon bo‘lsa, nega bunchalik shafqatsiz bular?"

Surat manbasi, Stefan Smith/AFP via Getty Images
Keyingi bir necha yil Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasida sarsonlikda o‘tdi. U asosan diniy maktablarda o‘qiganini, g‘isht quyganini va sabzavot sotganini aytadi. Shamshatoda u Pokiston politsiyasi va mullavachchalar o‘rtasida tez-tez to‘qnashuvlar bo‘lganini eslaydi.
Oxir-oqibat, o‘zining aytishicha, u 2001 yilda lagerga politsiya bostirib kirishi va hibsga olinishi haqidagi mish-mishlardan qo‘rqqani tufayli u yerdan ketgan. U Rossiya va Dubay orqali sayohat qilib, so‘ng Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan. Uning aytishicha, 2002 yilda boshpana uchun arizasi rad etilgan.
U Kardiffdagi bog‘larda va jamoat telefon budkalarida tunab qolganini aytadi. Bir kuni kechasi u yashayotgan uyga immigratsiya politsiyasi kelganini, ammo u karavot tagiga yashirinib, hibsga olinishdan qutulganini eslaydi.
Ikki yildan so‘ng, 2004 yilda Banoyi Irlandiyaga ketgan, u yerda ham uning boshpana so‘rovi rad etilgan.
Lekin u yerda bo‘lganida bir irlandiyalik ayol bilan tanishib qolgan – sevishib, turmush qurishgan.
Irlandiyalik bilan turmush qurish kimgadir avtomatik ravishda Irlandiyada yashash huquqini bermaydi – har bir holat alohida ko‘rib chiqiladi. Banoyiga qolishga ruxsat berilgan va keyinchalik u Irlandiya fuqarosi bo‘lgan.
2023 yilda u Koventriga ko‘chib o‘tgan, hozir ham shu yerda yashaydi va Milliy sog‘liqni saqlash xizmatida diabet remissiyasi bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlaydi. U rafiqasi bilan ikki yil oldin ajrashgan, ammo ularning 17 yoshli qizi hali maktabda o‘qiydi.
"U men bilan faxrlanadi, hamma narsani biladi," deydi u qizi haqida.

Surat manbasi, Terence White/AFP via Getty Images
Uning aytishicha, radikallikdan voz kechish juda asta-sekin ro‘y bergan. "Mafkuraning o‘rnashishi uchun vaqt kerak bo‘lganidek, bunday fikrlashdan chiqish ham bir lahzada sodir bo‘ladigan narsa emas," deb qo‘shimcha qiladi u.
Banoyi buni "uzoq, sekin yechilish" deb ta’riflaydi.
"Har bir shubha kichik bir yoriq edi, – deb eslaydi u. Ular asta-sekin meni ichdan bo‘shatib tashladi."
U o‘tmishi bugungi hayotiga ta’sir qilishini his qiladi va o‘smirlikdagi shahidlik orzusi hozir uni ta’qib qiladigan dahshatli tushga aylangan.
"Bu boshqa dunyo edi, ikki butunlay boshqa madaniyat o‘rtasida yo‘l topish qiyin edi."
"Farq meni sobiq xotinim bilan ajratib qo‘ydi. O‘tmishda boshdan kechirganlaringiz doim hoziringiz va kelajagingizga ta’sir qiladi."
Ammo Banoyi o‘z hayoti yanada battarroq bo‘lishi ham mumkinligini tushunadi, Afg‘onistonda tanigan odamlarining ko‘pchiligi hali ham ekstremistik doiralarda ekanligini aytadi.
"Diniy maktabdagi ba’zi sinfdoshlarim o‘zini portlatuvchi terrorchiga aylanib, o‘zini va boshqalarni o‘ldirdi. Men o‘zgardim, ular o‘zgarishmadi," deydi u va qaysidir ma’noda ularni mintaqadagi islomiy jangarilar nishonga olgan va foydalangan qurbonlar sifatida ko‘rishini aytadi.
U Afg‘onistonga so‘nggi marta 2019 yilda borgan edi, ammo kitobida keltirilgan tanqidiy fikrlari tufayli, Tolibon qayta hokimiyatga kelgach, u yerga yana borish o‘zi uchun juda xavfli bo‘lib qolganini o‘ylaydi.
Radikallashuv xavfi ostidagi yoshlarga uning maslahati: hamma narsaga shubha bilan qarang.
"Men hayotda ma’no va ruhoniyat izlayotgan edim va bularning barchasini o‘sha yo‘lda topdim," deydi u. Uning aytishicha, u turli xil afsonalarni o‘zlashtirgan: shahidning jasadi chirimaydi, chayonlar faqat kommunistlarni chaqadi, qushlar musulmonlarni kelayotgan bombardimonchi samolyotlar haqida ogohlantiradi, deb ishongan.












