Nega tobora ko‘p O‘zbekiston fuqarolari Yaponiyada o‘qiyapti va ishlayapti?

- Author, Ibrat Safo
- Role, BBC muxbiri
- O'qilish vaqti: 16 daq
"Toshkentda universitetga kirishga tayyorlanayotganimda, aprel oyi edi, hayotimda tubdan o‘zgarish yuz berdi. Men eng qadrli insonim – dadamlardan ayrildim… Bir haftaning ichida bir tuzlamadan zaharlanib dadam va kichik singlim olamdan o‘tishdi. Dadam 47 yoshida, singlim 8 yoshida edilar", - deydi Umidjon. O‘zi orzu qilgan universitetga kirishga tayyorlanayotgan o‘smir uchun bu o‘ta katta larza edi.
U bilan bugun Yaponiyada yurib suhbatlashyapmiz. Bahor kirib kelgani va sakura gullay boshlaganiga qaramay, havo sovuq. Atrofimizda qarg‘alay qag‘illaydi.
27 yoshli Umidjon To‘lanboyning hayotiy hikoyasi menga ko‘plab o‘zbek yoshlari ta’lim olish uchun o‘tadigan mashaqqatli yo‘lni eslatdi. Rossiyada oshpazlik va so‘ng Namanganda Damas minib taksichilik qilgan otasi to‘ng‘ich o‘g‘lining ta’limi uchun borini bergan, onasi ham so‘ng ta’lim kreditini olib va taqinchoqlarini sotib uning Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya unirvesitetidagi o‘qishini moliyalagan.
Umidjon ularning oldida o‘zini qarzdor deb biladi. Ammo, onasining ko‘ngli endi xotirjam. U bugunda Yaponiyaning o‘nta eng yaxshi universitetlaridan biri sanaluvchi Sukuba universitetida grant asosida magistrlik maqomiga o‘qiyapti. Ta’limdan ortgan vaqtida esa mehmonxonada ishlaydi.
Umidjondek tirishqoq o‘zbekistonlik talabalar oxirgi yillarda Yaponiyada ko‘paymoqda. Ular Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) yordamida, yoki MEXT va JASSO dasturlari orqali yapon universitetlarida 100 foizlik grant asosida o‘qiy oladilar.

Yaponiyadagi o‘zbekistonliklar hayotini o‘rganish uchun qilgan safarimda Umidjonning magistrlik diplomi uchun qilayotgan ilmiy ishi mavzusi menga ko‘p qo‘l keldi. «Yaponiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar farzandlaridagi shaxsiyat» nomli dissertatsiya ishida u o‘zbekistonlik bolalar orasidagi «men kimman» savolini, hamda ularni tarbiyalashda o‘zbek ota-onalari yuz tutadigan muammolarni chuqur o‘rganyapti.
«Yapon madaniyati insonni o‘ziga magnitdek tortib oladi. Farzand tarbiyasi Yaponiyada yashayotgan o‘zbek ota-onalar orasidagi eng dolzarb masalalardan biri. Yaponiyada ko‘plar yaqinlari bilan yashamaydi, qarindosh-urug‘larini ko‘rmaganlari ham bor. Ota-onasida xabar olmaydigan yaponlar ham bor, oylab telefon qilmaydi. Bizning madaniyatimizga esa bu to‘g‘ri kelmaydi», - deydi u.
End of 4 seriyali filmimizni bu yerda tomosha qiling:
Ochilayotgan darvozalar
Hozirda Yaponiyada yashayotgan o‘zbekistonliklar soni 7 000 va 10 000 o‘rtasida ekani aytiladi. Yaponiya oxirgi yillarda chet el fuqarolarining mamlakatga kelib o‘qishi va, ayniqsa, ishlashi uchun darvozalarni kengroq ocha boshladi. Chunki uning o‘z aholisi kamayib bormoqda.
"Yaponiyada tug‘ilishlar kamayishi inqiroz holatida va tezkor choralarga muhtoj", - dedi Yaponiya vazirlar mahkamasi kotibi Yoshimasa Hayashi yaqinda qilgan chiqishida.
Yaponiya asrlarki kelgindilarga yopiq bo‘lib kelgan. 17-asrda unda hatto Yaponiyaga xorijliklar kiritilmasligi haqida "Sakoku", zanjirlangan o‘lka nomli siyosat qabul qilingan. Kazo-kazo siyosatchilar hanuz Yaponiyani bitta millat, bitta til va bitta madaniyat deb ko‘radi va shunday qolishini istaydi. Xalqaro tashkilotlar uni xorijliklarga boshpana bermaslik siyosatini muntazam tanqid qilib kelishadi.

Surat manbasi, EPA
Ammo, qariyb 125 million aholiga ega, va dunyoning to‘rtinchi eng yirik iqtisodi bo‘lgan Yaponiya odamlar uzoq yashashi va tug‘ilishlar kamligi sabab, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarga yuz tutgan. Aholi soni oxirgi 15 yil davomida muntazam qisqarib kelyapti. 2024 yilda Yaponiya tarixida unda eng kam, atigi 730 ming bola tug‘ildi. U ikkinchi jahon urushidan beri eng kam nikohlar bobida ham o‘zi uchun rekord qo‘ydi. Yolg‘iz o‘tishni istaydigan yoshlar ko‘paygan.
Supermarketlar rastalarida esa go‘daklar tagliklaridan ko‘ra qariyalarniki ko‘proq sotilyapti, va ba’zi kompaniyalar hatto go‘daklar uchun bunday mahsulot ishlab chiqarishni butunlay to‘xtatib, qariyalar bozoriga moslashishgan.
Minimum nafaqa yoshi 60 yosh bo‘lsa-da, kompaniyalar o‘z ishchilariga 70 yoshigacha, osonroq ishlarda davom etishlariga sharoit yaratgan. Chunki shuncha qariyalarni kimdir boqishi kerak. Ular kasal bo‘lsa, tibbiyot va ijtimoiy ko‘mak sohalarini qo‘llash uchun kimdir ishlashi kerak. Ishga yaroqli aholining kamayib borishi davlat g‘aznasiga kamroq soliq tushishiga ham yetaklagan.
Xo‘sh, yechim nima? Sun’iy aqlmi? Robotlarmi? Ko‘p hollarda, ha. Lekin robotlar soliq to‘lamaydi. Demak, migrant ishchilar kerak.
"Hayot tinch"
"Meni hayron qoldirgani, O‘zbekistondagi yoshlar xorijga ketishni istasharkan. O‘zbekistonda qolishni istashmaydi", - deydi Kimiko Maeda.

Surat manbasi, Hasan Islom
Kimiko bilan Tokiodagi imperator saroyi bog‘ida yurib suhbatlashyapmiz. Katta hududga yapon qora qarag‘aylari tartib bilan ekilgan. Ularni bog‘bonlar emas, haykaltaroshlar parvarishlaganga o‘xshaydi. Nariroqda esa Kimikoning eri – namanganlik Hasan Islom ularning bir yashar o‘g‘ilchasi Timurni uxlatyapti.
Hasan va Kimiko Yaponiyadagi ishchilar tanqisligiga yechim sifatida O‘zbekistondan ishchilarni keltirish uchun agentlik ochishgan. Hasan ularni yapon ish beruvchilari bilan aloqaga qo‘yadi, Kimiko esa ularga yapon tilidan dars beradi.
«Yaponiyaga ishchi kerak. Yaponiyadagi kompaniyalar ishchilarni olib kelgan agentliklarga pul to‘laydi, biz shunday agentlik ochganmiz. O‘zbekistondan keladigan ishchilardan buning uchun to‘lov olmaymiz», - deydi Hasan.
Yaponiya hozirda axborot texnologiyalari, sun’iy aql, data fani, muhandislar kabi yuqori malakali ishchilardan tortib, quruvchilik, bemorlarga qarash, qishloq xo‘jaligi, ishlab chiqarish kabi sohalarda ishchi kuchiga muhtoj. Ammo, o‘zbekistonliklar nega Rossiya yoki Yevropa davlatlariga ishlagani bormay, Yaponiyaga kelishlari kerak?

Surat manbasi, Reuters
«Hozirda Yaponiyaga pul uchun kelib bo‘lmaydi. Avvallari yaxshiroq edi, hozir pul qadrsizlangan. Lekin, Yaponiyaga yaxshi kelajak uchun, yaxshi hayot uchun kelsa bo‘ladi. Bu yerda inson qadri baland. Tinchlik. U dunyodagi eng xavfsiz davlatlardan biri. Kimdir kelib pichoqlab yo otib ketmaydi, o‘g‘irlik qilmaydi», - deydi Hasan.
"Inson qadri"
Inson qadri haqida Yaponiyada yashayotgan o‘zbekistonliklardan ko‘p eshittim. Ulardan biri hali Tokioga kelganiga endi olti oy bo‘lgan chinozlik Hojiakbar Hamidov. Yoshi 24 da bo‘lishiga qaramay, Hojiakbar O‘zbekiston va Rossiyada quruvchilik sohasida olti yil ishlab, ancha tajriba orttirgan ekan.
U bilan o‘zi ishlayotgan 54 qavatlik bahaybat bino tashqarisida uchrashdik. Tokioning nufuzli Nishikasay mavzesida ofis ishchilari u yoqdan bu yoqqa shoshar ekan, Hojiakbar bugun ishda ekani, lekin ishlamayotganini aytdi.
10 кун аввал ишда оёғимни қайириб олгандим. Ҳозир ишга келяпман, лекин ишламай, дам олиш хонасида ўтираман. Уйда даволансам бўлади, лекин бу ерга келсам, ойлигим ҳам ўтиб туради.
«10 kun avval ishda oyog‘imni qayirib olgandim. Hozir ishga kelyapman, lekin ishlamay, dam olish xonasida o‘tiraman. Uyda davolansam bo‘ladi, lekin bu yerga kelsam, oyligim ham o‘tib turadi. Inson qadri, xavfsizligi birinchi o‘rinda bu yerda», - deydi u.
Hojiakbar Yaponiyaga O‘zbekistondagi Migratsiya agentligi orqali kelgan. U bunga pul to‘lamagani, faqat Toshkentda olti oy yapon tilini o‘rganish uchun to‘lov qilganini aytadi. U betonchilikdek og‘ir ishni qilayotgan bo‘lsa-da, unga Yaponiya yoqyapti. "Rossiyadagidan ancha yaxshi", - deydi u.
Yana bir quruvchi, Sanjarbek Sattorov bilan ko‘rishish uchun Tokioning Azabuday mavzesiga yo‘l oldim. Bu hashamatli mavzedagi ko‘p-qavatli uy allaqachon iste’molga topshirilgan. Sanjarbek kelganiga esa uch yil to‘lay deb qolibdi. U ham sharoitlardan nolimaydi, lekin «Yaponiyada nima yetishmayapti», degan savolimga g‘amgin javob beradi:

