Munozara: bolalarga smartfonlarni taqiqlash kerakmi?

Qo‘llarida smartfonlar ushlab turgan maktab o‘quvchilari

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ko‘p ota-onalar telefonning bola salomatligiga, tarbiyasiga salbiy ta’siridan tashvishdalar
    • Author, Kris Vallans
    • Role, BBC yetakchi texnologiya reportyori
  • O'qilish vaqti: 8 daq

Smartfonlar hayot tarzimizga chuqur kirib keldi, ish va ijtimoiy kun tartibimizning ajralmas qismiga aylandi. Ajablanarli emaski, yosh bolalar ham o‘z smartfonlariga ega bo‘lishni xohlashadi, ammo bu yerda ularning qanchalik foydali ekanligi xususida ko‘proq shubha bor.

Ko‘p ota-onalar telefonlar bolalarni qaramlikka olib kelishi, nomaqbul hamda zararli kontentga bog‘lab qo‘yishidan xavotirdalar. Bu borada cheklovlar o‘rnatilishi kerak deb hisoblovchilarning soni tobora o‘sib borayapti.

Boshqalar esa ayrim xavflar bo‘rttirilgan deb hisoblaydilar. Ular telefonlar bolalar rivojlanishi uchun, jumladan, ijtimoiylashish uchun yaxshi imkoniyatlar yaratadi, zararlari haqidagi dalillar tanqidchilar aytayotganchalik ishonarli emas, deyishadi.

Men bir akademik va kampaniyachini bolalar smartfonlardan foydalanishlariga qat’iy cheklovlar qo‘yilishi kerakmi degan savolni o‘rtaga oluvchi munozaraga taklif qildim.

Suhbatdoshlarim Soniya Livingstoun - London Iqtisodiyot va Siyosiy fanlar maktabi (LSE) professori. U universitetning bolalarning raqamli huquqlariga bag‘ishlangan tadqiqot markaziga rahbarlik qiladi. Deyzi Grinvell "Smartfonlik bolalik" (Smartphone Free Childhood) deb nomlangangan kampaniya asoschisi. Quyida ushbu suhbatimizning tahrir qilingan versiyasini o‘qish mumkin.

Taqiqlash kerakmi yoki yo‘q?

Mobil telefondagi o‘yinni o‘ynayotgan bolakay

Kris Vallans:"Smartfonlarsiz Bolalik", katta texnologiyalarga qarshi ko‘rgazmali kampaniya guruhi vakili Deyzi Grinvell, sizdan boshlaylik. Qanday taqiq yoki cheklovlarni xohlaysiz va nima uchun?

Deyzi Grinvell: Salom Kris.

Birinchidan, biz taqiq haqida gaplashish noo‘rin deb hisoblaymiz. Biz smartfonlarni to‘liq taqiqlashni talab qilmayapmiz.

Texnologiya kompaniyalari ota-onalarni noiloj holatga solib qo‘ydilar - biz bolalarimizga zararli mahsulotga (masalan, internet va ijtimoiy tarmoqlarga cheklanmagan me’yorlar bilan) kirishlariga ruxsat beramizmi yoki ijtimoiy qoidalarga qarshi borib, ularni o‘z tengdoshlari guruhidan uzoqlashtiramizmi?

Bu borada hukumat ota-onalarga yordam berishi va yoshlarni himoya qilishi kerak.

Oddiy qilib aytganda, biz texnologiya kompaniyalari mahsulotlarining bolalar uchun xavfsiz ekanligini isbotlay olmaguncha, bolalar ulardan cheklanmagan me’yorda foydalanmasliklari kerak deb hisoblaymiz.

Kris Vallans: Qanday cheklovlar bo‘lishini xohlaysiz?

Deyzi Grinvell: Biz smartfonlarda yoshga mos keladigan sozlamalarni standart qilib belgilash kerak deb hisoblaymiz. Yoshni tasdiqlovchi texnologiyalar mavjud – bolalar faqat o‘zlariga mos xizmatlardan foydalanishlari uchun buni qurilma va kontent darajasida qanday amalga oshirish mumkinligini o‘ylab ko‘rish kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda 13+ yoshga mos minimal talab bo‘lsa-da, britaniyalik 51% 13 yoshdan kichik bolalar undan foydalanadilar. Ular bu kabi xavfsiz bo‘lmagan platformalardan foydalanmasliklari kerak, shuning uchun bu holatni imkon qadar tezroq to‘xtatish kerak.

Biz, shuningdek, hukumat maktablarda smartfonlarni majburiy taqiqlashni joriy qilishini talab qilamiz, chunki hozirda faqat 11% maktablarda samarali taqiq mavjud va barcha tadqiqotlar ularning o‘rganish va xulq-atvor uchun jiddiy xavf tug‘dirishini isbotlaydi.

Smartfonli qo'llar

Surat manbasi, Getty Images

Kris Vallans: Soniya Livingstoun, siz texnologiyalarning bolalar hayotiga ta’sirini o‘rganuvchi ijtimoiy psixologsiz. Deyzi aytayotgan xavflar haqida dalillar bormi?

Soniya Livingstoun: Salom Deyzi.

Menimcha, ba’zi fikrlarda biz siz bilan bir to‘xtamga kela olamiz, ayniqsa taqiq so‘zidan qochish borasida…

Biroq, ba’zi masalalar murakkabroq, jumladan, yoshni tasdiqlashni amaliyotga tatbiq qilish. Bu yuqori darajada xavfli bo‘lgan xizmatlar uchun muhim, ammo buni butun aholi uchun maxfiylik nuqtai nazaridan ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish kerak.

Dalillarga kelsak, bu chalkash mavzu. Maktablarda smartfonlarni cheklash haqida ozgina dalillar mavjud. Boshqa hollarda esa bolalar hayotida smartfonlardan foydalanishning ijobiy va salbiy tomonlarini ko‘rib chiqish kerak.

Deyzi Grinvell: Albatta, men ham bolalar uchun smartfonlarning mumkin bo‘lgan ijobiy tomonlarini bilaman va ularga qo‘shilaman. Barcha bolalar ushbu texnologiyaning foydalaridan hech qanday zarar ko‘rmasdan foydalana olsalar juda yaxshi bo‘lardi.

Afsuski, hozirgi holatimizda esa bu orzudan anchayin uzoq masofadamiz.

Shuning uchun nimadir darhol o‘zgartirilishi kerak.

Kris Vallans: Soniya, maktablarning taqiq joriy qilishi bu xato, deb o‘ylaysizmi?

Soniya Livingstoun: Biz hozir tadqiqotlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Bu yerda ota-onalar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar darslarda telefonlardan foydalanishga nisbatan aniq va samarali cheklovlarni xohlashlari aniq.

Muammo shundaki, bizda shaxsiy qurilmalarni olib kelish va raqamli texnologiyalarni ta’limiy maqsadlarda sinfga olib kirish siyosati mavjud.

Shunday ekan, ta’lim texnologiyalari siyosatini kengroq ko‘rib chiqish vaqti keldi deb o‘ylayman. Bu pandemiyadan keyin qayta ko‘rib chiqilmadi va mavjud dalillarga ko‘ra, hozirda bolalardan ko‘ra ko‘proq katta texnologiyalar va ma’lumotlar brokerlari bundan foyda ko‘rmoqdalar.

Biz bolalar bilan maslahatlashganimizda, ular Deyzi ko‘rsatgan ba’zi xavf va muammolarga qo‘shilishadi.

Lekin ular o‘z telefonlarini qadrlashadi, chunki do‘stlari bilan aloqada bo‘lish vositasi sifatida ulardan foydalanishadi. . . Bizning jamiyatimiz bolalarni uydan tashqarida o‘ynash yoki ijtimoiylashish imkoniyatlaridan mahrum qildi.

Deyzi Grinvell: Bu texnologiyaning tarmoq effektlari va qaram qiluvchi dizaynining murakkabligi ota-onalar va bolalarni oxiri yo‘q urushda kurashishga majbur qilmoqda.

Bolalarning mobil telefonlaridan foydalanishlarini kim tartibga solishi kerak?

Maktabdagi sinfda mobil telefoniga qarab o‘tirgan maktab o‘quvchisi

Surat manbasi, Getty Images

Kris Vallans: Deyzi, bolalar uchun telefon sotib olish qiyin masala va agar u biron gadjetga egalik qilsa, bu ehtimol onasi yoki otasi tomonidan olib berilganini anglatadi. Shunda nega bu masalani ota-onalarga yuklamaslik kerak?

Deyzi Grinvell: Bu mas’uliyatni ota-onalarga yuklash adolatsizlikdir.

Soniya Livingstoun: Ushbu mas’uliyatni kompaniyalarga o‘tkazish kerakligiga qo‘shilaman. Ular nafaqat xavflarni kuchaytirmoqdalar, balki bolalar uchun ko‘proq yoshga mos xizmatlar va mahsulotlarning xilma-xilligini taqdim etishdan bosh tortishmoqda.

Kris Vallans: Soniya, xavflar Deyzi aytayotganchalik jiddiymi? Dalillar buni qo‘llab-quvvatlaydimi?

Soniya Livingstoun: Xavflar va foydalar haqida munozaralar mavjud va ikkalasining ham ta’siri ko‘proq himoyaga muhtoj bolalar uchun katta.

Shunday ekan, bolalarga yaxshiroq himoya kerak va ha, hozirgi vaziyat ko‘plar uchun muammoli va ba’zilar uchun xavfli.

Deyzi Grinvell: Ijtimoiy tarmoqlarning butun biznes modeli iloji boricha ko‘proq e’tiborni jalb qilishga qaratilgan. Smartfonlar va qaramlikni keltirib chiqaradigan ijtimoiy media ilovalari bolalarni ochiq havoda o‘ynash, yuzma-yuz suhbatlar va uyqu kabi sog‘lom rivojlanish uchun zarur bo‘lgan faoliyatlardan uzoqlashtirayapti.

Soniya Livingstoun: Savol shundaki, jamoatchilik xohlagan intizom va ta’lim, shaxsiy tanlov va umumiy cheklovlar o‘rtasida muvozanatni qanday saqlash mumkin?

Agar biz smartfonlar bolalar uchun xavflimi deb so‘rasak, dalillar ba’zi jihatlarda ha, boshqalarda esa yo‘q. Bu bolaga va vaziyatga bog‘liq.

Deyzi Grinvell: Ha, bu murakkab. Har qanday akademik munozarada ikkita tomonni topish mumkin, lekin biz yosh bolalarga smartfonlar berish qanchalik ijtimoiy me’yor ekanini qayta ko‘rib chiqishimiz kerak deb o‘ylaymiz… Smartfonlar ularga kerakmi?

Soniya Livingstoun: Hozir ota-onalarga ayb qo‘yayotgandek tuyulyapsiz, Deyzi?

Deyzi Grinvell: Yo‘q, biz buni tasavvur va jasoratli harakatlarni talab qiladigan katta ijtimoiy muammo deb aytayapmiz.

Soniya Livingstoun: Bundan tashqari, bolalar farovonligi yoki ruhiy salomatligining yomonlashishiga texnologiyalardan tashqari, ko‘plab boshqa omillar ham bor - keling, qashshoqlikdan, oilaviy stressdan, o‘yin va jamoat resurslarining yo‘qligidan boshlaymiz. . .

Bolalar smartfonlarga qarammi?

Kris Vallans: Soniya, ba’zi tadqiqotchilar smartfonlar qaramlikka olib keladi degan fikrga qarshi chiqdilar, bunday fikrni qo‘llab-quvvatlovchi ilmiy dalillar bormi?

Soniya Livingstoun: Menimcha, Deyzi ijtimoiy media va o‘yin dizayniga kiritilgan ma’lum holatlar va e’tiborni jalb qiluvchi rag‘batlarni nazarda tutmoqda. Bu, albatta, salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shifokorlar esa qaramlik deganda, alkogolizm, giyohvandlik kabilarni nazarda tutishadi.

Shunga qaramay, ular bolalarning 1-3%i texnologiyaga qaramlikning klinik mezonlariga javob berishini tan olishadi.

Deyzi Grinvell: Xulqiy qaramlik haqida nima deysiz?

Barchamiz telefonlarga qaramlik nima ekanligini bilamiz… Smartfonlar qaram qiluvchi yoki emasligini savol ostiga olish yoki faqat 1-3% bolalarda shunday deb o‘ylash aql bovar qilmasdek tuyuladi.

Bolalar bu qurilmalardan kuniga to‘rt-sakkiz soat foydalanayotgani ma’lum.

Soniya Livingstoun: Men aql bovar qilmas gap aytishni xohlamayman, va klinik tadqiqotlarga havolalar berishim mumkin.

Kris Vallans: Deyzi, nima o‘zgartirilishi kerak, ijtimoiy tarmoqlarda yosh chegaralarini oshirarmidingiz?

Deyzi Grinvell: Biz ijtimoiy tarmoqlar platformalari bolalar uchun xavfsiz ekanligini isbotlay olmaguncha, bolalar ularni ishlatmasligi kerak deb hisoblaymiz. Biz ayniqsa, Avstraliya hukumati olib borayotgan ishlar bilan qiziqmoqdamiz.

Soniya Livingstoun: Barchasi qiziqarli takliflar, va har doimgidek, amalda bajarishning o‘zi yana bir savol. Mendan uchta savol bor:

1. Britaniya jamoatchiligi majburiy yoshni tasdiqlashga tayyormi? Ular o‘zlarining shaxsiy ma’lumotlarini kompaniyalarga topshirishni o‘rganishlari kerak bo‘ladi. Ushbu kompaniyalarga bunday nozik ma’lumotlarni ishonib topshiramizmi?

2. Ha, yosh chegaralarini majburan qo‘llagan taqdirimizda ham, ammo avval, to‘g‘ri yoshni belgilash haqida bahslashishimiz kerak. 13 yosh asosan "Bola maxfiyligini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun "asosida belgilangan, bolalarni himoya qilish siyosati emas.

3. Platformalar qanchalik xavfsiz bo‘lishi kerak? Yo‘llardek xavfsizmi? Yoki basseyndekmi? Va biz qanday qilib xavflarni imkoniyatlar bilan muvozanatga olib kelamiz?

Deyzi Grinvell: Sizning birinchi savolingiz bo‘yicha, jamoatchilik biror narsani o‘zgartirishni talab qilmoqda. Yoshni tasdiqlovchi texnologiyaning qanday ishlashini aniqlash bizning vazifamiz emas, lekin bu qiyin bo‘lgani uchun taslim bo‘lmasligimiz kerak.

Sizning ikkinchi savolingizga kelsak, unga to‘liq qo‘shilaman, biz ham 13 yoshni to‘g‘ri yosh deb hisoblamaymiz – bu bolaning farovonligi emas, 25 yil oldingi AQSh ma’lumotlariga asoslangan – ammo hozirda aynan shu yosh belgilangan, shuning uchun uni qo‘llash kerak.

Soniya Livingstoun: Ha, jamoatchilik o‘zgarishni xohlaydi va bu to‘g‘ri. Lekin afsuski, agar biz amaliy yechimlarni taklif qila olmasak, bizning chaqiruvlarimiz e’tiborsiz qolishi mumkin.

Deyzi Grinvell: Bu taslim bo‘lish bilan bir xil. Barcha siyosiy yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha yukni ota-onalarga topshirish kerak emas.

Soniya Livingstoun: Menimcha, bu borada faqat ota-onalar ishlashmayapti. Akademiklar, tartibga soluvchilar, fuqarolik jamiyati, bolalar xayriya tashkilotlari, huquqshunoslar va texnologiya mutaxassislari ham buni hal qilish yo‘llarini izlashmoqda.

Deyzi Grinvell: Soniya, qaysi yoshdan kichik bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan chiqarish kerak deb o‘ylaysiz?

Soniya Livingstoun: Afsuski, bu noto‘g‘ri savol deb hisoblayman. Bu savolga javob berish uchun bizga yana bir munozara kerak bo‘lishi mumkin.

Deyzi Grinvell: Nega? Bu hech kim javob berishni istamaydigan savolday tuyuladi.

Soniya Livingstoun: Mayli, men bunga harakat qilib ko‘raman.

1. Bir bola uchun to‘g‘ri yosh boshqa bola uchun to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin.

2. Bu bolaning internetda nima qilmoqchi ekanligiga bog‘liq.

3. Bu bola zaifmi yoki qo‘llab-quvvatlanganmi, shunga bog‘liq.

4. Bu qaysi raqamli mahsulot yoki xizmat haqida gaplashayotganimizga bog‘liq.

Deyzi Grinvell: Siz bu mantiqni rozilik yoshiga ham qo‘llarmidingiz?

Soniya Livingstoun: Bu yana bir boshqa munozara – men bu savolga javob berishdan bosh tortmayapman, lekin bu vaqt talab etadi. Siz katta muammolarga tezkor javoblar berishingiz mumkin, ammo men dalillarni ko‘rib chiqishni xohlayman.

Kris Vallans: Deyzi, Soniyaning uchinchi savoli haqida nima deysiz. Biz bolalarga ham foyda ko‘rish ehtimoli bo‘lgan joylarda xavf tug‘ilishini bilgan holda ruxsat beramiz, masalan, sportda.

Deyzi Grinvell: Bu qiziqarli ta’rif – albatta, bu bolalarni o‘z joniga qasd qilishga, ovqatlanish tartibi buzilishiga, xavotir yoki depressiyaga olib kelmasligi kerak.

Soniya Livingstoun: To‘g‘ri.

Bolalar smartfonlardan foyda olishadimi?

Kris Vallans: Deyzi, siz bolalarga bu qurilmalardan foydalanish manfaatli bo‘lishi haqidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaysizmi va kattalar foydalanadigan foydalardan bolalarni uzib qo‘yish to‘g‘rimi?

Deyzi Grinvell: Texnologiyaning afzalliklari aniq… Smartfonlar nihoyatda foydali. Biz cho‘ntagimizda hamma narsani biladigan va hamma joyga bog‘langan kuchli superkompyuterlarni olib yuramiz… Ular hayot tarzimizni o‘zgartirdi.

Ammo nimani yo‘qotish evaziga? Biz har qanday texnologik taraqqiyot ijtimoiy yutuq ekanini shubha ostiga olishimiz kerak.

Bolalar internetga 24/7 ulangan bo‘lishlari shart emas. Ular telefonlarni ish yoki kundalik rejalarni tashkil qilish uchun ishlatishmaydi.

"G‘isht" telefon ularni oilalari va do‘stlari bilan bog‘langan holda ushlab turadi.

Kris Vallans: Lekin bolalar ushbu vositalarda kattalar uchun zarur bo‘lgan narsalar bilan qanday ishlashni o‘rganishlari kerak emasmi?

Deyzi Grinvell: Besh yoshli bola Instagramdan qanday foydalanishni to‘rt daqiqada o‘rganishi mumkin - bu haqiqatan mantiqiy argument emas.

Bolalar 16 yoshga to‘lmasdan jinsiy aloqani o‘rganishlari kerakmi yoki 17 yoshga to‘lmasdan haydashni o‘rganishlari kerakmi? Ikkalasi ham ularning kattalar hayotida muhim bo‘ladi.

Shuningdek, biz texnologiyadan foydalanmang demayapmiz – faqat cho‘ntagingizda 24/7 internetga cheklanmagan kirish imkoniyatiga ega bo‘lmang demoqdamiz.

Soniya Livingstoun: Gap shundaki, jamiyat internetni - odatda smartfon orqali kirishni - aksariyat sohalarga kiritdi…

Shuning uchun qayerdan boshlashni bilish qiyin. Yaxshi boshlanish joyi yaqinda chop etilgan "Yaxshi Bolalik" hisobotidan bo‘lishi mumkin. Bu nimada xato borligini aniqlash uchun yaxshi o‘lchov beradi.

Deyzi Grinvell: Nega bolalar texnologiyadan sog‘lom qaram bo‘lmasdan foydalanib, hayotlarini yaxshilay olmasligi kerak?

Bizningcha, yechim akademik bahslardan ko‘ra odamlar kuchidan boshlanadi.

Kris Vallans: Biz yakunlaymiz. Ikkalangizga ham rahmat - bu qiziqarli munozara bo‘ldi.

Ushbu munozara texnologiya kompaniyalari ko‘proq mas’uliyat olishlari kerakligini qo‘llab quvvatlovchi odamlar bolalar smartfonlaridan foydalanishni qanchalik cheklash kerakligi borasida kelisha olmaslilari mumkinligini ko‘rsatdi.

Buyuk Britaniya hukumati 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun smartfonlarni taqiqlashni rejalashtirayotganini aytmagan va qanchalik o‘zgarish kerakligi borasida kelishuv bo‘lmasligi mumkin, ammo o‘zgarishlar baribir sodir bo‘lmoqda: texnologiya kompaniyalari yangi bolalar xavfsizligi funktsiyalarini ishga tushirmoqda, maktablar yangi siyosatni qabul qilmoqda va texnologiya o‘zi rivojlanishda davom etmoqda, bu esa ko‘proq imkoniyatlar va xavflarni yaratmoqda.

Bolalar onlayn xavfsizligini qanday saqlash haqidagi bahs yana uzoq vaqt davom etishi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating