Urush o‘z hududiga o‘tar ekan, Ozarbayjon Erondan g‘azabda

Ilhom Aliev Naxchivan aeroportiga qilingan hujum javobsiz qolmasligini aytti

Surat manbasi, social media

Surat tagso‘zi, Ilhom Aliev Naxchivan aeroportiga qilingan hujum javobsiz qolmasligini aytti
    • Author, Ko'nul Halilova
    • Role, Muharrir, BBC News Ozarbayjon xizmati
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Ozarbayjon Eron bilan chegaradosh Naxichevan eksklaviga to‘rtta dron uchirilganida Tehronni ayblab, Erondagi diplomatik xodimlarini olib chiqib ketayotganini ma’lum qildi.

Yaqin Sharqdagi urush alangasi Eronning shimoliy chegaralariga ko‘char ekan, hujum natijasida aeroport terminaliga zarar yetgan, maktab yaqinida portlagan dron tinch aholini jarohatlagan, yana bir uchoq esa urib tushirilgan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev ushbu voqeani "terrorchilik akti" deb qoraladi hamda Tehrondan tushuntirish va uzr so‘rashni talab qildi. Juma kuni u yanada keskin qadam tashlab, "xavfsizlik nuqtai nazaridan" Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasi va Tabrizdagi konsulligi xodimlari evakuatsiya qilinishini e’lon qildi. Davlat OAVlari mamlakat armiyasi yuqori jangovar shaylik holatiga keltirilganini xabar qilmoqda.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Erondagi ozarbayjonlar masalasi nega kun tartibiga chiqmoqda?

Payshanba kuni Aliev Eron uchun o‘ta nozik mavzu — bu mamlakatdagi etnik ozarbayjonlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Eron hujumlarga aloqadorligini inkor etib, bu "Isroil tomonidan uyushtirilgan provokatsiya" bo‘lishi mumkinligini iddao qilmoqda.

Rossiya, Eron, Armaniston va Gruziya bilan chegaradosh, Kaspiy bo‘yidagi kichik, ammo strategik muhim davlat bo‘lgan Ozarbayjon endilikda ancha yirik to‘qnashuvlar markaziga tortilmoqda. Eron, Turkiya va Armaniston bilan chegaradosh Naxichevan hududi esa ayniqsa nizolar vaqtida zaif nuqta bo‘lib qolmoqda.

Ushbu dron hujumlari Alievning hokimiyatga kelganidan beri Tehronga nisbatan eng keskin ommaviy chiqishiga sabab bo‘ldi. U hujum ortida turgan Eron kuchlarini "xunuk, qo‘rqoq va jirkanch" deb atadi — bu davlat rahbari uchun kam kuzatiladigan shaxsiy haqoratdir.

2025 yil aprelide Bokuga davlat tashrifini qilgan Eron Prezidenti Masud Pezeshkian Aliev bilan muzokaralar ijobiy bo‘lganini aytgandi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, 2025 yil aprelide Bokuga davlat tashrifini qilgan Eron Prezidenti Masud Pezeshkian Aliev bilan muzokaralar ijobiy bo‘lganini aytgandi

Biroq prezidentning g‘azabi faqat so‘zlar bilan cheklanmadi. U "mustaqil Ozarbayjon - Eronda yashayotgan ozarbayjonlar uchun umid maskani", deya ta’kidladi. Boku Tehron uchun o‘ta nozik bo‘lgani sababli uzoq vaqt davomida bunday bayonotlardan tiyilib kelayotgan edi.

Eronda taxminan 20–25 million etnik ozarbayjon yashaydi. Ular mamlakatdagi eng yirik etnik ozchilik bo‘lib, asosan shimoli-g‘arbiy chegara hududlarida istiqomat qiladi. Islom Respublikasi ularning kimligi va siyosiy qarashlarini hamisha milliy xavfsizlik masalasi sifatida ko‘rib kelgan. Tehron Ozarbayjon milliy o‘zligining mamlakat tashqarisida targ‘ib qilinishini ichki birdamlikka tahdid deb biladi.

Alievning Eron ozarbayjonlari haqida bu qadar ochiq va da’vatkor ruhda gapirishi puxta o‘ylangan qadam sifatida ko‘rilmoqda. Eron nafaqat tashqi urush, balki ichki noroziliklar va siyosiy mavhumlik ostida qolayotgan bir paytda, Alievning so‘zlari Tehron uchun ogohlantirishdek yangramoqda: Ozarbayjonga harbiy yoki diplomatik bosim o‘tkazishga bo‘lgan har qanday urinish Bokuning Eron ichki barqarorligiga ta’sir etuvchi javobi bilan yakunlanishi mumkin.

Eron ozarbayjonlari uzoq vaqtdan beri madaniy huquqlari poymol etilayotganidan, jumladan, o‘z tilida ta’lim olish imkoni yo‘qligidan shikoyat qilib keladilar. Hozirda Eronda ko‘plab faollar va jurnalistlar "tuzumga qarshi tashviqot" va "milliy xavfsizlikka qarshi til biriktirish" kabi ayblovlar bilan qamoqda qolmoqda.

Shu bilan birga, bu jamiyat siyosiy jihatdan ham katta ahamiyatga ega. Shu hafta surgundagi sobiq Eron shohi o‘g‘li Rizo Pahlaviy boshqa etnik ozchiliklar qatori Eron ozarbayjonlarini ham amaldagi tuzumga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarishga chaqirdi.

