Hayotimni saqlab qolgan poezd haydovchisi bilan turmush qurdim

O'qilish vaqti: 3 daq

Ogohlantirish: ushbu maqolada xudkushlik va ruhiy salomatlik mavzusi yoritilgan

To‘y kuni Sharlotta va Deyv

Surat manbasi, Charlotte and Dave Lay

Surat tagso‘zi, Ilk bor ko‘rishganidan uch yil o‘tib Sharlotta va Deyv 2022 yili to‘y qilishdi

2019 yil, odatiy yoz kunlarining birida hamshira Sharlotta Ley tungi smenaga tayyorgarlik ko‘rar, biroq o‘zini unchalik ham yaxshi his qilmayotgandi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmasdan, u G‘arbiy Yorkshir temiryo‘l bekatiga yaqin joyda o‘z joniga qasd qilishga urinadi.

Sharlottani bu tushkun vaziyatda uchratgan poezd haydovchisining mehribonligi esa uni mudxish qaroridan voz kechishga undaydi.

Uch yil o‘tib, ular turmush qurishadi va farzandli bo‘lishadi.

33 yoshga to‘lgan Sharlotta xotiralarini eslay turib, shunday deydi: "O‘smirligimdan buyon ruhiy salomatligimga bog‘liq muammolar bilan kurashib kelardim va shu tizim ichida ko‘p marotaba davolanganman."

U o‘sha kun yuz bergan voqealar yodida "biroz xira" qolganini aytadi, ammo Bredford yaqinidagi Krosflats bekatiga yaqin joyda temiryo‘l bo‘ylab kelayotgan poezdni ko‘rganini aniq eslaydi.

"Bir odam poezddan tushganini, va "endi u menga tanbeh beradi", deb qattiq vahimada qolganimni eslayman," deydi u.

"U menga yaqinlashib, ʻsalom, men Deyvman, kuning yomon o‘tyaptimi?ʼ dedi.

Men ʻha, ozgina yomonroq, xolos,ʼ deb javob berdim.

U esa ʻyaxshi, kel, unda o‘tirib gaplashamiz, yaxshilanguningacha kutamizʼ dedi."

Sharlotta

Northern poezd kompaniyasida ishlovchi Deyv poezd kabinasidan tusharkan, Sharlotta qarshisida "tiz cho‘kib", o‘zini tanishtirganini eslaydi.

U Sharlotta o‘zini xavfsiz his qilishi uchun poezdga chiqishga rozi bo‘lgunga qadar suhbatlashib o‘tirishlarini taklif qiladi.

Ular shu zaylda yarim soatcha suhbatlashib o‘tirishadi va bu vaqtga kelib, Sharlotta hanuz qiynalayotgan bo‘lsada, kabinaga chiqishga rozi bo‘ladi.

Uni Skipton bekatiga olib borishadi va politsiya qaramog‘iga topshirishadi.

Ertasi kuni Sharlotta unga bu qadar mehribonlik ko‘rsatgan odamni topish ilinjida, Northern kompaniyasida ishlaydigan kishilar orqali Facebook guruhida so‘rov qoldiradi.

"Agar u meni eshitishni istamasa ham buni to‘g‘ri tushunaman, lekin hayotimga vaqt ajratgani va menga bir inson o‘laroq munosabatda bo‘lgani uchun unga rahmat aytishni xohlardim," deydi u.

Sharlottaning harakatlari besamar ketmaydi va bir hamkasbi Deyvning raqamini bergach, Sharlotta unga xabar yozishga muvaffaq bo‘ladi.

Ayni vaqtda 47 yoshni qarshilagan Deyv ham uning xabarini olishdan mamnun edi.

U avval hech qachon poezddan tushib, tushkunlikda qolgan odam bilan suhbatlashmaganini ta’kidlaydi.

"Men uning ahvoli yaxshi ekanligini bilishim kerak edi," deydi u.

"Politsiyaga murojaat qilib, uning holati haqida ma’lumot olishga harakat qildim. Faqatgina u qanchalik xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilmoqchi edim. O‘zimda bunga majburiyat his qildim".

Sharlotta va Deyv
Surat tagso‘zi, Ikkisi ham turmush o‘rtog‘i o‘zining hayotini asrab qolganini aytadi

Menimcha, biz o‘zaro yaqinlikni o‘sha poezd yo‘li liniyasida qurgan edik. Kimningdir hayotida o‘z o‘rningni ko‘rish yoqimli edi."

Deyv Sharlottaning xabariga javob qaytarib, u bilan qachon gaplashishni xohlashidan qat’iy nazar, bu uchun hamma vaqt tayyorligini aytadi. Shundan so‘ng, ular har kuni xabar almashishni boshlashadi. Ikki oy o‘tgach, qahva ichish uchun uchrashishadi va qolgan barchasi tarixga aylanishni boshlaydi. 2022 yilda, Uilsdenda yashovchi juftlik Sharlotta 22 haftalik homilador paytida turmush qurishadi.

Biroq, ularning hayotida bu voqeaga qadar yuz bergan yana bir burilish bor edi. 2020 yilning iyulida Deyv qattiq bel og‘rig‘i bilan shifokorga borganidan keyin unda moyak saratoni borligi aniqlanadi. Agar Sharlotta bo‘lmaganida, shifokorga hech qachon bormagan bo‘lardim, deydi Deyv. "Bu erkakligim uchun," qo‘shimcha qiladi u. "Men 12 yoki 13 yil motor sohasida ishlaganman, sovuq yerlarda va tashqarida, og‘ir narsalarni ko‘tarib yurganman. Buni esa bel og‘rig‘i, xolos, deb o‘ylardim. Sharlotta ’shifokorga borʼ deb turib oldi. Men esa bu qarilikdan deb o‘ylab yurardim."

Kasallik tashxisidan bir necha hafta o‘tib, Deyv to‘liq sog‘aygan edi. Lidsdagi Sent-Jeyms shifoxonasidagi maslahatchining aytishicha, agar kasallik vaqtida aniqlanmaganida va muolaja olmasdan yashashda davom etganimda, hozir allaqachon hayotdan ko‘z yumgan bo‘larkanman, deydi u. "Sharlotta men uning hayotini saqlab qolganimni aytadi, biroq, men bunga ishonmayman, chunki, aslida, u mening hayotimni saqlab qoldi".

Sharlotta
BBC
Boshdan kechirgan kunlarim tufayli bu haqida gapirish mening burchim deb o‘ylayman va umid qilamanki, bu yangi suhbatlar uchun turtki bo‘ladi.
O'zini o'ldirish harakatidan omon qolgan Sharlotta
Batafsil bbc.com/uzbek da

"Hali hayot yaxshi bo‘ladi"

Juftlik o‘zlarining hikoyalari bilan o‘rtoqlasharkan, kimda-kim qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa, yaxshi kunlar kelishi muqarrarligini tushunishlarini istashadi.

"Hali hayot yaxshi bo‘ladi," deydi Sharlotta. U endi uch farzandning onasi. "Faqat unda qolishingiz kerak, shundagina uni ko‘ra olasiz."

Sharlotta bugun qiyinchiliklarga duch kelayotgan odamlar uchun boshqalardan yordam so‘rash qiyinligini tan oladi.

Shuning uchun ham atrofdagilar "yordam qo‘lini cho‘zishlari" kerakligini maslahat qiladi.

U ruhiy salomatligi bo‘yicha doimiy yordam olishda davom etmoqda.

U odamlardan atigi "yaxshimisiz?" deya hol-ahvol so‘rash ham ular bilan samimiy suhbat boshlashga yordam berishi mumkinligiga ishonadi.

"Biz bir-birimizdan hol-ahvol so‘rashda qarzdormiz," deydi u.

"Siz kimningdir hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradigan maslahat berishingiz yoki chuqur ma’noli gaplar aytishingiz shart emas. Shunchaki, bir chashka choy bilan yonma-yon o‘tirishning o‘zi ham ko‘p narsalarni o‘zgartirishi mumkin. Boshdan kechirgan kunlarim tufayli bu haqida gapirish mening burchim deb o‘ylayman va umid qilamanki, bu yangi suhbatlar uchun turtki bo‘ladi."