Nega o‘zga sayyoraliklar chindan mavjud bo‘lishi mumkin-u, ammo yaqin orada bizga kelmaydi?

Yer sayyorasi

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Qorong‘i tungi osmonga qarab, yulduzlar to‘p-to‘p porlab turgan nuqtalarni ko‘rib, o‘zingizdan so‘rang: bunchalik aql bovar qilmas ulkan olamda haqiqatan yolg‘izmizmi? Ehtimol, yo‘q, unday emas. Yer – milliardlab nuqtalardan faqat bittasi, nega aynan bizda hayot bo‘lishi kerak?

U holda, Yerdagi mukammal tartibga solingan muhitdan tashqaridagi hayot haqida nimani bilamiz? Ko‘plab mutaxassislar fikricha, aniq dalillar yo‘q bo‘lsa-da, begonalar mavjud, degan xulosaga kelishga to‘g‘ri keladi. Masalan, taxminan 200 milliard galaktikadan biri bo‘lmish Somon yo‘li galaktikamizning o‘zida 300 milliardga yaqin yulduz bor. Shu yulduzlardan biri – Yerdagi hayotning asosiy manbai Quyosh.

Olimlar esa doimiy ravishda boshqa yulduzlar atrofida aylanuvchi sayyoralarni, ya’ni «ekzosayyora»larni kashf etmoqda. "Biz ular mavjudligiga ishonchimiz komil, – deydi fazoshunos olim doktor Meggi Aderin-Pokok. – Bu faqat raqamlar o‘yini. Bu ehtimol masalasi."

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Olimlar ishonicha, biz kelgusi 10 yillikda hayot mavjud bo‘lgan sayyoralarni topamiz.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Olimlar ishonicha, biz kelgusi 10 yillikda hayot mavjud bo‘lgan sayyoralarni topamiz.

Zamonaviy texnologiyalar esa bunday ekzosayyoralarni batafsil o‘rganish imkonini bermoqda. Qudratli teleskoplar yordamida olimlar sayyora orqali o‘tgan yulduz nurini o‘rganish orqali sayyoraning kimyoviy tarkibni tahlil qiladi. Bu usul «spektroskopiya» deb ataladi.

Eng asosiy maqsad – Yerdagidek kimyoviy tarkibni topish. Demak, balki minglab yorug‘lik yillari uzoqda bo‘lsa ham, hayotni qo‘llab-quvvatlay oladigan muhit mavjud bo‘lishi mumkin.

Natijalar umidbaxsh. "Biz yuzlab hayot uchun mos sayyoralarni bilamiz," deydi Buyuk Britaniyaning Manchester universiteti astrofizika professori Tim O'Brayen. "Deyarli ishonchim komilki, kelasi o‘n yillikda hayot mavjudligidan dalolat beruvchi sayyorani topamiz."

Bundan ham qiziqarli dalillar Yerning o‘zida bor. Ilgari hayot mutlaqo yo‘q deb hisoblangan joylarda – quyosh nuri yoki issiqlik yetmaydigan okean tubidagi chuqur jarlarda ham tirik organizmlar aniqlangan.

“Biz ular mavjudligiga ishonchimiz komil, – deydi fazoshunos olim doktor Meggi Aderin-Pokok. – Bu faqat raqamlar o‘yini. Bu ehtimol masalasi.”
Surat tagso‘zi, "Biz ular mavjudligiga ishonchimiz komil, – deydi fazoshunos olim doktor Meggi Aderin-Pokok. – Bu faqat raqamlar o‘yini. Bu ehtimol masalasi."

Ilgari hayot faqat yulduzdan ma’lum masofada joylashgan sayyorada bo‘lishi mumkin, deb o‘ylangan (zarur radiatsiya darajasi uchun). Ammo Yerda kutilmagan sharoitlarda ham hayot rivojlangani bizga oylarda ham hayot bo‘lishi mumkinligini anglatdi.

Bu, albatta, pop-madaniyatdagi "yashil odamchalar" degani emas, balki hayot turli shakllarda mavjud bo‘lishi va davom etishi mumkin degani.

Biroq mutaxassislar ogohlantirishicha, hayot mavjud bo‘lishi ehtimoli juda yuqori bo‘lsa ham, uning aqlli hayot ekanini aniqlash hozircha qiyin, balki imkonsiz. "Yerdagi hayot tarixi milliardlab yillar davomida faqat bakteriyalardan iborat bo‘lgan juda sodda hayot edi," deydi prof. O'Brayen.

Ko‘p hujayrali hayotning paydo bo‘lishi esa tasodifiy voqealar natijasi bo‘lgan. Agar begona hayot biz bilan aloqa qilmoqchi bo‘lsa, u jismonan ham, texnologik jihatdan ham rivojlangan bo‘lishi kerak.

Mehmon kutyapsizmi?

Agar biz yolg‘iz bo‘lmasak, bu o‘zga sayyoraliklar bizga keladi, deganimi? Masala juda murakkab.