«Oila sog‘inchi-da… Oila, bolalaringiz, ota-ona. O‘z uyim, o‘lan to‘shagim. Ishdan charchab kech uyga qaytganingizda, bolalaringiz, oilangizni ko‘rib charchog‘ingiz chiqadi. Ularga ham keraksiz, bola tarbiyasi, ayol kishi eplolmaydigan ishlar ham bor», - deydi u.
U ham avval Rossiya va O‘zbekistonda quruvchilik qilgan. Agar Yaponiyadagidek daromad bo‘lganida, uyimdan ketmasdim, deydi.
O‘zbekistonliklar quruvchilikda Yaponiyadan o‘rganadigan jihatlari ko‘p. Yaponlar ayniqsa zilzilaga bardoshli, mustahkam uylarni qurishda dunyoda tengi yo‘q innovatsion yechimlarni tatbiq qilganlar. Bu sirlarni o‘rganib qaytgan quruvchi O‘zbekiston uchun ham qadrli bo‘lishi kerak, lekin albatta, buning uchun ular oila sog‘inchi bilan yashashga majburlar.

Surat manbasi, EPA
Yaponiya hali O‘zbekistonlik ishchilar uchun yirik manzilga aylanib ulgurmagan bo‘lsa-da, allaqachon fuqarolarni aldash hollari uchrayapti. Odatda kamgap Davlat xavfsizlik xizmati yaqinda tarqatgan xabarida ikki shahsning odamlarni Yaponiyaga ishga deya minglab dollarga chuv tushirgani aytildi. DXX fuqarolarni
Migratsiya agentligi hamda tegishli litsenziyaga ega 18 ta xususiy bandlik agentliklariga ishonishga chaqiryapti. Xorijiy davlatlarga qonuniy tartibda ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimiz "xorijdaish.uz" elektron platformasidan zarur ma’lumotlarni olishlari mumkin, deyiladi xabarda.
«Yaponiyani shunchalar sevamanki, jim tura olmayman»
«Men o‘zbek sumkalarini juda sevaman, bu har doim yoningda bo‘ladigan narsa», - deydi Orzugul menga anor gullari tikilgan sumkasini ko‘z-ko‘z qilib. Uning egnida esa atlas ko‘ylak, quloqlarida esa Buxoro ziraklari. Lekin, qat’iyat bilan, suhbatni rus tilida qilishini aytti.

Surat manbasi, Orzugul Babakhodjaeva
Orzugul Boboxo‘jaeva bilan Tokio markazidagi osmono‘par binolardan birining yuqori qavatida, u egalik qiluvchi barda ko‘rishyapmiz. Orzugul tadbirkorlikdan tashqari, siyosatchi ham. Ikki yilcha avval u Tokioning Setagaya tumani kengashiga deputat bo‘lib saylandi. Uning shiori "Men Yaponiyani shunchalar sevamanki, jim turolmayman", edi.
18 yildan beri Yaponiyada yashayotgan Boboxo‘jaevaning tuman deputati bo‘lib saylanishgacha bosib o‘tgan yili ko‘p jihatdan yapon jamiyatining ochiq yo yopiqligi, hamda bu jamiyatning qanchalar o‘zgarayotganiga yaxshi misol bo‘la oladi.
"Aynan siyosatchi bo‘lishni maqsad qilmagandim. Foydam tegishini, mening vaqtimda yopiq bo‘lgan eshiklarni ochishni istadim. Maqsadim – tadbirkorlarga, va asosan xorijiy fuqarolarga yordam berish edi. Chunki Yaponiyaga kelganimda, allaqachon yapon tilini bilardim. Men Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutini yapon tili mutaxassisligi bilan tamomlaganman, yapon tili tarjimoni bo‘lib ishlaganman. Demak, men baza bilan kelganman. Bu yerda ish izlay boshlaganimda, ishga osongina joylashib olishimga 99 foiz ishonchim komil edi. Yapon kompaniyalari meni quloch yoyib kutib olishadi deb o‘ylaganman. Ammo, voqe’lik ancha qiyin bo‘lib chiqdi. O‘zim kutmagan devorga boshim bilan urildim. Kompaniyalar birin-ketin menga rad javobini bera boshlashdi. Hammasi bo‘lib 53 tasidan rad javobini oldim. Buning bari qisqa vaqt ichida, bir yil ichida yuz berdi. Sabab deya "universitetingizni bilmaymiz" degan izohni berishgan", - deydi u.

Surat manbasi, EPA
Yapon jamiyatidagi ayol va erkak rollari, oxirgi vaqtda o‘zgarayotgan bo‘lsa-da, ancha qattiqqo‘l normalarga bo‘ysunadi, shu sabab yapon siyosatida ko‘p ayollarni ko‘rmaysiz. Tokioning hokimi Yuriko Koyke katta istisno, u o‘tgan yili qayta saylanganida, uning eng kuchli raqibi ham ayol edi, va ularning raqobati "ajdaholar kurashi" deya nom oldi. Shunda ham, gender tengligi bobida Yaponiya nochor 118-o‘rinda qolyapti, O‘zbekistondan ancha ortda. Bunday jamiyatda nafaqat ayol, balki xorijlik ayol bo‘lish nimaligini Orzugul tatib ko‘rgan.
"Oziq-ovqat sohasida tajribangiz yo‘q, deyishdi. Men o‘yladim, agar ishni boshlamasam, unda tajriba qayerdan bo‘lsin? Mayli, balki bu devorga yaponlar ham urilarlar. Keyin menga "siz xorijiy fuqarosiz" dedilar. Undan keyin men avvallari hech eshitmagan sabab qo‘shildi – "Siz ayolsiz". Ayol!.. Bilasizmi, birinchi marta buni eshitganimda, hayron qoldim. "Xorijlik ayol ekansiz, bu joy aniq vino bari bo‘ladimi?" Bilmadim ularning boshidan qanday hayollar o‘tgan. Buni aniqlashtirishning o‘zi meni hafa qilardi. Ko‘chmas mulk kompaniyalari negadir shunday shubhada bo‘lishgan. "Agar erkak bo‘lganingizda, balki o‘ylab ko‘rardik.."
Orzugul hozirda siyosat sahnasida turib Yaponiyadagi tizimni o‘zgartirish yo‘lida ishlayotganini aytadi. Yutuqlaridan biri deya tabiiy ofatlar haqida qilinadigan ogohlantiruvchi e’lonlarni boshqa tillarda ham tarqatilishiga erishganini aytadi.
Lekin, nega u menga rus tilida gapiryapti?
"O‘zbek maktabini tamomlaganman, universitetdagi davrimning bir qismini milliy o‘zbek potokda o‘qiganman. Lekin men madaniyatlar-aro totuvlikni targ‘ib qilayotgan siyosatchi ekanman, odamlar bir-birini har xil rakurslardan qabul qilishlari kerak deb o‘ylayman", - deydi u.
"Yaponcha ishlash"
"Ish ko‘p, tinimsiz. Qarang, shu yerda ham bezovta bo‘lib qarab turishimga to‘g‘ri kelyapti", - deydi Ashrafbek yana telefonini olib.
Buxorolik Ashrafbek Olimov bilan Yokohama shahrida, "Nissan" kompaniyasining qarorgohida uchrashdik. U bu yerdagi moliyaviy menejerlardan biri. Ashrafbekning "Nissan" byudjeti, muzokaralari va strategik rejalashidagi ishi shu qadar ko‘pki, suhbatimiz davomida ham hamkasblari bilan muloqotda bo‘lib turishiga to‘g‘ri keldi.

"Nissan" avtomobil ishlab chiqarish kompaniyasi o‘z faoliyatini boshlaganiga bir asr bo‘lyapti. U zamon bilan hamohangligi, innovatsiyalari, sifati va mijozlar orasidagi ishonchi bilan yaxshi tanilgan. Tesla birinchi o‘ringa chiqib olishidan oldin Nissan dunyodagi eng yirik elektrik avtomobillar ishlab chiqaruvchisi ham edi.
Ashrafbek Yaponiyada grant asosida o‘qib magistrlik va doktorlik maqomini olgan. Ammo, u ham oddiy oiladan.
"Otamlar quruvchilik yo‘nalishida ishlaganlar, onamlar esa men tug‘ilganimdan 45 kun o‘tib olamdan o‘tganlar. Buvim menga onalik qilganlar. Rahmatli buvim 14 ming so‘m pensiya olardilar, mening o‘qishim uchun oyiga 10 ming so‘m berardilar."
"Nissan" qarorgohining birinchi qavatidagi bu katta hududda atrofimizni bu mashhur brendning eski va yangi modellari o‘rab olgan. Men ularning eng mashhurlaridan biri bo‘lgan "Nissan GT-R" tomon yuraman. Bu kompaniyaga ishga kirishingizga Nissan mashinalariga qiziqishingiz ham sabab bo‘lganmi?
Японларда “гири” маданияти бор, бу мажбурият ҳиссини англатади. Ҳаттоки таътилга чиқиб кетишдан олдин келаётган бир-икки ҳафталик ишини бажариб кетишади.
"Xuddi shunday. Chunki "Nissan"ga ishga kirayotganimda, oldimda tanlov bor edi: O‘zim yaxshi ko‘rgan avtomobillar kompaniyasiga kirish yoki moliyaviy kompaniyaga ishga kirish", - deydi Ashrafbek.
Moliyaviy kompaniya va avto-kompaniyada ishlashning farqi bor, deydi Ashrafbek, chunki avto-kompaniyada ish shunchaki pulni aylantirishga emas, balki mahsulotga, yaponcha aytganda "monozukuri" (ishlab chiqarish)ga asoslanadi. Ko‘chada o‘z avtomobillarimizni ko‘rsam, faxr tuyaman. Siz hissa qo‘shayotgan mahsulot jamiyatda odamlarning hayotini qanchalar yaxshilayotganini ko‘rishning zavqi boshqacha", - deydi u.
Ashrafbekning bu hissiyotli so‘zlari o‘z ishiga bo‘lgan haqiqiy yaponcha ishtiyoqidan darak. Chunki, Yaponiya ish etikasi bilan ham yaxshi tanilgan. Unda har bir ishchidagi o‘z ishiga bo‘lgan mehr, ish joyidagi tartib va mehnatkashlik qadrlanadi.
"Yaponlarda "giri" madaniyati bor, bu majburiyat hissini anglatadi. Bu iloji boricha birovga og‘irini solmaslik, ish jarayonida o‘ziga yuklatilgan vazifani to‘liq bajarish. Hattoki ta’tilga chiqib ketishdan oldin kelayotgan bir-ikki haftalik ishini bajarib ketishadi. Buni ko‘rgandan keyin siz bor-ey, ta’tilimni oldim, bilganingni qil, deb ketolmaysiz", - deydi u.

Darhaqiqat, yaponcha ish etikasi mavzusini bir necha vatandoshlar bilan muhokama qildik. Bu mamlakatda odamlar shu qadar ko‘p ishlaydiki, undan o‘lish ham mumkin. Yaponlarda bunga alohida so‘z ham bor: "karoshi".
Nagoyyada "Nissan"ning raqibi bo‘lmish "Toyota" kompaniyasida ham uch o‘zbekistonlik bilan ko‘rishdim. Bu kompaniyaga hatto yaponlar ham ishga kirishi mushkul narsa. Aytilishicha, 10 000 nafarcha ishga topshirganlardan atigi 100 kishi saralab olinadi.
"Ish vaqtlari uzunligi bo‘yicha Yaponiya juda mashhur. Bu haqiqatdan bor narsa. Bizning ishxonamizda "kayzen" degan narsa bor, bu har yili nimanidir avvalgidan samaraliroq qilishni anglatadi. O‘zbekistonda men sudda ishlaganman. Kuniga elliktalab protsesslarni o‘tkazardik. Men yapon hamkasblarimga ayttimki, men O‘zbekistonda eng band sohalardan birida ishlaganman, lekin shundan ham to‘rt marta ko‘p bandman "Toyota"da hozir. Bundan ortiq samaraliroq qilib bo‘lmaydi!" – deb kuladi Eldor Samanov.
“Нега” деган саволни беш мартагача қайтариб, муаммонинг илдизигача етиб бор. Ана ўшанда ечими кўриниб қолади. Мана шу этика “Toyota” тизимида яхши йўлга қўйилган.
Eldor yurtdoshlari Nozimjon Xo‘jaev va Muhammadjon Rasulovlar kabi Toshkentda Yuridik universitetni tamomlagan. Ular bugunda "Toyota"ning turli qismlarida loyihalarga rahbarlik qilishadi.
"Yaponlarda "genchi gembutsu" degan tamoyil bor. Bu "o‘zing borib ko‘r" degani. Ya’ni, bir muammo tug‘ildimi, uni uzoqdan turvolib kimdandir eshitib hal qilma, balki joyiga borib vaziyatning tepasida turib hal qil. "Nega" degan savolni besh martagacha qaytarib, muammoning ildizigacha yetib bor. Muammoning ildiziga yetib borganingizda, yechimi ko‘rinib qoladi. Mana shu etika "Toyota" tizimida yaxshi yo‘lga qo‘yilgan", - deydi Muhammadjon.
Demak, giri, genchi gembutsu, kayzen, karoshi... Bu so‘zlar dunyoga dong‘i taralgan yapon ish madaniyatining ajralmas qismlari.
Toyota 1924 yilda uning asoschisi Sakichi Toyodaning jahondagi ilk avtomatik to‘qimachilik uskunasini ixtiro qilgani bilan tug‘ilgani men uchun yangilik bo‘ldi. Uning o‘g‘li so‘ng uskuna patenti savdosidan tushgan daromad bilan avtomobil qurish zavodini ochgan. O‘tgan yili Toyota dunyo bo‘ylab salkam 11 million avtomobil sotib, birinchilikni saqlab qoldi. Uning mahsulotlari orasida million dollarlik sportkarlar ham bor albatta, lekin u asosan keng iste’molchi uchun ishonchli, yashovchan va hamyonbop mashinalari bilan tanilgan.
Va bu mahsulotlar dunyoga kelishida endi o‘zbek mutaxassislarning ham hissasi bor.
Oila inqirozi
Ammo, mehnatga bu kabi "muhabbat"ning ayanchli oqibatlari ham bor ekan. Tokiodagi o‘zbek oshxonasida men bilan tamaddi qilgan samarqandlik suhbatdoshim Bahodir Iskandarov bunga bog‘liq ilmiy ish ham qilgan. Uning aytishicha, bugunda ko‘p yosh yaponlar faqat o‘zi uchun yashash va oila qurmaslikni afzal ko‘rishadi.
"Yaponiyaning bu daraja rivojlanganiga yaponlarning ishga bo‘lgan mehri juda balandligidan deyiladi. Ko‘p ishlaganidan o‘lib qolishi ijtimoiy muammoga ham aylangan. O‘z ishini, shaxsiy kasbiy faoliyatini birinchi o‘ringa qo‘yib, bir o‘zi yashashlik urfga kirgan", - deydi u.

Surat manbasi, EPA
Bahodir jamiyatshunoslik sohasidagi ilmiy ishi doirasida ko‘p yosh yaponlar bilan suhbatda bo‘lgan.
"Nega turmush qurmaysan, deb so‘rasam, «mendokusay» deyishadi. Bu boshog‘riq degani. Boshog‘riq kerakmas, deydi. Ikkinchisi sababi, pul. O‘zbekistonda ham, boshqa joylarda ham, Yaponida deganda odamlari boy, o‘ziga to‘q deb o‘ylashadi. Lekin, unday emas. Yapon jamiyatining juda ko‘pchiligi kambag‘al. Oylikdan oylikka yashaydiganlari juda ko‘p. Pul yetmasligi oqibatida oila qurmaydiganlari ham juda ko‘pchilikni tashkil qiladi», - deydi u.
Xo‘sh, Bahodir bu ilmiy tadqiqoti xulosasida yapon jamiyatidagi oila inqirozi muammosini yechish uchun qanday tavsiyalar bergan?
«Men ko‘proq diniy tomondan qaraganman. Lekin, albatta, hamma yaponlar musulmon bo‘lsin, degan fikr berib bo‘lmaydi ilmiy tadqiqotlarda. Men diniy olim ham emasman. Oilada bolalarda diniy qadriyatlarni o‘stirish kerak, deya xulosa berganman. Yaponlarda bolasi 9dan 6gacha bog‘chada bo‘ladi va ota-onaning vaqti yo‘q uni tarbiyalashga. Yaponlar hayoti shu qadar tig‘iz rejimda. Ular sovuqqon xalq deya tasvirlanadi, bolasini quchoqlab o‘pmaydi. Bolani o‘pish degan madaniyat yo‘q ekan yaponlarda. Juda ham qattiq turadi bolaga. Bu kabi qattiq tizimda ulg‘aygan yaponlar katta bo‘lgach, o‘zlari alohida hayotni xohlaydi», - deydi u.

Surat manbasi, Bahodir Iskandarov
Ayni damda, Bahodir Iskandarov Yaponiyaga o‘zbekistonliklar ko‘proq kelishiga yaxshi qaraydi. Uning aytishicha, faqat malakasiz ishchilar emas, mutaxassislarni ham Yaponiyaga yuborish kerak. Lekin, Yaponiya shundoq ham rivojlangan davlat, u yerga o‘zbek mutaxassislarini yuborib O‘zbekistonning o‘zi taraqqiyotda oqsab qolmaydimi?
«Men, avvalambor, jadidlarimiz nima qilgan, deb so‘rayman. Jadidlar o‘sha vaqtlarda kelib, bu yerda hamma narsani o‘rgangan va o‘zimizga borib tatbiq qilgan. Ashrafbek akaning chiroyli bir fikrlari bor: Yaponiyada yashaysanmi, O‘zbekistonda yashaysanmi – O‘zbekistondagi jamiyatga foydamizni tekkiza olyapmiz. Shu gap mening ichimdagi xavotirlarni tinchlantirgan», - deydi u.
Islom
Bahodir bilan hayrlashib, Tokiodagi ko‘hna jome’ masjidiga yo‘l oldim va u tilga olgan narsalar – jadidlar va Islom haqida o‘ylab kettim. Darhaqiqat, ikkinchi jahon urushidan avval, Yaponiyadagi ultra millatchilik va imperial ambitsiyalar uning Xitoy, Koreya va boshqa davlatlarga bostirib kirishiga sabab bo‘lgandi. Yaponlar Osiyoda boshqalardan buyukroq ekanliklariga ishonishgan. Bu imperialist siyosat doirasida yaponlar quvg‘indagi jadidlarga ham boshpana berishgan. Hamda Afg‘onistonda quvg‘inda bo‘lgan turkistonliklarni qo‘llab-quvvatlashgan. Ulardan biri Qo‘qon xonligida tug‘ilgan va Afg‘onistondan Sovet turkiy o‘lkalariga hujumni tayyorlagan diniy olim Mubashshir at Taroziy edi.

Surat manbasi, Ryosuke Ono
Yaponiyaning maqsadi Sovet Ittifoqidagi turkiy xalqlarning Moskvaga qarshi muxolifatini oshirish, turkiy va pan-islomiy xissiyotlarni jo‘sh urdirish edi. Rossiyaning dinsizligi va Turkiyada Otaturkning G‘arbga yuzlanishidan xafsalasi pir bo‘lgan ayniqsa tatar va boshqirt jadidlar Yaponiyadan boshpana topishdi. Tokioda 1933 va 1938 yillar orasida chiqqan "Yangi yapon muxbiri" nomli jurnal bunga asosiy isbot. Uning muharrirlari Yaponiyani musulmon Osiyosidagi beozor yirik qudrat sifatida namoyon qilishga uringan. Yaponiya parlamenti 1939 yilda Islomni rasmiy din sifatida tan olgandi.
Tokiodagi masjid 1938 yilda qurilgan va uning qurilishiga o‘zini "Sibirь buxoriylari"dan biri deb ko‘rgan Qrim tatar ziyolisi Abdurashid Ibrohim bosh-qosh bo‘lgan. U 20-asr boshlarida Qrim tatarlarining millat sifatida birlashishiga ko‘p hissa qo‘shgan. Bugunda esa masjid biroz boshqacha shaklda, Turkiya moliyasi bilan turk masjidlari uslubida qayta qurilgan.

Statistikaga binoan, Yaponiyada bugunda musulmonlar soni 200 ming atrofida. Bu Yaponiya aholisining 1 foizini ham tashkil qilmaydi. Lekin, oxirgi yillarda ularning soni barqaror oshib boryapti. Bunga tobora ko‘p musulmonlarning Yaponiyaga ko‘chib kelishi va nikoh orqali Islom dinini qabul qilgan yaponlar sonining oshishi sabab. Oxirgi 20 yil ichida masjidlar soni yetti martaga ko‘payib, 2021 yilgi ko‘rsatkichga ko‘ra, ularning soni 113taga yetgan.
Uzoq umrning siri
19 asrning 2-yarmigacha, ming yil davomida Yaponiyaning poytaxti Kioto bo‘lgan. Kiotoning aholisi boshqa yapon viloyatlariga qaraganda uzoq yashashi bilan ham ajralib turadi. Undagi odamlar o‘rtacha salkam 85 yil umr ko‘radilar.
Shaharga otlanishdan avval mehmonxonam yonidagi ehromga bir bosh suqdim. Bu ibodatxonada, bog‘bon supurgisining ovozini hisobga olmasangiz, Yaponiyaga xos o‘zgacha sokinlik hukm surardi. Yaponlar asosan Shinto va Buddaviylikka ishonadilar, lekin ularning dinga munosabati boshqacharoq. Ko‘pchiligi taqvodor emas, dinga ko‘p yaponlar an’ana sifatida qaraydi, va hurmat qiladi. Ehromning ichi juda sipo, ranglar uyg‘un, unda yoqilayotgan ko‘kat hidi masjidlardagi muxarani eslatadi.

Menga esa ehromning bog‘ida ikki bukilib ishlayotgan keksa bog‘bon yanayam qiziqroq bo‘ldi, chunki yaponcha bog‘bonlikning o‘zi ham bir san’at. Uni Umidjon bilan gapga tuttik.
Anchadan beri bu yerda ishlaysizmi?
Boshqa ishda ishlab, 70 yoshga to‘lganimdan keyin bu yerda ishlay boshladim.
Hozir nechchi yoshdasiz?
90 yoshdaman. To‘qsonimdan o‘ttim... Uyimda bir o‘zim o‘tirgandan ko‘ra, shu yerda bo‘lganim yaxshi.
Boboning bizga aytishicha, u bu ehromdagi bog‘bonchiligi uchun ish haqini ham oladi. 90 yoshli odam hanuz o‘zini boqayotgani tug‘ilish inqiroziga yuz tutgan Yaponiyadagi demografik vaziyatga yaxshi misol bo‘ldi.
Yaponlarning bu kabi uzoq umr ko‘rishida dunyoda eng yaxshilardan deb baholanadigan yapon tibbiyot sohasining xizmati ham juda katta albatta. Bu tizimda o‘zbekistonlik mutaxassislar ham ishlayapti.
Pskentlik Bobur Mutalov Kioto Universitetida doktorlik ishini qiladi. Undan avval u Xiroshima va Toshkentda magistrlik maqomlarini olgan. Toshkentda va Pskentda tez tibbiy yordam shifokori bo‘lib ishlab ancha tajriba orttirgan. Hozirda u Kioto universiteti shifoxonasining tez tibbiy yordam bo‘limida ishlaydi. Xo‘sh, yaponlar buncha uzoq yashashining siri nimada, deb so‘rayman undan.
Японлар, бошқа миллатларга қараганда, ўзларини текширтириб туриш учун шифокорга кўпроқ боришади. Давлат томонидан ҳам касалликларни эрта аниқлаш учун кўп текширувлар қилинади.
"Uchta katta siri bor. Birinchisi – sog‘lom ovqatlanish, ikkinchisi – jismoniy aktivlik, uchinchisi – gigiena. Gigienaga shaxsiy gigienadan tortib atrof-muhit va havoning tozaligi ham kiradi. Yaponlar o‘z sog‘lig‘iga katta mas’uliyat bilan yondoshadilar. Yaponlar, boshqa millatlarga qaraganda, o‘zlarini tekshirtirib turish uchun shifokor qabuliga ko‘proq borishadi. Davlat tomonidan ham kasalliklarni erta aniqlash uchun keng qamrovli tekshiruvlar yo‘lga qo‘yilgan", - deydi Bobur.
Yaponiya bo‘ylab 600 mingta defibrilyator bor, deydi u. Bu uskuna yurak huruji tutgan shaxsga kuchli elektrik shok berib uni hayotga qaytarishi mumkin. Maqsad oddiy odamlar orasida shoshilinch yordamni ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish. Boburning menga ko‘rsatishicha, hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ham yurakni jonlantirish bo‘yicha mashqlar o‘rgatiladi.
Qizig‘i, yaponlarning o‘z salomatligiga e’tibori shu qadar kuchli va jamiyatdagi xavfsizlik mezonlari shu qadar yuqoriki, odamlar orasida travma olish kamayib ketgan. Boburning aytishicha, ba’zi yapon jarrohlari o‘z sevgan kasblarini o‘zgartirmaslik uchun o‘zga davlatlarda ham ishlashga tayyorlar.
Bobur bugun o‘qiyotgan va tajriba orttirayotgan Kioto universiteti ko‘p sohalardagi innovatsiyalari jahondagi eng yaxshi ilm dargohlaridan biri hisoblanadi. Undan Nobel mukofoti sovrindorlari bejiz yetishib chiqmagan.

Surat manbasi, EPA
Yaponiya bo‘ylab 600 mingta defibrilyator bor, bu uskuna yurak huruji tutgan shaxsga kuchli elektrik shok berib uni hayotga qaytarishi mumkin. Maqsad oddiy odamlar orasida shoshilinch yordamni ko‘rsatish madaniyatini shakllantirish. Boburning menga ko‘rsatishicha, hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga ham yurakni jonlantirish bo‘yicha mashqlar o‘rgatiladi.
"Yo‘l ochiq"
Yaponiya dunyodagi eng taraqqiy topgan davlatlardan biri, O‘zbekiston esa unday emas. Yaponiyada aholi qariyapti va ozayapti, O‘zbekistonda esa yosh, kuchga to‘lgan aholi ko‘p. Ular men uchratgan tirishqoq, mehnatsevar, o‘qimishli va tarbiyali o‘zbekistonliklar minglab topiladi. Yapon hukumati esa turli dasturlari orqali ularning ta’limi va ishi uchun o‘zida pul va joylar ajratyapti.
Ba’zi raqamlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 700 ming yangi ishchi kuchi mehnat bozoriga qo‘shiladi. Davlat va xususiy sektorlar esa buncha ish joyini yaratib berolmayapti.
Yaponiya parlamentining eng yosh ayol a’zosi, hamda Yaponiya tashqi ishlar vazirining parlamentdagi muovini Arfiya Eridan qaysi sohalarda bu mamlakatda o‘zbekistonliklarni jalb qilish mumkinligini so‘rayman. Uyg‘ur ota va o‘zbek onadan Yaponiyada tug‘ilgan Arfiya savolimga biroz o‘ylanib qoldi. Chunki Yaponiya aktiv immigratsion siyosatga ega emas va u kimnidir atayin olib kelish haqida ochiq gapirishga hanuz andisha qiladi.
"Olib kelish, desak, to‘g‘ri bo‘lmaydi. Hozir Yaponiyaning siyosati shuki, o‘zbeklar o‘zlari mustaqil holda Yaponiyaga kelishni xohlasa, ishchi bo‘libmi yo talaba bo‘lib, ularga eshik ochiq. O‘zlari o‘qishga kirib, yo biron ishga kirib, viza olishsa, ularga Yaponiyada yo‘llar ochiq", - deydi Arfiya Eri.

«O‘zgarayotgan Yaponiya va o‘zbeklar» nomli to‘rt qismli hujjatli filmimda bu olis mamlakatga ochilayotgan darvozalar va undagi imkoniyatlar, hamda hayotning pastu balandliklarini ko‘rsatishga urindim. Shaxsiy fikrim, undan iqtisodda, biznes yuritishda, ta’lim va tadqiqotda, sog‘liqni saqlashda, ish madaniyati, va umuman, madaniyatda o‘rganadigan jihatlarimiz juda ko‘p.
Yaponlar qonun-qoidani qattiq hurmat qilishlari, adolat hissiga sodiq yashashlari va tartib-intizomni sevishlariga guvoh bo‘ldim. Shaxsga hurmat katta, va bu hurmat ba’zida o‘zganing ishiga aralashmaslik va’ji bilan hatto yolg‘izlikka yetaklashi mumkin.
Tobora ko‘p muhojirlar kelayotgani, xususan, musulmonlar soni oshayotgani bilan tub yapon turmushi andozalari qanday saqlanib qolishi hali ochiq savol. Ayni damda, a’lochi o‘zbek talabalari va nufuzli kompaniyalarda yuqori lavozimlarni egallagan muvaffaqiyatli o‘zbekistonliklardan ham yaponlar ko‘p narsani o‘rganishlari mumkin. Chunki ko‘p hollarda, bu o‘zbekistonliklar o‘z avlodining eng yaxshi namoyondalari, eng yaxshi talabalar va mutaxassislar.
Yaponiya ularni o‘ziga rom qilishda omadli bo‘lgan.
To‘rt qismli hujjatli filmimizni quyida tomosha qiling:
End of 4 seriyali filmimizni bu yerda tomosha qiling:












