Tramp tariflari: AQSh prezidenti endi Yevropaga ham tahdid qilmoqda. Dunyo yangi global savdo urushi ostonasidami?

Surat manbasi, EPA
Ikkinchi prezidentlik muddatiga endi kirishar ekan, Donald Tramp yana boj tariflarini o‘zining asosiy iqtisodiy quroliga aylantirmoqda. U allaqachon Xitoy, Kanada va Meksikaga qarshi yangi boj stavkalari joriy etib bo‘lgan. Endi navbat Yevropa Ittifoqiga ekaniga ishora qilmoqda.
Prezident Donald Tramp 1 fevral kuni Meksika va Kanadadan AQShga import qilinadigan mahsulotlarga 25 foiz, Xitoydan import qilinadigan barcha tovarlarga esa 10 foiz boj tariflari solinishini e’lon qildi.
AQSh prezidenti yakshanba kuni Yevropa Ittifoqidan kelayotgan tovarlar, ayniqsa avtomobillar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga "so‘zsiz" boj tariflari joriy etilishi haqida gapirgan.
Tramp ushbu tariflar Amerika sanoatini himoya qilish va savdo balansini qayta yo‘lga solish maqsadida joriy qilinayotganini aytmoqda.
Biroq, bu choralar yangi global savdo urushiga olib kelishi mumkinligi va, eng muhimi, AQShning o‘z iqtisodiyotiga jiddiy zarba berishidan ogohlantirmoqda.
Tramp qaysi davlatlarni nishonga olmoqda va nega?
Seshanbadan AQShga kirayotgan Kanada va Meksika tovarlariga 25 foiz, Xitoy tovarlariga nisbatan esa 10 foiz boj tariflari qo‘llanila boshlanadi.
Yangi tarif siyosatiga zaruriy asos sifatida AQShga bu davlatlardan narkotik moddalar, ayniqsa, fentanil kirib kelayotgani ko‘rsatilgan.
Ammo Tramp ma’muriyati yangi tariflar joriy etilishida har bir davlat bo‘yicha boshqa turlicha vajlarni ham ilgari surmoqda.
Xitoy – bu davlat avval ham Trampning tarif siyosatidagi asosiy nishon bo‘lgan edi.
Birinchi prezidentlik muddati chog‘ida Tramp Xitoyga qarshi 25 foizlik boj tariflarini allaqachon joriy etib bo‘lgan.
O‘tgan yilgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida esa yangi joriy etilajak tariflar 60 foizgacha bo‘lishi bilan tahdid qilgan, lekin hozircha 10 foizlik boj tariflari bilan cheklangan.
Tramp Xitoyni uzoq vaqtdan beri quyidagi iqtisodiy amallarda ayblab keladi:
- Adolatsiz savdo amaliyotlari, ya’ni AQSh bozoriga arzon mahsulotlarni "to‘kib tashlab", "demping" qilish;
- Valyuta manipulyatsiyasi, ya’ni eksport ko‘lamini oshirish maqsadida yuanь kursini sun’iy ravishda past darajada ushlab turish;
- Ayniqsa, texnologiya sohasida intellektual mulk o‘g‘riligi.
Kanada va Meksika – Trampning AQShning yon qo‘shnilari bo‘lmish bu davlatlarga nisbatan da’volari migratsiya va giyohvand moddalar nazorati bilan bog‘liq.

Surat manbasi, Getty Images
Trampning fikricha, Meksika AQShga noqonuniy migratsiyani to‘xtatish uchun yetarlicha harakat qilmayapti.
U Meksika kabi Kanadani ham fentanil va boshqa noqonuniy giyohvand moddalar savdosini to‘xtata olmayotganlikda ayblagan.
Bundan tashqari u Kanada AQShning "51-shtati"ga aylanishi lozimligini ham takrorlashni xush ko‘radi.
Trampning iddao qilishicha, AQSh Kanada iqtisodiyotini subsidiya qilish yo‘lida "yuzlab milliard dollar" sarflaydi va bu mablag‘siz "Kanada mustaqil davlatligini yo‘qotadi".
"Kanada bizning Ardoqli 51 shtatimiz bo‘lishi kerak. Shunda Kanada xalqi uchun anchayin kam soliqlar, anchayin yaxshiroq harbiy himoya bo‘ladi – VA TARIFLAR BO‘LMAYDI!", deya yozgan Tramp o‘zining TruthSocial tarmog‘ida.
Yevropa Ittifoqi – Tramp yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi ham tariflar nishoniga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
U YeI bilan savdo balansidan norozi va Yevropadan kelayotgan avtomobillar hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga tarif qo‘llash bilan tahdid qilmoqda.
Trampning aytishicha, YeI AQSh tovarlariga nisbatan adolatsiz savdo to‘siqlarini qo‘ymoqda.
U, ayniqsa, Germaniya va Frantsiyaning avtomobil ishlab chiqaruvchilari AQSh savdo siyosatidan haddan tashqari manfaat ko‘rayotganini ta’kidlamoqda.
Boj tariflari nima o‘zi?

Surat manbasi, Getty Images
Tariflar – bu boshqa davlatlardan import qilinadigan tovarlarga solinadigan soliqlardir.
Ko‘pgina tariflar mahsulot qiymatining foiz sifatida belgilangan bo‘lib, odatda, import qiluvchi tomonidan to‘lanadi.
Import qilinadigan mahsulotlarning narxini oshirishdan maqsad iste’molchilarni mahalliy, arzonroq mahsulotlarni sotib olishga undash va shu orqali o‘z iqtisodiyotining o‘sishini qo‘llab-quvvatlashdir.
Donald Tramp tariflarni AQSh iqtisodiyotini rivojlantirish, ish o‘rinlarini himoya qilish va soliqlardan tushum yig‘ish vositasi sifatida ko‘radi.
Hozirda Tramp ma’muriyati AQShning uchta yirik savdo hamkorlariga qarshi boj tariflari joriy etdi.
Trampning birinchi prezidentlik davridagi tariflari ta’sirini o‘rgangan iqtisodiy tadqiqotlarga ko‘ra, bu tariflar natijasida iqtisodiy yukning asosiy qismi oxir-oqibat AQSh iste’molchilari zimmasiga tushgan.
Fentanilning boj tariflariga nima aloqasi bor?
Tramp yirik savdo hamkorlariga nisbatan salmoqli tariflar joriy etishning asosiy sabablaridan biri "fentanil ofatiga qarshi kurash" ekanini da’vo qilmoqda.
Fentanil – bu og‘riq qoldiruvchi vosita bo‘lib, qonunan ehtiyojli bemorlarga tavsiya etiladi, ammo u noqonuniy ravishda ham ishlab chiqariladi va jinoyatchi to‘dalar tomonidan sotiladi. Fentanil geroindan ancha kuchliroq.
2022 yilda 70 mingdan ortiq amerikalik fentanil dozasi oshib ketishi oqibatida vafot etgan.
AQSh rasmiylari fentanil ishlab chiqarishda ishlatiladigan kimyoviy moddalar Xitoydan kelishini aytmoqda. Oq uyning ta’kidlashicha, "Xitoy rasmiylari bu jarayonni to‘xtatish uchun zarur choralarni ko‘rmagan".
Xitoy esa noqonuniy giyohvand moddalar savdosiga aloqasi borligini inkor qiladi.

Surat manbasi, Getty Images
AQSh rasmiylari Meksikadagi narkokartellarni fentanil yetkazib berishda ayblaydi.
Oq uy Meksika kartellari "Meksika hukumati bilan chidab bo‘lmas darajada yaqin aloqada" ekanini iddao qiladi, ammo Meksika prezidenti bu ayblovlarni "bo‘hton" deb atagan.
AQSh, shuningdek, Meksika kartellari Kanadada fentanil laboratoriyalarini boshqarayotganini ta’kidlamoqda.
Bu davlat bosh vaziri esa, AQShga kirib borayotgan fentanilning 1 foizdan kamrog‘i Kanadadan kelishini aytib, bu da’volarga qarshi chiqmoqda.
Tariflar xalqaro bozorga qanday ta’sir qilmoqda?
Trampning tariflari Osiyoda ham, Yevropada ham fond bozoriga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Har ikki qit’adagi kompaniyalar, ayniqsa, yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari aktsiyalari sezilarli darajada arzonlagan.
AQSh dollari qadri anchayin oshgan, Kanada dollariniki esa 2003 yildan beri eng quyi darajaga tushgan.
Trampning yangi iqtisodiy siyosati, shuningdek, kripto bozorga ham jiddiy ta’sir qilgan.
Shanba kundan beri investorlar "xatarli" aktivlarga sarmoya kiritishni to‘xtatishga qaror qilishi ortidan kripto bozordan naq $600 milliard chiqib ketgan, oqibatda, kriptovalyutalar, xususan, Bitcoin narxi sezilarli pastlagan.
Endi nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Reuters
Nishondagi davlatlar Trampning yangi tariflarini jiddiy tanqidlar bilan qarshi olgan.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo Tramp siyosatiga javoban AQSh tovarlariga nisbatan 25 foizlik tariflar joriy etilishini e’lon qilgan.
Meksika prezidenti ham o‘z ma’muriyatiga "mamlakat manfaatlarini himoya qilish yo‘lida choralar" ishlab chiqish vazifasini topshirganini bildirgan.
Xitoy esa o‘ziga nisbatan joriy etilgan 10 foizlik boj tariflari Jahon Savdo Tashkiloti qoidalariga zid ekanini ta’kidlagan.
Pekin ham "qonuniy huquq-manfaatlarini himoya qilish" uchun qarshi choralar ishlab chiqayotganini ma’lum qilgan.
Trampning Yevropa Ittifoqidan kelayotgan tovarlarga qarshi tariflari qanday ko‘rinishda bo‘lishi noma’lum, ammo ittifoq yetakchilari allaqachon o‘z munosabatini bildira boshlagan.
Masalan, Germaniya kantsleri Olaf Sholtz Yevropa Ittifoqi o‘z tariflari bilan qarshi javob qaytarishi mumkinligi, lekin o‘zaro murosa qilish har ikki tomonga ham yaxshi bo‘lishi haqida gapirgan.
Ittifoq bosh diplomati Kaya Kallas esa "savdo urushlarida g‘oliblar bo‘lmasligi"ni tilga olgan.
Tahlilchilar esa AQSh yangi ma’muriyatining mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish vaji bilan boshlangan bu siyosati amerikaliklarning o‘ziga jiddiy zarba berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Masalan, Tramp mahalliy ishlab chiqaruvchilarni muhofaza qilish maqsadida 2018 yilda xorijdan kelayotgan kir yuvish mashinalariga nisbatan soliq joriy etgan, oqibatda, Qo‘shma Shtatlarda kir mashinalar narxi, keyinchalik, kamida, 12 foizga qimmatlab ketgan edi.
AQSh sotishdan ko‘ra ko‘proq sotib oladi
Nik Marsh
Biznes masalalari bo‘yicha muxbir
AQSh Yevropa Ittifoqi bilan savdo defitsitiga ega: u Yevropa mamlakatlaridan ko‘proq mahsulot import qiladi, lekin ularga kamroq mahsulot sotadi.
O‘tgan yili AQShning Yevropa bilan savdo taqchilligi 213 milliard dollarni tashkil qildi – prezident Tramp bu holatni "vahshiylik" deb atadi.
Trampning fikricha, import tovarlarga soliqlar ichki ish o‘rinlarini va milliy mahsulotlarni himoya qilishga yordam beradi.
Yevropaning AQShga eng yirik eksport tovarlari orasida farmatsevtika mahsulotlari, avtomobillar va ilg‘or texnologik uskunalar bor. Shu bilan birga, AQSh Yevropaga neftь, gaz va moliyaviy xizmatlar yetkazib beradi.
AQSh tariflari turli davlatlarga har xil ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, Irlandiya Amerika bozoriga eng ko‘p bog‘liq davlatlardan biri – uning Yevropa tashqarisiga eksport qilayotgan mahsulotlarining yarmidan ko‘pi AQShga yo‘naltirilgan.
AQShdan katta hajmda mahsulot sotib oluvchi davlatlar qatorida Niderlandiya va Germaniya bor. Ammo Germaniya AQShga katta miqdorda avtomobillar eksport qiladi ham.
Shunga qaramay, Yevropa Ittifoqi agar AQSh tariflar joriy qilsa, kollektiv javob qaytarishini bildirgan. Bu ehtimoliy javob tariflarni anglatishi mumkin.
Birlashgan Qirollikka kelganda, vaziyat biroz farq qiladi. AQSh Buyuk Britaniya bilan unchalik katta savdo taqchilligiga ega emas, aksincha, o‘tgan yilda bir nuqtada AQSh ortiqcha savdo balansi ham qayd etgan. Shu sababli Britaniya hukumat rasmiylari Trampni o‘z mamlakatiga tarif joriy qilmaslikka ko‘ndirishdan umid qilmoqda.
Prezident Trampning so‘zlariga ko‘ra, "Britaniya biroz chegaradan chiqqan, lekin Yevropa Ittifoqi butunlay chegaradan chiqib ketgan".












