Tahlil: Nega Markaziy Osiyo Trampning e’tiborini qozonmoqda?

Mirziyoyev va Tramp rasmiy uchrashuvidan

Surat manbasi, Rasmiy

O'qilish vaqti: 2 daq

Markaziy Osiyo yirik davlatlar tomonidan ko‘rsatilayotgan g‘ayrioddiy darajadagi e’tibor tahlilchilarning ham diqqatini tortmoqda.

Ayniqsa, Vashington Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib, global demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechganidan keyin, AQSh ning Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqishi ortib borayotgani turli nufuzli tahlilchilar tomonidan "noodatiy" deb baholanmoqda.

Biroq, Rossiyaning 2022-yilda Ukrainaga to‘liq bosqini ortidan AQShning mintaqadagi faolligi oshdi va ilk bor prezidentlar darajasidagi C5+1 sammiti o‘tkazildi.

Hozirgi AQSh ma’muriyati Markaziy Osiyo davlatlari uchun eng qulay hamkor bo‘lib chiqmoqda, chunki endi ular demokratik islohotlarga sodiqlik ko‘rsatishlari yoki Rossiyadan uzoqlashayotganini namoyish qilishlari shart emas. Eng samarali hamkorlik usuli - pulga e’tibor qaratish, ya’ni AQSh ma’muriyatining merkantilist tashqi siyosatiga moslashishdir deydi tahlilchi Temur Umarov.

Mintaqa yetakchilari katta miqdordagi bitimlar orqali e’tibor qozonishga harakat qiladilar. Masalan, Toshkent 8 milliard dollarlik 22 ta Boeing samolyotini xarid qilish bo‘yicha kelishuv orqali Tramp bilan uchrashuvni "sotib olishga" muvaffaq bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan 105 milliard dollarlik AQSh investitsiyasi haqida qisqa uchrashuvda Tramp shunday degan edi: "Yomon emas, bu besh daqiqalik uchrashuvga arziydi, to‘g‘rimi?".

Biroq Qozog‘istonning AQSh kompaniyasi Wabtec dan 4,2 milliard dollarga 300 ta lokomotiv xarid qilish bitimi Trampni Qozog‘iston prezidenti bilan uchrashishga undash uchun yetarli darajada katta emasdek tuyuldi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston bitimlari dastlab qaralganda ulkan ko‘rinadi, ammo aslida juda kam.

"Wabtec ning Qozog‘istondagi zavodi 27 yil ichida 675 ta lokomotiv ishlab chiqargan. Bu - yiliga o‘rtacha 25 ta degani. Yangi bitimga ko‘ra, Wabtec keyingi o‘n yilda 300 ta lokomotiv quradi. Yiliga beshta qo‘shimcha lokomotiv ishlab chiqarish favqulodda yutuq emas, balki Markaziy Osiyoni Xitoy va Yevropa bilan bog‘lovchi temir yo‘l tarmoqlarining kengayishiga mos keladi" deb tahlil qiladi Temur Umarov.

O‘zbekiston uchun 105 milliard dollarlik investitsiya haqida gaplar esa yanada haqiqatdan yiroq. Yillik YaIM taxminan shuncha bo‘lgan mamlakat bu hajmdagi investitsiyani o‘zlashtirishi qiyin tasavvur qilinadi.

Ammo bu raqamlarning o‘zi unchalik muhim emas, chunki ularning asosiy maqsadi — e’tibor jalb qilish. Markaziy Osiyo mamlakatlari deyarli har bir hamkorlik uchrashuvida milliardlab dollarlik bitimlar imzolaydi: Xitoy bilan 15 milliard, Rossiya bilan 20 milliard. AQSh esa bular orasida eng "obro‘"li hamkor hisoblanadi.

Garchi 105 milliard dollarlik investitsiya kabi raqamlar ko‘pincha real asosga ega bo‘lmasa-da, ularning asosiy maqsadi - kerakli e’tiborni jalb qilishdir.

Sammitdan stol atrofida Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari o'tiripti

Surat manbasi, Reuters

Shunga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi biznes aloqalar faqat foyda. Asosiy maqsad - ko‘p yo‘nalishli tashqi siyosatni mustahkamlash. Sobiq Sovet Ittifoqidan mustaqillikni qo‘lga kiritganidan beri mintaqa davlatlari G‘arb, ayniqsa AQSh bilan aloqalarni kengaytirish orqali xalqaro hamkorlikni diversifikatsiya qilishga intilib keladi. AQSh ishtirokisiz bu siyosat ma’nosiz bo‘lib qoladi - faqat Vashington Moskvaga ham, Pekinga ham yetarli qarshi og‘irlik bo‘la oladi.

"Ko‘p yo‘nalishli yondashuvni mustahkamlash ayniqsa muhim, chunki Rossiya-Xitoy hamkorligi rekord darajaga yetmoqda. Markaziy Osiyo bu yaqinlashuvga qarshi bo‘lmasada, ikki kuch orasida qolib ketish qulay holat emas," deyilgan tahlilda.

Markaziy Osiyoning diplomatik va lobbi faoliyati qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lganini yil oxirida - C5+1 formatining o‘n yilligi nishonlanadigan paytda bilib olish mumkin bo‘ladi. Toshkent va Ostona AQShni yubiley tadbirlarini eng yuqori darajada o‘tkazish uchun o‘z shahrida o‘tkazishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Agar Tramp taklifni qabul qilsa, u Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan ilk amaldagi AQSh prezidenti bo‘ladi.

Agar bunday tarixiy tashrif amalga oshmasa ham, mintaqa Trampda yetarlicha ijobiy taassurot qoldirdi - u Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan bojlarni oshirmadi. Rossiya va Xitoy esa Markaziy Osiyo faqat ularning ta’sir doirasida qolib ketgan geosiyosiy boshi berk ko‘chada emasligini ko‘rdi.