Eronning amaldagi prezidenti Masud Pezeshkiyanning o‘zi etnik ozarbayjondir. Shanba kuni Isroil va AQShning ilk havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning ham ozarbayjon ildizlariga ega ekani aytilar edi.

Isroil va AQShning ilk havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning ham ozarbayjon ildizlariga ega ekani aytilar edi

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Isroil va AQShning ilk havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgan marhum Oyatulloh Ali Xomanaiyning ham ozarbayjon ildizlariga ega ekani aytilar edi

Asrlar davomida Eronni boshqargan shohlarning ayrimlari ham kelib chiqishiga ko‘ra ozarbayjon bo‘lgan. Hatto eng nufuzli hukmdorlardan biri - Shoh Ismoil Xataiy XVI asrda o‘z saroyida ozarbayjon tilini asosiy til sifatida qo‘llagan. Bu ozarbayjon madaniyati bir paytlar Eron davlatchiligini qanchalik chuqur shakllantirganidan dalolat beradi.

Biroq, bu tarixiy faktlarning hech biri Erondagi ozarbayjonlarga o‘z ona tillarida ta’lim olish huquqi berilishiga yordam bermadi.

Mushtarak shia mazhabiga qaramay, Eron va Ozarbayjon siyosiy jihatdan bir-biridan uzoqlashdi. Ayniqsa, 2020 va 2023 yillardagi Qorabog‘ urushlarida Ozarbayjon Turkiya va Isroil qurollari yordamida harbiy g‘alabalarga erishgach, keskinlik yanada kuchaydi.

Ozarbayjonning mintaqadagi hamkorligi va Eron mavqei

Tehron Bokuning Isroil bilan yaqin mudofaa hamkorligini o‘ziga nisbatan jiddiy tahdid deb biladi. Eron rasmiylari va matbuoti Ozarbayjonni Isroil razvedkasiga Eronning shimoliy chegaralarida faoliyat yuritish uchun sharoit yaratib berishda qayta-qayta ayblab keladi. Boku esa bu iddaolarni qat’iyan rad etadi.

Ozarbayjonning Isroil bilan aloqalari faqat xavfsizlik sohasi bilan cheklanib qolmaydi. Isroil sezilarli darajada Ozarbayjon neftiga tayanadi, ikki davlat o‘rtasida siyosiy va razvedka sohasida yaqin hamkorlik mavjud. Tehron uchun esa aynan mana shu sheriklik barcha shubha va gumonlar markazida turadi.

O‘z navbatida, Ozarbayjon ham Eronning qo‘shni Armanistonni siyosiy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashiga uzoq vaqtdan beri norozilik bildirib keladi va buni o‘z milliy xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashish deb baholaydi.

Ushbu o‘zaro ishonchsizlik tarixi payshanba kungi vaziyat keskinlashuvi uchun muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda va Boku Tehron tomonidan tashlanayotgan har bir qadamni aynan shu prizma orqali talqin etayotir.

Eron, shuningdek, Ozarbayjon va uning Naxichevan eksklavi o‘rtasida quruqlik orqali bog‘lanish yo‘li ochilishiga qarshi chiqib keladi. Tehron Armaniston hududi orqali Ozarbayjonga quruqlik yo‘lagi (Zangezur yo‘lagi nazarda tutilmoqda — tahr.) berilishi mumkinligiga izchil ravishda e’tiroz bildirib kelmoqda.

Ozarbayjon yirik energiya yetkazib beruvchi davlat hisoblanadi. Uning nefti Kaspiy dengizi bo‘yidagi Bokudan boshlanib, Gurjiston orqali Turkiyaning O‘rta yer dengizi sohillarigacha cho‘zilgan 1768 kilometrlik (1100 mil) quvur orqali jahon bozorlariga chiqadi.

Ushbu quvur kuniga bir million barreldan ortiq neft tashiydi va Yevropani Rossiya hamda Eron hududlarini aylanib o‘tuvchi muhim ta’minot yo‘li bilan ta’minlaydi. Shuningdek, Isroil iste’mol qiladigan neftning salmoqli qismi ham aynan shu yo‘nalish hissasiga to‘g‘ri keladi.

Natijada, bu quvur Eron uchun muhim potentsial nishon sifatida ko‘rilmoqda. Unga nisbatan har qanday tahdid xavfsizlik borasida xavotirlarni uyg‘otishi va energiya bozorlarini larzaga solishi mumkin.

Eron ham, Ozarbayjon ham vaziyatning keskinlashishini istamasligini ta’kidlamoqda. Aliev Ozarbayjon Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda "ishtirok etmasligini" bildirdi, Tehron esa dron hujumlari uchun mas’uliyatni rad etishda davom etmoqda.

Biroq, Alievning Ozarbayjonni Eron ozarbayjonlari uchun "umid maskani" deb ochiqchasiga atashi vaziyatga yangi va oldindan aytib bo‘lmaydigan omilni olib kirdi.

Aliev Tehronga shuni eslatib o‘tdiki, u Xomanaiy o‘ldirilganidan so‘ng Eron elchixonasiga borib ta’ziya bildirgan yagona xorijiy rahbar bo‘lgan va Eronning Livandagi elchixonasi xodimlarini evakuatsiya qilish haqidagi iltimosiga shaxsan yordam bergan.

Endi esa, uning so‘zlariga ko‘ra, Eron bu yaxshiliklarga Ozarbayjon hududiga dronlar bilan zarba berish orqali javob qaytardi. Aliev buni ochiqdan-ochiq xiyonat deb baholamoqda.