"Islohotsiz O‘zbekiston xarob bo‘ladi"

O‘zbekcha taraqqiyot yo‘li borasida fikrlar har xil...
Сурат тагсўзи, O‘zbekcha taraqqiyot yo‘li borasida fikrlar har xil...

"Xitoyga gaz va paxta sotamiz. Rossiya ko‘proq to‘lasa ularga ham sotaveramiz" - ijtimoiy tarmoqlardagi bahsimizda fikr qoldirgan Rashid Hakimov.

"O‘z imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, valyuta rezervini shakllantirayapmiz" - fikrini davom ettiradi o‘quvchimiz - "Agar siz iqtisodchi bo‘lganingizda, Xitoyga rahmat aytardingiz".

"Nega Xitoyga rahmat aytishimiz kerak?!" - e‘tiroz bildiradi Qaxramon Matyaqubov ismli foydalanuvchi - "Bizning boyliklarimizni deyarli tekinga olganigami?"

"Agar O‘zbekistondagi o‘g‘ri amaldorlar o‘z shaxsiy manfaatini o‘ylamaganida edi, o‘zimizda zavod fabrikalar qurib, xalqni ish bilan ta‘minlagan bo‘lardilar".

Chorak asr boy berildimi?

"Etti yuz siniqlikda yashagan xalq 25 yilda Amerika bo‘larmidi?" - savol tashlaydi Vahid Mamajonov - "Mudofaa kerak, mutaxassislar kerak, mehnat qilish kerak, vaqt kerak..."

"25 yil bu chorak asr" - qarshi chiqadi Qahramon Matyaqubov - "Vaqt yetarlisidan ham ortig‘i bilan bo‘ldi".

Ali Xan esa hech bir tabiiy boylikka ega bo‘lmagan jimitdek Singapur o‘tgan 20 yilda misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishganini misol sifatida keltiradi.

"Demak, 20 yil ichidayam nimagadir erishsa bo‘ladi" - yozadi Ali Xan - "Buning uchun to‘g‘ri iqtisodiy siyosat hamda korruptsiya va yulg‘ich amaldorlarga qarshi samarali kurash olib borish kerak".

Bu aks olinganidan beri o‘tgan qisqa vaqtda o‘zbek so‘mi yanada qadrsizlandi
Сурат тагсўзи, Bu aks olinganidan beri o‘tgan qisqa vaqtda o‘zbek so‘mi yanada qadrsizlandi

Ayni o‘rinda ko‘pchilik O‘zbekistonning iqtisodiy mustaqilligi va taraqqiyotini ta‘minlash yo‘llariga e‘tibor qaratgan.

Mirza Anvar Xamidov ismli o‘quvchimiz birgina qishloq xo‘jaligida qator islohotlar zarurligini sanaydi.

"To‘liq bozor iqtisodiyotiga o‘tish, ekin maydonlarini dehqonga qaytarish va subsidiya berish, davlat buyurtmasidan voz kechish, chegara tizimidagi cheklovlarni olib tashlash, tadbirkorlarning erkin faoliyatiga izn berish..."

"Shunda dehqon nima ekadi, kimga qancha narxda sotadi, o‘zi topib oladi".

Mirza Anvar Xamidov O‘zbekistonda davlat tizilmasi shaffofligi va matbuot erkinligi kerakligini ham urg‘ulaydi.

"Haqiqiy iqtisodiy va siyosiy islohotlarsiz O‘zbekiston xarob bo‘ladi!" - o‘z fikrini xulosalaydi o‘quvchimiz.

Paxta, 'onggi chala' amaldorlar va xalq

"Paxta O‘zbekistonning brendi" - yozadi Narkul Kenjayev - "Suv muammosini yechsak, bizga yetadigan davlat bo‘lmaydi".

"To‘g‘ri, paxta O‘zbekistonning brendi" - javob beradi Nurjahonbek Qurbonov - "Lekin shu paxtani qiynalib yetishtirayotgan o‘zbek xalqini ham unutmaslik kerak".

"Tadbirkor va fermerlarga erkinlik hamda imtiyoz berilsa, mamlakatning chorak qism aholisini majburan dalaga sudrashga hojat qolmasdi" - fikr bildiradi Ali Xan - "Ammo bular xomxayol, chunki bizda mamlakat manfaati emas, tepadagi ongi chala amaldorlarning cho‘ntagi muhimroq".

