Mirziyoyevdan muxolifatni jonlantirish taklifi, O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni keskin oshdi, elektr energiyasi cheklovsiz berilishiga topshiriq

Surat manbasi, president.uz
Shavkat Mirziyoyev parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi. O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda narkojinoyatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. Energetika vazirligi Prezidentdan elektr energiyasini uzluksiz va cheklovlarsiz yetkazib berish borasida topshiriq oldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zladi.
Mirziyoyevga ko‘ra, o‘tgan saylovlarda siyosiy partiyalarning dasturi ham, g‘oyalari ham bir-biridan farq qildi, turli siyosiy mafkuralar kurashi yaqqol ko‘zga tashlanib turdi.
Prezident parlamentda muxolifatni jonlantirish zarurligini aytdi va o‘zining takliflarini berdi.
Shu o‘rinda parlamentda muxolifatni jonlantirish zarur, deb hisoblayman.
“Buning uchun parlamentdagi muxolifatga kafolatlangan huquqlari sonini 3 tadan 6 taga oshirish, 1 nafar qo‘mita raisi va 2 nafar qo‘mita raisi o‘rinbosari lavozimlarini kafolatli egallash, har chorakda “Hukumat soati” va parlament so‘rovi doirasida kamida bittadan masala kiritish kabi qo‘shimcha huquqlar berishni taklif qildi”, deyiladi rasmiy xabarda.
Mirziyoyev saylovlardagi sog‘lom raqobat, muxolif fikrlar kurashi parlamentga ko‘chib o‘tsa, bu albatta xalq manfaatlariga mos qonunlar ishlab chiqilishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Prezident bundan oldin O‘zyuekistonning ichida muxolifat bo‘lishi haqida gapirgandi.
Biroq kuzatuvchilar mamlakatda mustaqil partiya tashkil qilish talablari yuqoriligi va partiya tuzishga harakat qilganlar turli siyosiy bosimlarga uchrashish haqida gapirishadi.
Elektr energiyasini uzluksiz yetkazishga topshiriq berildi

Surat manbasi, gazeta.uz
15 noyabrь kuni prezident huzurida aholi va iqtisodiyotni energiya bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning so‘zlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev cheklovlarsiz uzluksiz elektr ta’minotini ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan.
Bundan tashqari, barcha energetika quvvatlarini ishga tushirib, qo‘shni davlatlar energetika tizimlari bilan elektr energiyasi tovar aylanmasini ta’minlash vazifasi qo‘yilgan.
O‘zbekiston so‘nggi yillarda energiya inqirozi yana bo‘y ko‘rsata boshlagani aytiladi.
Elektr energiyasidagi uzilishlar endi nafaqat anomal sovuqda, balki yoz kunlari poytaxt Toshkentda ham odatiy holga aylangan.
Mutaxassislar buni shiddat ishlab chiqarish bilan rivojlanayotgan O‘zbekistonda iste’mol bozori ham keskin ortganini va hukumat mavjud energiya tizimini isloh qilishga ulgurmayotgani bilan izohlashadi.
Oldinroq energetika vaziri kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bazaviy va pessimistik stsenariylar ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi.
Vazir qishda elektr energiyasida uzilashlar bo‘lmasligini bundan oldin ham va’da bergan. Ammo odamlar elektr cheklovlar bilan berilayotganidan shikoyat qilishgan.
Prezidentning bu galgi topshirig‘i qanday bajarilishi haqida tafsilotlar berilmagan.
O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga ko‘paydi

Surat manbasi, Наркотикларни назорат қилиш миллий маркази
O‘zbekistonda oxirgi 5 yilda narkojinoyatlar soni ikki barobarga ko‘paydi. “Ayniqsa sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi 400 martaga ko‘paygan. Bu illatning yoshlar o‘rtasida keng tarqalayotgani bizni tashvishga solmoqda”, - deya Prezident administratsiyasi huzuridagi Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi direktori Ravshan Mamatovdan iqtibos keltiradi gazeta.uz.
“Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda narkojinoyatlar soni ikki barobarga, giyohvandlik vositalari musodarasi 8,5 barobarga, sintetik giyohvandlik vositalari musodarasi esa 400 barobarga ko‘paydi. Kuzatilayotgan salbiy jarayonlar bu sohada kompleks chora-tadbirlarni belgilash hamda samarali idoralararo va xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taqazo etmoqda”, degan u.
Mamatovning ta’kidlashicha, mintaqada, xususan, O‘zbekistonda “dorixona narkomaniyasi” ham keng tarqalayotgani tashvishli hol.
Telegram kanalimiz: https://t.me/bbcuzbek
BBC.COM/UZBEK
Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002














