Iroqdagi qo‘rquv yoki IShID guruhi haqida

IShID yetakchilik qilgan sunniy isyonchilari Iroq va Suriya shimoli-g‘arbidagi yirik hududlarni egallab olgan

Сурат манбаси, non

Сурат тагсўзи, IShID yetakchilik qilgan sunniy isyonchilari Iroq va Suriya shimoli-g‘arbidagi yirik hududlarni egallab olgan

Yaqin Sharqda "Islomiy xalifalik" e‘lon qilgan guruh - IShID (Iroq va Shom Islomiy Davlati) - yaqinda o‘zini "Islomiy Davlat" deya qayta nomladi. BBC IShIDdan qochib chiqqan shaxs bilan ushbu jihodiy guruh ichidagi hayot haqida suhbatlashdi.

IShID uni tark etishi oson bo‘lgan tashkilot emas. BBC guruhi IShIDdan qochib chiqqan va o‘z qilmishi oqibatlaridan qo‘rqib kun kechirayotgan shaxs bilan uchrashdi.

"IShID o‘z shafqatsizligi bilan hammani qo‘rqitib qo‘ygan", - deydi u. - "Mening oilam, amakivachchalarim, aka-ukalarim haliyam u yerda. Men ularning taqdiridan xavotirdanaman. IShID meni topa olmasa, oilamni topadi".

"Qochoq" juda asabiy edi. Suhbatni yozib olish uchun uni bir necha soat ko‘ndirishimizga to‘g‘ri keldi. Alaloqibat u ismini oshkor etmaslik sharti bilan suhbatga rozi bo‘ldi. Kamera o‘ngiga yuzini berkitgan holda chiqdi va biz unga ismini oshkor etmaslikka va‘da berdik.

U jihodchilar taktikasini quyidagicha izohladi: "Agar bizga qarshi bo‘lsang, seni o‘ldiramiz. Agar biz bilan birga bo‘lsang, biz bilan hamkorlik qilasan. Mening ixtiyorimga bo‘ysunasan va barcha masalalarda mening aytganimni qilasan".

"Ehtirosli qalb"

IShIDning qanday faoliyat yuritishi haqida juda oz ma‘lumot bor. Bunga hayron qolmasa ham bo‘ladi. Chunki, IShID o‘z hududiga kirgan har qanday xorijiy jurnalistni josus sifatida hibsga oladi. Shuning uchun guruhdan qochib chiqqan shaxs bilan uchrashish uchun Turkiyaning Suriya bilan bo‘lgan chegarasiga bordik.

Ushbu chegara Curiya isyonchilari uchun asosiy ta‘minot nuqtalaridan biri hisoblanadi. Turkiya IShID bu yerda xush qarshilanmasligini ma‘lum qilgan. Shunday ekan bu yerda "Islomiy Davlat"dan boshpana so‘ragan shaxslar bilan uchrashishning imkoni bor.

"Qochoq" Assad rejimiga qarshi jang qilish maqsadida dastlab Ozod Suriya Armiyasiga qo‘shilgan. Qabilasi IShIDga bayat qilishi ortidan "qochoq" guruh a‘zosiga aylangan. U, shuningdek, Islomiy davlat g‘oyasiga ishongandi.

IShID jangchisi sifatida unga berilgan ilk topshiriq shariat kurslariga qatnashish bo‘lgan.

"Islom asoslari emas, "Islomiy Davlat" asoslari. Ular odamga o‘zlari xohlagan Islomni o‘rgatishadi", - deydi u. - "Ular aqlingizni emas, qalbingizni egallashga harakat qilishadi. Bu - birinchi bosqich. Ikkinchi bosqich esa harbiy ta‘lim va mashg‘ulotdan iborat".

"Qochoq" IShID o‘zining ilk malakasini Iroqdan Amerikaga qarshi isyonchilikdan olganini aytadi. Keyin, Iroqning sunniy aholisi dastagidan mahrum bo‘ldi, Suriyada esa, deydi "qochoq", IShID har bir shaharga kirganida turlicha ish tutdi.

"Avval boshda IShID odamlar e‘tiborini qozonish maqsadida ularga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘ldi. Bashar rejimidan dodga kelgan aholi ehtiyojlarini qondirishga urindi", - eslaydi u. - "Saflari kengaygach, IShID tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi. Mehribon va rahmdil insonlar birdaniga shafqatsiz va zolim insonlarga aylandi. Yo biz bilan birgasan yoki bizning dushmanimizsan! Boshqa yo‘l yo‘q".

Shariat qonuni

O‘zi nazorat qilgan barcha shahar va qishloqlarda IShID o‘zi istagan shariatning o‘ta qattiq ahkomini joriy etdi. Tashqi ko‘rinish nazorat ostiga olindi: erkaklar soqol qo‘yishlari va ayollar to‘la yopinishlari shart. Bu barcha aholi uchun bir xilda taaluqli edi.

"Ularning ishonchiga zid kelgan har qanday narsaga taqiq qo‘yilgandi. Taqiqni buzgan har qanday shaxs kofir deya e‘lon qilinib, qatl etiladi", - deydi "qochoq".

BBC xodimi Suriyaning Raqqa shahridan eri va farzandlari bilan Turkiyaga qochib chiqqan bir ayol bilan uchrashdi. Ayolning aytishicha, ko‘chalarda soqchilik qiluvchi IShID jangchisi u kiygan shimning bir santimetrini ko‘rib qolgan.

"Men niqob o‘ragandim. Mashinadan tushayotib, etagimni ozgina ko‘taribman. Uning nazari bunga qanday tushganini bilmayman. Boz ustiga u misrlik edi. Uni suriyalik ayol taqdiri qiziqtirmasdi".

"Qochoq"ning aytishicha, IShID ataylabdan xorijiy jangchilardan soqchi sifatida foydalanadi.

"Islomiy Davlat boshqa mamlakatlardan ko‘plab insonlarni keltirgan. Turli millat vakillari bo‘lgan bu insonlarning aksari juda yosh. Ularning miyasini zaharlash va IShID g‘oyasiga moslashtirish juda oson", - deydi u. - "IShID shahar va qishloqlarda soqchilikni mahalliy aholiga emas, aynan mana shunday yoshlar ixtiyoriga topshirgan".

IShID mujohidlari Islom payg‘ambari va sahobalari paytidagi toza Islomga qaytishni istashadi. Ular Qur‘onning so‘zma-so‘z talqiniga ishonishadi.

Islomiy Davlat rahbari, Abu Bakr al-Bag‘dodiy o‘zini "Xalifa" deya e‘lon qilgan. U dunyoning barcha musulmonlaridan unga bayat etishni talab qilgan. Mintaqadagi boshqa diniy olimlar uning bu amalini qoralab chiqqanlar.

Bag‘dodiy haqida, shuningdek, o‘ta mohir taktik degan fikr yuradi.

Mosuldan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, misol uchun, IShID aholi e‘tiborini qozonish va dastagini olishga qaratilgan chora-tadbirlarga qo‘l urgan. Yo‘llarda nazorat nuqtalari olib tashlangan, elektr liniyalari qayta tiklangan, davlat xodimlari oyliklari to‘lana boshlangan…

Bu ish bermasa, IShID, o‘tmishdagi tajribasiga tayanib, o‘z qamchi va shamshirini ishga solishi mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002