Iqlim bitimi: Najot yo xo‘jako‘rsin?

Сурат манбаси, Getty Images
AQSh prezidenti Barak Obamaning aytishicha, Parijda erishilgan Iqlim Kelishuvi Yer sayyorasini asrash yo‘lida qo‘yilgan muhim qadamdir.
Zaminni eng ko‘p ifloslantirayotgan Xitoy ham Parijdagi kelishuvni olqishlagan.
AQSh va Xitoy kabi sayyoramizni eng ko‘p ifloslantirib, eng katta miqdorda issiqxona gazlarini chiqarayotgan davlatlarning iqlim isishini jilovlash yo‘lidagi kelishuvlarga qo‘shilishlari katta qadam bo‘lmoqda.
Halokatgacha 2S
Ma‘lumki, issiqxona gazlari havo qatlamida tiqilib qoladi va zaminni issiqxonaga aylantira boshlaydi. Bu esa jahon bo‘ylab iqlimni isitadi.
Iqlim isishi muzliklarni eritadi, ummonlar sathini ko‘taradi.
Natijada ilk yillari suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar ko‘paysa, kelajakda daryolar tortiladi, suv qolmaydi.
Xitoy va Hindiston kabi endi rivojlanib kelayotgan ulkan iqtisodlar iqlim isishini to‘xtatish chaqiriqlariga bir qadar istehzo bilan munosabat bildirib kelishardi.
Dehli va Pekinga ko‘ra, iqlim isishi bir bahona bo‘lib, o‘z vaqtida iqtisodi va sanoatini rivojlantirib olgan hamda dunyoni eng ko‘p ifloslantirgan G‘arb davlatlari endi ularga yetib olayotgan boshqa mamlakatlarga to‘sqinlik qilishmoqchi.

Ammo endilikda bu ikkovlon ham, AQSh ham zaminni asrash uchun iqlim isishini jilovlash harakatlariga qo‘shilmoqdalar.
Ayni damda, hozirgi iqlim isishida insonning hissasi salmoqli ekanligi ham tan olinayotir.
Parijda yig‘ilgan dunyo rahbarlari jahon bo‘ylab iqlim isishini 2C, ya‘ni ikki darajadan past haroratda ushlab turishga kelishdilar.
"Qisqa muddatda bu kelishuv sayyoramizga tahdid solayotgan SO2 yoki karbonat angidrid gazlari qamroq chiqarilishini anglatadi" - dedi Barak Obama.
"Uzoq muddatda esa SO2 gazlarini jilovlashga qaratilgan sa‘y-harakatlar va ekologik toza iqtisodlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratiladi".
Xo‘jako‘rsin tomosha
Biroq 2020 yilda ishga tushuvchi ayni kelishuv davlatlar yelkasiga qisman majburiyat yuklaydi, xolos.
Shu bois tanqidchilar Parijdagi kelishuvni allaqachon "xo‘jako‘rsin tomosha" deb atashmoqda.
Global Justice Now (Hozir Jahon Uchun Adolat) tashkiloti Parijda erishilgan kelishuv dunyoni qutqara olmasligini aytadi.
"Muvaffaqiyat deb jar solinayotgan kelishuv aslida dunyodagi eng kuchsiz jamoalar huquqlarini cheklaydi" - dedi Global Justice Now rahbari Nik Dearden.
"Shuningdek, kelajak avlodlar uchun xavfsiz va yashash imkonini beradigan sayyorani qoldirib ketishimiz yo‘lida bizning yelkamizga hech qanday majburiyat ham yuklanmayapti".

Сурат манбаси, AP
Rivojlanayotgan kambag‘al davlatlar ham rivojlangan boy davlatlarga teng mas‘uliyatni o‘z bo‘ynilarga olishsa, bu ularning ilgari siljishlariga salbiy ta‘sir qiladi.
Hozirgi kelishuvga binoan, shu sababli ham rivojlanayotgan davlatlar uchun har yili 100 milliard dollar mablag‘ ajratilishi belgilangan.
O‘z o‘rnida, dunyo bo‘ylab harorat ko‘tarilishini ikki darajadan pastda ushlab turish ham ko‘pchilik uchun muvaffaqiyat bo‘lavermaydi.
Bangladesh kabi o‘ta kambag‘al va dengiz sathidan pastda joylashgan davlatlar bir darajali harorat ko‘tarilishi oldida ham zaif qoladilar.
Yaqin Sharqda ham 2S iqlim isishi hayot kechirishini o‘ta qiyinlashtirib yuborishi mumkin.
Rossiyada esa agar harorat biroz ko‘tarilib, abadiy muzliklar erisa, muz ostida "uxlab yotgan" xavfli kasalliklar tarqalishi ehtimoli kuchayadi.
Yemagan somsaga pul to‘lash
Iqlim isishi Markaziy Osiyo kabi dengizdan uzoq, suv zaxiralari kam, sahrolashish kuchli mintaqada ham halokatli kechishi mumkin.
Mintaqa iqtisodlari kuchli rivojlanmagan va iqlimning isishida ularning hissasi o‘ta kam.
Biroq Sirdaryo va Amudaryoni suv bilan ta‘minlaydigan muzliklar erishi tezlashgan.
Tojikiston hamda Qirg‘iziston vakillari ba‘zi muzliklar 20-30% eriganini aytishmoqda.

Сурат манбаси, none
Bir necha o‘n yilliklar ichida esa bu muzliklarning yarmidan ko‘pi erib bitishi mumkin.
O‘zbekiston kabi o‘z suv zaxiralari juda kam, aholisi katta va aksar sahrodan iborat davlatlar uchun iqlim isishi oqibatlari yaxshilik keltirmaydi.
Qolaversa, bu mamlakatning boshqa suv manbalariga chiqadigan yo‘llari ham yo‘q.
Shunga qaramay, O‘zbekiston hamon o‘ta ko‘p suv talab qiladigan paxta ekishni davom ettirmoqda.
Qishloq xo‘jaligi sohasi isloh qilinmagan va bor suvdan tejab foydalanish yo‘lida ham samarali chora-tadbirlar ko‘rilmayapti.
O‘zbekistonning nafaqat ovloq qishloq hududlari, hatto qator shaharlarida ham oddiy toza ichimlik suvi muammoga aylangan.
Mutaxassislarga ko‘ra, O‘zbekistonda sahrolashish va yerning sho‘rlanib, ishdan chiqishi ham jadal davom etayapti.
Iqlimning yanada isishi esa O‘zbekistondagi hayot sharoitlarini bundan ham battar ahvolga soladi.
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
TELEGRAMDA ESA kanalimiz -telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio












