O‘zbekistonga shuncha militsioner kerakmi?

Сурат манбаси, varlamov.ru
BBC "Ijtimoiy minbar"ining ushbu haftadagi muhokama mavzusi O‘zbekistonda qonun ham qabul qilinmagan militsiya haqida edi.
Bu mavzuni ko‘tarishimizga britaniyalik sayyohning O‘zbekistonga safari taassuroti ham turtki berdi.
"O‘zbekiston - naqadar ajoyib mamlakat! Faqat barcha militsionerlarining qo‘llaridan qurolni tortib olib, o‘rniga belkurak tutqazish kerak. Bo‘lmasa bekorchi, turistlardan pul undirib o‘tirishaveradi. Hovuz atrofida yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib yotibdi, e‘lonlar uzilib tushay deb zo‘rg‘a osilib turibdi, ular esa hushtak chalib o‘tirishibdi".
Toshkentdan qaytgan xorijiy sayyohning BBCga aytishicha, shahar metro bekatlariga kirish uchun kamida olti nafar militsioner "nazar"idan o‘tishingiz kerak.
"Metroga kiraverishda, tashqarida ikkitasi turadi, keyin jeton oladigan joyda ikkisi, metro ichkarisida yana ikki nafari bor. Chorsu atrofidagilari esa gadoylarni quvish bilan kun o‘tkazadi. Militsiya gadoylarni Chorsudan ko‘chaga quvadi, keyin ko‘chadan yana Chorsuga quvadi... Kun bo‘yi ishi shu militsionerlarning".
Biz Internet ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilariga quyidagi savollar bilan murojaat qildik:
Xalq orasida huquq posbonlariga hurmat katta emasligi sir emas. Nima uchun shunday? O‘zbekistonda militsiya vakolatlari va vazifasi haqida qonun yo‘q. Ularning soni esa "sanoqsiz". Ularning maoshlari oz emasligi hisobga olinsa, davlat ularni qanday boqayapti?
O‘zbekistonga shuncha militsioner kerakmi? Yo‘llar shuncha DAN xodimiga muhtojmi?
Ulardan sizga qanday foyda tekkan? Yo zarar ko‘rganmisiz?
Xorijlik sayyoh nazarida O‘zbekiston qanchalik bekorchi va ortiqcha militsiya xodimlariga to‘lib-toshgan bo‘lmasmin, aksar o‘zbekistonlik o‘quvchilar mamlakatdagi ko‘p sonli militsiya xodimlari bo‘lishini ma‘qullashgan.
Bu mavzu ijtimoiy tarmoqlardagi o‘quvchilarimiz orasida eng ko‘p bahslarga sabab bo‘lgan savollardan biri bo‘ldi.
"Chunki ko‘p militsiya kerak" degan fikrlarga muqobil izohlar ham oz bo‘lgani yo‘q.
Masalan, Facebookdagi Sardor Muratov ismli foydalanuvchi "metroda 6 nafardan militsiya o‘sha ahmoq turistlarning xavfsizligi uchun turibdi. Keyin militsiya bo‘lmasa, shaharni gadoy bosib ketadi", deb yozadi.
Rustam Karim ismli o‘quvchi esa - "Nima uchun shaharni gadoy bosib ketadi, bunda xalq aybdormi?", deb savol qo‘yadi.
Shu o‘rinda mavzu gadoylar va O‘zbekistonda kambag‘allik bormi-yo‘qmi, degan yo‘nalishga burilib ketadi.
Militsionerlar ko‘pligi haqida yozganlardan Rasulbek Xudayberganov esa "ko‘p yurtlarda bo‘ldim, ammo O‘zbekistondagi tartib-intizomni ko‘rmadim deb aytadi. Bu tartibni sog‘indim", deydi.
Alisher Saidiy esa AQSh va Ovro‘poda ham politsiya "kerak bo‘lsa" ko‘p, deydi.
Vay Man esa unga javoban, AQShda bo‘lib, Toshkentdagi kabi ko‘p militsiyani ko‘rmaganini aytadi.
Mirakbar Mirtolibov esa rivojlangan davlatlarning byudjeti va aholisi sonini O‘zbekiston bilan solishtiradi va byudjeti ularga nisbatan shuncha kam bo‘lgan mamlakatda shuncha ko‘p sonli militsiya borligiga ishora qiladi.
Bunga javoban Aybek Samiyev esa "qullikda o‘sgan odam ozodlikni his qilmaydi, aksincha, qullikni ulug‘laydi", deb yozgan.
Biroq ko‘plarning fikricha, O‘zbekistonda militsiya ko‘p bo‘lgani uchun ham odamlar bemalol uxlashmoqda va tinchlik.
Husniddin Koraboyev esa buning ustiga militsiyada ishlab, ma‘lum sondagi insonlar ish bilan ta‘minlanganini aytadi.
"Lekin bularni haftada ikki marta karate bilan shug‘ulanntirish kerak", deb yozadi u.
Bunga javoban Baxrom Shamatov rostdan ularning yo juda semiz, yo juda oriqligini urg‘ulaydi.
Jamol Yoqubov ismli o‘quvchi militsiya xodimlari ertachi nafaqaga chiqib, yana professorlar qatori pensiya olishini aytadi.
"Shu uchun ko‘plar MVDga ishlashni istaydi", deb yozadi u.