Hech bir hayot turi yulduzlararo masofani bosib o‘ta olmaganiga ishonish qiyin. Lekin nima uchun haligacha bunday bo‘lmadi? "Eng katta muammomíz – bizda hayotning faqat bitta namunasi bor, u ham bo‘lsa shu Yerdagi hayot," deydi doktor Aderin-Pokok.

Ammo bu namuna butun olam uchun mezon emas. Masalan, doktor Aderin-Pokok aytadi: "Agar siz faol yulduz yaqinidagi sayyorada yashasangiz, ehtimol yer ostida yashaysiz… Bu aqlli hayot yo‘q degani emas, balki signal uzatish imkoniyati bo‘lmasligi mumkin."

Yerdan 25 million yorug'lik yili uzoqlikda joylashgan NGC 4258 nomi bilan ham tanilgan Messier 106 (M106) spiral galaktikasining kompozit tasviri.

Surat manbasi, Robert Gendler/Science Photo Library/Getty

Surat tagso‘zi, Biz boshqa hayot turlariga yetkazmoqchi bo‘lgan mujdalar yetib borishiga minglab, hatto millionlab yillar ketishi mumkin.

Yoki, oddiy qilib aytganda, biz ilmiy jihatdan bir xil "til"da muloqot qila olmasligimiz mumkin. "1960-yildan beri radio teleskoplar yordamida yerdan tashqari sivilizatsiyalardan signal izlab kelyapmiz, – deydi prof. O'Brayen. – Ammo hayot shakllari signalni turlicha yuborishi mumkin, shu sabab biz hech narsa eshitmasligimiz tabiiy."

Hatto agar biz va ular bir xil to‘lqin uzunligida signal yuborsa ham, oramizdagi ulkan masofa sababli xabarlarni yuborish va javob olish ming yillarni talab qilishi mumkin (maktub orqali aloqa qanday sekin tuyulsa, shunday).

Berklidagi Kaliforniya universitetining «Breakthrough Listen" nomli yangi loyihasi doirasida olimlar Yerga xabar yuborishi mumkin bo‘lgan manbani topish umidida eng yaqin bir million yulduzni tekshirmoqda.

Ular shuningdek, Somon yo‘li galaktikamizning markaziga yaqin, bizdan 25 ming yorug‘lik yili olisda joylashgan yulduzlarni ham kuzatishmoqda. Demak, agar o‘sha yulduzlardan xabar yo‘llansa, u bizga yetguncha taxminan 25 ming yil kerak bo‘ladi.

Shu bois, agar Yerdan tashqari hayot haqiqatan ham mavjud bo‘lsa, undan nimadir eshitishimiz uchun minglab yillar o‘tishi mumkin.

Oldinda uzoq yo‘l

Galaktikalararo sayohat yaqin kelajakda amalga oshishi imkonsiz.

Biz radio to‘lqinlarni yorug‘lik tezligida yubora olamiz, ammo bu shunchaki signal, kosmos bo‘shlig‘idan o‘tadi. Hech qanday kosmik kema esa hozircha yulduzlar orasida sayohat qila olmaydi. Agar biz zond yoki insonlarni kosmosga jisman yubormoqchi bo‘lsak, ish yanada murakkablashadi.

Agar o‘z sivilizatsiyamizning o‘zi hali bunga qodir bo‘lmasa, ehtimol, kosmosdagi qo‘shnilarimiz ham qodir emas. Hatto ularda bizga kela oladigan texnologiya mavjud bo‘lsa ham, ehtimol, ular shunchaki biz bilan uchrashishni xohlamasliklari mumkin.

Bundan tashqari, bunda ma’lum darajada kosmik omad va to‘g‘ri vaqt ham kerak bo‘ladi. Chunki insoniyat sivilizatsiyasi Yerda juda qisqa vaqtdan beri mavjud ekanini unutish oson.

Yerda hayot 3,5 milliard yildan ortiq vaqt davomida yashab kelmoqda, ammo zamonaviy insonlar bor-yo‘g‘i taxminan 300 ming yildan beri mavjud. Shuning uchun sivilizatsiyalar tez yo‘qolib ketishi mumkinligini hisobga olganda, aloqa o‘rnatish imkoniyati juda tor bo‘ladi.

Kelgindilar hech Yerga ilgari kelganmi, yo‘qmi, aniq ayta olmaymiz. Biroq kattaroq ishonch bilan aytish mumkinki, insonlar Yer yuzini egallagan vaqtda ular bizga kelmagan.

"Agar sivilizatsiyalarimiz vaqt jihatidan mos kelmasa, – deydi doktor Aderin-Pokok, – u holda biz hech qachon kelgindilar bilan uchrashmaymiz." Balki ular juda oldin kelgan yoki kelajakda keladi – insoniyat hayoti tugaganidan keyin.

Shuning uchun ehtimol, Yura davrida dinozavrlar kelgindilarni "mehmon qilgandir". Lekin biz bu haqda, ehtimol, hech qachon bilmaymiz