"Ularni uyiga qaytaring": Buyuk Britaniyada millatchilikning kuchayishi ortida nima turibdi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Selin Girit
- Role, BBC News
- O'qilish vaqti: 6 daq
Buyuk Britaniyada bu yoz mavsumi siyosiy ziddiyatlarga to‘la bo‘ldi — mamlakat bo‘ylab qochqinlar joylashtirilgan mehmonxonalar oldida norozilik namoyishlari o‘tkazildi, ko‘prik va simyog‘ochlarga minglab milliy bayroqlar ilindi.
So‘nggi so‘rovlar siyosiy kayfiyatning keskin o‘ngga siljiganini ko‘rsatdi va yaqinda esa London markazida qariyb 150 ming nafar odam qatnashgan muhojirlarga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi.
Bu voqealar miqyosi, ayniqsa mashhur o‘ngchi faol Tommi Robinson rahbarligida o‘tgan so‘nggi namoyish, Buyuk Britaniyada o‘ng radikallar kuchayyaptimi degan bahslarni yanada kuchaytirdi.
Keyingi yillarda Yevropa siyosiy sahnasida bunday manzara doimiy holga aylandi — Italiya va Vengriyada hokimiyatda o‘ngchi partiyalar keldi, Avstriya, Shvetsiya va Finlyandiyada ular hukumat koalitsiyalariga kirgan, Frantsiya, Germaniya, Portugaliya va Belgiyada esa muxolifat sifatida ommalashib bormoqda.
So‘nggi voqealar Buyuk Britaniya ham G‘arb demokratik davlatlari orasida populistik o‘ngchi siyosatning kuchayishida navbatdagi qurbonga aylanishidan darak beradimi?
Kuchni ko‘rsatib qo‘yish
13 sentyabrda bo‘lib o‘tgan "Qirollikni birlashtiramiz!" shiori ostidagi miting, irqchilikka qarshi xayriya tashkiloti "Hope Not Hate" ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi eng yirik o‘ngchi namoyishlardan biri bo‘ldi.
Aktsiyada "ularni uyiga qaytaring" degan chaqiriqlar va bayroqlar dengizini ko‘rish mumkin edi. Ayrimlar AQSh konservativ faoli Charli Kirk suratini ko‘tarib chiqdi — u shu oy boshida suiqasd qurboni bo‘lgan edi.
Namoyishda politsiya bilan to‘qnashuvlar kuzatildi, shuningdek, AQShlik milliarder Ilon Mask kabi bahsli shaxslar nutq so‘zladi. Mask Britaniya parlamentini tarqatish va hozirgi Leyboristlar hukumatini almashtirishga chaqirdi.

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
Bosh vazir Kir Starmer zo‘ravonlik va radikal ritorikani qoraladi. "Biz hech qachon bayrog‘imizni bo‘linish ramzi sifatida foydalanayotganlarga berib qo‘ymaymiz", dedi u.
Oksford universiteti va Strategik muloqot instituti radikalizm bo‘yicha eksperti Juliya Ebnerning BBCga aytishicha, o‘ngchi g‘oyalar Britaniyada asosiy siyosiy muhokamalar qatoriga qo‘shilganini aytdi.
"Tommi Robinson o‘n yil avval soyadagi shaxs edi, — deydi u. — Endi esa u an’anaviy o‘ng radikal doiradan tashqarida ham ta’sir o‘tkaza oladigan qudratli shaxsga aylandi".
Ebnerning fikricha, Robinson 150 ming odamni yig‘ishga qodir ekanini ko‘rsatib berishi va Mask kabi ta’sirli shaxslarni jalb qila olishi — o‘ng radikallar kuchining namoyishi sifatida qabul qilindi.
ACLED tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Buyuk Britaniyada 180 ta ashaddiy o‘ngchi va migrantlarga qarshi namoyish bo‘lgan.
Ayniqsa o‘tgan yozda Angliyaning shimoliy g‘arbidagi Sautport shahrida ro‘y bergan tartibsizlikdan keyin aksil-muxojirlik kayfiyatlari kuchaydi. U yerda uch nafar bola raqs mashg‘ulotlari paytida pichoqlab o‘ldirilgani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchi "noqonuniy migrant" degan yolg‘on xabar tarqaldi va noroziliklar avj oldi.
Ebner ijtimoiy tarmoqlar o‘ngchi g‘oyalarni kuchaytirishda katta rol o‘ynayotganini ta’kidlaydi: algoritmlar radikal kontentni ko‘proq tarqatadi, shu bois yolg‘on ma’lumot va turli to‘qimalar faktlarga asoslangan jurnalistikadan tezroq yoyiladi.
"Ko‘pchilik uchun ijtimoiy tarmoqlar an’anaviy OAV o‘rnini egalladi, — deydi u. — Algoritmlar bizga biryoqlama axborot muhitini yaratib berdi, eng radikal xabarlar eng ko‘p aylana boshladi".
Immigratsiya xavotirlari