"Agar paxtaning bir kilosi uchun 800-1000 so‘m berishganida, o‘qituvchi va shifokorni dalaga solishga hojat qolmasdi" - deydi Kobeysin Ayazbayev - "Hozir 200 so‘m beradi, bir xalta un esa 120 ming. Xo‘sh, buni topish uchun qancha paxta terish kerak? Ehhe..."

"Biz bugungacha paxtaga yopishib olganmiz, bundan ajrala olmayapmiz" - fikrlaydi tahlilchi Mahmud Yo‘ldoshev - "Demak, kimningdir qarmog‘iga ilinishimiz tayin".

"Gap Xitoyning qarmog‘iga ilinishda emas, gap aynan qishloq xo‘jaligidan, paxtadan ajrala olmaganimizda".

"O‘zbek paxtasini Ovro‘po shirkatlari boykot qilganidan Xitoy ustamonlik bilan foydalanmoqda va istagan narxini qo‘yishi mumkin" - o‘z qarashini izhor etadi Tohir Bilolov - "Hukumat esa savdolashishi qiyin, shu xaridorni ham yo‘qotib qo‘yishni istamaydi".

"Paxta - qullik kishani" yo "Paxtaga bog‘lanib, rivojlanmaymiz" kabi fikrlar ham aytilmoqda
Сурат тагсўзи, "Paxta - qullik kishani" yo "Paxtaga bog‘lanib, rivojlanmaymiz" kabi fikrlar ham aytilmoqda

"Agar O‘zbekiston paxtaga to‘lanadigan narxni oshirsa, ish qidirib yurganlarning o‘zlari terishadi. Xalqaro tashkilotlar buni olqishlashadi va yana paxtamizni sotib olishadi" - fikrini davom ettiradi o‘quvchimiz - "Paxta narxini ko‘tarish uchun xotirjam savdolashish ham mumkin, ko‘proq foyda olamiz, xalqaro sahnada obro‘yimiz ham tiklanadi".

"O‘zbek paxtasini g‘arb shirkatlari boykot qilgan bo‘lsa, unda boshqa ekin ekaylik" - taklif kiritadi Kobeysin Ayazbayev - "Masalan, bog‘dorchilik qilaylik".

"Paxta va pilla - O‘zbegim uchun qullik kishani" - mavzuga xulosa yasaydi Toxir Abdullayev.

Imillab yo ildamlab?

Husniddin Karabayev ismli o‘quvchi sekin-asta rivojlanamiz, degan bahsdoshlariga murojaat qiladi.

"Kallasi haddan tashqari zo‘r ishlaydigan va iqtisodni zo‘r biladigan insonlar bo‘ladi, ulardan yaxshi foydalanilsa, ana shu odamlar rivojlanishni tezlashtirib berishadi".

"Mustaqillikka erishgach, rejali iqtisod yo bozor iqtisodini tanlash masalasi oldimizda ko‘ndalang bo‘ldi" - deydi Mirza Anvar Xamidov - "Biz esa o‘rta yo‘lni tanladik".

"Afsuski, bu yo‘l bizni to‘ppa-to‘g‘ri korruptsiya botqog‘iga tiqib qo‘ydi. Bir tomonda erkin fermer va tadbirkorlar, ikkinchi tarafda esa ularning yuganini tutib turgan amaldorlar".

"Paxta yetishtirish sohasida kimyoviy o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash mahsulotlari davlat monopoliyasida, narxlar baland" - ahvolni tasvirlaydi o‘quvchimiz - "Paxta xomashyosini sotib olish narxi past".

"Terim mashinalari yo‘q, boriyam qimmat. Xo‘sh, shu ahvolda qanday rivojlanish to‘g‘risida gapirish mumkin?" - savol qo‘yadi Mirza Anvar Xamidov.

Unga javoban tahlilchi Mahmud Yo‘ldoshev xulosa qiladi:

"Siz aytgan o‘sha "o‘rta yo‘ldan" voz kechilmasa, taraqqiyot to‘g‘risida o‘ylamasa ham bo‘ladi".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio