Roza Aytmatova: "Akam Islom Karimov bilan uchrashib, Markaziy Osiyoni katta urushdan saqlab qolgan"

Surat manbasi, Kabar.kg
Dunyoga mashhur adib Chingiz Aytmatovning singlisi Roza Aytmatova so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda akasining xotirasiga nisbatan qilinayotgan hujumlar va turli mish-mishlarga javoban Qirg‘izistonning "Kabar" agentligi orqali xalqqa murojaat yo‘lladi. 26 yanvar kuni e’lon qilingan intervyuda Roza Aytmatova adibning shaxsiy hayoti, diniy e’tiqodi va eng muhimi — 1990 yilgi O‘sh voqealari paytidagi harakatlari haqidagi bahslarga ham to‘xtalgan.
"Marhumning ruhini tinch qo‘yishmayapti"
Roza Aytmatovaning ta’kidlashicha, adibning vafotiga 17 yil bo‘lganiga qaramay, so‘nggi kunlarda internet tarmog‘ida uning shaxsiyatini qoralovchi, haqiqatdan yiroq bo‘lgan mish-mishlar keskin ko‘paygan.
"Akamning orqasidan yomon so‘zlar tarqatishmoqda, bundan juda o‘kindim va yig‘ladim," — deydi 89 yoshli Roza Aytmatova, "Kabar" axborot agentligiga bergan intervyusida. Uning fikricha, bunday hujumlar nafaqat adibning xotirasiga nisbatan hurmatsizlik, balki xalqni bo‘lib-yorish va o‘rtaga nizo solishga qaratilgan ataylab qilingan harakatlar bo‘lishi mumkin", degan Roza Aytmatova adibning ruhini sayosiy o‘yinlardan himoya qilish va yillar davomida to‘planib qolgan noto‘g‘ri tushunchalarga bu intervyu orqali nuqta qo‘yish istagida ekanini bildirgan.
Islom Karimov bilan uchrashuv: "Birorta askarim chegaradan o‘tmaydi"
O‘shanda Karimov: "Chingiz To‘raqulovich, sizni tushundim. Mening birorta askarim qirg‘iz chegarasidan o‘tmaydi", deb va’da bergan. Aytganidek qildi ham.
Roza Aytmatova Qirg‘iziston janubida 1990 yili qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida bo‘lib o‘tgan va O‘sh voqeasi sifatida tarixda qolgan milliy nizo paytida adib Qirg‘izistonga emas, balki birinchi bo‘lib Toshkentga borgani uchun ayrimlar uni "xiyonat"da ayblashayotganini aytib, bu mavzuga ham to‘xtalib o‘tgan.
"Nima uchun bizga kelmay, O‘sh fojiasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga uchib bording?" deb men o‘zidan so‘raganman.
U menga: "Vaqt tig‘iz edi. O‘sha paytda Moskvada edim. Ikki xalq o‘rtasida qurolli to‘qnashuv chiqib ketmasin degan o‘y bilan Islom Karimov bilan uchrashish uchun yordamchisi orqali gaplashdim. U "Mayli, Islom Abdug‘anievich sizni qabul qiladi" dedi. Kechikish mumkin emasdi. To‘g‘ri Toshkentga uchib borishga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun Qirg‘izistonga darrov kelolmadim", degandi.
"Karimovga nima deding keyin?" deb so‘radim. "Islom Abdug‘anievich meni kutib turgan ekan. Men ikki nafar o‘zbek yozuvchisini ham yonimga oldim. Biz uzoq gaplashdik. Xulosa qilib O‘zbekiston prezidentiga shunday dedim: 'Islom Abdug‘anievich, biz qardosh xalqmiz. Qirg‘iz, o‘zbek, qozoq — ildizimiz bir. Agar o‘rtamizda katta nizo chiqsa, bu O‘rta Osiyo uchun ofat bo‘ladi'", degan. O‘shanda Karimov: "Chingiz To‘raqulovich, sizni tushundim. Mening birorta askarim qirg‘iz chegarasidan o‘tmaydi", deb va’da bergan. Aytganidek qildi ham.
Shunday qilib, akam O‘rta Osiyoni katta urushdan saqlab qolgan. Agar ikki davlat o‘rtasida urush chiqqanida, bugungacha uning azobini tortgan bo‘lardik. Xo‘sh, O‘zbekiston va Qirg‘izistonni urushdan saqlab qolgani bilan akam xiyonat qildimi?
"Rus tilida yozishga majbur bo‘lgan"
Adibning singlisi "Chingiz Aytmatov ruscha yozgan, qirg‘izchani bilmagan, qirg‘izcha yozmagan" degan gaplarga ham javob berib, nima uchun u qirg‘izcha yozmagani haqida aytib o‘tgan.
"Chingiz ruscha yozgan, qirg‘izchani bilmagan, qirg‘izcha yozmagan" deb gap tarqatishibdi. Uning kitoblari 185 tilga tarjima qilingani bilan ishlari yo‘q. Bilmasangiz, aytib qo‘yay: asarlarining nashr etilgan soni bo‘yicha u dunyoda Shekspir va Tolstoydan keyin uchinchi o‘rinda turadi.
Nima uchun u qirg‘izcha yozmay qolgani haqida ham aytay. 1957 yilda akamni ayrim qirg‘iz sovet amaldorlari qattiq ta’qibga olishgan. "Bu Aytmatov degan yosh bola sovet mafkurasiga qarshi chiqib, adabiyotda "chang" chiqaryapti, uni yo‘qotinglar!" deb Moskvadan xat kelgan, deyishadi. "Bo‘rk ol desa, bosh oladigan" mahalliy amaldorlar unga o‘chakishib, hatto kasal qilib qo‘yishgan. Kitoblarini chiqartirmay, kamsitishgan. Hatto onamga: "Chingiz o‘g‘lingni boshiga ering To‘raqulning kuni tushadi. Kerak bo‘lsa shungacha olib boramiz. Yozishni to‘xtatsin!" deyishgan. O‘sha gapni eshitgan onamning ahvolini tasavvur qilib ko‘ring-a?
Chingiz akam ancha vaqt to‘shakka mixlanib qoldi. Faqat otamizni oqlashganidan (reabilitatsiya) keyingina sog‘ayib ketdi. Otamizning ruhi qo‘lladi shekilli. O‘shanda akamni xo‘rlagan odamlarning ismini aytmayman. Ularni ham kechirdim.
Akam ta’qib qilingani uchun qirg‘izcha yozishga sharoit bo‘lmagan. Biz o‘zimiz, qirg‘izlar, kitob yozishiga to‘sqinlik qilganmiz. U ancha vaqt nima qilishini bilmay yurgan. O‘shanda Aleksandr Tvardovskiy degan ulug‘ rus shoiri qirg‘iz amaldorlari Chingizga yo‘l bermayotganini bilib, uni qo‘llab chiqqan: "Chingiz, sen ruscha yoz. Men seni "Noviy mir" jurnalida chiqarib turaman. O‘shanda sening "akalaring" biror narsa deyolmaydi", degan. Mana shundan keyin akam ruscha yoza boshlagan.
Mening bilishimcha, uning asarlari Qirg‘izistonda 15 yil davomida bosilmagan, faqat Rossiyada chiqqan. Men buni isbotlab beraman. Aslida Chingiz akam Shakarda katta bo‘lib, elat ichida yurib, o‘z ona tilini suvdek bilardi. Dastlabki kitoblarini qirg‘izcha yozgan. Ona tili uchun kurashib, uni faxr bilan himoya qilib kelgan. Qirg‘iz xalqi Aytmatovdan yaxshilik ko‘rgan bo‘lsa ko‘rdiki, yomonlik ko‘rmadi. U har biringiz uchun jonini kuydirgan inson edi".
E’tiqod va Islom
Roza Aytmatova akasining dindan uzoq bo‘lgani haqidagi da’volarni ham rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning oilasi chuqur diniy ildizlarga ega bo‘lib, onalari Nagimaxonim Qur’onni yod bilgan va farzandlarini islomiy qadriyatlar ruhida tarbiyalagan.
"Onam Nagima uch yil davomida qizlar madrasasida o‘qigan. Arab yozuvini bilardi, Qur’onni kitobdan o‘qirdi. Bizga ham o‘rgatardi. Ayniqsa to‘ng‘ich o‘g‘liga ibodatni qattiq uqtirgandi. Sovet davrida uyda Qur’on saqlashga ruxsat yo‘q edi, lekin onamning sandig‘ida Qur’on kitobi bo‘lgani yodimda. O‘zi bemor bo‘lsa ham ro‘za tutardi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
"Chingizning kitoblari nashrdan chiqqanida, u o‘z xonasiga kirib, Xudoga shukrona aytib, namoz o‘qirdi", deb eslaydi Renat tog‘am. Bobom Hamza madrasa va masjid qurgan odam edi. Qirg‘izlar orasida islomni tarqatishga hissa qo‘shgan inson bo‘lgan. Katta bobom esa Sibir va Qozog‘iston muftiysi bo‘lgan. Biz mana shunday kishilarning avlodlarimiz. Shuning uchun "Aytmatov dindan uzoqlashgan" degan gap — quruq gap, noto‘g‘ri. U islomdagi barcha qadriyatlarni hurmat qilgan. Odamning ichki iymonini kim o‘lchay oladi? Chingiz akamning iymonini bir Xudodan boshqa kim o‘lchay olardi? Iymoniga kitoblari guvoh. Butun insoniyat, dinidan qat’i nazar, uning yozganlariga sherik bo‘layotgan ekan, demak akam ham Xudo degan odam bo‘lgan.
U yozgan voqealardagi barcha qahramonlarning prototiplari bor. Biz ular bilan yashaganmiz, qo‘shni, qarindosh bo‘lganmiz. Kitoblarida birorta yolg‘on yo‘q. To‘lg‘anay ona ham bo‘lgan, Jamila ham, Ismoil ham, Duyshen ham qishlog‘imizdan edi. Lekin bularning bari XX asr voqealari edi. Chingiz Aytmatov ham XX asr yozuvchisi edi. Hozir zamon boshqa, tushunchalar boshqa. Lekin qaysi zamon bo‘lmasin, akam aytganidek, har kuni inson bo‘lib qolish har birimizning burchimiz bo‘lishi kerak".
Yubiley o‘rniga xayriya
Murojaat yakunida 89 yoshli Roza Aytmatova Qirg‘iziston hukumatidan adibning yaqinlashayotgan 100 yillik yubileyini keng nishonlamaslikni va bunga ajratiladigan mablag‘ni oddiy xalqning ehtiyojlariga sarflashni so‘ragan. Uning fikricha, Chingiz Aytmatovning xotirasiga eng munosib ehtirom — uning "har kuni inson bo‘lib qolish" haqidagi o‘gitlariga amal qilishdir.
Tanqidlar ortida nima turibdi?
Chingiz Aytmatov bilan bog‘liq bahslar Qirg‘iziston Moliya politsiyasining sobiq rahbari Siymiq Japikeevning yaqinda bergan intervyusidan so‘ng avj oldi. U o‘z chiqishida Aytmatov ijodi va shaxsiyatiga nisbatan keskin tanqidiy fikrlar bildirgan, bu esa ijtimoiy tarmoqlarda katta bahs va noroziliklarga sabab bo‘lgan.
Qirg‘izistonlik ekspertlar va adabiyotshunoslar buni shunchaki shaxsiy fikr emas, balki milliy ramzlarga nisbatan tizimli hujum sifatida baholamoqdalar. Hatto mamlakat Milliy fanlar akademiyasi va qator xalqaro jamg‘armalar hukumatga murojaat qilib, adib ijodini himoya qilish uchun xuddi "Manas" eposi kabi alohida maxsus qonun qabul qilishni taklif etishdi.
Bunday bahslar Qirg‘izistonda adibning 100 yillik yubileyiga (2028 yil) tayyorgarlik ko‘rilayotgan va hukumat uning merosini ulug‘layotgan bir paytda yuz bermoqda.












