Ukraina bo‘yicha Rossiya va AQSh muzokaralar: tahlika katta, umid kam (Video)

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Sara Reynsford
- Role, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Rossiyaning Ukrainaga 2022 yilgi to‘liq bosqinidan beri birinchi marta Rossiya, Ukraina va AQSh vakillari Abu-Dabida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazishi kutilayotgani aytilmoqda. Barcha uch davlatdan yuqori darajadagi rasmiylar qatnashmoqda, ammo ular bir vaqtning o‘zida bir xonada o‘tiradimi - hali aniq emas. Format yangicha bo‘lgani bilan, lekin ziddiyatlar o‘z kuchida qolmoqda.
Tahlika katta, lekin bir narsa chiqishidan umid kam.
Tramp Ukraina masalasida o‘z va’dasining ustidan chiqish uchun tinchlik muzokaralarini tezlashtirishga urinmoqda. Uning fikricha, hozirgi vaziyatda ikki tomonning kelishuvga erisha olmasligi "ahmoqlik"dan boshqa narsa emas.
Uning elchilari olib borayotgan faol diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, birinchi uch tomonlama muzokaralarga muhim masalalar hal etilmagan holda o‘tirilmoqda.
Tinchlik hammadan ham ko‘proq Ukrainaga kerak, shu va yana bir boshqa sabab - AQShni yonida ushlab turish uchun ham muzokaralarga qo‘shilmoqda. O‘tgan yili Donald Tramp vaqtinchalik razvedka ma’lumotlari va harbiy yordamni to‘xtatib qo‘ygani, Kiev uchun yaxshigina dars bo‘lgan edi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Prezident Vladimir Zelenskiy Davosda Tramp bilan bo‘lgan muloqotni "juda ijobiy" deb atadi va buning natijasida Rossiyaning tinmas hujumlariga qarshi yangi havo mudofaasi yordami olishga umid qilmoqda.
Odatda AQSh yetakchisi bilan uchrashuvlardan keyin jiddiy tarzda ko‘rinadigan Zelenskiy bu safar g‘ayrioddiy darajada ruhlangan ko‘rindi.
Biroq, u Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan muzokaralar natijasiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ikki kun davom etishi mumkin bo‘lgan ushbu uchrashuvlarni u shunchaki «qadam» deb atadi, ammo uni ijobiy qadam deb baholashdan tiyildi.
"Ushbu uchrashuv bizni tinchlikka biroz bo‘lsa-da yaqinlashtiradi, deb umid qilamiz", dedi u.
Zelenskiy anchadan beri tinchlik shartnomasi loyihasi 90 foizga tayyorligini ta’kidlab keladi. Biroq qolgan 10 foizi eng murakkab va hal qiluvchi qismdir. Rossiya esa hamon taklif qilinayotgan barcha variantlarni rad etish ehtimoli bor.
Uning so‘zlariga ko‘ra: "Asosiy muammo - mamlakatimizning sharqiy hududlari. Bu hududiy yaxlitlik masalasidir. Aynan shu nuqta eng katta to‘siq va yechimi topilmagan asosiy masala bo‘lib qolmoqda".
Rossiya urush maydonida qo‘lga kirita olmagan hudud - Donbassning katta qismi Ukraina tomonidan topshirilishini talab qilmoqda. Ukraina esa bunga rozi emas.
Siyosatchilar ko‘pincha "qizil chiziqlar" haqida gapirishi mumkin, biroq Ukraina uchun Donbassdagi chiziq — o‘sha yerda hayotini fido qilgan askarlar qoni bilan chizilgan chiziqdir. Zelenskiy bu chiziqdan o‘ta olmaydi.
Abu-Dabida muhokama qilinadigan yana bir katta masala - AQSh Rossiya yana bir kun Ukrainaga hujum qilsa, harbiy jihatdan nima qiladi? Ukraina buni "xavfsizlik kafolatlari" deb ataydi va bunday kafolatlar juda muhimligini ta’kidlaydi.
Zelenskiy AQSh-Ukraina kelishuvi tayyorligini aytsa-da, uning tafsilotlari hali ochiqlanmagan. Rossiyaning javobi ham noaniq.

Surat manbasi, Getty Images
Buning ustiga, Donald Tramp bergan kafolatlar qanchalik ishonchli ekani borasida katta shubha paydo bo‘lgan: AQSh prezidentining Grenlandiyani "sotib olish" borasidagi xohishi NATOga jiddiy putur yetkazdi.
U, shuningdek, G‘arbning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashiga asos bo‘lgan bosh tamoyilni - davlat mustaqilligini himoya qilish printsipini ham zaiflashtirib qo‘ydi.
Shunday ekan, Ukraina keyingi xavfli vaziyatda Trampga suyana oladimi? Hozircha, Hozircha Kievda boshqa tanlovning o‘zi yo‘q.
Putinga ishonish borasida Kievda hech kimda xomxayol qolmagan. Zelenskiy Davosdagi chiqishida buni ochiq aytdi: "U aslida tinchlikni istamaydi."
Kreml muzokara stolidan istaganini ololmasa, "maqsadlarini jang maydonida amalga oshirishini" aytadi. Lekin shu paytgacha katta sonda askar yo‘qotishlariga qaramay hozirgacha bunga erisha olmadi.
Shu bois Rossiya hech qachon bo‘lmagan darajada rejali, uzluksiz va halokatli tarzda yana bir bor butun mamlakat bo‘ylab fuqarolik infratuzilmasini nishonga olmoqda.
Bu esa, millionlab odamlarni qattiq qish sharoitida ko‘chalarga soldi.
Bugun Kiev meri yana shahar aholisini imkoni bo‘lsa, vaqtincha ketishga chaqirdi: "Dushman, ehtimol, shahar va mamlakatning muhim infratuzilmasiga hujumlarni davom ettiradi", - dedi Vitaliy Klichko.
Ustma-ust hujumlar tufayli tizim juda zaiflashgan.
"Aholiga ochiq aytaman: vaziyat o‘ta og‘ir. Va bu hali eng og‘ir payt emasligini ham aytib o‘tishga to‘g‘ri keladi."












