Mirziyoev elektr muammosini yechishga va'da berdi

Сурат манбаси, Фарғона.ру
O'zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoev aholining elektr ta'minoti bilan bog'liq muammosini yechishga va'da bergan.
Bu haqda janob Mirziyoev seshanba kuni Samarqandda saylovchilar bilan uchrashuv chog'ida gapirgan.
4 dekabr kuni o'tadigan saylovlarda O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Mirziyoev
O'zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoev o'zi boshliq bo'lgan hukumat "shahar va qishloq aholisining elektr energiyasi ta'minotini yaxshilash dasturini amalga oshirishni rejalayotgani"ni ma'lum qilgan.
U "aholi va korxonalar tomonidan elektr quvvati yetkazib berish masalasida ko'plab e'tirozlar borligi"ni tan olgan.
Mirziyoevning so'zlariga ko'ra, "mamlakat bo'yicha 67 foiz past kuchlanishli elektr tarmoqlari eskirgan bo'lib, transformator punktlari zo'riqib ishlamoqda.
"Dastur doirasida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlarini yanada oshirish, 25 ming 300 kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangidan qurish va rekonstruktsiya qilish, 5 ming 600 ta eskirgan transformator podstantsiyasini almashtirish nazarda tutilmoqda", deb aytgan prezidentlikka nomzod.
Ammo janob Mirziyoev elektr ta'minotini yaxshilashning aniq jadvali haqida gapirmagan, jumladan, bu yil qish mavsumida elektr tanqisligi muammosini bartaraf etishga va'da bermagan.
Ayni paytda u mamlakatda so'nggi yillarda yuzaga kelgan energetika inqirozini yechishda asosiy urg'uni elektr ishlab chiqarish va aholiga ko'mir yetkazib berishga qaratgan, gaz muammosi haqida gapirmagan.
Mutaxassislarga ko'ra, har yili qish mavsumida kuzatiladigan inqirozning asosiy sababi elektr emas, balki gaz ta'minotidir.
Gazning asosan chetga sotilayotgani va aholiga yetkazib beriladigan qismining talon-taroj qilinishi bois qishda ko'pchilik elektr isitgichlar yordamida kun ko'radi.
Bu esa o'z navbatida transformator punktlarida zo'riqishni yuzaga keltiradi.
Gaz O'zbekiston eksportining asosiy bandlaridan hisoblanadi.
So'nggi yillarda o'zbek gazining salmoqli qismi Xitoyga sotilmoqda.
Yangi gaz konlari ishga tushirilmagan bir sharoitda bu eksportning ichki iste'mol hisobidan qoplanishini anglatadi.
Janob Mirziyoev "ko'mirning tannarxi va aholiga sotish narxini kamaytirish, ayniqsa, qish paytida uning bahosi oshishiga va chayqovchilikka yo'l qo'ymaslik"ka va'da bergan.
- BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqalibog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02
- TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
- Instagram - BBC UZBEK
- Twitter - BBC UZBEK
- Odnoklassniki - BBC UZBEK
- Facebook - BBC UZBEK
- Google+ - BBC UZBEK
- YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
- Skype - uzbekbbclondon
- bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring












