"Buyuk kelajakka 5 yil qoldi, o‘zbeklar"

Ko‘plab o‘zbeklarga ko‘ra, kelajak buyuk bo‘lishi uchun prezident omon bo‘lishi kerak

Сурат манбаси, Reuters

Сурат тагсўзи, Ko‘plab o‘zbeklarga ko‘ra, kelajak buyuk bo‘lishi uchun prezident omon bo‘lishi kerak

"O‘n besh yil emas, yaqin yillar ichida buyuk kelajak boshlanadi".

Ijtimoiy tarmoqlardagi aksar o‘quvchilarimiz fikrlarining umumiy xulosasi xuddi ana shunday.

Aziz Saidov, masalan, besh yilda katta o‘zgarishlar bo‘ladi, deb yozadi.

"O‘zbekistonda hayot zo‘r, bundan ortiq bo‘lmaydi" - fikr qoldirgan Lyubov Saliyevna.

"Yana nima bo‘lsin, yaxshi bo‘ldi-ku kelajak" - yozadi Umid Raxmatov biroz mahalliychilik ruhida - "Qishloqda eshak minganlar qonun-qoidani bilmasayam, shaharda mashina minib yurishibdi-ku".

Aksariyat o‘quvchilar bir-birlariga "o‘zbeklar, shukur qilinglar" qabilida maslahat berganlar.

Sog‘inch Sadosi nomli Facebook guruhi vakili esa O‘zbekiston o‘ta rivojlangan davlatlardan ham o‘zib ketishiga ishonadi. Faqat buning bitta sharti bor...

"Dodamizning umrlari uzoq bo‘lsa, o‘rtacha daromadli u yoqda tursin, yuqori daromadli davlatlar ham bizga yeta olmay qolishadi" - degan Sog‘inch Sadosi.

Alisher Komilov ismli tinglovchimizga ko‘ra, buyuk kelajakni 15 yil kutish kerak bo‘lmaydi.

"Yalpi Ichki Mahsulot bo‘yicha 2020 yilga kelib, O‘zbekiston ko‘p davlatlardan uzib ketadi" - deydi u - "Yaqinda O‘zbekiston Kichik Xitoy, degan laqab olishiga ishonaman".

Pichingmi yo ishonch?

Ayrim o‘quvchilar esa bir qadar kinoya bilan fikr qoldirishgan ko‘rinadi.

"Ey, 25 yildan beri kutib, ishonib yuribmiz-ku, nima bo‘pti yana 15 yil chidasak?" - savol qo‘yadi Abbasxon ismli Facebook foydalanuvchisi - "Katta boshliq aytdi-ku, yana 25 yil podsho bo‘lib turishga tayyorman deb, u odam va‘dasida turadi".

"Buyuk kelajak? Paxta terishga texnika ololmaydi-ku?" - savol qo‘yadi bir o‘quvchimiz
Сурат тагсўзи, "Buyuk kelajak? Paxta terishga texnika ololmaydi-ku?" - savol qo‘yadi bir o‘quvchimiz

"O‘zbekiston kelajagi buyuk bo‘lishi uchun ko‘p-ko‘p paxta teringlar, shunda yaxshi bo‘ladi" - maslahatnamo kinoya qiladi Sarvar O‘zgarishev ismli o‘quvchi.

Qishloqlarda qurilayotgan yangi uylar qishloq ahli dunyoqarashiini o‘zgartirib yuboradi, degan davlat rahbarlari fikrlariga ham kesatiqli javoblar bor.

"Ha, qo‘shilaman, o‘zbeklar dunyoqarashiga ta‘sir qilmoqda" - urg‘ulaydi Odamiy taxallusli o‘quvchimiz - "Tabaqalanish avjida. Besh-olti yuz mingga ishlovchi ishchilar qanday odamlar bunday uylarni 100 million sarflab, sotib olishyapti ekan, deya dunyoqarashlari o‘smoqda".