Lekin Farruxbek Otaxonov unga javob yozarkan, o‘zbek militsiyasining ishi professornikidan qiyin degan fikrni uqtiradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh esa "militsiya bo‘lmasa hammayoq betartib bo‘lib ketadi va odamlar bir-birini go‘shtini yeydi", deb yozgan.
"Oddiy xalq oppoqmi, - deb savol qo‘yadi bu o‘quvchi, - militsiya yo amaldor ichidagi yaxshisi ham, yomoni ham shu xalqdan chiqqanku, ularni tarbiyalashdan oldin, oddiy xalqni tarbiyalash kerak", deb taklif tashlaydi G‘ayrat Yo‘ldosh.
Ozoda Muxamedova esa politsiyachilar yanada ko‘payishini istashini yozadi.
Karshilik faol Gulshan Korayeva esa, O‘zbekistonning xozirgi sharoitida militsiya ko‘p bo‘lishi o‘zini oqlaydi qabilida fikr bildirgan.
Muayyan kamchiliklar bor va ularni bartaraf etgandan keyin, militsiya saflarini ozaytirish mumkin, deb fikr bildiradi u.
Bek Bekov ismli o‘quvchi esa "militsiyaning sonini ko‘paytirmasdan, sifatini yaxshilash zarur" deb aytadi.
Ayni damda militsiya soni ko‘pligini siyosiy sabablar bilan izohlagan o‘quvchilar bo‘lgan.
Masalan, Po‘lat Turon taxallusli o‘quvchi "O‘zbekiston hukumati o‘z xalqiga zulm qilayotganini biladi va shu uchun xalqni kuch bilan ushlab turish niyatida militsiya xodimlari sonini ko‘paytiradi", degan fikrni bildiradi.
Toshkentlik taniqli huquqbon Vasila Inoyatova esa bu o‘rinda O‘zbek xalq maqolini keltiradi va "Bemaza qovunning urug‘i ko‘p bo‘ladi", deb aytadi.
Unga ko‘ra, "militsiyaning ham ozginayu-sozginasi tuzuk".
Jamol Yakubov ismli tinglovchi militsiya xodimlariga o‘z bilim va malakasini oshirish uchun imkoniyat yaratilishi kerak, deb hisoblaydi.
"Men Ichki ishlar batalonlarida lektsiya o‘qiyman. Ko‘pchilik uchun ishlab turib, sirtdan bilimini oshirish imkonlari yo‘q. Mana 13 yildan beri sirtqi ta‘lim yopilgan", deb aytadi Jamol Yakubov.
Azizbek Daminzoda esa "shu militsiya xodimlari birov qurol ko‘tarib chiqsa, shu militsiya himoya qiladimi? Birinchi bo‘lib bu militsionerlar qochib qolishiga ishonaman. Tinchligimizni esa, kam sonli militsiya ham eplay oladi", deb fikr qoldirgan.
Sardor To‘laganov esa militsiya ko‘pligi haqida fikrini aytarkan, "ular katta oylik olib, faqat o‘tiradi", deb yozadi.
Baxtiyor Abdulaxadov esa ularni "foydali ish qilmaydigan bekorchilar" deb ataydi.
Kodir Ashrapovning fikricha, ular "otning kallasidek maosh olib, tabelda ish kuni ketib, o‘zlari hangomalashib o‘tirishadi". Uning aytishicha, "bu militsiya xodimlari qo‘liga ketmon tutqizib, dalaga yuborish kerak".
Nilufar Yakubova ismli tinglovchi esa "militsionerga ehtiyoj bormi, ishlayverishsin, oila boqishmoqda ular ham" deb yozadi.
Nilufarga ko‘ra, oralarida bir-ikkita kamchilik bo‘lishi mumkin. Shu o‘rinda Nilufar Britaniya politsiyasini nazarda tutib, ularni obro‘lik deyolmayman, deb o‘zbek militsiyasi bilan solishtiradi.
To‘g‘risi, bu o‘rinda obro‘ deganda Nilufar nimani tushunadi, bilmadik, ammo O‘zbek militsiya qiynoqlarni qo‘llash, odamlarni nohaq hibsga olish va korruptsiya masalasida xalqaro hisobotlarda tez-tez tanqid qilinadi va ko‘plab jonli guvohlar o‘zbek militsiyasi qo‘lida qanchalik azob chekishganini aytishgan.
Shu o‘rinda aytish joizki, aksar o‘quvchilar o‘ta haqoratomo‘z so‘zlarni ishlatishgan. Bu o‘zbekistonlik muayyan toifa hukumatparast fikrdagi o‘quvchilarga xos qo‘pollik belgisi. Ular O‘zbekiston hukumati siyosatini himoya qilayapman deb forumlarda aytib bo‘lmaydigan uyatli so‘zlarni ishlatishadi.
Keyin biron kishi mavjud kamchilikni tanqid qilsa, tinchlikni ko‘rolmayotgan xalq dushmaniga chiqarib qo‘ya qolishadi.
Ya‘ni, tanqid orqali kamchiliklarni tuzatib olishni emas, balki kamchiliklarni bekitishni afzal biladilar.
Xullas, aytish mumkinmi, aksar o‘zbeklarning fikri bir xil – "shu militsiya ko‘p bo‘lgani yaxshi. Chunki ular bor, biz tinchmiz, yurtimiz tinch".
BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
Instagram - BBC UZBEK
Twitter - BBC UZBEK
Odnoklassniki - BBC UZBEK
Facebook - BBC UZBEK
Google+ - BBC UZBEK
YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
Skype - bbcuzbekradio












