Qadoqlangan ichimlik suvlari plastik parchalari bilan ifloslanishi aniqlandi

Filtrlashdan so'ng katta parchalarni sariq rangda oson payqash mumkin

Сурат манбаси, Orb Media

Сурат тагсўзи, Filtrlashdan so'ng katta parchalarni sariq rangda oson payqash mumkin
    • Author, David Shukman
    • Role, BBC ilm-fan muharriri

Navbatdagi tadqiqot doirasida qadoqlangan ichimlik suvi ishlab chiqarishda yetakchi bo'lgan mashhur kompaniyalar mahsulotlarining tozaligi tekshirib ko'rildi. Ma'lum bo'lishicha, ularning deyarli hammasi mayda plastik zarrachalari bilan ifloslanar ekan.

Mazkur tadqiqot davomida tekshirish uchun to'qqizta turli davlatdan 250 shisha ichimlik suvi sotib olindi.

"Orb Media" jurnalistik tashkiloti tomonidan o'tkazilgan ushbu tekshiruvda har bir litr qadoqlangan ichimlik suvi tarkibida o'rtacha 10 dona odam sochidan qalinroq plastik zarrachalar mavjud bo'lishi aniqlandi.

Mahsulotlari tadqiqot davomida o'rganilgan kompaniyalar esa Bi-Bi-Siga suv qadoqlash zavodlari yuqori standartlarga javob berishini ma'lum qildi.

Tadqiqot AQShda joylashgan Nyu-York Davlat universitetida o'tkazildi.

Mazkur universitetda kimyo professori sifatida faoliyat yurituvchi Sherri Meyson Bi-Bi-Siga shunday deydi: "Biz har bir idishdan, har bir brenddan plastik zarralarini topdik."

"Biz alohida brendga barmoq bilan ishora qilmoqchimasmiz. Plastik har bir idishda borligi ma'lum bo'ldi. Bu material bizning jamiyatda juda keng tarqalgan. U biz iste'mol qiladigan eng oddiy mahsulot tarkibida ham mavjud."

Ayni vaqtda bunday plastik mikrozarralarining organizmga tushishi salomatlik bilan bog'liq salbiy holatlarga sabab bo'lishi haqida aniq ma'lumot yo'q. Ilm-fan esa uning ta'sirini o'rganmoqda.

Natijalar borasida izoh berar ekan, professor Meyson shunday deydi: "Topilgan zarrachalar miqdori xavotirlanarli darajada emas, lekin bunga ko'z yumib ham bo'lmaydi."

Mutaxassislarning Bi-Bi-Siga ma'lum qilishicha, ichimlik suvining ifloslanish ehtimoli yuqori bo'lgan rivojlanayotgan davlatlarda yashovchi odamlar qadoqlangan suv iste'mol qilishlari lozim.

Tadqiqot yuzasidan izoh so'rab kompaniyalar bilan bog'lanilganda ular o'z mahsulotlari sifat va xavfsizlik darajasining yuqori standartlarga javob berishini iddao qildilar.

Shuningdek, ular mikroplastik zarrachalarni nazorat qilish tartibi mavjud emasligi va buni doimiy tekshirib borishga imkon beruvchi metodlar yetishmasligini ham tan oldilar.

O'tgan yili professor Meyson bunday zarrachalarni quvurdan keladigan oddiy ichimlik suvida ham topgan edi. Bundan tashqari o'xshash boshqa tadqiqotlar davomida dengiz mahsulotlari, pivo, dengiz tuzi va, hatto, havoda ham mikroplastik zarrachalar mavjudligini aniqlangan edi. Maqolada tilga olinayotgan tadqiqot atrof-muhitning plastik bilan ifloslanishi borasidagi xavotirlar kuchaygan bir paytga to'g'ri kelmoqda. Bundan oldinroq Devid Attenborou Bi-Bi-Sining e'tiroflarga sazovor bo'lgan "Moviy Sayyora 2" hujjatli filmida dunyo okeanining plastik bilan tobora ifloslanib borayotgani xavfiga omma e'tiborini qaratgan edi.

Tadqiqot davomida 11 xildagi turli xalqaro va milliy savdo belgilari mahsulotlari sotib olindi. Aynan aholisi ko'p va qadoqlangan suvga talab katta davlatlar tanlab olindi. Ushbu savdo belgilari quyidagilardir:

Xalqaro brendlar

  • Aquafina
  • Dasani
  • Evian
  • Nestle Pure Life
  • San Pellegriono

Milliy brendlar

  • Aqua (Indoneziya)
  • Bisleri (Hindiston)
  • Epura (Meksika)
  • Gerolsteiner (Germaniya)
  • Minalba (Braziliya)
  • Wahaha (Xitoy)
Maxsus bo'yoq plastik parchalariga yopishib qoladi
Сурат тагсўзи, Maxsus bo'yoq plastik parchalariga yopishib qoladi

Xolislik va ifloslannmaslikni ta'minlash maqsadida barcha xaridlar va suvlarning kuryer kompaniyalar tomonidan yetkazib berilish jarayoni tasvirga olindi. AQShdagi ba'zi mahsulotlar internet orqali buyurtma qilindi.

Suv tarkibidagi plastikni aniqlash uchun "Qizil Nil" nomli bo'yoq qo'llanildi. Ushbu uslub dengiz suvi tarkibidagi plastikni tezkor aniqlash maqsadida yaqinda britan olimlari tomonidan ishlab chiqilgan.

Oldingi tadqiqotlardan ma'lum bo'lishicha, ushbu bo'yoq modda suv ichida suzib yurgan zarrachalarga yopishib, ularning ma'lum nurlar ostida yaltirishiga imkon yaratadi.

Professor Meyson va uning hamkasblari bo'yoq singgan zarrachalarni filtrlab olib, 100 mikron, yana inson soch tolasi diametriga teng qismlarini sanab chiqdilar.

Shundan so'ng tekshirish mumkin bo'lgan kattalikdagi parchalar infraqizil nurli spektroskopda tahlil qilib ko'rildi. Natijada ularning plastik ekanligi tasdiqlanib, polimerning alohida turlariga mansubligi aniqlandi.

Diametri 100 mikrondan kichik parchalar ham tahlildan o'tkazildi. Ularning eng kichigi 6,5 mikronga teng ekan. Astronomiyada qo'llaniladigan koinotdagi yulduzlar sonini umumlashtirish uslubi bo'yicha hisoblab chiqilgan plastik parchalarning bir litr suvdagi miqdori o'rtacha umumiy 314 taga tengligi ma'lum bo'ldi.

100 mikrondan kichik zarrachalarning barchasi ham plastikdan iborat ekanligi hozircha tasdiqlanmadi. Biroq professor Meysonning aytishicha, "mantiqan ular ham plastik."

Buning sababi "Qizil Nil" bo'yog'i plastikdan boshqa moddalar, masalan, suv o'ti tolalariga ham yopishish xususiyatiga ega. Bunday hollarda bo'yoq ajratib ko'rsatgan zarrachalar qanday moddaga mansubligini aniqlash qiyin. Ammo suv o'ti tolalari qadoqlangan suv tarkibida bo'lish ehtimoli juda kam.

Mazkur tadqiqot boshqa olimlar tomonidan taqriz qilinmagani va biror ilmiy nashrda chop etilmagani bois Bi-Bi-Si ba'zi soha mutaxassislaridan ushbu tekshiruv haqida izoh berishlarini so'radi.

Sharqiy Angliya universitetidan doktor Endryu Meyes ("Qizil Nil" texnologiyasi asoschilaridan biri) "tadqiqot tahliliy kimyo talablariga yuqori darajada javob berishi", lekin xulosalar bizga "biror yangilik bermasli"gi haqida aytadi.

Oziq-ovqat Standartlari Agentligi asoschilaridan biri Maykl Uolker esa tadqiqot "a'lo darajada" bajarilgani, "Qizil Nil"dan samarali foydalanilganini e'tirof etdi.

Har ikki mutaxassis ham 100 mikrondan kichik bo'lgan parchalarning aniq kelib chiqishi aniqlanmaganiga alohida ishora qildi. Biroq ularning fikricha, qadoqlangan suvda boshqa moddalar bo'lishi ehtimoli kamligi uchun bu zarrachalarni ham "plastik" deb e'tirof etish mumkin.

Odamni eng qiziqtiradigan savol - bu plastik parchalari suvga qanday tushib qoladi? Yelim idishlar qopqoqlari polipropilindan tayyorlanishi hisobga olinsa, qopqoq ochilgan paytda undagi mayda zarrachalar idish ichiga tushishi mumkin.

Tadqiqotchilarni hayratga solgan narsa shu bo'ldiki, 259 idishning 17 tasidan hech qanday zarracha topilmagan, lekin bu idishlar yagona savdo belgisiga ham tegishli bo'lmagan.

Ba'zi idishlardagi parchalar soni mingdan oshib ketgan. Ularning aksariyati 100 mikrondan kichik zarrachalar bo'lgan. Ajablanarlisi esa ayni shu idishlar bilan bir qutida qadoqlangan boshqa suvlardan umuman parchalar topilmagan.

Professor Meyson Devid Shukmanga tadqiqot natijalarini ko'rsatmoqda
Сурат тагсўзи, Professor Meyson Devid Shukmanga tadqiqot natijalarini ko'rsatmoqda

Biz tadqiqot xulosalari yuzasidan kompaniyalar bilan bog'landik va ularning ko'pchiligi javob berdi.

Nestle'ning aytishicha, kompaniya ikki yil oldin mikroplastik parchalarni tahlil qilish ishlarini yo'lga qo'ygan, lekin biror marta tadqiqot davomida aniqlangan darajada ko'p zarracha topilmagan. Kompaniya vakili professor Meyson aniq xulosalar qabul qilishda ba'zi muhim qoidalarga amal qilmagan bo'lishi mumkinligi taxmin qilib, "Orb Media"ni qo'llangan uslublarni o'zaro qiyoslab ko'rishga taklif qildi.

Gerolsteiner ham mikroplastik zarrachalarni aniqlashni bir necha yildan beri amalga oshirib kelayotgani va u topilgan natijalarga ko'ra, "parchalar miqdori belgilangan chegaradan ancha past" ekanligini ma'lum qildi.

Shuningdek, kompaniya mikroplastik zarralar hozirda "hamma yerda" mavjudligi, ularning "mahsulotga to'g'ridan-to'g'ri havodan tushishi yoki qadoqlash jarayonida kirib qolishini butunlay nazorat qilib bo'lmasligi"ni ta'kidladi.

Coca-Cola esa qadoqlangan suv ishlab chiqarish sanoatidagi eng qat'iy sifat tekshiruvidan foydalanishi, mahsulotlari "ko'p bosqichli filtrlash jarayoni"dan o'tishini iddao qildi. Biroq u ham plastik zarralar "hamma joyda hozirligi, har qanday yuqori darajada ishlov berilgan mahsulotga istalgan onda tushishi"ni ham tan oldi.

Danone "qo'llanilgan uslub haqida aniq ma'lumot yo'q"ligi sababli tadqiqot yuzasidan izoh berolmasligi, lekin uning mahsulotlari yuqori standartlarga javob berishini aytdi.

Kompaniya, bundan tashqari, mikroplastik zarralarni nazorat qilish borasida umumiy qoidalar yo'qligi va ularni tekshirishning ilmiy asosi ishlab chiqilmaganini ma'lum qildi. Danone o'tgan yili nemislar tomonidan kichikroq o'xshash tadqiqot o'tkazilgani, lekin unda yuqoridagi raqamlardan ancha kam parchalar topilgani haqida eslatib o'tdi.

PepsiCo o'zining savdo belgisi bo'lmish Aquafina "ishlab chiqarishda tozalikka yuqori rioya qilish qoidalariga javob berishi, tozalash va iste'mol mahsulotlari xavfsizligini nazorat qilish jarayonlaridan o'tishi"ni da'vo qildi.

Kompaniya mikroplastik zarralarni o'rganish "hali yosh soha" ekanligi, "chuqur ilmiy tahlillar, sinchkov taqrizlar talab qilishi"ni ma'lum qildi.

  • BBCUZBEK.COM билан Telegram орқали +44 7858860002 номери билан боғланинг. Telegram каналимиз: https://t.me/bbcuzbek