Surat manbasi, Getty Images
Tahlilchilar o‘ng radikal kayfiyatlarning o‘sishini ko‘p omillar bilan bog‘laydi: asosiy partiyalardan ko‘ngil qolishi, muhojirlik haqidagi qattiqroq ritorika va iqtisodiy qiyinchiliklar. Keyingi yillarda qayiqlarda Buyuk Britaniyaga kelayotgan muhojirlar sonining ko‘payishi ham bahslarda katta rol o‘ynadi.
"Odamlar tengsizlik kuchayganini, ayrim joylarda esa davlat xizmatlari zaiflashganini ko‘ryapti. Ular 10 yildan keyin ahvol yomonlashishidan qo‘rqmoqda", deydi London Kuin Meri universiteti professori Steyn van Kessel.
"Iqtisodiy pessimizm bor va odamlar buni ko‘pincha muhojirlik bilan bog‘laydi. O‘ng radikallarning pozitsiyasi shuki, ish o‘rinlari va ijtimoiy davlatni himoya qilish uchun immigratsiyani to‘xtatish kerak", deydi u BBCga.
So‘nggi oylarda qochqinlarni mehmonxonalarga joylashtirish masalasi Buyuk Britaniyada katta tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Mahalliy kengashlar sudga murojaat qildi, mahalliy jamoalar esa xavfsizlik va xarajatlardan norozi bo‘lib chiqdi.
Ramiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil iyuniga qadar bir yil ichida Buyuk Britaniyada 111 ming kishi boshpana so‘ragan — bu o‘tgan yilga nisbatan 14% ko‘p.
"Siyosatchilar shunday deyishi mumkin edi: "Migratsiya yoki qochqinlikni so‘rash jarayonlarini yaxshi boshqarishimiz kerak, lekin sog‘liqni saqlash tizimida ishchi kuchi uchun muhojirlarga ehtiyoj bor". Biroq bu mulohaza endi deyarli aytilmayapti», deydi van Kessel.
Ebnerning ta’kidlashicha, o‘ng radikal ritorika faqat muhojirlik masalasi bilan cheklanmagan.
«Bu gender va LGBT huquqlari, iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar, so‘z va fikr erkinligi haqida hamdir. Ya’ni, o‘ng radikallar har doim o‘zlari "isteblishment" deb ataydigan "status kvo"ga qarshi turadi», deydi u.
Reform UK'ning gullashi
Nayjel Faraj rahbarlik qilayotgan Reform UK partiyasining ommalashishi ham o‘ng radikal kayfiyatlar kuchayyotganini ko‘rsatmoqda.
Faraj o‘zini Tommi Robinsondan uzoq tutishga harakat qilsa-da, partiyaning muhojirlikka qarshi qat’iy siyosati o‘ng radikal ritorikani eslatadi.

Surat manbasi, Getty Images
Ipsos so‘roviga ko‘ra, partiya bu yil may-iyun oylarida 34% lik qo‘llov bilan Leyboristlardan 9 foiz oldinga chiqqan.
Reformning saylovlardagi muvaffaqiyati — qo‘shimcha saylovlarda g‘alabalar va mahalliy saylovlarda katta yutuqlar — odamlar asosiy partiyalarga muqobil izlayotganini ko‘rsatmoqda.
"Aslida Reformning o‘sishiga eng katta turtki muhojirlik masalasi bo‘ldi, — deydi siyosatshunos Trevers. — Lekin odamlarning Konservatorlar va Leyboristlardan noroziligi ham muhim omil".
Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik saylovchilar Reformga ovoz berish orqali an’anaviy partiyalarni "dars berish" yo‘lini tanlayapti. "Bu turli ma’noda "tizimga qarshi g‘azab" bo‘lib, odamlar ovoz orqali eshitilishini istayapti".
O‘ng radikallarning normallashuvi
Professor van Kesselning fikricha, hozirgi siyosiy muhitda asosiy partiyalar ham o‘ng radikal ritorikani qabul qilib, ularning maydonida raqobat qila boshladi.
Biroq uning ogohlantirishicha, bu usul ko‘pincha aks ta’sir qiladi.

Surat manbasi, EPA/Bloomberg via Getty Images
"O‘ng radikallar maydonida raqobat qilishga, muhojirlik bo‘yicha qattiq gapirayotgandek ko‘rinishga urinish — immigratsiya masalasini siyosiy kun tartibida ushlab turadi xolos, natijada bu radikal o‘ngning o‘ziga foyda keltiradi", deydi u.
"Hokimiyatdagi siyosatchilar muhojirlikka oid siyosatni yaxshilashga harakat qilishlari mumkin, lekin buning uchun radikal o‘ngning qattiq ritorikasini takrorlash shart emas", deya qo‘shimcha qiladi u.
Ebner xonimning ta’kidlashicha, o‘ng radikallarga qarshi kurashish faqat ritorikani nazorat qilish bilan emas, balki ularga qo‘llov bergan norozilik sabablarini chuqur tushunish bilan bog‘liq bo‘lishi kerak.
"O‘ng radikallarni qo‘llab-quvvatlayotgan shaxslar turli ijtimoiy qatlamlardan kelgan. Biz ularning tashvishlariga radikal pozitsiyalarni takrorlamasdan javob berishimiz kerak", -deydi u.
Shuningdek, u raqamli muhitni isloh qilishga chaqirmoqda.
"Texnologik platformalarni shaffoflik va mas’uliyatga chaqirish o‘ta muhim", deydi u.
"Hukumat odamlarni yaxshi raqamli fuqaro bo‘lishga o‘rgatish uchun ko‘p ish qilishi mumkin. Onlayn kanallar psixologiyasiga e’tibor qaratish, bu narsa shaxsiylikka, jamoaviy munosabatlarga va jamiyatga umuman qanday ta’sir ko‘rsatayotganini anglash juda muhim".
Iqtisodiy o‘sish hal qiluvchi omil

Surat manbasi, EPA/Shutterstock
Ammo agar Britaniyada o‘ng radikallarning kuchayishi davom etaversa,nima bo‘ladi? Markaz unga dosh berolmay qoladimi?
Ebner ikki asosiy xavfni qayd etadi: siyosiy zo‘ravonlik va demokratik institutlarning yemirilishi.
Professor Trevers esa radikal o‘ngning kuchayishiga qarshi eng samarali vosita iqtisodiy o‘sish bo‘lishi mumkinligini aytadi.
"Buyuk Britaniyadagi haqiqiy muammo — iqtisodiy o‘sish deyarli yo‘q. Hukumat ko‘proq qarz ola olmaydi, soliqni ham ko‘paytirolmaydi, odamlar esa o‘z daromadlari pasayib borayotganini his qilmoqda", dedi u.
"Asli yechim shu yerda yotadi. Siyosat har doim mahalliy masalalar bilan bog‘liq", deya qo‘shimcha qiladi u.








