"Odno"dagi da'vati" uchun 10.5 yil

IShID

Tojikiston mahkamasi ijtimoiy-muloqot tarmoqlarida tojiklarni IShID guruhiga yollanishga da'vat qilishda aybdor, deb topib, 16 yashar maktab o'quvchisini xuddi shuncha yillik qamoq jazosiga hukm etgan.

Agar, mahkama vakillaridan birining so'zlariga tayanilsa, "shimoliy So'g'd viloyatilik bu o'quvchi yigit "Hidoyatullo" nomi ostida Rossiyaning "Odnoklassniki"sida 1000 follover orttirgan".

U yoshini nazarda tutib, mahkumning ism-sharifini tilga olmagan.

Ammo bu o'quvchi yigitga shu hafta chorshanba kuni chiqarilgan hukm uzoq muddatli qamoq jazosini ko'zda tutishini tasdiqlagan.

Bu - Tojikiston mahkamasining Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga aloqadorlikda bu yoshdagi o'smirlarni ilk bor jazolashi emas.

O'tgan yil dekabr oyida ham Tojikistonda xuddi shunga o'xshash holat qayd etilgan.

Tojik mahkamasi mamlakat janubida IShID bayrog'ini o'rnatish aybi bilan etti kishini 7 yildan 24 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilgan.

O'shanda ham mahkumlardan uch nafarining hali o'spirin ekani aytilgandi.

Agar, rasmiy ma'lumotlarga tayanilsa, Tojikiston Ichki ishlar vazirligi maxsus bo'linmasi sobiq rahbari doxil mingga yaqin tojikistonlik Suriya va Iroqda IShID saflarida jang qilish uchun mamlakatni tark etgan.

Ichkaridagi vaziyat

Mahalliy kuzatuvchilar esa, so'nggi yillarda Tojikistonda mustaqil dindorlarga qarshi ta'qiblar kuchayganiga alohida e'tibor qaratishadi.

Yaqinda Tojikistondan dindorlar soqollarining majburan qirib tashlanayotgani va islomiy liboslar savdosi taqiqlab qo'yilganiga oid xabarlar ham olingandi.

Tojikistonlik internet foydalanuvchilari esa, Rossiyaniki barobarida, Facebook va YouTube ga kirishlari ham qiyinlashib borayotganidan shikoyatdalar.

Ijtimoiy-muloqot tarmoqlari ekstremistik g'oyalarni tarqatishga ham xizmat qilishini bayon qilib keluvchi tojik rasmiylari esa, bu kabi hollarda o'zlarining biror bir ishtiroklari yo'qligini da'vo qilishadi.

Tojikiston, o'z o'rnida, so'nggi yillarda Tolibon bilan bir qatorda IShID guruhi ham faollashib borayotgani aytilayotgan qo'shnisi Afg'onistondagi vaziyatdan jiddiy va oshkora xavotirda.

Aynan mahkama hukmi yangragan chorshanba kuni Tojikiston Tashqi ishlar vaziri qolgan to'rt Markaziy osiyolik hamkasbi bilan birga Vashingtonda AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan uchrashgan.

"C5+1" doirasida bo'lib o'tgan ikkinchi uchrashuvda ham asosiy e'tibor aksariyati Afg'onistonga bevosita chegaradosh bu mintaqa davlatlari bilan AQSh o'rtasidagi har tomonlama hamkorlikni kuchaytirish masalasiga qaratilgan.

• BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga toʻsiq boʻlsa, uzbekweb.netga kiring