"Qishloqda qurilgan uylar besh yilda to‘kilib bitadi" - deb yozadi Odnoklassniki.ru tarmog‘idagi boshqa bir o‘quvchi.

"O‘zbekiston - spetsnaz"

"Men O‘zbekistonni har tomonlama kuchga to‘lgan spetsnaz yigitga o‘xshataman! Qanday tushunasiz?" - savol tashlaydi Baxtiyor Bek.

Yaqin yillar ichida O‘zbekistonda buyuk kelajak boshlanishiga ishongan barcha o‘quvchilar ham o‘z fikrlarini biron hayotiy haqiqat bilan dalillashgani yo‘q.

Lekin hali-veri buyuk kelajak boshlanishiga ishonmaydiganlar o‘z qarashlarini asoslashga intilganlar.

"Buyuk kelajak? Paxtani tergani texnika ololmaydi, xalq jabrlanadi" - deydi bir o‘quvchi.

"Men ishonmayman, chunki hamma joyda o‘g‘irlik" - tushkun ohangda yozadi Shuhratbek Rahmatullayev ismli foydalanuvchi.

"Iltimos, O‘zbekistonda hamma narsa yetarli demanglar" - yozg‘iradi Umar Ibn Xattob taxallusi bilan boshqa muxlisimiz.

Buyuk kelajak quruvchilari nega chetda mardikor? Nochorlik yo noshukrlik?
Сурат тагсўзи, Buyuk kelajak quruvchilari nega chetda mardikor? Nochorlik yo noshukrlik?

"Unda nega 10 minglab odam Rossiyada mardikor?"

"O‘zbekistonda rivojlanish bo‘lmay, chegaralar daxlsizligi ta‘minlanmaganida edi, butun O‘zbekiston Rossiyada mardikor bo‘lardi" - deydi bunga javoban Baxtiyor Bek.

"Kuchli armiya tuzish va chegaralar daxlsizligini ta‘minlash o‘ta qimmat turadi" - ayni fikrni davom ettiradi Odamiy taxallusli o‘quvchimiz - "Bu esa iqtisodimizga katta ta‘sir etayotgani bilinadi".

Buyuk kelajak ertakmi?

"Imkoniyati yo‘q. Chunki xalq topganini ro‘zg‘orga zo‘rg‘a yetkazayapti-ku" - deydi Nodira Usmoniy O‘zbekistonda buyuk kelajak boshlanishiga oz qoldi degan qarashlarga javoban.

"Balki bu ketishda shaharlar qishloqqa aylanar" - deya u shahar va qishloq o‘rtasidagi farq yo‘qoladi, degan rasmiy fikrlarni izohlaydi.

"Toshkentda xonadonlar issiq suv va isitish uchungina million-million so‘m qarzdor".

Energiya taqchilligi ham buyuk kelajak borasidagi bahslarida bot-bot ko‘tarilgan.

Ilhom Usmanov ismli o‘quvchi Turkiya qishloqlarida ham gaz yo‘q, lekin turk xalqi o‘z vatanini sevgani uchun ham nolimaydi qabilida fikr bildiradi.

"Chunki Turkiyaning o‘zida gaz yo‘q va tashqaridan sotib oladi. Qishloqlarida, hartugul, svet o‘chmaydi. Bizda esa shaharlarda ham svet yo‘q" - deydi Doniyor Po‘latov o‘zida gaz chiqadigan O‘zbekiston chetga gaz va elektr sotsa ham, o‘zbek xalqining katta qismi gazsiz va elektrsiz yashayotganiga ishora qilib.

"Turklar bizdan ham ko‘proq nolishadi" - deya qo‘shib qo‘yadi Doniyor.

O‘zbekistonning buyuk kelajagi yaqinda boshlanadi degan fikrlar so‘nggida esa Zorro Li laqabli o‘quvchi bir so‘z bilan javob bergan:

Bu so‘z - "Ertak".

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio