O'zbekiston: 1 yanvardan OVIR stikeri berish to'xtatiladi

Uznews.uz

Сурат манбаси, Uznews.uz

O'zbekistonda 2019 yilning 1 yanvaridan xorijga chiqish huquqini taqdim etuvchi OVIR stikeri berish to'xtatiladi.

Bu haqda O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig'i Bahodir Usmonov ma'lum qilgan.

Kun.uz nashrining IIV mulozimidan iqtibos keltirishicha, prezident farmoniga asosan 2019 yil 1 yanvaridan fuqarolarga xorijga chiqish pasporti berila boshlanadi. "Fuqarolar o'zlarining amaldagi biometrik pasportlari bilan 2021 yil 1 yanvargacha OVIR-stiker talab qilinmaydigan mamlakatlarga chiqa olishadi. Ilgari rasmiylashtirilgan stiker muddati o'tmagan bo'lsa, shu davr ichida o'sha pasport egasi OVIR talab qilinadigan xorijiy davlatlarga ham chiqishi mumkin bo'ladi", - deya Bahodir Usmonovning so'zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz nashri.

Prezidentning "O'zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet elga chiqish pasportini joriy etish to'g'risida"gi PF-5156-sonli Farmoni 2017 yil 16 avgustida e'lon qilingandi.

Oradan bir necha hafta o'tib, Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida nutq so'zlagan Shavkat Mirziyoev chiqish vizasini "o'tmish sarqiti" deb atagan.

"Xorijga chiqish vizalari singari umrini mutlaqo o'tab bo'lgan o'tmish qoldiqlari bekor qilindi", deb aytgan Prezident BMT minbaridan qilgan nutqida.

Inson haqlari tashkilotlari O'zbekistonda sovet davridan buyon amal qilib kelgan chiqish vizasini fuqarolarning erkin harakatlanish huquqini cheklovchi Konstitutsiyaga zid akt, deya qoralab kelganlar.

Ularga ko'ra, hukumat chiqish vizasidan o'zgacha fikrdagi insonlarning harakatlanishini cheklashda foydalanib kelgan.

BBCUZBEK.COM bilan Telegram orqali +44 7858860002 nomeri bilan bog'laning.

Telegram kanalimiz: @bbcuzbek